03.10.2025 | 12:14
517
SHOIR QISMATI
Xabaringiz bor, bu yilgi Mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonda ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum olim va ijodkorlarni mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Ko‘p yillik samarali faoliyati, yorqin va betakror iste’dodi bilan xalqimizning intellektual salohiyatini yuksaltirish, milliy ma’naviyatimizni boyitish, mamlakatimizda ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirish, jamiyatimizda ezgulik va adolat, vatanparvarlik va bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida fidokorona xizmat qilib, avlodlarga qoldirgan boy merosi, sermazmun hayoti va insoniy fazilatlari bilan el-yurt xotirasidan chuqur joy egallagan marhum olim va ijodkorlarning oliy mukofotlar bilan taqdirlanishi mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, ajdodlar xotirasini e’zozlash va ibratli ishlarini keng targ‘ib etish borasida olib borilayotgan ezgu sa’y-harakatlarning izchil davomi, albatta. Jumladan, O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfining “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangani adabiyot ixlosmandlarida katta mamnuniyat uyg‘otdi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.

Shoir Rauf Parfi bir o‘rinda ustozlari haqida so‘z ochib, shunday degan edi: “Ulug‘ Turkistonning to‘qqizta ulug‘ daryosi bor: Amudaryo, Sirdaryo, Abdulla Qodiriy daryosi, Abdurauf Fitrat daryosi, Abdulhamid Cho‘lpon daryosi, Muxtor Avezov daryosi, Chingiz Aytmatov daryosi, Oljas Sulaymon daryosi, yurtimning yana bir ulkan daryosi. Mening tomirlarimda ham shu to‘qqizning qoni oqadi. Men bu ulug‘ daryolarning sohillarida doim sargardonman, tashnaman, ochman, muhtojman…” Bu yerda ma’naviy tashnalik va muhtojlik haqida gap ketmoqda.
Rauf Parfi, ayniqsa, yurt va millat hurriyati uchun kurashgan va bu yo‘lda qurbon bo‘lgan Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon “daryo”lariga ichkin bir tashnalikni his qiladi o‘zida. Shundan, shoir bu adiblarimiz shaxsiyatiga ayricha bir mehr bilan qaraydi va o‘z ijodida ularning badiiy siymosini yaratishga harakat qiladi. Buni anglagan zukko adabiyotshunos Mahkam Mahmud o‘zining “Anvariy, Xoqoniy va Bayron izidan…” maqolasida: “Millatparvar, haq so‘zli Rauf Parfi kabi shoirlar ijodi tufayli Fitrat, Cho‘lpon, Usmon Nosirlar qaytib kelganday bo‘ldi”, deb yozadi.
Tabiiy, Rauf Parfi e’tiboridagi eng ulug‘ shoirlarimizdan biri bu Cho‘lpondir. Shoirning Cho‘lpon shaxsi va ijodi bilan tanishuvi ham uzoq talabalik yillariga borib taqaladi. “1961-yilning oxirlari edi, – deya xotirlaydi mashhur hofiz Dadaxon Hasan. – O‘sha paytlarda men bilan yaqin do‘st bo‘lib yurgan Tursunali Parfiyev (Rauf Parfi) kunlardan bir kuni qo‘limga mashinkalangan, xira tortib ketgan bir dasta she’r tutqazdi. “Buni Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon deydilar”, dedi u g‘urur bilan. Men bu nomni sira eshitmagan edim. Qo‘lyozmani o‘qiy boshladim. “Bu she’rlar boshqacharoq-ku, Uyg‘un, Hamid Olimjonlarga o‘xshamaydi-ku?” dedim Tursunaliga. “Shuning uchun Cho‘lpon-da!” deb miyig‘ida kulib qo‘ydi Tursunali.
Bu haqda shoirning o‘zi shunday xotirlaydi: “Oltmishinchi yillar. Qatag‘on etilgan shoirlarning ijodi bilan tanisha boshladik. Cho‘lponning asarlarini yashirincha o‘qiganlarimizni eslayman… Vatanni, chin vatanni tanish jarayonini so‘z bilan gapirib berish qiyin. Fikrlar asta-asta kelgan, hislar sekin-sekin kechgan… ko‘ngilda girya kuchayib borgan…”
Darhaqiqat, Rauf Parfining 1965-yili tartib berilgan she’r daftarida Cho‘lponning “Bir tutam sochlaring mening qo‘limda, Gʻijimlab o‘paymi yo tarab ochay…” misralari bilan boshlanuvchi she’ri ko‘chirib qo‘yilgan va uning tagida Rauf Parfining “Kumushday qo‘llaring mening bo‘ynimda, Zunnor deb ataymi yo yulib tashlay?..” deb boshlanuvchi “Cho‘lponga o‘xshatma”si o‘rin olgan.
Keyinchalik shoir o‘z ustoziga bag‘ishlangan “Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon” she’rini yozdi. She’r uchta sonetdan iborat. Uchinchi sonetda Cho‘lpon siymosi aks etgan:
Oh, shoir qismati yarqiroq, gulgun,
Zavqlarga to‘lar u. Bir so‘zni izlar.
Dunyoda hech bir zot bilmas ne uchun,
Ayricha kular u, ayricha bo‘zlar.
Yo‘lsizlik yo‘ldoshi, toleyi nigun,
Hech qachon to‘yarmi axir yovuzlar.
Bu – xalq dushmani, deb tutsalar bir kun,
Baribir, u xalqning nomidan so‘zlar.
Boshida qora qish, oppoq bahorlar,
Yuragi yarim-u, butun iymoni,
Talotum olamni shivirlab chorlar.
Tani omonatdir, naqd erur joni,
Ko‘krak qafasida lovullab porlar,
Buyuk muhabbatning qonli nishoni.
Rauf Parfi g‘aladonida maqolalar uncha ko‘pmas. Lekin uning Cho‘lpon va Fitrat haqida alohida maqolalar yozganiga guvoh bo‘lamiz. Cho‘lponga oid esse “She’riyat huquqi” deb nomlanadi.
“O‘zbek ma’naviyati osmonida bir Cho‘lpon yulduzi porladi, tobora o‘ziga jalb etdi va uning ovozi butun bir xalqning hayqirgan ovozi edi, – deb yozadi muallif. – Abdulhamid Cho‘lpon zulmga qarshi, stalinizmga qarshi, manqurtlikka qarshi ozodlik uchun, she’riyat huquqi uchun kurashayotganlarning sardorlaridan biridir. Xalq shunday shoirini ko‘p zamonlardan buyon kutgan edi. U keldi va kurash maydoniga chiqdi. Haq va Haqiqat yo‘lida qurbon bo‘ldi. Bu yorug‘ dunyoda u yolg‘iz emas edi, uning tengdoshlari, maslakdoshlari juda ko‘p edi bu eski shaytanatda. Ular – yuzlab shoirlar milyon-milyon nufusli xalqlarning faryodiga aylangan zulmga qarshi – Inson Haqlari uchun, She’riyat Huquqi uchun o‘rtaga chiqqan Muqaddas She’riyat lashkari edilar”.
Rauf Parfi o‘z ijodida Cho‘lpon siymosinigina yaratib qolmadi, balki u ulug‘ ustozining yurt ozodligi va shaxs erki bilan bog‘liq g‘oyalarini ham davom ettirdi. Biz buning yorqin namunasini “Abdulhamid Cho‘lponga muxammas” she’rida ham ko‘rishimiz mumkin.
“Fitrat she’riyati” maqolasida bu ijodning asl mohiyatini ochib beruvchi quyidagi so‘zlar darj etilgan: “Fitrat she’riyati nochor qolgan shoirning o‘tli nidolaridangina iborat emas, u Turkistonni oyoqosti qilgan kelgindilar va jaholat tufayli tovushlari o‘chgan vatandoshlariga achchiq nafratli murojaatidir. She’rlarining shakliy qurilishlari ham mavzu e’tibori bilan o‘ziga xosdir. Bu she’riyat mutlaq yangicha bo‘lib, yangicha shuur, yangicha dunyoqarashning yangicha tamoyillarini o‘zida aks ettirardi…”
O‘tgan asrning 60-yillarida Kinematografiya davlat komitetining raisi lavozimida ishlagan mashhur adabiyotshunos Aziz Qayumov endigina universitetni tamomlagan Rauf Parfini ishga oladi. Olim o‘zining “Xalq yodida shunday qoladi” xotira maqolasida Rauf Parfining birinchi ish kuni haqida shunday xotirlaydi: “Uning birinchi qilgan ishi – o‘zi o‘tirgan stol yonidagi devorga Abdulla Qodiriyning katta portretini osib qo‘yish bo‘ldi. Men bildimki, unda Abdulla Qodiriyga bo‘lgan muhabbat bor. Qodiriy asarlarini o‘qigan, undan ibrat olgan. Bu voqeadan men behad mamnun bo‘ldim”.
Rauf Parfi eng go‘zal she’riy turkumlaridan birini Abdulla Qodiriy xotirasiga bag‘ishlaydi, uning “Ahvolimiz” g‘azaliga taxmis bog‘laydi. Bularning barchasi shoirning ulug‘ adibimiz shaxsi va ijodiga buyuk ixlosini ko‘rsatadi.
Zamonaviy she’riyatimizda Rauf Parfi izdoshlaridan biri – shoir Xurshid Davron shunday yozadi: “Rauf Parfi bo‘lmaganida, Fitrat-u Cho‘lpon yoza boshlagan Turkiston daftari davom etmasdi”. Darhaqiqat, shoir Rauf Parfi jadid bobolarimiz bo‘lmish Fitrat-u Cho‘lpon, Qodiri-yu Usmon Nosirlarning nafaqat badiiy siymosini yaratgan, balki ularning yurt istiqloli va millat istiqboli bilan bog‘liq g‘oyalarini ham munosib davom ettirgan ijodkor edi.
Olim OLTINBEK,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti
“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-sentyabrdagi 39-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
82
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
132



