21.05.2025 | 12:38
623
SHOIRNI SEVDIRDI, SHE’RNI SEVDIRDI
Har bir shoirning o‘ziga xos she’r o‘qish uslubi bor. Ammo hamma shoirning uslubi ham ommalashavermaydi. Aksariyatiniki o‘zi bilan qolib ketadi. O‘zbekiston xalq shoiri, sevimli ustozimiz Halima Xudoyberdiyevaning she’r o‘qishi ommalashdi. O‘tgan asrning yetmish, saksoninchi yillarida adabiyot dunyosiga qadam qo‘ygan shoira borki, deyarli hammasi o‘z she’rlarini Halima opamga taqlid qilib o‘qirdi. Hatto yozish uslubiga ham taqlid juda kuchli bo‘lgan. Shaxsan o‘zimning respublika matbuotida e’lon qilingan dastlabki turkumlarimda ustozga o‘xshashga intilish aniq seziladi. Ayniqsa, “Suluvlarim qaytmoqda”, “Ketmoningiz bir kungina menga bering, otajon” kabi she’rlarimga yillar o‘tib qarasam, satrlaridan Halima opamning nafaslari kelganday bo‘ldi va shuning uchun bu she’rlarni “Saylanma”ga kiritmadim.

Hatto Oydin opam “Sharq yulduzi” jurnalining adabiyot bo‘limida ishlayotganlarida oldlariga bir turkum she’rlar bilan borganimda:
– Halimaxonni hammamiz yaxshi ko‘ramiz, she’rlari hammaga sevimli. Ijodning boshlanishida kimgadir taqlid qilish ham adabiyotda bor narsa. Lekin ijodkor taqlid bilan uzoqqa bora olmaydi. Mana, sizning ham o‘ttiztacha she’ringizni ko‘rib chiqdim. Halimaxonga taqlid yaqqol seziladi. Bu narsadan voz kechishingiz kerak, – deganlar. Xijolatdan yerga kirib ketguday bo‘lganman. Shu-shu, yozganlarimni qayta-qayta o‘qirdim ustozning she’rlariga o‘xshab qolmayaptimi deb. Ammo opaga taqliddan qochdim, deganim ularning she’rlariga bo‘lgan muhabbatim so‘ndi, degani emas. Men bir umr Halima Xudoyberdiyeva she’riyatining oshiqlaridan biri bo‘lganman, hozir ham shunday. Talabaligimizda shoiraning:
“Begim, sizni tabiat raso qilib yaratgan,
Kimlarnidir o‘ychan-u
Sizni kulib yaratgan…”,
“Sen baribir muqaddassan,
muqaddas ayol…”
kabi she’rlarini o‘rtoqlarimiz bilan jo‘r bo‘lib baravar aytib yurardik.
Qaysidir satrimni birovlarning she’rlarida ko‘rib qolib:
– Tavba, bu she’rimni ijtimoiy tarmoqqa qo‘yganimga hali ko‘p bo‘lmadi-ku. “O‘zim o‘z orzumning qahramoniman”, “Yomg‘ir, sen samoning yerga yozgan ishqiy xatisan”, degan satrlar meniki-ku, deb javranib qolsam, turmush o‘rtog‘im Miraziz aka:
– Sen bunga xursand bo‘l. Chunki yaxshi she’rlar bolalaydi, – deydilar.
Demoqchimanki, Halima opamning she’rlari ham shunday “bolalaydigan” she’rlardan. Men vazifam taqozosiga ko‘ra xizmat safarlarida ko‘p bo‘laman. Qaysi bir yaxshi shoirlarning she’rlari tor doiralarda sevib o‘qiladi. Bu qusur emas, albatta. Bu she’rlar ma’lum tayyorgarlikka ega bo‘lgan doiralarga tushunarli bo‘ladi. Halima opamning ijodi ham xuddi she’r o‘qishi kabi ommalashgan. Ularning “Dorilomon kunlar keldi – shafaqlari ol”, “O‘stir Xudo degan shu mamlakatni”, “Bolajon, sen otam bo‘lgin” kabi qator she’rlarini turli kasb egalari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda yod o‘qishadi. Demak, shoiramiz xalqqa o‘z ijodi timsolida she’rni sevdirdi. O‘zi qiyofasida esa shoirni sevdirdi. Juda ko‘p marta eshitganman: “Shu shoirani yaxshi ko‘raman!”, “Halima opaning she’r o‘qishiga besh ketaman. Bo‘g‘in-bo‘g‘inigacha eshituvchining miyasiga mixlab, joylab qo‘yadi”, degan iqrorlarni. Shuning uchun bo‘lsa kerak, qay bir sabablarga ko‘ra shoira eldan uzoqlashtirilgan davrlarda ham unutilmadi. Halima Xudoyberdiyeva ijodining muxlislari uning otashnafas she’rlarini izladilar, so‘rab-surishtirdilar, o‘qidilar.
Andijonlik bir singlimiz shoiraga tegishli shunday voqeani gapirib bergan edi:
– Bahor, lolaqizg‘aldoqlar ochilgan payt… Kengliklarga olib chiqamiz, yayratamiz, deb Halima opani Andijonga olib ketganmiz. Uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Ammo aksariyat joylarning rahbarlari chaynalishgan. Biz ham vaziyatni bilganimiz uchun ortiqcha oyoq tiramaganmiz. Pedagogika kollejida direktorlik qilayotgan Andijonning mashhur ayollaridan biri Mahbuba opa G‘ulomova o‘zining o‘quv maskanida juda chiroyli uchrashuv uyushtirib bergan. Uchrashuv juda zo‘r o‘tgan. Shu yaqin atrofdagi mahallalardan ham aholi chiqqan. Uch soat davom etgan uchrashuvdan so‘ng ham odamlar shoirani qo‘yib yuborgisi kelmagan. Niyat odamlarning, yoshlarning ko‘nglida hayotga, xalqqa muhabbat uyg‘otish bo‘lgani uchun hech kim hech narsa demagan…
Ishonamanki, bunday “o‘zbilarmonlik” bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar boshqa viloyatlarda ham bo‘lgan. Aslan xalqqa ich-ichdan suyumli bo‘lgani uchun orqalaridan ham gap-so‘z chuvalmagan. Buyruqning kuchidan muhabbatning qudrati ustun kelgan lahzalar, deb baholash mumkin bunday unutilmas onlarni.
Ha, xizmatlari e’tirof etilib, ijodkorga “Xalq shoiri” unvoni berilishi mumkin. Lekin ularning barchasi ham tom ma’noda xalqning sevimli shoiri bo‘laverishmaydi. Halima opam ana shu baxtga erishgan shoirlardan edi.
Halima Xudoyberdiyeva tabiatan xalqqa yaqin bo‘lgan. Shuning uchun turli davrlarda millatimiz qalbidan kechirgan og‘riqlarni opa ham yurakdan o‘tkazdi. “O‘sh-O‘zgan faryodi”, “Sibirlarda o‘lgan bolalar tirik”, “Mohlaroyim tug‘ilajak”, “Ufq”ni o‘qib” kabi she’rlari fikrimizni dalillaydi. Faqat ijoddagina emas, hayotda ham hamisha bir ko‘zi elda bo‘lgan. Jurnalist – ustozning qadrdonlaridan biri, rahmatli Dilbar Mahmudova bir voqeani gapirib bergandilar:
– Gazetada ishlab yurgan paytlarimda farg‘onalik Kumush Salohiddinova degan ayoldan xat keldi. Bu ayol ishlayotgan bog‘chada yaroqsiz holga kelib qolgan eski bino “gavda”sini ko‘tara olmay qulay boshlaydi. Bog‘cha opa bor kuchi bilan harakat qilib bir necha bolakayni omon olib chiqadi, ammo o‘zini tom bosib, nogiron bo‘lib qoladi. Endi o‘zi qarovga, parvarish, muolajaga muhtojligini aytib yordam so‘ragan ayol haqida o‘sha paytda respublika ayollariga yetakchilik qilayotgan Halimaxonga aytdim. Shoira hamma imkoniyatlarni ishga soldi. Kumushxonga kerakli yordam berildi. Uning fidoyiligiga munosib mukofotlar ham bo‘ldi.
Mening nazarimda, ijodda ham, hayotda ham barcha o‘lchovlarda olib qarasak, ustozga “ulkanlik” degan bir sifat to‘g‘ri keladiganday tuyuladi. She’rlarini o‘qisangiz iqrorlari ham, raddiyalari ham ulkan:
Qalbga eking,
Qadim turk chinorlari tiklansin,
Qon-qardoshning chin do‘st-u
chin yorlari tiklansin,
Har yurakda bir
Turon minorlari tiklansin,
Ulug‘ mamlakatni ko‘taring.
…Shukur, bugun ozod sen,
ammo tarqoq sen, yot sen,
Tarqoqmi sen, inonki,
azal-abad barbodsen.
Jo‘rovoz bo‘lolmasang,
yakka-yakka mung, dodsen,
Xudo, to‘zg‘in elimni birlashtir deb
yig‘larman…
Ulkanligini his qilyapsizmi? Shoiraning qalbi ham ana shunday tuyg‘ular sig‘imiga mos ulkan edi. Men biror marta Halima opamning kimnidir burchakka tortib, visir-visir gap qilganini ko‘rgan emasman. Ular “Guliston” jurnali, bir muddat “Sanam” jurnalida ishlaganlar. Biz sakkizinchi qavatda edik. Nimalardandir ta’bim xira bo‘lib qolsa, yugurib tushardim-da, ayolligimga borib, vijirlay boshlasam:
– Keling, qo‘ying shu gaplarni, enasini emsin. She’rdan oling, – der edilar. Yangi she’r yozsam ham darrov tushib o‘qib berardim. Biror satri yoqib qolsa, qayta-qayta o‘qitardilar. O‘zlari o‘qirdilar. Ulkan ruhdagi she’rlar zalvoridan mayda tuyg‘ular maydalanib ketardi…
“Dargohi keng” degan ibora bor-ku, ustozga nisbatan shu iborani ham qo‘llagim keladi. Birga ishlayotgan paytlarimizda janjalkash bir ayolning uzun yo‘lakdan baland ovozi eshitilib qoldi. Gap-so‘zlari ko‘p joyda o‘tadigan ayol edi. Bu safargi to‘polonining sababchisi men ekanimni bilganim uchun eshikni shartta ichkaridan bekitib oldim. Hikoyalarida bir tola yorug‘lik bo‘lmagani uchun qaytargandim. Telefonda “Qanaqa yorug‘lik, qanaqa qop-qora…”, deya o‘zimga ham rosa baqirgandi. O‘sha ayol bosh muharrirning xonasiga kirib, aytadiganini aytib chiqib ketmaguncha xona eshigini ochmadim. Yana ancha vaqt o‘tkazib, Halima opaning oldilariga kirdim. Yaxshigina gap eshitsam kerak, deb o‘ylagandim. “Sizning orqangizdan tinchligimiz buziladigan bo‘lsa, ishlash, ishlamasligingizni o‘ylab ko‘ramiz” tarzidagi gapni ham kutgandim. Chunki ayollar jurnali… hech bir ayolni norozi qilmaslik kerak, degan printsip bor.
Biroz o‘tirdik, indamay o‘tiraverganimdan so‘ng opa:
– Gapingiz bormidi? – dedi.
– Haligi ayol… – dedim-u, nima deyishimni bilmay tursam:
– Siz o‘zi qayoqda edingiz? – dedilar.
– Meni ko‘rsa battar alangalanib ketmasin, deb ichkaridan bekitib o‘tirgandim, – dedim sekingina.
– Yaxshi qilibsiz, yana kelsa, yana eshigingizni bekitib o‘tiravering, – dedilar kulib. Yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. U paytlari Halima opam meni unchalik yaxshi bilmasdi. Lekin shundayam shu gapni aytganlar, hech esimdan chiqmaydi. “Saodat” jurnalida Halima Xudoyberdiyeva bilan birga ishlagan jurnalist, shoirlarning yodlarida bundan ham yorqinroq xotiralar borligi aniq. Bittasi “Halima opa bizga, qalamimizga katta erk berdi, o‘z kuchimizga ishonch uyg‘otdi”, deb yozsa, boshqasi “Uyli-joyli, oilali bo‘lishimda opaning katta hissasi bor”, deb yozadi. Kitobiga so‘zboshi yozib, adabiyot maydoniga yo‘llaganlari qaysi, o‘zi bilan davralarda olib yurib elga tanitganlari qaysi…
Ha, bizning ustozlarimiz shunday benazir insonlar bo‘lishgan. Shuning uchun ular chin dunyoga ketganlarida “Oldimizda tog‘day turishar edi, oldimiz bo‘shab qoldi. Hozirdan shamollarni his qilyapmiz”, deb bo‘zladik. “Yashashsa bo‘lar edi, hayotdan haqlari ko‘p edi”, deb nola qildik. “Biz ular kabi izimizda kelayotganlarga tayanch bo‘la olarmikanmiz…” deya bir-birimizga qarandik. Iloho, bo‘laylik. Ijod-u hayotda ustozlardan olganlarimizni izimizdan kelayotganlarga berishga yaraylik.
Qutlibeka RAHIMBOYEVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 16-maydagi 20-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605

