08.04.2026 | 12:14
2182
“SIZLARNI YUZ YIL KUTDIK!”
O‘tgan asrning 60–80-yillarida yurtdoshlarimizdan kimdir xorijiy mamlakatga sayohat qilsa, u albatta o‘z safari taassurotlarini qog‘ozga tushirib, matbuotda e’lon qilishga oshiqardi. Havasmand o‘quvchilar bu kabi maqolalarni qiziqish bilan mutolaa qilar, o‘zlari ko‘rmagan-bilmagan yurtlar haqida ma’lumot olishga intilardi. Zero, sobiq tuzum davrida kishilarning xorijga chiqishi anqoning urug‘idek noyob hol edi.
Bugun esa mustaqillik va erkinlik sharofati bilan o‘zbekistonliklar dunyoning turli davlatlarida ishlamoqda, ta’lim olmoqda va yashamoqda. Shu bois, xorij taassurotlari haqidagi maqolalar avvalgidek katta qiziqish uyg‘otmasligi mumkin.

Biroq rasmiy xizmat safari bilan borilgan taqdirda, ko‘rilgan va o‘rganilgan tajribalarni yoritib berish ma’naviy va kasbiy burch hisoblanadi. Chunki har qanday xalqaro safar turli muzokaralar, rasmiy muloqotlar, yozishmalar, tashkiliy ishlar va puxta tayyorgarlikni talab etadi. Bunday safarlarning amalga oshishida rahbarlar va mas’ul xodimlarning katta mehnati va fidoyiligi yotadi.
Men ham Fan va texnologiyalar universiteti professor-o‘qituvchilari safida yaqinda Turkiya Respublikasida malaka oshirish dasturida ishtirok etdim. Safar davomida Anqara, Trabzon, Rize va Istanbul shaharlarida bo‘lish nasib etdi.
Fan va texnologiyalar universitetida ayni paytda 18 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 6 ta magistratura mutaxassisligi mavjud. Bugungi kunda universitet Vashington davlat universiteti, Pekin texnologiya instituti va Dalyan texnologiya universiteti, Rejep Tayyip Erdog‘an universiteti kabi ko‘plab xorij oliy o‘quv dargohlari bilan samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.
2025-yil oktyabr oyida Turkiyaning Rejep Tayyip Erdog‘an universiteti delegatsiyasi universitetimizga tashrif buyurgan va ikki muassasa o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Unga muvofiq, bir guruh talabalarimiz ushbu universitetda tahsil ola boshlagan bo‘lsa, yaqinda professor-o‘qituvchilar jamoasi mazkur muassasada malaka oshirish kurslarida ishtirok etdik.
Universitet Turkiyaning shimoli-sharqiy qismida, Qora dengiz sohilida joylashgan Rize shahrida faoliyat yuritadi. Mamlakatda “choy poytaxti” sifatida tanilgan Rize shahri yashil tepaliklar va keng choy plantatsiyalari bilan o‘ralgan. Tabiiy muhiti, sernam iqlimi, tog‘li landshaftlari, sharsharalari, Kachkar milliy bog‘i kabi noyob tabiat maskanlari bilan Turkiyaning eng go‘zal hududlaridan biri sanaladi. So‘nggi yillarda shahar jadal rivojlanib, kengayib, obodonlashib bormoqda va zamonaviy sayyohlik markazlaridan biriga aylanmoqda. Rize shahri Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning ota yurti hisoblanadi. Shu bois, rizeliklar bu bilan haqli ravishda faxrlanadilar.
Rejep Tayyip Erdog‘an universiteti ilk davrda Trabzondagi Qora dengiz texnika universitetining filiali sifatida tashkil etilgan bo‘lsa, keyinchalik alohida faoliyat yurita boshlagan. Universitetda muhandislik, tabiiy fanlar, san’at, sahna san’ati va dizayn, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi, buxgalteriya hisobi va moliya, elektrotexnika va elektron muhandislik, qurilish muhandisligi, siyosat va xalqaro tadqiqotlar, tillar, adabiyot va tilshunoslik, fizika, huquqshunoslik, astronomiya, arxitektura, mashinasozlik va aerokosmik muhandislik, kimyo, tibbiyot va stomatologiya, geologiya, ekologiya, yer va okean haqidagi fanlar, informatika, kimyo muhandisligi, ta’lim, tarix, falsafa va ilohiyot, matematika va statistika, iqtisod va ekonometrika, sog‘liqni saqlash fanlari, sport fani hamda biznes va menejment kabi ko‘plab sohalar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Universitetda zamonaviy o‘quv binolari, talabalar turar-joylari, madaniyat va sport markazlari, kutubxonalar faoliyat ko‘rsatadi. Professor-o‘qituvchilar uchun alohida zamonaviy turar-joy majmualari barpo etilgan. Bu turar-joylar qulayligi va jihozlanishi jihatidan oliymaqom mehmonxonalardan deyarli farq qilmaydi.
Universitet huzuridagi O‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash xalqaro markazida “Zamonaviy pedagogik yondashuvlar va kasbiy rivojlanish” hamda “O‘qituvchilarni o‘qitish” dasturlari asosida 144 soatlik kurslar tashkil etildi. Mashg‘ulotlar qat’iy reja va jadval asosida, yuqori professional darajada olib borildi.
Universitetning Ziroat fakulteti dekani, professor Mustafo Aqbulut o‘zbek muallimlarini fakultet faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida ekskursiyaga taklif etdi. Dekan qabulxonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida fakultetning xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy hamkorlik aloqalari va qo‘shma tadqiqot loyihalari haqida so‘z bordi. Mustafo Aqbulut o‘zbek tilshunoslari ishtirokida Ziroat fakulteti o‘qituvchilari va talabalari uchun maxsus turkcha–o‘zbekcha botanika lug‘ati yaratish maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidladi. Bu taklif asosida ikki oliy ta’lim muassasasi olimlari hamkorligida shartnoma tuzildi.
Turkiya Yoshlar va sport vazirligining Rize viloyati bo‘limi tomonidan tashkil etilgan “O‘zbekiston kunlari” tadbiri universitetda o‘ziga xos do‘stlik va madaniyat festivaliga aylanib ketdi. Unga turli o‘lkalardan kelgan talabalar ham mamnuniyat bilan tashrif buyurdi. Ustozlar so‘zga chiqib, o‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik, madaniy yaqinlik va hamkorlik aloqalari bundan buyon ham mustahkamlanib borishini ta’kidladilar. O‘zbekistondan kelgan talabalarga esdalik sovg‘alari va kitoblar taqdim etildi.
Rize shahridan 25 chaqirim narida Chayeli shaharchasi bor. Universitet professori Ibrohim Hayri Qo‘g‘uo‘g‘li o‘zbekistonliklarni Chayelidagi o‘z uyida mehmon qildi. Mezbon o‘zbek-turk munosabatlari tarixiga ishora qilib, “Biz sizlarni yuz yil kutdik!” deya lutf qildi. Xonadon deyarli kichik muzeyga aylantirilgan. Bu yerda olimning boy kutubxonasi, dunyo bo‘ylab safarlari davomida to‘plagan turli tarixiy buyumlari va esdaliklari saqlanadi. Vatanparvar shoir Ibrohim Hayri Qo‘g‘uo‘g‘li o‘z mehmonlariga 2013-yili nashr etilgan “Sevgining kuchi” kitobidan taqdim qildi. Ayni kunlarda shoir she’rlari o‘zbek tiliga tarjima qilinmoqda. “O‘zbekiston kunlari” tadbirida professor Vali So‘me ham “Otashda ochilgan gullar” nomli she’riy to‘plamini sovg‘a qilgan edi. Ushbu kitobdan ham ko‘plab she’rlar o‘zbek tiliga tarjima qilinadi.
Qisqa muddatli uchrashuvlar davomida bir qator yaqin va uzoq muddatli ilmiy loyihalar tuzishga erishildi. Jumladan, universitet prorektori Nabi Gumush bilan tuzilgan kelishuvga ko‘ra, o‘zbek va turk xalqlarining ma’naviy tarixiga oid ikki tilda kitob tayyorlash, o‘zbek olimlari kelasi o‘quv yilida bu universitetda o‘zbek tili va adabiyoti fanidan ma’ruza o‘qishlari, turkiy qo‘lyozmalar bo‘yicha matnshunoslik ishlarini amalga oshirishlari ko‘zda tutildi.
Safarimiz shu tariqa yangi bilimlar, xalqaro tajriba, ilmiy va madaniy almashinuvlarga boy tarzda o‘tdi.
Ikromiddin OSTONAQULOV,
tarix fanlari doktori
“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-martdagi 13-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
99
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
136
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
329



