Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.03.2025 | 11:20

img437

SO‘FIYLAR RO‘ZASI

Ro‘za – avvalo, ibodat. U salomatlikni mustahkamlaydi. Qolaversa, kishi ruhida sabrni kuchaytiradi. Albatta, sabr – oson ish emas. U boshida qattiq botishi, kishi ko‘nglini mahzun qilishi mumkin. Ammo odamni zafarga olib boradigan ham ana shu sabr. Alisher Navoiyda shunday satrlarni o‘qiymiz:

Sabr archi kishiga ranj afzun aylar,
Oxir kishi faolini humoyun aylar.
Sabring nechakim ko‘ngulni mahzun aylar,
Har sabr zafarga maqrun aylar.

Biz sovet davrida yillar mobaynida butun o‘tmish ma’naviy merosimizda yuksak qadrlanib, targ‘ib qilib kelingan sabrni tamom boshqa mazmunlarda tushunib va tushuntirib keldik. Sabr-u qanoat haqida aytilgan har qanday hikmatni go‘yo sinfiy zulmga ko‘nish, hukmron doiralar manfaatlariga xizmat qilish mazmunida talqin etdik. Holbuki, sharqona donishmandlik: “Dunyoda hech narsa sabrdek lazzatli emas”, deganda batamom boshqa insoniy halovatni ko‘zda tutgan edi.

Yana ulug‘ shoirimizga quloq tutamiz:

Yo‘q lazzati sabrdek muqaddar nimaning,
O‘z xurdig‘adur zavqi muqarrar nimaning.
Beaslga yo‘q fahmi muyassar nimaning,
Far’i berur asldin xabar har nimaning.

Axir, inson uchun sabr hayot kechirishning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Demak, ro‘za, umuman, ovqat masalasida qanoatli bo‘lish, me’yoridan ortiq narsa iste’mol qilmaslik islom olamida izchil bir ta’limotga aylangan. Sharq tabobatida-ku bu jihat kuchli taraqqiy etgan. Ko‘p kasalliklarga parhez buyurilishi bejiz emas.

Tandagi har qanday ortiqchalik ruhga, ya’niki ma’naviyatga, ya’ni kishining fe’l-atvoriga salbiy ta’sir qilishi tabiiyligi ilmda isbotlangan. Tasavvufda esa jism va ruh, ularning o‘zaro uyg‘unligiga erishish, aniqrog‘i, jismni ruhga moslashtirish bosh masala hisoblangan. So‘fiyning asosiy maqsadi – ruh kamolotiga erishish. Ruh jism ustidan hukmronlik qilishi uchun avval jism nafsni yengishi kerak. Yeyishga o‘chlik ham – nafsi bad.

So‘fiylar har qanday nafsga qarshi ochiq kurash e’lon qiladi.

Tasavvufda solik shariat qoidalarini og‘ishmay bajarishi shart qilib qo‘yiladi.

Milodiy 1006 va 1088-yillar orasida yashagan shayx ul-islom, ya’ni hazrati Xoja Abdulloh Ansoriy shunday deganlar: “Har nimadin bir miqdorni olsalar, bir miqdori qolur, shariatdan o‘zgaki, bir miqdori andin kam bo‘lsa, hech nima qolmas”. Demak, shariat qoidalaridan birigina bajarilmasa ham, undan hech narsa qolmas, ya’ni boshqa barcha sa’y-harakat zoye ketar ekan.

Ro‘za ham – shariat qoidalaridan.

So‘fiylarning ro‘zaga munosabati boshqa oddiy musulmonlarnikidan biroz ajralib turadi. Navoiy asarlarida tasavvuf ahli ro‘zasi haqida talay e’tiborli ma’lumotlar bor.

So‘fiylar haqidagi “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida keltirilishicha, oddiy odamlardan farqli o‘laroq, tasavvuf ahli, hatto, ko‘zlarini nomashru’, ya’ni shariatga xilof narsaga qarashdan, quloqlarini nomashru’ gap yo tovush eshitishdan (“Quloqqa yomon eshitiladigan gapdan saqlan”, degan hadisi sharif ham bor), oyoqlarini nomashru’ qadam tashlashdan, qo‘llarini nomashru’ narsaga tegishdan tiyadi va hokazo barcha a’zolarini shunday cheklaydi. Ular hammadan ko‘ra ko‘proq ko‘ngillariga ro‘za buyuradi, toki qalbda Allohdan boshqa narsa bo‘lmasin.

So‘fiylar uchun shariatdan ham burun amal qilinadigan ikki muhim masala mavjud. Birinchisi – tavba. Ikkinchisi – luqma hilliyati. Bu – iste’mol qilinadigan narsaning halolligi, degani. Halol – ham moddiy, ham ma’naviy tushuncha. Moddiyligi shundaki, musulmon kishi yeyish harom hisoblanmagan narsalarnigina iste’mol qilishi lozim.

Lekin “luqma hilliyati” ko‘proq masalaning ma’naviy tarafiga, ya’ni iste’mol qilinadigan narsaning halol mehnat yo harom yo‘l bilan topilganligiga daxldor.

Aksari shayxlar halol kasb bilan kun ko‘rgan. “Nasoyim ul-muhabbat”da Navoiy buni alohida ta’kidlaydi: “Va soyiri mashoyixi kibordin (ya’ni, ulug‘ shayxlardan – S.O.) ham ko‘pi halol luqma kasbig‘a muzdurluq qilibturlar, o‘tun toshibturlar va halol luqma bu ishda kulliydurki (ya’ni, ko‘pdirki – S.O.), andin fayz va ma’rifat zoyanda (ya’ni, paydo – S.O.) bo‘lur”.

Bir shayx yeyish uchun shubhali tuyulgan luqmani suvga tashlagan. Keyingi bir necha yil: “Bordi-yu, uni baliq yegan bo‘lsa, baliqni yeb, nohalol luqma gunohiga qolmay”, degan xayol bilan baliq yemagan ekan…

Halol mehnat evaziga kelgan mahsulotnigina iste’mol qilish masalasiga diqqat shu darajada bo‘lganki, mabodo, bilib-bilmay shunday taom yeb qo‘yilsa, bu gunohni tuzatish uchun juda ko‘p sa’y-harakat qilingan. Navoiy bu haqda: “…Va bir shubhalik luqma oncha tiyralik keltururki, ko‘p vaqt aning islohiga mashg‘ul bo‘lub, ma’lum emaski, daf’i ne nav’ surat bog‘lar”, deb yozadi.

Hindistonda mutlaqo go‘sht yemaydigan, faqat o‘simliklar, ya’ni meva-sabzavot bilangina umrguzaronlik qiladigan mazhablar (vegetarianlar) vakillari ko‘pligini bilasiz. Amerikalik olim Pol Bregg buning to‘g‘riligini ilman isbotlashdan tashqari, butun insoniyat bir kun kelib shu yo‘lga o‘tishini, barcha ekiladigan maydonlarda pishirmasdan iste’mol etiladigan sabzavot va mevalar yetishtirilishini orzulaydi.

Tasavvuf vakillari orasida ham go‘sht yemasdan kun ko‘rishni odat qilganlar ko‘p bo‘lgan. Masalan, XIV asrda yashab ijod etgan mashhur shayx va shoir Kamol Xo‘jandiyning otalari ham bir necha muddat, umuman, go‘sht yemagan ekanlar.

So‘fiylar uchun ko‘p taom yeb, maza qilish emas, oz taom yesa ham, uning ta’mini, ya’ni lazzatini obdan his etish muhim hisoblangan. Oz taom yeyishning lazzatini shayxlarchalik qadrlaganlar kam topiladi. Shayx Ali binni Sahli Azid Isfahoniy: “Haq subhonahu va taolokim, …pokiza taom agar ag‘niyog‘a (ya’ni, boylarga – S.O.) beribtur, taomning lazzatini bularg‘a (ya’ni, so‘fiylarga– S.O.) beribtur”, degan ekanlar. Chunki Abu Abdulloh Muxtor ibni Muhammad ibni Ahmad Hiraviy aytadilarki: “Taomni andoq yegilki, sen ani yegaysan, yo‘qki, ul – seni. Agar sen ani yesang, barcha nur bo‘lg‘ay va agar ul seni yesa, barcha dard bo‘lg‘ay!”

Ko‘p xastaliklar betartib, me’yorsiz yo sifatsiz ovqatlanishdan ekanini hamma bilsa kerak. Odam – taomni emas, taom – odamni yegani shu-da!

Navoiy asarlarida bu fikrlarning tasdig‘i bo‘lgan ajib-ajib hikoyatlar keltiriladi.

Muammal Hassos degan shayx Abu Abdulloh Xafif degan so‘fiyga: “Borib, Ja’far Hazzo degan shayxning holidan xabar olib kel”, deb buyuradi. Borsa, Ja’far Hazzo bir muhtasham saroyda zo‘r kiyinib, laziz-laziz taomlar yeb yashayotgan ekan. U mehmonni ham yaxshilab ziyofat qiladi. Bir necha muddat o‘tib, Muammal Hassos yana Abu Abdulloh Xafifni Ja’far Hazzo holidan xabar olib kelishga jo‘natadi. Ko‘rsaki, bir vayronada yig‘lab o‘tiribdi. Uch kundan beri tuz tatimagan ekan. Abu Abdulloh Xafif ko‘p harakat qilib, unga ozgina suyuq ovqat ichiribdi. Kelib, uning ahvolini bayon qiladi. Shunda pir: “Agar avval noz-u ne’matlar ichra yashashga ruju qo‘ymaganida edi, bu holga mubtalo bo‘lmas edi”, deydi.

Pol Bregg va boshqa olimlar ko‘p kasalliklarni ochlik bilan davolash yo‘llarini topdi, hatto ochlik umrni uzaytirishning yagona samarali yo‘li sifatida talqin etildi ham. So‘fiylarda esa ro‘zadan tashqari ham och yurish rayozati bor edi. Eslatganimiz – Ja’far Hazzo bir kuni Abdurahim Istahariy degan shayxning oldiga boradi. Uni kasalmand bir ahvolda uchratadi. “Seni bu dam o‘lgudek ko‘radurmen za’fdin”, deydi. Shunda Istahariy bir bag‘oyat katta toshni ko‘tarib, tomga chiqarib qo‘yadi-da, hoynahoy, semizligiga ishora qilib bo‘lsa kerak: “Ey qo‘y, kelib bu toshni ko‘tarib, quyi tushir”, deydi. Kasalmand ko‘ringan Abdurahim Istahariy-ku bu toshni tomga chiqarib qo‘ydi, lekin uni xastalikda ayblayotgan Ja’far Hazzo toshni olib tusholmasligi aniq edi. Toshni chiqargan shayxning kasalmand ko‘rinishi shundan ediki, u naqd o‘n yetti kundan beri tuz tatimagan edi. O‘zini ruhan tayyorlamagan oddiy odam o‘n yetti kunlik ochlikka chidashi juda qiyin. Bu so‘fiy esa shuncha kunlik ochlikdan keyin ham uncha-muncha odamda bo‘lmaydigan kuchini namoyish etgan. “Nasoyim ul-muhabbat”da shu shayxning ro‘za oyini, umuman, ovqat yemay o‘tkazgani haqida ham ma’lumot beriladi.

Xullas, ro‘za Alisher Navoiy uchun shunchaki mavzu emas edi.

Sihhat tilasang – oz ye,
Izzat tilasang – oz de, –

yoki:

Ko‘p demak birla bo‘lmag‘il nodon,
Ko‘p yemak birla bo‘lmag‘il hayvon,

– degan hikmatlar bitgan shoirning bu borada izchil va mukammal ilmiy-falsafiy ta’limotga suyangani ayonlashadi.

Bu hozirgi zamon uchun ham foydali bir ta’limot ekaniga shubha bo‘lmasligi kerak. Muqaddas ramazon oyi bizga ro‘za bilan bog‘liq ana shunday boy ma’naviy merosimiz haqida suhbatlashish imkonini berdi.

Sultonmurod OLIM

“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-martdagi 11-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596