26.04.2026 | 11:40
646
SOVG‘A
Toshkentga birinchi marta kelishim edi. Shahar meni qovoq uyub kutib oldi: anhorni pufakchalarga to‘ldirib yomg‘ir yog‘ardi.
Shahar odami beparvo. Qadrdon go‘shasiga kim kelib, kim ketgani bilan ishi yo‘q. Hammasi qaygadir shoshadi. Gap so‘rasang yo yelka qisadi, yo eshitmaganga olib ketaveradi. Faqat yomg‘ir bahona, yangi soyabonlarini ko‘z-ko‘z qilib yurgan bo‘y qizlargina mening qarshimdan o‘tayotib, shivir-shivir qilishadi.
– Xoli, anuv bolani qara, arabning o‘zginasi…
– Voy, “Qo‘lga tushmas qasoskorlar”dagi lo‘liga o‘xshaydi-ya…
– Shimini o‘zi tikib olganmi…

Egnimdagi ko‘ylak akamniki. U harbiy xizmatga ketgan kuni yangamga yalinib olvolganman. Ko‘ylak shunday kengki, yana bir sinf bola yopinsa bo‘ladi. Oyog‘imda o‘sha paytda hamma qishloq bolalari sevib kiygan ikki so‘mlik latta tufli.
Qizlarga gap otgim keladi, tag‘in. Ular esa sharaqlab kulishib mendan uzoqlashadi. Kiyimga emas, ko‘ngilga qarash kerak, oyimchalar!..
O‘ninchini bitirish arafasida adabiyot muallimimiz bilan aytishib qoldim. U butun sinf oldida “Sendan ikki dunyoda ham shoir chiqmaydi”, dedi. O‘sha paytlarda men she’r mashq qilib yurardim. Qalin daftarimni qo‘ynimga solib, muallimdan arazlab, poyezd stansiyasiga chiqdim.
Xullas, men Toshkentga uydan qochib kelgandim!
Shunday qilib, anhorning bo‘yidaman. O‘tgan-ketgandan Yozuvchilar soyuzini surishtiraman. Hech kim aytmaydi. Bu yoqda esa, katta shaharda birinchi marta, quyosh botayotganini tomosha qilyapman. Boradigan joyim yo‘q. Vokzalga qaytaman.
Perron to‘la odam. Qop-qora tutun purkab yurgan parovozlarga termulaman. Bormagan joyi yo‘q ularning, ko‘rmagan shahri yo‘q parovozlarning…
– Ha, bola, sen ham shoirmi deyman. Parovozlar bilan gaplashyapsan?
Umrimda birinchi marta meni shoir, deb atagan odamga qarayman. Uning bir qo‘lida g‘ijim bo‘lgan kostyum, bir qo‘lida esa gazeta. O‘rta bo‘y, ozg‘in, ammo ko‘zlari to‘la tabassum.
– Uyga ketmoqchiydim, – deyman xo‘rsinib. – Biletim yo‘q.
– O‘zing qayerdansan?
– Marhamatdan.
– Marhamating qayerda?
Savol menga yoqmaydi. Darrov qovog‘imni solaman. Yangi tanishim yelkamdan quchib oladi:
– Bo‘ldi, bo‘ldi, hazillashdim. Marhamatga borganman, bilaman. Zo‘r shahar. Men Toshkentga nega kelganingni so‘ramoqchiydim, uka.
– Abdulla Oripovni ko‘rishga keluvdim.
– Kimni-kimni?..
Nahotki Oripovni ham tanimasa? Qanaqa odam o‘zi bu?
Suhbatdoshim esa baralla kula boshlaydi. Kulganida ko‘zlaridan yosh oqib ketarkan. Ko‘p o‘qisa kerak-da.
– Qani, ketdik!
Indamay unga ergashaman. Qiziq, mashinasi bormikin. Baribir boshqa boradigan joyim yo‘q. Biroq bu odam o‘zi kim ekan?
– Siz kim bo‘lasiz?
U javob o‘rniga kulib qo‘ya qoladi.
Yo‘lovchi mashinada shaharga kirib boramiz. Yangi tanishimning xotini bizni xursand kutib oladi. Lekin ming yashirmasin hayronligini sezaman.
Latta tuflim ivib kalamushga o‘xshab qolgan. Issiqqina xonada qandchoy ichib o‘tiribman. Ichkaridan tovush keladi.
– Bu yigitcha kim?
– Ishing bo‘lmasin, katta shoir u. Hozir choy ichib olsin, she’rlarini eshitasan…
Choyni xo‘rillatib ichayotganimni sezaman. Biroq boshqa ilojim yo‘q. Shunga o‘rganib qolganman. Bizning uyda hamma shunday choy ichadi, muzikasi bilan. Eh, ketaqolsam bo‘larmidi.
– O‘zing yaxshi shoir ekansan-u choyni xo‘rillatib ichar ekansan-da, uka!
– Bizning qishloqda choyni hamma shunaqa ichadi.
– Mashq qil, balki o‘rganib ketarsan.
– Nimani?..
Er-xotin bir-biriga qarab qoladi. Men biroz uyalgan bo‘laman. Biroq yana ichimda shayton o‘yinga tushadi. “Nima bo‘pti. Choyni hamma har xil ichadi. Birov issiq, birov sovutib, yana birov esa ovoz chiqarib. Sen esa xo‘rillatib ichaver”.
Keyin “mushoara” boshlanadi.
Bitta she’r o‘qiyman. Yoqmaydi. Yana o‘qiyman. Yana yoqmaydi. Yanga choyni baxona qilib chiqib ketadi. Shu ko‘yi qayta she’r eshitishga kelmaydi. Men esa yana o‘qiyveraman. Nihoyat, tovushim xirillab qolganida, jahlim chiqadi.
– Nega yomon deysiz. Axir bu she’rlarimni hamma maqtaydi-ku! Siz kimsiz o‘zi?..
Mezbon endi xandon otib kuladi. Shunaqangi qattiq kuladiki, xotini yugurib chiqadi.
– Bilasanmi, men ham shoirman. O‘sha o‘zing aytgan Abdulla Orif…
U gapini tugatmayoq o‘rnimdan otilib turib, eshikka yopishaman. Abdulla aka chaqqonlik bilan qo‘limdan ushlab oladi:
– Qayoqqa, voy tentag-ey, qayoqqa borasan yarim kechada?
Divanga cho‘kaman. Har zamonda yer ostidan unga qarab qo‘yaman. Xuddi o‘zi. Abdulla Oripovning o‘zginasi. Axir telivizorlarda necha marta ko‘rganman. Nahotki tanimasam?
Endi ikkalamiz qo‘shilishib kulamiz. Xandon otib kulamiz…
Tongda uyg‘onsam, Abdulla aka yo‘q. Yanga ham sutchoy tayyorlab qo‘yib, ishgami ketibdi.
Endi sutchoyni ovozsiz ichishni mashq qilayotganimda eshik ochiladi. Abdulla aka jilmayib, menga ko‘z qisib qo‘yadi. Qo‘lida qog‘oz quti.
– Ma, kiyvol, hozir biletga boramiz.
Qarasam, yap-yangi tufli. Yaraqlab turibdi. Sal uyalgan bo‘laman. Ichimda esa o‘zimni oqlayman. “Shunday katta shoirga bir juft tufli nima bo‘pti. Istasa senga mashina olib berishga qurbi yetadi. Ol, og‘ayni, noz qilmay kiyaver”.
Yangi tuflini kiyib, eskisini durraga o‘rab, sumkaga solaman. (Otam bu sumkaga bozor-o‘char qilardi. Rosa qidirgandir.)
Abdulla aka sumkaga ishora qilib kuladi:
– Dehqon bolasisan-da, pishiqsan. Eski tuflingni ham esdan chiqarmading-a?..
Kassirlar Oripovni ham tanishmas ekan. Kitob o‘qishmaydi-da. Vaqtlari yo‘q. Muhim ishlari ko‘p. Ular o‘qishdan ko‘ra sanashni yaxshi ko‘rishadi. Pul sanashni.
Zo‘rg‘a bilet olamiz. Parovoz chinqirig‘i ostida menga aziz va qadrdon bo‘lib qolgan tovush yangraydi:
– O‘qishni bitirib to‘g‘ri oldimga kel. Xayr, uka!..
* * *
Bu voqeaga rosa o‘n olti yil bo‘libdi. O‘n olti yildan buyon Abdulla akaga buni aytolmadim. Aytsam, qandaydir yaqinlikni da’vo qilayotganday bo‘lardim. Ehtimol, o‘sha yili maktabni bitirib, to‘g‘ri oldiga kelsam, bunchalik qiynalib o‘qimasmidim, ming azobda kitob chiqarmasmidim, kim biladi deysiz. Lekin Abdulla aka menga faqat tufli sovg‘a qilmagandi. U menga to‘g‘rilikni, halollikni, odamiylikni, maqsadga yetish uchun odam juda katta mehnat qilishi kerakligini ham o‘rgatgandi.
Mana, o‘zi aytganidek, men yana uning oldiga keldim. Bu safar o‘sha bola paytimda ko‘nglimni ko‘tarib, hech kim eshitishni istamagan she’rlarimni tinglab, yaxshi maslahatlar bergani uchun rahmat aytgani keldim…
Talant nodir va ulug‘. Talant ma’naviy dunyoning eng buyuk cho‘qqisi. Ammo oddiy odamgarchilik, insoniylik undan ham ulug‘!
Muhammad YUSUF
1989-yil.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 24-apreldagi 17-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596
