25.11.2025 | 10:10
534
SO‘Z – OLOV
Ahmadjon MELIBOYEV

Kitob deb atalmish beqiyos xazina insoniyatning buyuk ixtirolaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Uning qudratini ramziy ma’noda quyosh taftiga qiyoslash mumkin. Shunda ham, inson qalbini yoritish faqat kitobning qo‘lidan keladi, xolos. Shunday kitoblar borki, ular seni ohanraboday o‘ziga tortadi, umring yo‘llarida beminnat hamrohingga aylanadi, qayta-qayta o‘qiysan, o‘qiganing sari aql-shuuring to‘lishib boradi va bu jarayon hech qachon nihoyasiga yetmaydi.
“O‘tkan kunlar”ni birinchi marta o‘smirligimda o‘qiganman, endi esa ichki bir ehtiyoj bilan bu asarga yana va yana murojaat qilaman. Asar qahramonlari – Otabek, Kumush, Zaynab bundan oltmish yil avval mening tasavvurimda jonlangan qahramonlardan jiddiy farq qiladi. O‘quvchi bilan birga ular ham ulg‘ayib borayotganday… Shunday ekan, yaxshi kitoblarni bir marta o‘qish bilan kifoyalanish kerak emas. Uning mo‘jizaligi shundaki, har gal o‘qiganingda u senga ma’no xazinasining yangi-yangi qatlarini ochaveradi.
Dunyo tamadduni rivojiga beadoq hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimiz olamshumul yutuqlarga kitoblar bois erishgan. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Ulug‘bek, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino kabi allomalar yoshlikdan mutolaaga oshno bo‘lgan, ilm olish uchun issiq uylarini tashlab, olislarga safar qilgan. Mashhur kutubxonalardagi ma’naviy xazinadan bahramand bo‘lishni orzu qilishgan.
Adab ilmiga doir ko‘plab asarlar muallifi sifatida nom qozongan Ibn an-Nadimning xotiralarida Ma’mun bir urushda Rim podshohini mag‘lub etgach, o‘zaro sulhga ko‘ra, undan o‘lpon o‘rniga bag‘dodlik olimlarga xazinasidagi nodir kitoblarni tarjima qilish uchun ruxsat berishini talab qilgan ekan. Naqadar g‘aroyib talab. O‘tmish-tarixda bunday misollar oz emas.
Mahmud Asad Jo‘shonning “Tasavvuf va go‘zallik” kitobini (Mirzo Kenjabek tabdili) qayta-qayta varaqlayman: “Bema’nilikni, bema’ni ishlarni, behuda so‘zlarni tark etmog‘imiz lozim. Kiyim ham shunga o‘xshash. Odamlar o‘zlarini iskanjaga solganlar. Shunday paypoqlar kiyamizki, oyog‘imizni bo‘g‘ib qo‘yadi, qon aylanmaydi… Inson (yangi uyiga) Italiyadan marmar keltirib, ovrupoviy pech quradi. Nima ishga yaraydi bu? Behuda, hech ishga yaramaydi. Ichiga biror narsa solinmaydi, yonmaydi, yonsa ham isitmaydi. Ustida ovqat pishmaydi. Oddiy narsalarga juda katta sarf-xarajatlar qiladi. Avstraliyada qurilgan imoratlarni kuzataman. Bu – italiyalik kishining uyi. Uning yonidagi binoda ishchimiz yashaydi. Italiyalikning tomorqasi go‘zal, batartib, sarishta. Bizniki esa xarob. Chunki bu inson uyiga ham, bog‘iga ham qaramaydi, o‘zini urintirmaydi, fabrikaga borib, mardikordek ishlaydi, boshqalardek ishdan keyin biror foydali ish bilan mashg‘ul bo‘lmaydi. Ovrupo bizning urf-odatlarimizni, ashyolarimizni sinchiklab o‘rganadi, foydalisini tanlab oladi. Masalan, ular qatiq iste’molini, don yanchish (tegirmon) ishini, cholvorni, nimcha-kamzulni, yungli libosni, suzish libosini bizdan olgan. Demakki, o‘z tamoyilimiz, o‘z qoidamizga muvofiq bo‘lgan narsalarni, agar qanoatlantirsak, ishontirsak, boshqalar ham olishi mumkin”. Allomaning ushbu fikrlarini o‘qir ekanman, bir tadbirkor yigitning: “Uch qavat uy qurdim, qirqtacha xonasi bor, ammo ularning ko‘piga bir yilda bir marta kirsam kiraman, kirmasam – yo‘q”, degan so‘zlari yodimga tushadi.
Har bir davrning o‘z mafkurasi, maqsad-muddaosi bo‘lganidek, shu davrning hosilasi bo‘lmish o‘quvchisi ham bo‘ladi. Davrlar o‘zgaradi, ammo chin kitoblar zamiridagi rostgo‘y ifoda o‘z ta’sirini hech qachon yo‘qotmaydi, qalb amri, imon siyohi bilan yozilgan bitiklar asrlarni ortda qoldirib, yashashda, ilm-ma’rifat tarqatishda davom etadi.
Ulug‘ ustozlardan ilmning ibodatga qiyoslanishi mazmunidagi hikmatni eshitganimda, kitob o‘qishga qiziqishim yanada kuchaygan. O‘quvchilik yillarim bir kitobchani qidirib, qo‘shni ikki-uchta qishloqqa borganim, uyga qaytishda qorbo‘ronda qolib ketganimni eslayman. Bir ustozning: “Kitoblardagi muhim fikrlar, voqea-hodisalarning qisqacha bayoni, o‘zing uchun yangi so‘z va iboralar, maqol va matallar, noyob aytimlarni yon daftaringga yozib qo‘yganing ma’qul”, degan gapi hamon yodimda. Uzoq yillar davomida bu odat men uchun qat’iy qoidaga aylandi. Bundan o‘n-o‘n besh yil avval o‘qigan kitobim haqidagi qisqa yozuvlarimni varaqlar ekanman, uning asosiy mazmuni, xulosasi xotiramda jonlanadi. Yozgan maqolalarimda ulardan foydalanaman. Jaloliddin Rumiyning “Ichindagi ichindadir”, Radiy Fishning “Uyqudagilar uyg‘onajak” kabi asarlari, Mahmud Asad Jo‘shon, hind donishmandi Osho ma’ruzalaridan olgan iqtiboslarim oliygohdagi saboqlarim chog‘i tinglovchilarimda yaxshi taassurot qoldiradi.
So‘nggi yillarda avval o‘qimagan, ammo o‘qishim zarur bo‘lgan ko‘plab kitoblarni o‘qidim. Ularni kimgadir imtihon topshirib, baho olish uchun emas, o‘zing uchun, ma’naviy ehtiyojingni qondirish uchun o‘qi, kitoblar olamiga o‘zingni o‘zing boshla, degan ma’noda risola yozdim.
Abu Rayhon Beruniyning “Qimmatbaho javohirlar haqida bilimlar kitobi”, atomalik Juvayniyning “Jahon fotihi tarixi”, Svetlana Aleksiyevichning “Urush ayollar ishi emas”, polyak adibi Luish Monteyruning “Mayizxo‘r erkak”, turkman adibi Otajon Tog‘onning “Begona” asarlari mutolaasi, taniqli publitsist Yan Parandovskiyning “So‘z kimyosi”, Ismoil G‘aspralining qadim Andalusiyaga doir turkum maqolalari, Fitrat domlaning “Sharq siyosati” asarlarini o‘qish menga ko‘p narsa hadya qildi.
G‘asprali Sharqning ilm-ma’rifat yo‘lidagi buyuk g‘alabalari, dunyoga mashhur ixtirolari bilan birga, noahillik, millatning ertangi kunini o‘ylamaslik oqibatida G‘arbni hayratga solgan ulug‘ mavqeyini qo‘ldan boy bergan musulmon Andalusiyasining fojiasi sabablarini ochib beradi: “Madaniyat tarixining eng buyuk va tugal qoidalari(n)dan biri shudir: bir ulus tirikchiligining har to‘g‘risinda yuksalib, taraqqiy qilib tinchlansa, biror yoqda kuchliroq biron biri ko‘rinmasa, o‘lkasi kengayib, oqchasi ko‘paysa, ul ulusning bora-bora axloqi buzular, totlig‘i yo‘ldan chiqaboshlar. Biz, sharqliklar, dahi tinchlik va rohat so‘nginda buzulib qoldiq, yo‘ldan ozdik, ezgu tilaklarimizni unuta boshladik. Bilim va hunardan yuz qaytardik, birlik va axloqdan ayrilduk, oqchag‘a berilduk, oqchag‘a sotilduk… Sharqning butun ishlari ongsiz beklar, tushunchasiz xonlar, miyasiz mullalar, bilimsiz eshonlarning qo‘lig‘a o‘tdi. Bu(n)lar Sharqning butun tuzuk va intizomini buzub yubordilar. Xonlar o‘z qorinlarini to‘ydirmoq uchun xalqni bir-biri bilan urushtirdilar…”
Tadqiqotchi Qosimjon Sodiqov qalamiga mansub “Qutadg‘u bilig” so‘zligi” kitobidan ko‘p ko‘chirmalar oldim. So‘zlikda Yusuf Xos Hojibning yetuk faylasuf, ilm va ma’rifat homiysi, osmon jismlarini keng o‘rgangan olim sifatida aytgan komil inson qanday bo‘lishi, yuksak insoniy fazilatlarga erishish yo‘llari, mansabdorlarning turmush tarzi, odob-axloqi, davlat va jamiyat manfaatlariga munosabati qay tartibda shakllanishi xususida g‘oyat muhim fikrlari bor. “Hayratlanarlisi shundaki, eski turkiy til lug‘ati tarkibidagi so‘zlarning kishi o‘y-xayoliga kelmagan, boshqa yozma yodgorliklarda uchrayvermaydigan inja ma’nolarini ham “Qutadg‘u bilig”dan topamiz. Matnning ichiga chuqur kirib borganingiz sari, so‘zlarning yangi-yangi ma’nolari ochilaveradi”, deb yozadi tadqiqotchi. Darhaqiqat, shunday. Bunga yon daftarimga yozib olgan quyidagi hikmatlar dalil bo‘la oladi:
Bu dunyo sho‘r suv kabidir, qancha ichma, chanqog‘ing qonmaydi.
Yaxshilik ham, yomonlik ham vaqt o‘tishi bilan ulg‘ayadi.
Oqqa qora tez yuqadi.
Tiling bilan so‘zla, ammo dilingdan so‘zla.
Dunyo hammani qaritadi, ammo o‘zi qarimaydi.
Farosatsiz kishi tarbiyali kishini ko‘rsa ko‘ngli ayniydi.
Behuda so‘z olov singari kuydirishi mumkin, uni og‘zingdan chiqarma.
Qadr-qimmat istasang, o‘zgalarni qadrla.
Kitob bilan oshno bo‘lgan kishining kitobxonligi bir umr davom etadi. Negaki, zamon o‘zgargani, yangilangani, hayot farovonlashgani sari insonning ma’naviy ehtiyoji ham oshib boradi. Bugungi o‘quvchi milliy adabiyot bilan birga, jahon adabiyoti xazinasidagi dur-gavhar asarlardan ham bahramand bo‘lishni xohlaydi. Mamlakatimizda kitobxonlikka jiddiy e’tibor berilayotgani, yoshlar “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Tafakkur”, “Ma’naviy hayot”, “Saodat” kabi jurnallarni, ayniqsa, xorijiy tillardan o‘zbek tiliga o‘girilgan asarlarni qiziqish bilan o‘qiyotgani g‘oyat quvonarli.
Turk olamida mashhur asarlardan biri Mahmud Koshg‘ariy qalamiga mansub “Devoni lug‘atit turk” kitobidir. Uning bugun Istanbul shahrida saqlanayotgan yagona nusxasi qanday topilgani g‘oyat qiziqarli voqea.
Turkiyaning Diyorbakr shahrida tavallud topgan Ali Amiriy ismli yigit yoshligidan kitob mutolaasiga beriladi. Bu ishi bois, boshiga ko‘p tashvishlar kelishiga qaramay, nodir kitoblarni yig‘ishda davom etadi. Hayotining asl ma’nosini shu ishda ko‘radi. Kunlarning birida uning boshiga omad qushi qo‘nadi: kitoblar sotiladigan rastalardan birida o‘zi bilmagan holda “Devoni lug‘atit turk”ni 33 liraga sotib oladi. Keyinroq bu yangilikdan ko‘plar xabar topadi. Ular Ali Amiriydan ushbu kitobni katta pul evaziga sotib olishga harakat qilishadi. Ammo Ali bunga ko‘nmaydi. Vengriyalik bir elchi unga naqd 10 ming oltin tanga berishga roziligini aytadi. Fransiyadan kelgan olim esa Parijning qoq markazida qurilgan hashamatli saroyni va’da qiladi. Ammo Ali Amiriy har ikki taklifga ham rad javobini berib, “Men Vatanning noyob xazinasini pulga sotadigan xoin emasman”, deydi. Hukumat unga 300 oltin tanga jo‘natganida esa bu pulni mamlakatning och-nahor yashayotgan fuqarolariga bo‘lib berish kerakligini aytadi.
Taniqli olim Asror Nizomovning “Mahmud Koshg‘ariyning geografik merosi” nomli monografiyasini o‘qir ekanman, “Devoni lug‘atit turk”ka bo‘lgan qiziqishim yanada ortdi. “Ushbu durdona asar jahonning ko‘plab nuktadon ilmparvarlari tomonidan ko‘p va xo‘p tadqiq qilingan hamda o‘rganilmoqda, – deb yozadi Asror Nizomov. – Ammo shunday bo‘lsa-da, uning hamon ochilmagan qirralari ilm osmonida porloq yulduz misol bot-bot o‘zini ko‘z-ko‘z qilib turadi. Shunday jihatlardan biri olimning geografik qarashlaridir… U ot solgan turk elining go‘zal vodiylari, cheksiz cho‘llari, o‘tib bo‘lmas yuksak tog‘lari, xullas, ko‘plab geografik kengliklari olim uchun bitmas-tuganmas fikr ummoniga aylangan. Ushbu kengliklar bo‘ylab sochilgan turkiy xalqlarning tili, urf-odati, yuksak madaniyati, insoniy fazilatlari shohlik tojini kitob to‘la xurjunga almashgan sayyoh-olim juzdoniga bamisli qimmatbaho durlar kabi ketma-ket joylasha borgan. Yigirma yildan ortiq vaqt davom etgan mashaqqatli sayohat davomida “Devoni lug‘atit turk”dek noyob bir asar, dunyo xalqlarining qimmatda tengsiz boyligi vujudga kelgan. Garchand, u uzoq vaqtlar tokchalar, kitob sandiqlarida o‘zining haqiqiy tadqiqotchilarini kutib yotgan, qo‘ldan qo‘lga o‘taverib, o‘qilaverib, varaqlanaverib abgor bir holga kelgan bo‘lsa-da, oxir-oqibat nafaqat dunyo zakiylarining nazariga tushdi, balki tadqiq etildi, hijjalab o‘rganildi…”
Kitob monografiya talabida yozilgan bo‘lsa-da, sodda va ravon tili, har bir faslning qiziqarli ma’lumotlari bilan o‘quvchini o‘ziga tortadi. E’tibor bering: “Devoni lug‘atit turk”da geografik terminlar tavsifi, joylarning geologik tuzilishi, qazilma boyliklari, iqlim sharoiti, ichki suvlari, tuproq qatlami, o‘simlik turlari, hayvonot dunyosi, Turon va unga yondosh hududlar toponimlarining etimologiyasi, aholining etnik kelib chiqishi va migratsiyasini o‘rganishning ahamiyati; qadimgi turkiy xalqlarning turmush tarzi, liboslari, ro‘zg‘or buyumlari, zeb-ziynati, turkiy muchal tavsifi, devonda keltirilgan, keyinchalik xalqaro til muomalasiga kirgan so‘z va atamalardan namunalar…
Monografiyani o‘qir ekansiz, ulug‘ vatandoshimiz Mahmud Koshg‘ariy chuqur zehnli tilshunos olim bo‘lish bilan birga, zabardast o‘lkashunos ham bo‘lganiga ishonch hosil qilasiz. Yanada muhimi, devonda keltirilgan qator atamalar turk tili o‘ziga yondosh tillar hisobiga boyib borgani, shu bilan birga, boshqa tillarni ham boyitganidan faxrlanib ketasiz. Shu ma’noda, muallifning bu tarixiy asarning hali o‘rganilmagan qirralari o‘z tadqiqotchilarini kutib turgani xususidagi fikriga to‘la qo‘shilasiz.
Kitobshunos olimlardan biri: “Chuqur ma’noli, yillar, asrlar o‘tsa-da, ahamiyatini yo‘qotmaydigan kitoblarning kamligi – ofat”, deb aytgan ekan. Bugun endi har xil darajadagi, o‘rtamiyona va undan ham past saviyali “kitob”larning ko‘pligi ofatga aylandi. Yupanch shundaki, ularni fahm bilan tanlab o‘qish imkoniyatimiz bor.
«Jadid» gazetasining 2025-yil 21-noyabrdagi 47-soni
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
82
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
132
