21.11.2024 | 09:54
389
QAMASHINI QURSHAGAN OLOV
Sobiq sovetlar tuzumi qatag‘on qilgan minglab kishilarning ayanchli taqdiri bizga yaxshi ma’lum. Bu qattol siyosatning ko‘rinishi respublikamizning chekka qishloqlarida ham sodir bo‘ldi. Jumladan, o‘tgan asrning 30–50-yillarida Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida ham nohaq ayblanib, jazolangan, otuvga hukm qilingan, yurtidan quvilgan millatdoshlarimiz ko‘p bo‘lgan. Qatag‘on mashinasi o‘ziga sadoqat bilan xizmat qilgan kishilarni ham ayab o‘tirmadi. Bu sodda yurtdoshlarimizning ko‘pi sovetning yolg‘on siyosatiga uchib, uning “baxtli kelajak” haqidagi cho‘pchaklari targ‘iboti qurboni o‘laroq gul umrini xazon qilgani juda achinarlidir.

Nodir komandirning “dum”i
Qoratepalik Nodir Pardayev el-ulus orasida “Nodir komandir” deb nom olgan edi. Hatto akademik shoir Gʻafur Gʻulom uning “jasorati va ibratli ishlari” haqida “Nodir komandir” nomli ocherk ham yozgan. Shuningdek, Sanchiqul qishlog‘ida yashab, Qoratepa qishloq sho‘rosiga raislik qilgan Mahmatqobil Avazov ham qatag‘onning begunoh qurboniga aylangan. Mahmatqobil boboning ayanchli qismati ikki qorako‘z qizlarini ota diydoriga zor qildi, ayolining mungli ko‘zlarini esa yor kelar yo‘llarga intizor etdi.
Ayniqsa, Sanchiqul qishlog‘idan aka-uka Abdusalom, Abdusattor va Abduvahob Suyunovlarning taqdiri o‘ta dahshatli. Ularning to‘qqiz kishidan iborat oilasi shimoliy Qozog‘iston dashtlariga badarg‘a qilingan. Faqat uzoq yillardan so‘ng bir oiladan birgina Jovli Suyunov qadrdon qishlog‘iga qaytib keladi. Jovli bobo O‘zbekiston xalq baxshisi, chiroqchilik Shomurod baxshi Tog‘ayevning oilasi bilan surgunda birga bo‘lgan va ular o‘sha og‘ir yillarda aka-uka tutingan.
– Onamning akasini Chorshanbi chavandoz deyisharkan. Katta to‘ylardagi ko‘pkarilar Chorshanbi chavandozsiz o‘tmas ekan. Sovet hukumati tog‘amni mol-mulki hisoblangan to‘rt-besh bosh qo‘y-echkisi, sigiri va oti borligi uchun quloq qilib, olis Sibirga haydagan. U kishiga yurtga qaytish nasib qilmagan, – deydi mehnat faxriysi Berdiqobil Xudoyqulov.
Bu jabrdiydalarning hammasiga “Nodir komandirning dumi” degan soxta ayb qo‘yilgan.
Insoniy huquq va erkinliklari poymol bo‘lganlardan yana biri Chim qishlog‘ilik Hazratqul Hakimov to‘g‘risida o‘g‘li Maksim Hakimov shunday hikoya qiladi:
– Otam 1889-yilda tug‘ilgan. Bobomiz Hakim ota Yusupov xat-savodli bo‘lgani bois o‘g‘illarini ham o‘qitgan. Otam dastlabki saboqni uyda olgan. So‘ngra Qarshi va Buxoro madrasalarida tahsilni davom ettirgan. Keyinroq Chiroqchi tumanida revkom va sudya bo‘lib ishlagan. Otamni 1937-yil 10-dekabrda “Quloqning bolasi, inqilob dushmani” degan ayb bilan qamoqqa olishib, Kitob tumanidagi qamoqxonaga tashlashdi. Keyinchalik soxta ayblovlar bilan Sibirga surgun qilishdi. O‘sha paytlarda yosh bola edim, ulg‘ayib xat-savodli bo‘lgach, otam haqida ko‘p surishtirishlar, yozma so‘rovlar qildim. Va nihoyat javob xati ham keldi:
“…O‘zbekiston SSR, Qashqadaryo viloyati, Chim qishloq sovetida yashovchi Hakimov M.H ga.
Sizning yozgan arizangizga asosan shuni yozib ma’lum qilamizki, Hakimov Hazratqul NKVD UGB uchligining 1937-yil 10-dekabrdagi qaroriga ko‘ra aksilinqilobchilik harakatiga qo‘shilganligi uchun qamoqqa olingan.
“30-40 va 50-yillarning boshida repressiya qurbonlari bo‘lganlar bilan bog‘liq hujjatlarni o‘rganish va ularning nomini tiklash bo‘yicha qo‘shimcha tadbirlar to‘g‘risida”gi SSSR PVS farmoniga asosan 1994-yilda mas’ul prokuror u bilan bog‘liq jinoiy ish hujjatlarini ko‘rib chiqdi va oqlanganini ma’lum qiladi. KGB bo‘lim boshlig‘i. S.Kamolov”.
– Turmush qurganimga to‘rt yil bo‘lgan edi, – deb eslagan edi rahmatli Oyna momo Xudoyberdiyeva. – Tog‘alarim Nabi Sanayev, Jabbor, Hazratqul, Ovloqul Hakimovlarni “xalq dushmani” deb birin-ketin hibsga olishdi. Tog‘alarim bilan bir qatorda Abdurahmon Do‘stov, Salomatxon eshon O‘zbekov, Tilov Jo‘rayev ham qamaldi. O‘sha yillari bexosdan it hursa ham rangimiz o‘chib, qo‘rqqanimizdan dir-dir qaltirab qolardik. Chunki organ xodimining kelishidan yurak oldirgan edik-da… Buyam yetmagandek qaynotam Tillo Ismoilovni ham qamoqqa olishdi. Xo‘jayinim Saydulla Tillayev tuyakashlik qilar edi. Joyi jannatda bo‘lgurlarning barisi qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan, beozor odamlar edi. Shulardan birgina Nabi tog‘am Sanayev ko‘p yillar o‘tib qaytib keldi.
Boshqa hikoya
Ikkinchi jahon urushidagi janglarning birida oddiy askar Juma Xushvaqtov dushman qo‘liga asir tushdi. Nemislar qo‘lida ko‘rmaganini ko‘rib, tutqunlikning achchiq azobini yegan yigitni amerikalik ittifoqdoshlar asirlik zulmidan ozod qiladi. Albatta, hamma qatori Juma ham yurtiga qaytishni istaydi. Ammo o‘sha yillarda asirda bo‘lganlarga nisbatan “xoin” degan tamg‘a bosilib, hech qayerda yozilmagan shafqatsiz hukm chiqarilar edi. Shu boisdan Jumaning ham Vatanga qaytishga yuragi dov bermasa-da, ota-ona diydori, aka-uka sog‘inchi ustunlik qildi. Orziqib uyiga qaytib kelayotgan sobiq askarni chegaradan o‘tishi bilanoq hibsga olishadi va Uzoq Sharqdagi Vladivostok shahriga olib kelishib, 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum etishadi.
Jumaning joni toshdan qattiq ekan. Jazo muddatini o‘tagandan so‘ng unga Amur va Xabarovsk o‘lkasidagina yashashga ruxsat berishdi. Ammo, o‘z yurtiga kelishga izn berishmadi. Nailoj, Juma musofirlikda uylanib, ikki o‘g‘il ko‘rdi.
Nihoyat 1962-yilda unga Ko‘kbuloqdagi ona qishlog‘i Chuqurliga kelishga ruxsat berishdi. Qarindosh-urug‘ uni katta xursandchilik bilan kutib oldi. Lekin Jumaning ko‘zlari otasi mulla Xushvaqtni va onaizori Qambar Yuzboy qizi va singillarini qidirayotgan edi. Oxiri u artofidagilardan ota-onasini so‘radi.
– Ota-onam bu yorug‘ olamdan o‘tganmi?
– Yo‘q, – dedi qishloq sho‘rosi raisi Niyozov, – Otang tirik, onang esa sendan “qora xat” kelgach, ayriliqni ko‘tara olmadi…
– Rajabboy! – deya yigitlardan birini yoniga imladi rais. – Otni minib, to‘g‘ri Chilikgazadagi bug‘doyzorga bor va mulla Xushvaqtni olib kel. Ammo, esingda bo‘lsin, zinhor “O‘g‘lingiz keldi”, degan gapni qilma. O‘zimiz yo‘lini qilib, yotig‘i bilan ko‘rishtiramiz.
Ammo, Rajabboy degani dovdir yigit edi. Mulla Xushvaqt betoqat bo‘lavergach, sirni oshkor qilib qo‘ydi va bu xushxabarni eshitgan otaning yuragi yorilib ketib, o‘g‘liga yetmay jon rishtasi uzildi. Xursandchilik motamga aylandi. Juma otasini o‘z qo‘li bilan yerga qo‘ydi, yettisini o‘tkazib oilasi yoniga, Uzoq Sharqqa jo‘nadi.
Shundan keyin ham u xotini va o‘g‘illari bilan qishlog‘iga uch marta keldi. Juma Xushvaqtov oxirgi kelishida ancha mung‘ayib qolgan, rangi zahil tortib, surgun azoblari asorati bilinib turar edi. U ketar chog‘ida ota-onasi yotgan qabristondan bir siqim tuproq olib ketdi va boshqa qaytib kelmadi. Juma Xushvaqtov vafot etgach, uning o‘g‘illari Vladimir va Aleksandrni Uzoq Sharqdagi hududning mahalliy bezorilari “xoinning o‘g‘li” deb otib o‘ldirishgan, bu musibatni ko‘tara olmagan ayoli ham bir yil o‘tar-o‘tmas olamdan ko‘z yumadi.
Nikoh o‘qigani uchun…
– Otam Mulla Ibrohim Shernazar o‘g‘li Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil olgan edi, – deya so‘zlaydi Ismoil hoji Ibrohimov. – Bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelgach, otam savodli bo‘lgani uchun hukumat ishiga jalb qilingan va Chiroqchi tumani moliya idorasini boshqargan.
50-yillar boshlarida uyimizga to‘pponcha ko‘targan kishilar kelib otamni olib ketishdi. Keyin bilsak, otamning ustidan chaquv xati yozilgan ekan. Xatda otamning qishloqdoshi bo‘lgan Abil va Xoldon ismli ikki yoshning to‘yida shar’iy nikoh o‘qigani bayon qilingan. Chaquv xatini esa begonalar emas, o‘zimizning qishloqdoshlarimiz yozishgan ekan. Otam uch yil Qarshi va Ashxobod qamoqxonasida yotdi. Men o‘shanda o‘n bir-o‘n ikki yoshlardagi bola edim. Onam bilan ikki marta uni ko‘rgani borganimiz yodimda. Nihoyat, qattol Stalin vafot etgach, otam qaytib keldi. Uyimizda arab va fors tilida yozilgan kitoblar ko‘p edi. Lekin otaginam menga eskicha ilmni o‘rgatmadi. Bunga balki boshiga tushgan savdolar sabab bo‘lgandir… Maktabni bitirib, xo‘jalikda cho‘liq, suvchi bo‘lib ishladim. Keyin shofyorlikka o‘qib mashina haydadim. Yangi tuzilgan brigadada tabelchi bo‘ldim. So‘ngra ko‘p yillar paxtachilik brigadasini boshqardim. Ilg‘or bo‘ldim, orden-medallar oldim. Lekin ko‘nglim taskin topmadi…
Alam va xo‘rlik
Bolta Sarmatov ham bolshovoylarning g‘oyalariga ishongan, sovetlar tuzumining faoli bo‘lgan. Jamoa xo‘jaligini tuzish, savodsizlikni tugatish kabi ishlarda ham jonbozlik ko‘rsatgan. U Chiroqchi tumani ichki ishlar bo‘limi zobiti lavozimida xizmat qilgan. Ikkinchi jahon urushi janggohlarida ishtirok etib, yarador bo‘lib uyiga qaytadi. Sog‘lig‘i tiklangach, yana frontga chaqiriladi. Kyonisberg shahri uchun bo‘lgan shiddatli jangda og‘ir yaralanadi va yana ortiga qaytariladi.
– O‘tgan asrning 50-yilida otamiz Bolta Sarmatovni qamashdi, – deydi faxriy quruvchi Bekjon Boltayev. – Nima aybi borligini otam bizga aytmagan. Balki haqso‘zligi, ko‘zi ochiqligi bunga sabab bo‘lgandir, deb o‘ylayman. 1953-yildagi afv tufayli bag‘rimiz to‘ldi, ammo otam doim mahzun kayfiyatda yashadi. Bunga o‘zi ko‘r-ko‘rona jon berib, jon olgan tuzumdan ko‘rgan azoblari, xo‘rlanishlari sabab bo‘lgandir.
Otam qamoqdan kelgach, barcha orden-medallarini, maqtov yorliqlarini o‘choqqa tiqib kuydirib, ko‘mib tashladi. Hukumat bergan barcha imtiyozlardan voz kechib, bozorda savdo-sotiq bilan mashg‘ul bo‘ldi va butun e’tiborini farzandlar ta’lim-tarbiyasiga qaratdi.
Ha, qatag‘on o‘z nomi bilan qatag‘on. U bir olov bo‘ldiki, quruqni ham, ho‘lni ham yoqdi. Qamashini ham qurshagan bu olov sor yigitlar umrini yedi, ularning oilasi taqdirida o‘rni bitmas jarohat qoldirdi.
O‘rolboy QOBIL,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 15-noyabrdagi 47-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



