Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.08.2024 | 12:44

img426

TANGRINING TOSHI

Bir hikoya tegrasidagi o‘ylar

CHIN IXLOS

Bu hikoya haqida ko‘nglimdan kechgan o‘y-fikrlarni anchadan beri yozgim kelardi. Tunov kuni uni qaytadan o‘qidim-u qanday qilib yozishga kirishganimni bilmay qoldim.

Asar “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2009-yil 13-noyabr sonida chop etilgan. Esimda, uning uchinchi sahifasini ochib, “Stupka”ga ko‘zim tushgan: “Vah! O‘zbekchasini topolmabdilarmi? Erkin aka-ya?!”

Bilaman, Erkin A’zam yozgan yangi asar qo‘liga tushsa, adabiyotning chin ixlosmandi bor ishi-tashvishini chetga surib qo‘yib, mutolaaga beriladi: “Arslon akamiz dunyodan o‘tgandan so‘ng Marina yangamiz mana shu kunni intiqib kuta­digan bo‘lib qolgan…”

Bu – boshiga kallapo‘shini dol qo‘ndirgan lalmi boysunlikning gapi. Ichida doim nur o‘ynab turadigan jaydari o‘zbekkina mana shunday – “akamiz”, “yangamiz”, “tog‘amiz”, “momomiz”, “bobomiz”, “oshnamiz” deb mehri iyib gapiradi. Bunday so‘zlarga ko‘zi tushgan adabiyotning o‘sha chin muxlisi qiyqirib yuborishi tayin: “Faqat Erkin A’zamgina shunday yozishi mumkin! Faqat Erkin A’zam deganlari mana shunday jaydari gurung­lardan olishi mumkin!”

Bu – hozirgi zamon tilida aytganda, Erkin A’zamning adabiyotdagi o‘ziga xos brendi: ilk satridanoq taniysiz! Taniysiz-u mutolaaga sho‘ng‘iysiz! Sarxushlantiradigan ichimlikdan toti­na boshlaganday, o‘tirgan joyingizda beixtiyor bir qo‘zg‘alib olasiz-da, bosh ko‘tarmay o‘qiy­verasiz: avval mahliyo, bora-bora mubtalo bo‘lib qolga­ningizni o‘zingiz sezmaysiz. San’atning kuch-qudrati asli shunda: muallif ixtiyoringizni sizdan olib, o‘z ko‘yi-ohangiga solganida. Ashk daryosiga otib, suzishga majbur qilganida.

O‘z ijodiy konsepsiyasida qoyim va sobit Erkin A’zam brendi o‘zbekona bag‘rikenglik, insoniy mehr va yuksak so‘z madaniyatining yorqin timsoliga aylanganiga yarim asr bo‘ldi. Bu brend­ga xos asarlarda soxtalik, tilyog‘malik, tama, esnoq­ni keltiradigan kitobiylik yo‘q.

Jonsarak yozuvchi bosh muharrir sifatida “Tafakkur” brendini yaratganini ham hech kim inkor eta olmaydi. Majallaning o‘ttiz yillik fao­liyati mobaynida ilmiy-badiiy tafakkur, til va muayyan talablar bo‘yicha milliy mezonlar shakllantirildi va boyitildi. Tahrir san’at darajasiga ko‘tarildi.

Zahmatkash adibning barcha asarlarida bo‘lgani kabi “Stupka”da ham o‘qiganingiz sari voqealar rivoji sizni qahramonlar hayotining goh g‘aroyib, goh mungli-ma’yus puchmoqlariga tor­tib ketadi.

O‘sha kuni hikoyani o‘qigan adabiyotning chin muxlislaridan biri – sobiq askar yigitning ko‘zlari­da yosh g‘iltillaganiga o‘zim guvohman. “Qara­sam, – deydi u, – satrlar ayqash-uyqash bo‘lib, bir-biriga mingashib ketyapti. Ana-mana deguncha ko‘z oldimni tuman bosganday hech narsani ko‘rolmay qoldim”.

“Nima bo‘ldi, taqsir? – deya taajjub izhor etdim men. – Kap-katta odam, sochingizga oq oralamasdan, go‘dakfe’l chollarga o‘xshab?..”

Sobiq askar shosha-pisha mijjalarini artdi: “Xiz­mat­da yurgan vaqtlarim esimga tushib, ko‘nglim bo‘shab ketdi, savil!”

Ichki telefondan tarjimonga sim qoqdim:

– O‘rischaga o‘girib bersangiz, iltimos! Pulidan g‘am yemang.

Birpasdan keyin javob qo‘ng‘irog‘ining sasi xonamga yoyildi:

– Pul-mulingizni qo‘ying! – dedi O‘zA tarjima tahririyatining bosh muharriri, jahon adabiyoti­ning u yog‘idan kirib, bu yog‘idan chiqqan nozikta’b olima, ikki tilga ham tarjimani pis­taday chaqib tashlaydigan Zebo Boboyeva hiqillashdan o‘zini to‘xtata olmay. – Jon-jon deb tarjima qilaman!..

– Yig‘layapsizmi? – deya talmovsiradim men. – Tinchlikmi?

– Dahshat! Sho‘rlik ayollarning qismati yurak-bag‘rimni ezib yubordi!

Hayajonim ichimga sig‘may, endi muallifni izlashga tushdim.

– Ha, oynam? – guldiragan sado keldi simsiz go‘shakdan.

– Qaylardan so‘raymiz, aka?

Erkin aka bilan necha yillardan beri qo‘ru davramiz bir. Ukasining erkinsirab aytgan asov gaplarini ko‘taradi. Malol kelganini sezdirmaydi.

– Boysunda kinochilar bilan yuribman.

– Tabriklayman, aka! Chin dildan tabriklayman! “Stupka”ni qotirib qo‘yibsiz!

– Buni qarang! Buni qarang! Asli o‘zi, sizning tilingiz bilan asal yalash kerak, inim!

– Bor gapni aytyapman! Ishonmasangiz, ana, so‘rang: tarjimon bechoraning ko‘zyoshlaridan gazeta ivib ketdi.

– Tushunmadim… Bugun chiqqan hikoyaga tarjimonning nima aloqasi bor?

Muddaoni aytdim: “Stupka”ni zudlik bilan rus tilida chiqarish kerak. Marina yangamizning qav­mi ham o‘qisin, bilsin!

– Obbo! – deya yayrab kuldi ustoz. – Yana-chi?

– Yana, kinochi oshnalaringizga ayting, – deb ilhomim jo‘shib davom etdim. – Insoflisi bo‘lsa, asarni film qilsin. “Oskar”ga loyiq kartina bo‘ladi!

– Hay-hay! – dedi muallif zavqlanib. – Ko‘z-po‘z tegib qolmasin tag‘in!

“Stupka” ko‘p o‘tmay Moskvadagi nufuzli adabiy jurnalda e’lon qilindi. 2017-yili adibning asarlari “Heirs to the Great Sinner Sheikh San’on” (“Buyuk osiy Shayx San’on vorislari”) degan umumiy nom berilgan kitobida Brita­niyada chop etildi. Dunyoning eng yirik madaniyat markazlari – Parij, Vashington, London kabi shahar­larda YUNESKO shafeligida o‘tkazilgan taqdimotlarda nomdor yozuvchilar, adabiyotshunoslar, diplomatlar, madaniyat va siyosat arboblari ishtirok etdi.

Inglizcha nashr jahonga mashhur onlayn kitob do‘koni – Аmazon.com tarmog‘ida sotuvga chiqarilgach, jahonda ham o‘z o‘quvchilarini top­di. Sinch­kov munaqqidlar uning nafaqat ing­liz, balki fransuz tilidagi tarjimasini ham tahlil va tafakkur chig‘irig‘idan o‘tkazib, yuksak baho berdilar.

Bu orada Erkin aka ilhom bilan ishga kirishib, hikoyani “Tangrining toshi” degan nom bilan badiiy filmga moslab qayta ishladi. Ahli kino chapakl­ar bilan kutib olgan ssenariyning peshonasiga chalpakning qismati bitilgan ekan: qaysidir stol tortmasiga tushdi-yu, chiqmay qolib ketdi. Aftidan, o‘zbek kinosining osmonida ob-havo o‘zgarib qolgani ziyon qildi. “Ajab emas, – deydi nekbin muallif, – havo ochilib, chinakam san’at-u azaliy mavzular yodimizga tushganda, ehtimol, bu mavzuga yana qaytilar. Yo nasib!”

O‘qigan borki, qiqir-qiqir kuldirib, boshqasi­ning ko‘nglini xun qiladigan, munaqqidlar nazaridan tushmay kelayotgan “Stupka”ning siri nimada?

Gapni cho‘zib o‘tirmayman: hayotiyligida, sodda-samimiyligida, tilining shirasida! Bir nafasda o‘qiysiz va qancha zavq-shavq olasiz. Ayni choqda, og‘ir-vazmin, xayolchan-o‘ychan tasvirlar, alamlar, iztiroblar bitilgan satrlar dilingizni o‘r­tab, ko‘zingizni namlantiradi.

O‘ylaymanki (o‘ylarim esa asossiz emas!), mabodo, shu hikoyani Gʻarbning biror adibi yozganida, darhol uni ko‘tar-ko‘tar qilib, piar osmoniga olib chiqilar, jahon adabiyotidagi durdona asar sifatida ko‘k toqidan mangu o‘rin berilar edi. Bizda esa… Qo‘yavering, eng muhimi, uni o‘zbek adibi yozgan, Erkin A’zam yozgan!

Lofi yo‘q, o‘qib, ko‘rib, bilib yuribmiz, Gʻarbning eng nomdor tanlovlarida sovrinlarga lo­yiq topilib, jahoniy davralarning to‘ridan joy berilganlar orasida kitoblari Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Erkin A’zam, Murod Muhammad Do‘st, Xayriddin Sulton kabi adiblarimiz asarlari­ning yaqiniga ham yo‘lay olmaydiganlari qancha! Ularning omadi – qozon-u cho‘michga yaqinligi.

Hartugul, insof-u adolat ko‘tarasavdoga qo‘­yib yuborilmagan ekan. Asarlarini mutaraqqiy Ovro‘poning nozikta’b ziyolilari kamoli ixlos bilan mutolaa qilayotgan va boshqalarga ham o‘qishni astoydil maslahat berayotgan yuz nafar za­bar­dast so‘z san’atkorlari ro‘yxatida o‘zbek yozuv­chisi Erkin A’zam ham bor. Qarorgohi Londonda joylashgan inglizzabon nufuzli internet Сalvertjournal.com jurnali 2021-yili o‘tkazgan so‘rovning natijasi shunday. Tan bermay bo‘ladimi!

QO‘RG‘ONDAGI ALG‘OV-DALG‘OV

Qizig‘i, kitoblari ko‘plab tillarga tarjima qilingan, filmlari ne-ne xalqaro festivallarda oliy­maqom sovrinlar olgan, pyesalari nufuzli teatrlarda sahnalashtirilgan adibning o‘zi mudom jim! Biror joyda, biror minbar yoki davrada ko‘krak kerish nari tursin, faxrlanib gapirganini yoki yozganini ko‘rmaysiz.

Bu xokisorlikdan kibr qidiradiganlar ham yo‘q emas: “Ulay-bulay narsani nazarlariga ilmaydilar-da!” Nachora, har kimning ta’bi, a’moli bo‘lak. Faqat bir o‘kinch borki, talant bo‘y ko‘rsatgan joyda hasad ham o‘ralashib yuradi. Ana shu o‘ralashadiganlarning ba’zan qo‘li ustun kelgani sababmi, ko‘pincha millatimiz farzand­larining ibratli ishlari haqida gap ochishdan cho‘chiy­miz. Go‘yo ularning aybi – tirikligida, oramizda, to‘y-ma’raka, majlis-u mashvarat va tadbirlarda elga ko‘rinib turganida. Ato qilingan umrini ­yashab o‘tishi bilan birimiz qo‘yib, birimiz osmonga ko‘tarishga tushamiz: “Buyuk so‘z san’at­kori! Ada­biyotimizning mumtoz vakili!”

Oramizda yurganida bu gaplarni aytsak, haqimiz ketadi go‘yo. Xasta qalbiga hasad in qurgan boshqa birovi ustimizdan kuladi: “Ja oshirib yuboribsiz! O‘zimiz qatori bir odam-da!”

Bunday gaplarga Erkin aka beparvo qo‘l siltaydi: qo‘yavering, o‘ynasin! Bilasiz-ku, yaltir-yultir qog‘ozlarda tom-tom kitob chiqargan shoirlar borki, bir satr she’rini birov yoddan aytib berolmaydi. Yostiqday-yostiqday romanlar yozgan adib­lar borki, birorta asarini birov, hechqursa ularni ko‘klarga ko‘tarib maqtagan o‘sha munaq­qidlar ham oxirigacha o‘qimagan. Kori amali shunday bo‘lgach, nimayam deysiz? Xudoning nazari tush­gan chin chavandoz baribir uloqni davradan uzib ketadi. Davridan o‘zib ketadi!

Bunday paytlarda 2014-yilning 28-aprel kuni Erkin aka bilan Abdulla Oripovning ziyoratiga, hukumat shifoxonasiga borganimizni eslayman.

Abdulla aka bizni ko‘rib juda xursand bo‘ldi. Divanda oq jildli bolishga suyanib o‘tirgan ekan. “Meni kresloga o‘tkazib qo‘yinglar-da, o‘zlaring divanga o‘tiringlar, – dedi. – Gurungga qulay”.

Ikkalamiz ikki qo‘ltig‘idan olib kresloga o‘tkazib, yelkasiga oq bolishni suyab qo‘ydik. Hanifa yanga ko‘k choy olib keldi. Abdulla aka qiynalib­roq nafas olardi. Hamshiralar tomiriga tushishi qiyin bo‘layotgan ekan. Yuz-qo‘li shishgandek.

“Haliyam ancha pesh bo‘p qoldim, – dedi buyuk shoir. – Bu yerga kelganimda ahvolim xiy­la og‘ir edi”.

Abdulla aka zerikibroq o‘tirgan ekan chog‘i, gurungimiz qizib ketdi.

Aytdiki, Abdulla Qahhor ham, Oybek ham hech kimga bosh egmagan, xushomad qilmagan. Yozuvchilar uyushmasiga tanda qo‘ymagan. Ular bu jihatdan o‘zlarining qo‘rg‘onini, ma’naviy qo‘rg‘onini yaratib ketdi. Erkinjon, siz ham shular qatorida turadigan zabardast ijodkorsiz. Shu payt­gacha birovga yaltoqilik, xushomad qilmagansiz. Maydalashgan joyingizni ham ko‘rganim yo‘q. Shu fe’lingiz, shu yo‘lingiz menga juda yoqadi. Shu yo‘lingizdan qolmang, ukam! Bu dunyoda hamma narsa o‘tadi-ketadi. Chin so‘z qoladi!

Gap adabiyot maydoniga burilganida o‘zbek donishmandi go‘yo vasiyat qildi: “Bir-birlaringdan kamchilik emas, fazilat qidiringlar, ahil bo‘linglar. Mahalliychilikdan tiyiling­lar”.

Endi sizdan so‘rayin, muhtaram gazetxon, u emas-bu emas, boshingizdan musofirlik o‘tganmi? Yolg‘izlik, g‘ariblik, judolik kunlari-chi? Qadr­don bir kalomga, suyanchiq bir dardkash qalbga zor qolgan damlaringiz bo‘lganmi?

Bo‘lmaganda-chi? Bo‘lmaganda ham “Stupka”ni o‘qigan borki, agar shuurini dunyo g‘aro­yibotlaridan hayratlanish saodati tark etmagan bo‘lsa, lol-u giryon qolishi tayin. Hikoya nedir iztirob­laringizni jonlantirib, dardingizni yangilaganday bo‘ladi. Befarq qololmaysiz. Aslini olganda, san’atning kuchi ham shunda – jonni o‘rtashida! Kishi qalbining tub-tubidagi eng nozik tuyg‘ularni junbishga keltirib, xotira qo‘rg‘onini alg‘ov-dalg‘ov qilib tashlashida. Alg‘ov-dalg‘ovi bilan o‘chmas, ammo yorug‘ iz qoldirishida…

Gurunglarimizdan birida Erkin aka menga bunday degan edi: “Ko‘cha-ko‘yda karillab yurgan odamning ko‘ngliga mundoq qo‘l solib ko‘rsangiz, uning hayotda o‘z o‘rnini topolmagan bir sho‘rlik, siniq odam ekanini ko‘rasiz va tavba deysiz, hayron qolasiz. Bilamizki, “Odamzodning boshi – tangrining toshi”. Yaratgan qayerda istasa, o‘sha yerda rizq beradi. Istibdod zulmining temir panjaralari barham topib, xalqimiz istiqlolga erishganidan keyin “o‘troq” o‘zbeklar ham xorij­ga tariqday sochilib ketdi. Dunyoning avzo­yini ko‘ring, ilgari tug‘ilgan qishlog‘ini tark etib shahar orzusiga tushishni o‘z ota-onasiga, kindik qoni tomgan yer­ga hurmatsizlik, hatto xiyo­nat deb bilgan xonani­shin o‘zbegim endi qayerda nash’-u namo topsa, o‘sha yerni vatan deb bilmoq­da. Global – yalpi dunyoga tutashgan el borki, ko‘chmanchi musofirga aylanib bormoqda. Taqdir taqozosi bilan begona o‘lkalarda muqim qolib ketayotganlari qancha! Hatto ichki nizolardan tilka-pora bo‘lib yotgan olis Kambodjadek o‘ta notinch davlatda ham umrguzaronlik qilib yurgan o‘zbek qavmi yo‘q emas ekan. Ular “o‘zga yurtda sulton bo‘lib” har qancha baxt-u saodatga erishmasin, toabad dilida bir armon yashaydi. E, og‘ir, dardli mavzu bu!”

“Musofir bo‘lmasdan, musulmon bo‘lmas” – darbadarlik azoblarini ko‘p tortgan ota-bobolari­mizning xulosasi bu. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, bugun kurrai zaminda musofir-muhojirlar 300 milliondan oshgan.

Erkin A’zamning “Stupka”sidagi Marina yanga­miz ham Rossiya va Ukrainaning turli joylaridan begona bir qishloq maktabiga muallimlikka kelib qolgan yuzlab musofirlardan biri. Sirasi, “yuzlab” – mening taxminim. Pedinstitutni bitirganidan so‘ng komsomol yo‘llanmasi bilan O‘zbe­kis­tonga yuborilgan sanamlar ishlamagan qishloq maktabi bormidi?

Chiroqchining cho‘lidagi maktabda ko‘kko‘z muallimalar bizga ham saboq bergan. Aksariyati “Stupka”dagi Arslon akamiz kabi davangir yigitlarga turmushga chiqib, yurt ahliga el bo‘lib ketgan. Ana shunday musofirlardan so‘nggisi – rahmatli Toshtemir akamizning ayoli, asli o‘zi osetiyalik tarso Sida momomiz yaqinda to‘qsonni qoralab qazo qildi. To‘qqiz farzandi, o‘ttizdan ziyod nevarasi bilan birga butun qishloq uni musulmoncha ada-qadasini joyiga qo‘yib, so‘nggi manziliga kuzatdi.

TUMOR

Munaqqidlar e’tirofi haq-rost: Erkin A’zamning har bir asari – inson ko‘ngliga o‘ziga xos sayohat, sarguzasht. Qahramonlari befarqlikdan yiroq, serg‘ayrat, seroqibat, mard, tanti, halol va ruhi ozod odamlar. Yozuvchi, adabiyot gap san’ati emas, so‘z san’ati, degan oltin qoidaga qat’iy amal qiladiki, go‘dakning ko‘zyoshidek toza-poki­za, samimiy satrlari kitobxonning e’tiborini mehrigiyo kabi darhol o‘ziga tortib oladi.

Asarlarining ijtimoiy-falsafiy zaminida, avvalo, eng qudratli tuyg‘u – insonga mehr-muhabbat mujassam. Ana shunday ezgu g‘oya­lari bilan kitobxonning ko‘ngliga nur, tafakkuriga quvvat bag‘ishlaydi. Ming izlasangiz ham gapdonlikka moyillikni topolmaysiz, har satri­da so‘zga o‘ta ziqnalikni ko‘rasiz.

…Marina yanga – tomiridan uzilgan daraxt. Eri Arslon aka bandalik qilganidan so‘ng ko‘ngilyetari, yurakdan dardlashadigani qolmaydi. Tirnoq­qa zor oila yetimxonadan asrab olgan “aft-angori qoracha-yu, ko‘zlari pistoqinamo” qiz esa bo‘yi yetgach, Rossiya tomonlarga ketib qoladi. Yanganing ota-onasi allaqachon o‘tib ketgan. Yolg‘iz singlisi qay bir xorijlikka ilakishib, Portugaliyani vatan tutgan. Kelishidan, ko‘rishuvdan umid yo‘q. Bunday mahallarda bandasi, kim bo‘lmasin, ko‘ngil yoradigan do‘sti hamroz izlashi tabiiy. Marina eski dugonasi Lenanikiga otlanadi. Eridan qolgan mototsiklga hamsoyasining o‘g‘li Abdini haydovchilikka yollab, qo‘shni qishloqqa jo‘naydi.

Hikoyadagi eng ta’sirli va unutilmas tasvirlar ana shundan – mehmonning hovliga kirib kelishidan boshlanadi. Ikki rus ayolining g‘irt o‘zbekona liboslari-yu qiliq-odatlari, salomlashib-so‘rashishlari, achom-achomlari, o‘zbekcha gaplashganda sizlashib, ruschaga o‘tganda senlashishlari, bir-da kulib, bir-da bo‘zlashlari… xotiringizda mixlanib, muhrlanib qoladi:

– Keling, keling, Marinaoy!

– Bormisiz, Lenaxon, bormisiz?

Ikki eldosh qizil musallasdan ozgina-ozgina totinib, ko‘ngillari buzilib o‘tirganida, qo‘shnining qizchasi bosh suqadi:

– Ko‘kko‘z xola-a, xamirturushingizni berib turarkansiz, enam aytdilar.

Lenaning javobini qarang:

– Ko‘kko‘z xolang ham o‘lsin, iloyim, xamirturushi ham ordona qolsin!

Lena – qo‘ligul chevar. Yetimxonada o‘sgan, fe’li-atvori ham shunga yarasha, jikkilaganroq. Marina, muallima emasmi, xiyla vazmin, sipo.

Mezbon o‘zlarini “sho‘rpeshona” deb ataganida mehmonning jahli chiqadi. Bu gapni noshukrlikka yo‘yadi. Lena qo‘lini yoqasiga olib borib, o‘zbekchasiga tavba qiladi:

– To‘g‘ri aytasiz, dugonajon, to‘g‘ri. Xudoga shukr, hazoron shukr!

So‘ng ashula aytgilari keladi va ruslarning mashhur “Подмосковные вечера”sini tanlaydilar.

“Ikki g‘arib bir-birining kiftiga qo‘l tashlab, olis yurtlaridan esdalik, olis yurtlarining nafasini keltiradigan sog‘inchga to‘la shu hazin taronani ohista xirgoyi qila boshlaydi. Bir fursat tevarak-atrof o‘zgacha tus olib, allaqanday armonli oqshom sokinligi ingandek, qo‘shiq kuylayotganlar – sirdosh-u jondosh marfushalarga, huv devor bo‘ylab qad cho‘zgan bo‘zterak­lar ham oqbadan qayinlarga aylanib ketgandek bo‘ladi”.

Ko‘kko‘z yangalarimiz-ku O‘zbekistonda o‘zi­ning ona tilida dars bergan. Rossiyaning bilchillagan botqoq yeridan qor arimaydigan Kostroma viloyatida harbiyda yurganida bir yarim yil birorta o‘zbekni ko‘rmagan, birorta o‘zbekcha so‘zni eshit­magan, birorta o‘zbekcha kitob, gazeta-jurnal o‘qimagan anavi askar yigitning holini-ahvolini tasavvur qila olasizmi? Erkin A’zamning ko‘kko‘z yangalari “Подмосковные вечера”sini mungli-mungli kuylab, yum-yum yig‘laganlarini o‘qiganida bir za­mon­lar Vatan sog‘inchidan ma’yuslanib yurgan askar­ning yodiga Botir Zokirovning qo‘­shiq­lari tush­gan va kechmish nolalari jolalarga aylangan bo‘l­sa, ne ajab.

Bir yarim yil deganda akasi kulchadan kattaroq plas­tinka yuboradi va uka bo‘lmish uni tinimsiz aylan­tirib, ashula tinglashdan charchamaydi:

Barnolar ichra barno – Ra’no,

Gulmisan, gulyormisan,

Oshiqqa dildormisan,

Hamma gullardan a’lo – Ra’no.

“Bitta ashulani kuniga necha marta eshitish mumkin? Oxiri bir kuni sindirib tashlayman-ov!”

Quroldoshi Sergoning yarim hazil-yarim chin bu gapini eshitib, askar yigitimiz o‘tirgan joyi­dan koptokdek sakrab turadi:

“Qo‘lingni tegizib ko‘r-chi! Naqd peshonangdan otaman!”

Ammo bir kuni dam olish xonasiga kiradi va undan o‘qday otilib chiqadi:

“Sergo-o! – deb hayqiradi u hayhotdek kazarmaning eshigidan. – Karapetya-yan!”

“Buncha bo‘kirasan! Nima deysan?”

Sherday tashlangan askar yigit devday kela­digan armani safdoshining basharasiga kalla qo‘yadi. Yonidagi yog‘och kursi bilan boshiga solganida kursi sinib, sochilib ketadi. Ikkalasi­ning ham boshi yorilib, ikkalasi ham qonga belanadi. Qayerdandir paydo bo‘lgan Volodya Nesterenko o‘rtaga tushadi:

“Plastinkangni men sindirib qo‘ydim! Men aybdorman, meni ur!”

Dam olish xonasini yig‘ishtirayotganida qo‘lidan tushib ketgan emish. Musichadek beozor, mo‘min qobil, qansharidan ko‘zoynak arimaydigan “professor” laqabli nozikkina askar bola o‘lganda ham bu ishni qasddan qilmas edi.

“Men aybdorman! – derdi u nuqul. – Meni ur!”

So‘ng u gramplastinka parchasiga yoqut rang­li shisha yopishtirib, qalampirnusxa chiroyli tumor yasab beradi. Ahyon-ahyonda askarlar­ning ki­yim-boshi tekshirilganida zobitlar yigitimiz­dan so‘raydi:

“Bo‘yningga osib olganing nima? Tumormi?”

“Yo‘q, Vatanimning bir parchasi!”

Sobiq askarning aytishicha, o‘sha tumor haligacha uning yonida.

…Ikki dugona endi qahva ichish niyatida havoncha izlab qoladi va uning o‘z ona tili – ruschada qanday atalishini eslay olmaydi. Har qancha uringani bilan eslariga kelmaydi. Marinaning kayfiyati buzilib, “ketaman”ga tushadi. Dugonasi uni uydan quruq chiqarmaslik uchun to‘rvasiga to‘rtta non va uch-to‘rt bosh uzum soladi.

No‘noq muallif hikoyani shu yerda tuga­tib qo‘yaqolishi mumkin edi. Biroq Erkin A’zam mavzuni umuminsoniy dard darajasiga ko‘taradi. Hikoyada “ustupka” va “stupka” so‘z o‘yinidek tuyuladi. Marina muallima Abdiga ustupkani taq­dirga tan berish, murosa, ko‘nish qabilida tu­shun­tirgan bo‘ladi. Havoncha esa qismat, ko‘rgilik, taqdir. Tangrining otilgan toshi!

“– Bu dunyoda ustupka qilmasang, stupkaga yem bo‘lasan, ukajon. Mana, shunchasiga ko‘narkan-ku odamzod.”

Stupka degan so‘zda inson qismati, sog‘inchi, armoni, baxti, mehr-muhabbati, fojiasi, alamlari, qo‘yingki, tirik odamga xos ne bir kechmish­lar bo‘lsa, hammasi bor. Ha, hammasi! Adib ana shunday noyob yo‘lni topgan.

Yozuvchi nega Marinaning yo‘lini qabriston tomonga buradi? Bu yerda ham teran ishora bor. Yanga biladi, erta bir kun bu dunyodan o‘tar bo‘lsa, yostiqdoshi Arslonning yoniga qo‘yiladi.

Hikoyada yana bir lavha borki, yalt etgan o‘sha ibratli muqoyasasiz asar kemtik bo‘lib qolishi ta­yin edi. Marina ona qishlog‘i Nikolni qo‘msab, Voronej viloyatiga borganida o‘zini u yerda butkul yot-begona, musofir sezadi. Qachonlardir Marina kabi qizlarning ko‘zini o‘ynatgan Fedka abjir allaqachon mayxo‘rlikka berilib, vahshiyga aylangan. Marinani hatto tanimaydi ham. Shu alfozda muallima yanganing o‘z tug‘ilgan yurti bilan barcha rishtalari uziladi.

Izlagan, mulohaza qilgan o‘qirman bu ruscha sarlavhali asl o‘zbekona hikoyadan yangidan-yangi ma’no-mazmun topaveradi. Darvoqe, vaqti-zamonida ushbu durdona asarni gazetada o‘qib, ko‘zlariga yosh qalqigan sobiq askar yigit – men, o‘zim edimki, ushbu esseni bitar chog‘imda o‘shal ajib lahzalarni-da yodga oldim, ma’zur tutasiz.

Qulman OCHIL


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596