28.03.2026 | 13:33
2132
TAZYIQQA UCHRAGAN CHASHMA
Nurota o‘zining Chashmasi bilan aziz va tabarrukdir. Shu obi hayot sababidan Nur (Nurota) bunyod bo‘lgan. Muhammad Ja’far Narshaxiy “Tarixi Buxoro” asarida: “Hali Buxoro shahri vujudga kelmagan, lekin qishloqlardan ba’zilari paydo bo‘lgan edi. Nur, Xarqonrud, Vardona, Tarovcha, Safna va Isvonalar o‘sha qishloqlar jumlasidandir”, deb yozadi.

Buxoro shakllanib, shahar martabasiga yetganidan keyin ham Nurga bo‘lgan ehtirom davom etadi. Narshaxiy o‘zining tarixiy asarida yana shunday yozadi: “Nur katta joy… Buxoro va boshqa joylarning odamlari har yili u yerga Chashma ziyorati uchun boradilar. Buxoro aholisi Nur ziyoratiga borgan kishi haj qilgan kishining fazilatiga ega bo‘ladi, deya mubolag‘a qiladi. Bu Nurni boshqa viloyatlarda Nuri Buxoro deb ataydilar”.
Chashma bo‘yidagi ziyoratchilar va mahalliy xalq ehtiyoji uchun mo‘ljallangan dastlabki jome masjid IX asrlarda barpo etilgan bo‘lib, manbalarda aytilishicha, eskirgan va faqatgina poydevori saqlanib qolgan bino Buxoro xoni Abdulloxon davrida (XVI asr) qayta tiklangan. Obidaning hozirgi asosi XIX asrga to‘g‘ri keladi. U 1907–1912-yillarda nurotalik mashhur ma’rifatparvar, qorako‘lchi tijoratchi Eshoni Sudur – Tursunxo‘ja Eshonxo‘ja (1872–1936) tashabbusi va mablag‘i evaziga uchinchi bor qayta qurilgan. Masjid to‘rtburchak shaklda, yigirma besh gumbazli, sathi 20×30 hajmda. Bino yog‘och va mix ishlatilmasdan, qirq ustunlik qilib tiklangan. Shu sababli, “Chil ustun” deb atalib, shu nom bilan mashhur bo‘lgan.
Aholining chashmaga bo‘lgan e’tiqodi o‘z vaqtida sovetlarni tashvishga solgan. Shu bois, Chashma ziyorati va masjidga taqiq qo‘yilgan. Bu cheklovdan asosiy maqsad, odam to‘planishining oldini olish bo‘lgani Eshoni Sudurning “Jinoyat ishi”da aks etgan. 1919-yilda amirlikda qorovulbegi bo‘lgan 63 yoshli Xudoyberdi Jabborov Sudur ishi yuzasidan tergov qilinganida bergan ko‘rsatmalarida bu haqiqat aks etgan: “Eshoni Sudur amirlik va beklikda katta hurmatga ega edi. Qizillarga qarshi kurashni 1917-yilda boshlagan. 1000–1200 atrofida odam yig‘ib, Qo‘shrabot chegarasiga qizil askarlarga qarshi boshlab bordi. Ularning safida men ham bor edim. Ammo jang bo‘lmadi. Chunki u yerda qizillar yo‘q ekan. Kurashish maqsadida 1922-yili yana qo‘shin to‘pladi va Mullo Abduqahhor bilan Karmana va G‘ijduvonda qizil armiyaga qarshi kurashdi”.
Haqiqatda bosqinchilarga qarshi kurash davom etgan. Chashma sahnidagi masjid – Chil ustun milliy mustaqillikka qat’iy bel bog‘lagan Eshoni Sudur – Tursunxo‘ja Eshonxo‘janing yig‘ilish o‘tkazadigan qarorgohiga aylangan. 1922-yilning juma kunlaridan birida Chil ustunda Amir Olimxon tomonidan o‘ziga yo‘llangan maktubni jamoatga o‘qib berib, Mullo Abduqahhor Buxoro amirligining bosh lashkarboshisi etib tayinlanganini rasman e’lon qiladi va ommani qo‘shini safiga chorlaydi. Chorlovga binoan mahalliy qo‘rboshilar Sirojxo‘ja, Maqsum Xo‘jayev, Sobir polvon, Olimxo‘ja, Navro‘z Boqiyev boshliq guruhlar uning lashkariga qo‘shiladi.
Bu harakatlardan cho‘chigan sovetlar Eshoni Sudurni 1928-yil 4-avgust kuni Nurotadagi Chillamozor ko‘chasidagi uyida hibsga olib, barcha mol-mulkini musodara qiladi. Eshonga O‘zSSR JKning 58-, 78- va 242-moddalariga ko‘ra, “Qizil armiyaga qarshi qurolli hujumlar tashkilotchisi va ishtirokchisi, isyonchi, sudxo‘r” ayblovlari bilan jinoyat ishi ochadi. Shundan so‘ng Chashma ham “xurofot o‘chog‘i” sifatida taqiqqa uchraydi, oyoqosti qilinib, bu yerga turli korxonalar joylashtiriladi…
Haq hamisha qaror topgan. Vatanimiz Mustaqillikka, xalqimiz milliy va ma’naviy ozodlikka erishishi bilan Nurota Chashmasi ham qatag‘on taqiqidan ozod bo‘lib, yana qayta tabarruk ziyoratgohga aylandi. Hozirda bu muqaddas maskan nomiga mos holda tamoman yangicha – nurli qiyofa kasb etgan.
Suyundik MUSTAFO,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2026-yil 13-martdagi 11-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
104
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
139
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
331
