08.09.2026 | 09:53
646
TEATR NAHRI G‘AVVOSI
O‘tgan asrning boshlarida Turkiston uchun mutlaqo yangi soha – san’atshunoslik va uning bir qirrasi bo‘lgan teatrshunoslik fani kirib keldi va rivojlana bordi. Biroq o‘lkada sodir bo‘lgan katta o‘zgarishlar, siyosiy qatag‘on to‘lqini bu sohani sun’iy ravishda to‘xtatib qo‘ydi. 1945-yilda Teatr san’ati institutining tashkil etilishi munosabati bilan bu sohalar qayta tiklandi. Asrning 50–60-yillarida bir guruh milliy kadrlar voyaga yetdi. Shulardan biri san’atshunoslik fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Toshpo‘lat Tursunov edi.

Toshpo‘lat Tursunov 1932-yili Toshkent viloyatining Tirsakobod Darxoni mavzeyida ziyoli oilasida dunyoga keldi. Shu yerdagi o‘rta maktabda tahsil oldi. Maktabni tugatmayoq ayrim do‘stlari bilan to‘g‘ri Beshyog‘ochga kelib, Teatr san’ati institutiga hujjatlarini topshirdi. Jussasining kichikligiga qaramay bilimi kuchli bu yigitcha dastlabki suhbat chog‘idayoq ustozlarining hurmatini qozondi, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, institutga qabul qilindi. Tahsil chog‘i teatr san’ati, dramaturgiya, adabiyot, falsafa fanlari bilan chuqur shug‘ullandi. Rus tilida erkin so‘zlash va yozish malakasini orttirdi. Sohasining sir-sinoatini puxta egalladi. Institutni tugatgach, san’at muassasalarida faoliyat ko‘rsatdi. Teatr san’ati institutida dars bera boshladi.
U O‘zbekiston Fanlar akademiyasining San’atshunoslik instituti aspiranturasiga qabul e’lon qilingach, hujjatlarini topshirdi. Bu vaqtga kelib, institut Toshpo‘lat Tursunovni ilmiy xodimlikka chaqirib olgan edi. Institutning yirik asarlaridan biri bo‘lgan “O‘zbek sovet teatri” kitobini yevropalik mutaxassislar bilan birga tayyorlashda ishtirok etib, o‘zini olim sifatida namoyon etdi.
Domla realizm muammosi ustida jiddiy tadqiqot olib bordi. Eski o‘zbek alifbosini o‘rgandi va 1920–1930-yillar matbuotida e’lon qilingan barcha maqola, taqriz va tanqid, jurnalistlarga xos chiqishlarni sinchkovlik bilan kuzatib, tahlil-u tanqidiy nazardan o‘tkazdi, muammo janrining nozik jihatlarini kashf etdi. Yosh olimni Ibrohim Mo‘minov, Izzat Sulton kabi ustozlar qo‘llab-quvvatladi. 1965-yilda Moskvada ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Domla turli yillarda sahnalashtirilgan spektakllarning muhokamalarida muntazam ishtirok etib, o‘zining mantiqiy fikrlari bilan asarning yutuq va kamchiliklarini atroflicha ko‘rsata olgani bois, ustozlar va teatr arboblari oldida bilimdon va rostgo‘y tanqidchi sifatida e’tibor qozondi. Esimda bor, 80-yillar boshida bir muhokamada u kishi o‘n daqiqa gapirdi. Shunda spektakl tahlilidan to‘lqinlanib ketgan ulug‘ olim Izzat Sulton o‘rnidan dast turib, “Toshpo‘lat yaxshi adabiyotshunos ekaniga amin bo‘ldim”, degan edi.
Olim O‘zbekiston televideniyesi tashkil etilgach, “Teatr ijodxonasida”, “Aktyorlar va rollar”, “Afishalar tilga kirganda” rukni ostida ko‘rsatuvlar tayyorlab, teatr va tomoshabin masalasida jamoatchilik fikrini shakllantirish ishiga munosib hissa qo‘shdi. Teatr va rassomlik institutida muallim bo‘lib ishlash bilan birga, San’at bosh boshqarmasi qoshidagi repertuar – tahririyat hay’atining bosh muharriri, keyinroq institut teatrshunoslik kafedrasining mudiri vazifalarida faoliyat olib bordi. Institut jamoasi quvvatlashi bilan muassasaga rektor etib saylanganida ham olimning ko‘nglida ilmiy ishlarni davom ettirish orzusi kuchli bo‘lgani bois, qalbida milliy teatr san’ati sahifasidan nomlari nohaq o‘chirilgan yoki qoralangan kishilarning faoliyatini teranroq o‘rganish, masalaga atroflicha baho berishga intilish kuchaya bordi va chuqur ilmiy izlanishlar natijasida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ilmiy tadqiqotida milliy teatr san’atini tashkil etishda mahalliy taraqqiyparvar, milliy madaniyatni rivojlantirish tarafdori bo‘lgan saxovatli millat xodimlarining o‘rni katta ekanini ko‘rsatuvchi dalillarni Moskva hujjatgohlaridan topdi. Afsuski, dastlabki muhokamalardayoq bu hujjatlar sovetlar hukumatining siyosatiga soya soladi, deya ilmiy ishdan olib tashlandi.
Toshpo‘lat Tursunov rektor sifatida Teatr va rassomlik san’ati institutini yanada taraqqiy ettirish maqsadida Makedoniyaning Kirill va Mefodiy nomidagi universiteti, AQSHning Shimoliy Karolina universiteti qoshidagi San’at institutlari, Uyg‘uriston San’at instituti singari ko‘plab muassasalar bilan ijodiy aloqalar o‘rnatdi. Institutda ilmiy ishlar jonlandi.
U faqat teatrshunoslik sohasi bilan cheklanib qolmadi. Dramaturgiya sohasida “Darbadar”, “Alpomish” pyesalarini yozdi. B.Brextning “Bandai gumroh”, “Hamma soldat – bir soldat”, G.Mdivianining “Konsul o‘g‘irlandi”, N.Baerning “Mojaro”, K.Amirovning “Sud oldidan”, I.Afandiyevning “Yaralangan yuraklar” va boshqa asarlarni o‘zbek tiliga o‘girib, tomoshabinlarga taqdim etdi.
Ustozning badiiy tafakkur olami keng edi. “Bolalik kunlarimdan qatra xotiralar” kitobi shunchaki bir xotira emas, balki badiiy qissadek yozilgan. Bu fikrni ko‘pgina kishilardan eshitdim. Ammo domlaning butun olami uning o‘z sohasiga bag‘ishlangan asarlarida mujassam. O‘tgan asr o‘zbek dramaturgiyasi va teatr san’ati rivoji haqidagi monografiyasi, “Sahna va zamon” maqolalar to‘plami, Karim Zaripov haqidagi, “Aka Buxor”, “Turg‘un Azizov” nomli risola va kitoblari, ayniqsa, “XX asr o‘zbek teatri tarixi” darslik-monografiyasi teatrshunoslik sohasidagi muhim asarlardir.
Afsuslar bo‘lsinki, domla ayni yaxshi asarlar yozayotgan bir paytda matbuotda ayrimlarning “xizmati” bilan tuhmat toshi otildi. Ko‘plab kishilar bosilgan g‘iybatni qabul qilmadilar va o‘z xayrixohliklarini bildirib, domlaning ko‘nglini ko‘tarishganiga guvohman. Maxsus tashkilot vakillari to‘plangan hujjatlarni obyektiv o‘rganish jarayonida domlaning aybsiz ekani to‘liq isbotlandi. Ammo bu voqealar ustozning salomatligiga ancha zarar keltirdi.
Toshpo‘lat Tursunov fe’li keng, bilimi teran, qalbi pok inson, mutaxassis sifatida dramaturg, rejissyor, aktyor ijodidan badiiy yangiliklar izlovchi g‘avvos edi. Domlaning 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan Teatr san’ati institutida o‘tkazilgan anjumanda O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo so‘z olib, qisqa va nishonga tegadigan xolis bahoni beradi: “Toshpo‘lat halol odam, asar muhokamasida sudya ham, prokuror ham emas, u badiiy ijod kashfiyotchisidir”.
Sirojiddin AHMAD
“Jadid” gazetasining 2026-yil 28-avgustdagi 35-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



