Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.01.2025 | 14:53

img332

TOMOSHOG‘A BORMOQ VA TOMOSHO BO‘LMASLIQ ZIKRIDA

Ey, farzand, bu kun archa bayram bahonayi sabab senga tomosho va uning madaniyati va zavq-u zarofati va shavq-u sharofati va taft-u tarovati va husn-u halovati xususinda bir shingil nasihat bor. Magar ushbu pandlarim bir qulog‘ingdin kirib, ikkinchisidin chiqar bo‘lsa, fahm-u farosating ham zehn-u zakovating ham xulq-u hamiyating qasriga falokat bor.

Eng avvalo, tomosho tanlashni bilg‘il. Bilmasang, ahli donishlardin so‘rg‘il. Quloqni batang qilg‘uchi, fe’l-u xo‘yni satang qilg‘uvchi, o‘tkir aqlni zang qilg‘uvchi, tafakkur ko‘zini chang va hamyonni tang qilg‘uvchi “jinlar bazmi”din yiroq turg‘il. Qaysiki tomoshogohga borsang, o‘yun avvalida g‘oyibdan bir sado kelg‘ay: “Aziz-u muhtaram tomoshabin, tomosho zalinda ispirtli ichimlik ichmak, nos va tamaki chekmak, yo‘laklarni iflos qilmak, kurash tushmak, mushtlashib yoqavayron bo‘lmak, eshakmindi o‘ynashu va musiqasiz raqs tushmak qat’iyan man etiladir!” San bu taqiqdin minba’d ajablanub, bu zalg‘a qanday yovvoyilar jamuljam bo‘lg‘an erkan deb yoqangni axtarmag‘il. Bular Alimi, Isoqdanmi qolg‘an gaplar.

Ey, farzand, teotrg‘a borar bo‘lsang, Behbudiy hazratning “Teotr bu – ibratxonadur” deyilmish naqli dasturi amaling bo‘lsun. Yodingda tutg‘il, san tomosho zalida akto‘r emassan, hammani o‘zingga qaratishdin tiyilg‘il. Odmi kiyin, qulay va loyiq libosda bo‘lg‘il. Borishdan burun qo‘yilajak asar to‘g‘risinda, muallifi haqinda va boshqa ijodkorlar xususinda o‘qub, tafakkur etg‘il. Dabdurustdan borsang, teotr tomidin “muborak” boshingga tarasha tushmasun, deyman. Angrayib qolmag‘il, deyman. Borar bo‘lsang, gulshanda guldek, bog‘da g‘unchadek go‘zal o‘tirg‘il.

Bayt:

“Magic city”da yurmag‘il
oq saqichni hubob aylab,
Ham masxara bo‘lmag‘aysan,
zo‘ntigingni rubob aylab.

Ey, farzandi arjumandim, qorin-qursog‘ni uyda to‘ldirib, nafs-u xirs-u havasni ko‘cha-ko‘yda o‘ldirib borg‘il. “To‘yga borsang, to‘yib bor, yomonliging qo‘yib bor, yamoq to‘ning kiyib bor”, degan naql-u nasihat bor. Ore rost so‘z ushbukim, teotr ham bamisoli to‘yxona. Mehmonga borar bo‘lsang, o‘zingni bir qadar sipo tutarsan, ibratxonada esa ming chandon halim bo‘lg‘il. Borgan xonadoningda hech vaqt saqich chaynarmisan? Ani mezbon uyining kursilarig‘a yopishtirib qo‘yarmisan? O‘rindiqlarig‘a beadablik birla “M + A = S” deya chizib ketarmisan? Mezbon gapirganda luqma tashlarmisan? O‘zingdin har turlik chiqindi qoldirarmisan?

Ey, farzand, konsertga borar bo‘lsang, o‘yunchining xiromig‘a esh bo‘lub, novozanda-yu sozandaga xesh bo‘lub, xonandaga pesh bo‘lub (pesh – xofiz ahlining jargon so‘zi bo‘lib, ustazoda san’atkor ma’nosini bildiradi, – izoh bizdan) xushtagingni jo‘r etmag‘il. Harchand yangi olg‘an ersang-da, tilponingni san’atkorg‘a peshlamag‘il. Fanorchi ota emassanki, kunduzi chiroq yoqib o‘zingga farosat istasang. Yaratganga beadad shukurlar bo‘lsinkim, ahli sahnaning o‘z fanorlari bor. Kimsan Xudoybergan Devonovg‘a shogirdi mutlaq bo‘lsang ham o‘zgalarning ma’naviy mulkini tasvirg‘a olmag‘il, tasmag‘a solmag‘il. Zotan, muallif ruxsatig‘a muyassarlar mundin mustasno.

O‘perag‘a tushsang, tek o‘tirg‘il, yoqmasa chiqib ketma, chiqib ketar bo‘lsang, yaxshisi, bormag‘il. Magar chiptasi tekin ersa, toshni-da yutgiday o‘zingni urmag‘il va ham bezrayib turmag‘il, falon pulg‘a xarid qilg‘an bo‘lsang-da, shu so‘z – aqshasi kuyg‘an bir kimarsa bir nimarsani yutibdur, degan naql-u hikmatga ergashmag‘il. Cho‘ng ovozli xonandalar navozish aylaydirg‘on, muhtasham ariyalar (ari uyasi emas, – bu izoh ham bizdandur) qo‘yiladurg‘on, jang nog‘orasi-yu burg‘usi yangraydirg‘on, chigal-chigal, chuvalang-chuvalang karnay-surnaylar na’ra tortadirg‘on, chittakdayin, chug‘urchuqdayin, ta’bir joiz bo‘lsa, chigirtkadayin pariyvashlar belozim likillaydurg‘on tomosholarg‘a (18+) murg‘ak farzandi arjumandingni hargiz olib bormag‘il. Iloyo, mundin aning ko‘z-u ko‘ngli, qulog‘-u zehni aziyat topmasun. Norasida ko‘rarmanlar uchun maxsus aql-u hushig‘a xush yoqadig‘an tomoshogohlar bor, shularg‘a oborg‘il.

Ey, farzand, kinog‘a borsang, harchand hamrohangning oyoq-qo‘li, bilag-u kuragi uyushib turg‘an bo‘lsa-da, zinhor-bazinhor qutlug‘ dargohda uqalab qo‘ymag‘il. Ola nazarlardin bo‘lmag‘il, o‘zingni tiyg‘il. Saning beadab barmoqlaring aning nozuk yelkalari, to‘lqin-to‘lqin sochlari, oydek nurafshon, marmar kabi silliq, ipakdayin mayin, ukpar misol toza, qor yanglig‘ oppoq, marvarid singari bejirim yuzlari uzra sirg‘almasun va ham sovuqda yorilg‘an lablaring aning ilkida sayr etmoqqa hargiz jur’at aylamasun. Yana shuni yodda tutg‘ilkim, kino pardasi tushg‘anda, hayo va ibo, noz-u istig‘no pardalari ko‘tarilmasun! Bori azm-u shijoatingni chimildiq pardasi ortig‘a yashirg‘il.

Ey, farzandi arjumandim, har qaysi tomosho zalig‘a kirarda “Gardero‘b” atalmish bir maxsus xonaqo hozirturur. Anda hozir-u nozir xizmatchig‘a har qancha qimmat bo‘lmasun, sirma-yu pochapo‘stining, tug‘ilmag‘an qo‘zi tersidan ishlang‘an mo‘ydor telpaging, Qorako‘l barxanlarining tuzini yalag‘an chuvalang qo‘chqor terisini oshlab tikilg‘an, paxta yog‘i ila moylang‘an ag‘darma etigingni bexijolat ishonib topshirishing mumkin. Chiqqaningda kamoli ehtirom va ham shirin-shakar lutf ila ashyolaringni sanga qaytarub berg‘ay.

Yana shuni yodda tutg‘ilki, tomosho vaqtida ko‘ruvchilarg‘a ziyon-u zahmat yetkazib, alarning oyog‘ini bosib, oldini to‘sib, u boshdin bu boshg‘a o‘tmoq, tomoshogohni boshg‘a ko‘tarmak ham durust ish ermas. Bor ilm-u amalini ishg‘a solib, barchani hayratg‘a qo‘yg‘an san’atkorni boshg‘a ko‘tarsang, bosh ustina… Tomoshoning yarmisinda xonlardek kerishib kirmoq, to‘ralardek to‘rlamoq va yoxud yarmisinda qovun po‘choq ustidin xom suv berilg‘an tirraqi buzoqdek murodxonani shitob ila tark aylamoq-da nojoiz amal hisoblanur.

Ey, farzandi arjumandim, aytganlarim senga malol kelmasun, magar alarg‘a amal qilsang, ikki dunyo saodatig‘a erishib, mutrib va muzaffar bo‘lg‘aysen.

Tilak:
Murodim shulki, murodingg‘a yetg‘aysen!

Seshanba,
Hijriy 1446-yil,
Jumodus-soniy oyining 29-kuni,
Milodiy 2024-yil 31-dekabr shomida sarxush bitdim.

Otaqo‘zi Dodaxo‘ja o‘g‘li BOBOQAND

“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-yanvardagi 1-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596