23.09.2026 | 10:40
806
TOSH ICHRA GAVHAR
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori imzolanganiga ikki yildan oshdi. O‘tgan qisqa vaqt ichida tarixiy hujjatda belgilangan vazifalar yuzasidan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jarayon davom etmoqda, xususan, bu yil oktyabr oyining birinchi yettikunligi mamlakatimizda uchinchi bor Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlanadi.
Sana arafasida tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinovning bir juft kitobi – “Millat fidoyilari” (2-kitob) va “Buyuk Cho‘lpon merosidan” asarlari nashr etildi.

Buyuk Cho‘lpon izidan
Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning shoir, yozuvchi, jurnalist sifatidagi ijodi, ma’rifatparvarlik hamda milliy ozodlik harakatiga oid faoliyati tarixchilar, adabiyotshunos va jadidshunoslar tomonidan keng qamrovda o‘rganilgan. Ulug‘ ustozlar bu borada mustahkam poydevor yaratib bergan bo‘lsa, so‘nggi yillarda zamondosh olimlarimiz tomonidan yangicha nigoh hamda yopiq arxivlar ochilishi sharofati bilan to‘plangan faktlar asosida yangi tadqiqotlar yuzaga kelmoqda, tarixiy haqiqat tiklanmoqda.
* * *
“Yana bir buyuk yurtdoshimiz Abdulhamid Cho‘lponni olaylik. XX asr boshlaridagi millatimiz taqdirini, uning boshiga tushgan fojialarini, ozodlik va erkinlik qadrini hech kim bu mumtoz shoirimiz kabi yuksak pardalarda kuylagan emas”.
Shavkat MIRZIYOYEV
Bir qarashda Cho‘lpon haqida hamma gap aytib bo‘lingan, asarlari o‘rganilgan, xalqqa qaytarilganday. Biroq daholar merosi shu qadar serqirraki, har gal o‘rganganda, yangi bir masala ko‘zga tashlanadi. Akademik shoir Oybek “Guli va Navoiy” dostonida afsona va haqiqat orasini ochiq qilishni tosh ichidan gavhar izlashga mengzaydi. Garchi Cho‘lpon hayoti va ijodiga oid qimmatli xazina yuzaga chiqqan bo‘lsa-da, mavzuga chuqurroq kirib borilgani sari chog‘roq gavharlar hamon changdan tozarishni kutayotganini ko‘ramiz.
Zahmatkash olim Rustambek Shamsutdinovning yillar davomidagi izlanishlari natijasida sayqallangan ana shunday gavharlardan biri – “Buyuk Cho‘lpon merosidan” nomli kitob bugun qo‘limizda turibdi. Asarda uchta yo‘nalish parallel yoritib berilgan.
Birinchi yo‘nalish Cho‘lpon hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xorijiy manbalardan hikoya qiladi.
Olim Moskva safaridan “Поезия узников ГУЛАГА” kitobi bilan qaytadi. Unda shoir haqida kichik maqola va ikkita she’rning ruscha tarjimasi bosilgan edi. Jumladan, mazkur to‘plamda Cho‘lponga shunday ta’rif beriladi:
“Hayotlik chog‘idayoq, u haqda buyuk Navoiydan keyin o‘zbek tili va adabiyoti shu qadar qudratli lirikani bilmagan, deb aytishgan. “Uning she’riy nutqi hozirgi zamon o‘zbek tilining sarchashmasiga yo‘l ochib beruvchi kalitdir. Hozirgi zamon o‘zbek tili – bu, Cho‘lpon tilidir”, deb aytgan o‘sha zamon tanqidchilaridan biri”.
Shundan keyin shoirning 1923-yili Andijonda yozilgan “Qiz qo‘shig‘i” (“Песня девушки”) hamda 1924-yili O‘shda bitilgan “Qushning hadigi” (“Ужас птицы”) she’rlari T.Bek tarijimasida keltiriladi. Har ikki ijod mahsuli ham tutqunlik azobi va chuqur taassuf ruhi bilan sug‘orilgani sezilib turadi.
“Qiz qo‘shig‘i”ning har bandi yakunidagi satrlarni o‘qiganda, yurak zirillaydi. “Boshimga” radifli naqoratda shoirning butun qayg‘usi teran iztirob rangida ifodalanadi: “Qora kunlar tushdi mening boshimga”, “Qonli kunlar tushdi mening boshimga”, “O‘tli kunlar tushdi mening boshimga” va boshqalar.
Yakun shunday:
Qafaslarni buzib
Uchsam osmonga!
Kishanlarni uzib
Yetsam jononga!..
Yorsiz kunlar tushdi mening boshimga.
Shoir ayni she’r mazmunining mantiqiy davomi sifatida bir yildan so‘ng “Qafasdagi qush” asarini yozadi. Inidan ayrilgan, yo‘q-yo‘q, judo etilgan qushchaning qafasdagi birinchi onlari, ozodlik ishtiyoqidagi mashaqqatlari ta’sirchan tasvirlanadi o‘tli satrlarda. Ammo bundan foyda bo‘larmikin? Javob:
Faqat zaif vujudini qancha
ursin devorlarga,
Balki uning yumshoq tani
to‘lib ketsin ol qonlarga.
Chunki shoir ta’biricha, “devorlarning sezgisi yo‘q, tuyg‘usi yo‘q, tovush bermas”.
Har ikki she’r ham mazmun-mohiyati bilan Turkiston va turkistonliklar haqida ekanini bir o‘qishda his qilasiz. Zero, Muxtoriyat qonga botirilgan, sovetlar Chor Rossiyasidan avlo emasligi ayonlashgan, xalq boshiga non azobi, ziyolilar boshiga jon azobi tushgan bir pallada millatparvar shoirning shunchaki hijrondagi qiz va qushcha haqida she’r yozib o‘tirishi aslo tasavvurga sig‘maydi. Bu borada Cho‘lpon va Tagor ijodi, uslubi va maslagida uyg‘unlik seziladi. Adibning zamondoshi Rasuljon Rahimiyning kitobda berilgan fikrlari ham buni asoslaydi:
“Cho‘lpon O‘zbekiston shoiri va yozuvchilari orasida chindan ham yulduzdir. Agar Robindranat Tagor Hindistonda buyuk asarlar yaratgan bo‘lsa, Cho‘lpon bizda ana shunday qimmatli asarlar yaratdi”.
Ushbu bobda, shuningdek, Rustambek Shamsutdinovning Ozarbayjon safari natijalari haqida so‘z boradi.
Ikkinchi yo‘nalish tergov hujjatlari ko‘chirmalarini qamrab olgan. Rustambek Shamsutdinov asarlarining qiymatini oshiruvchi fazilatlardan biri – ularning aniq fakt va dalillarga asoslanishidir. Aslida, domlaning maqolalari qisqa va lo‘ndaligi bilan ham ajralib turadi. Ana shu qisqa matnda tarixiy faktlar shu qadar zich bo‘ladiki, asosiy maqsad qatag‘on qurbonlari va jadidlar faoliyatini xalqqa, xususan, yoshlarga xalqchil shaklda yetkazishdir.
Mazkur kitobda ham muallif o‘z uslubiga sodiq qolgan. Tarix sahifalaridan ko‘chirmalar to‘la-to‘kis, pardozlanmasdan olingan. Ilm omonatiga xiyonat qilmagan.
“Eshitganingga emas, ko‘rganingga ishon”, degan gap bor xalqimizda. Bugun esa hatto ko‘rganlarimiz ham har doim haqiqat bo‘lmasligi ayonlashyapti. Zero, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt “karomat”i bilan haq va ro‘yo bir-biriga deyarli qorishib ketgan zamonda yashayapmiz. Lekin bundan bir asr avval sovetlarning maxsus idoralarida shunday kimsalar ishlaganki, ularning qilmishlari oldida mingta sun’iy idrok, ta’bir joiz bo‘lsa, choy damlab turadi.
Qo‘lyozmalar yonmaydi, deymiz. Ehtimol… Lekin qo‘lyozmalar o‘chirilishi, yirtilishi, bekitilishi, soxtalashtirilishi mumkin ekan. Bitta yolg‘on bitilgan qog‘ozning saqlanib qolgani mingta haqiqat yozilgan sahifaning kulga aylanganidan ham zararlidir. Chunki yo‘qlikda – mavhumlik, yolg‘onda chalkashlik bor. Ba’zan kimyogarlar uchun bir tomchining zalvori dengizlardan ham katta bo‘ladi: shu tomchi hatto dunyo taqdirini hal qilib qo‘yishi bor gap. Tarix yozilayotgan damda ham shunday: hujjatning bir chetiga tomgan siyoh butun bir taqdir va davr manzarasini yopib qo‘yishi mumkin. Shu ma’noda, o‘tmishning murakkab davrlarini o‘rganishda, hatto, ko‘rgan, tasdiqlangan hujjatlarga ham to‘la ishonch yo‘qligi ma’lum bo‘ladi.
Xususan, qatag‘on yillaridagi tergov hujjatlari siyoh emas, xuddi qon, ter va ko‘zyosh bilan sug‘orilgandek. Cho‘lponning so‘roq tafsilotlari, yuzlashtirish bayonnomalari bilan tanishgan inson beixtiyor seskanib ketadi. Biz bilgan Cho‘lpon Fitrat haqida, Fayzulla Xo‘jayev haqida, boshqa safdoshlari haqida ularning zarariga ishlaydigan gaplarni aytishi mumkinmi? Biz ko‘rmadik, lekin kitob muallifi ko‘rganki, bu hujjatlar eng maxfiy arxivlarda, eng qat’iy talablar asosida saqlangan.
Mana, Cho‘lponning “ishi”, mana, Cho‘lponning ko‘rsatmalari, biroq ifoda Cho‘lponniki emasday. 17 yoshida “Adabiyot nadir?” degan maqola yozgan odam bunaqa g‘aliz yozishi, parishon fikrlashi mumkin emas, axir. Keyin hujjatlarga chekilgan sanalarga nazar tashlaymiz: 1937-yil 23-iyul, 10-avgust; 1938-yil 29-sentyabr, 2-oktyabr…
Agar Cho‘lpon va safdoshlari 1938-yil 5-oktyabrdagi hukm asosida 4-oktyabrda qatl etilganini hisobga olsak, so‘nggi vaqtlardagi gaplar hech qanday rol o‘ynamaganini his qilamiz. Buni shoirning o‘zi ham yaxshi anglagan bo‘lsa kerak. Shu boisdan ham, oxirgi bir yillikdagi bayonnomalarda Cho‘lpon taqdirga tan bergan qiyofada ko‘z oldimizga keladi. Zero, qiynoqning barcha turiga ruxsat berilgan turmada qolib ketish nafaqat jismga, balki aql, qalb va ruhga ham ta’sir qiladi. Inson irodasining ham chegarasi bor.
Shunga qaramay, kitob muallifi xolislik nuqtayi nazaridan tergov materiallarini to‘liq keltiradi. Baho va xulosani esa asarni to‘liq o‘qib chiqqan o‘quvchiga qoldiradi.
Uchinchi yo‘nalish Cho‘lponning muharrirlik faoliyatiga bag‘ishlangan. Kitobda keltirilgan ma’lumotlar bilan qisqacha tanishsak.
Cho‘lpon dastavval “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” kabi gazetalarda maqola va she’rlari bilan faol qatnashadi. Keyinroq, sovetlar hokimiyatining ilk yillarida mehnat faoliyatini Farg‘onadagi “Yangi Sharq”, Toshkentdagi “Ishtirokiyun”, Buxorodagi “Buxoro axbori” gazetalari bilan bog‘laydi. Ushbu nashrlarda u tanqidiy-tahliliy chiqishlar qiladi, erkinlik orzusini baqadri imkon kuylaydi. Biroq qizil imperiya tazyiqi ortib borgani sari jadidlar ovozi bo‘g‘ila boshlaydi. Bu holatni shoirning “Muhit kuchli ekan, egdim bo‘ynimni” hamda Abdulla Oripovning “Davrimdan qayga ham tushardim yiroq” satrlari bilan ifodalash mumkindir, balki.
Oqibatda, Cho‘lpon faoliyatini 1923-yildan Andijonda, sovetlarning bu shaharda yurgizadigan milliy ozodlik harakatiga qarshi kurashish kampaniyasida davom ettirishga majbur bo‘ladi.
“Hukmronlikning asosi qilich va qalam ustiga quriladi, degan qoidaga ko‘ra, sho‘rolar ham tuzgan rejalarining muvaffaqiyati uchun kuchli targ‘ibot va tashviqot ishlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida Andijonda gazeta tashkil etishga qaror qiladilar. Turkiston hukumati qarori bilan Andijon shahrida “Darxon” nomli gazeta (o‘zbek tilida, arab imlosida) nashr etiladigan bo‘ldi. Bu gazetaga avval Abdulhay Tojiyev, so‘ngra Andijon revkomi raisi Is’hoqjon Gʻoziyev muharrirlik qildi. Markazqo‘m yo‘llanmasi bilan Toshkentdan Andijonga kelgan Cho‘lpon bu gazetaga amalda muharrirlik qilgan. Chunki Is’hoqjon Gʻoziyev revkom raisi bo‘lganligi uchun gazeta ishini to‘laligicha Cho‘lpon zimmasiga yuklagan edi”, deb yozadi muallif.
Ayonki, Cho‘lpon bu gazetada sovet hukumatining siyosatini yoritishda ishtirok etadi, biroq chorasizlikdan ham chora izlashda bardavom bo‘ladi. Garchi to‘rt sahifalik nashrning yarmidan ko‘pini “bosmachilik”ka qarshi kurashish to‘g‘risidagi materiallar egallagan esa-da, sahifalarda jahon xabarlari (ko‘pincha mustamlaka zulmiga qarshi isyonlar, gegemon davlatlardagi inqirozlar doirasida), ta’lim, tibbiyot, ilm-fan, adabiyot va san’at, ijtimoiy va iqtisodiy masalalarga oid maqolalar ham berib borilar edi. Bu o‘sha davrda o‘ta qaltis qadam bo‘lib, Alisher Navoiy hazratlarining quyidagi ruboiysi Cho‘lponning vaziyatini nozik fasohat bilan aks ettiradi, deb o‘ylaymiz.
Jahon ganjig‘a shoh erur ajdaho
Ki, o‘tlar sochar qahr hangomida.
Aning komi birla tirilmoq erur –
Maosh aylamak ajdaho komida.
Albatta, bu vatanparvarlik va xalqparvarlik NKVD xodimlarining o‘tkir va sovuq nigohlaridan chetda qolmadi. Alaloqibat, bu harakatlar Cho‘lpon va maslakdoshlari garchi rasmiy idoralarda xizmat qilgan bo‘lsa-da, qonuniy imkoniyatlardan “aksilinqilobiy” maqsadlarda foydalangan, deya baholanadi.
“Buyuk Cho‘lpon merosidan” kitobining qariyb 250 sahifasi aynan “Darxon” gazetasidan olingan ko‘chirmalardan tashkil topgan. Ularni o‘qish tarixning real vaqtdagi talqini bilan tanishish imkonini beribgina qolmay, o‘sha davrning jonli tilini o‘rganishga ham imkoniyat yaratadi.
Mazkur kitob mutolaasini tugatish asnosida Cho‘lpon hayotining kechalari qanday kechgani, qorong‘ida maxfiy qolgan yana bir qancha jihatlarni bilib olish mumkin.
Tadqiqotlar davom etadi
O‘tgan yili “Jadid” gazetasining eng faol mualliflaridan bo‘lgan fidoyi ustozimiz Rustambek Shamsutdinovning “Millat fidoyilari” to‘plami “Jadid” kutubxonasi” ruknida chop etilgan va kitobxonlar tomonidan iliq kutib olingan edi. Mana, bir yil oralig‘ida mazkur kitobning ikkinchi qismi Andijon davlat universiteti Qatag‘on qurbonlari xotira muzeyi, “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi hamda “Meros” ilmiy-amaliy xalqaro ekspeditsiyasi xayriya jamg‘armasi tomonidan chop etildi.
“Tirik” tarix zahmatkashi” nomli so‘zboshida ta’kidlanganidek, “Kitobda nafaqat yakka shaxslar (Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev, Sodiq Abdusattorov, Mannon Ramziy kabi), balki butun oilalar, sulolalar katta terror komiga tortilganini o‘qib dahshatga tushadi kishi. Burhonovlar, Xolbotirovlar, Hakimovlar sulolasi ana shunday parokandalikka yuz tutgan oilalar edi”.
To‘plamda saksondan ortiq qatag‘on qurboni haqida so‘z yuritiladi. Ular orasida atoqli davlat va siyosat arboblari, ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilar, ulamolar, harbiy soha va sud-huquq tizimi xodimlari, ishchi-dehqonlar va ularning oila a’zolarini uchratish mumkin.
Asarda shunday parchalar yozilganki, ularni o‘qigan kishi beixtiyor o‘yga toladi, o‘tgan davrning chirkinliklari, zulmatdan ziyo izlagan bobolar matonati ko‘z oldimizdan o‘tadi, bugungi dorilomon kunlar saodatiga shukronalik hissi tug‘iladi.
Quyidagi iqtiboslar shunchaki statistika emas, har birining ortida bir inson taqdiri, uning oila a’zolari hayoti turibdi. Bu raqamlarga xotirjam ko‘z tashlab bo‘larmikan…
* * *
“Katta terror” vaqtida, 1937-yil 30-iyuldan 1938-yil noyabriga qadar 1,5 million kishi qamoqqa olingan (SSSR miqyosida). Shundan 700 mingi otib yuborilgan. Qatag‘on jamiyatning barcha toifalarini o‘z domiga tortgan”.
* * *
“1938–1946-yillarda Qarag‘andadagi “ALJIR” (Акмолинский лагерь жён изменников родины) lagerida “Vatan xoinlarining oila a’zolari”dan 6500 ayol jazoni o‘tagani ma’lum”.
* * *
“1937-yil 15-avgustdan 1939-yil yanvarigacha Ittifoq bo‘yicha 25342 bola oilasidan ajratib olingan, ulardan 22427 nafari Maorif xalq komissarligi tasarrufidagi bolalar uylariga va mahalliy bog‘chalarga tarqatib yuborilgan. Bu bolalarning yoshi 15 gacha bo‘lgan. Yoshi 15 dan yuqori bo‘lgan bolalar “ijtimoiy xavfli” hisoblanib, qamoqqa olingan va hukm qilingan”.
* * *
“1937-yil 10-avgustdan 1938-yil 1-yanvargacha bo‘lgan vaqtda O‘zbekiston bo‘yicha jami 10700 kishi qamoqqa olingan, ulardan 3613 kishi 1-toifa bo‘yicha otuvga, 7087 kishi 2-toifa bo‘yicha 8-10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan”.
Davrimiz jadidi
Rustambek Shamsutdinov bu yil tabarruk 87 yoshni qarshiladi. Bu, odatda, nuroniylik fasli hisoblanadi. Lekin domlaning yuragidagi g‘ayrat, aqlidagi tiniqlik, ilm va mehnatga bo‘lgan ishtiyoq qirq yoshli qirchillama yigitlarnikidan aslo kam emas. U kishi o‘nlab mutaxassislarni ham ulkan va sirli ilm ummoni sari chorlab kelmoqda.
Darhaqiqat, har bir yangi kitobi va yozilajak asarlari Rustambek Shamsutdinovni tarix ilmining Rustami dostoniga aylantiradi go‘yo. “Millat fidoyilari”ning 1-kitobiga yozilgan so‘zboshida ta’kidlanganidek: “Sovet hokimiyati tomonidan amalga oshirilgan qatag‘on siyosatini respublikamizda birinchilardan bo‘lib tadqiq etgan Rustambek Shamsutdinovning Vatanimiz tarixiga oid, maxfiy arxivlarda yopiq saqlab kelingan nodir hujjatlarni atroflicha o‘rganib, tarixiy haqiqatni tiklash yo‘lida sabr va matonat bilan ishlashi, nafaqat yurtimiz, balki qator xorijiy mamlakatlarning ilmiy fondlarida muntazam ravishda izlanishlar olib borishi, to‘plangan noyob materiallarni O‘zbekistonga olib kelib, keng jamoatchilik e’tiboriga havola etishi, ilmiy iste’molga kiritishi har jihatdan ibratlidir”.
Salaflari bayroq qilib ko‘targan “Tilda, fikrda, ishda birlik!” degan shiorga amal qilib kelayotgan ustoz muarrix bu e’tiroflarga haqlidir. Zero, arxivlarda yuz yillik changni yutib, sarg‘aygan sahifalarga ko‘z nurini to‘kib, sog‘lig‘i va vaqtini, o‘rni kelganda mablag‘ini ham ayamagan ziyolining qiyofasida tom ma’nodagi zamonamiz qahramoni, davrimiz jadidi siymosini ko‘ramiz.
Otabek BAKIROV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 18-sentyabrdagi 38-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



