04.12.2024 | 14:11
422
TUPROQQA “EKILGAN” AJAL URUG‘I
Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan statistik raqamlarga ko‘ra, 2022-yilda 2 ming 427 ta, 2023-yilda 3 ming 13 ta giyohvandlik vositalarini o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyat aniqlangan.
Bu kabi vositalar miqdori ham ortgan – 2022-yilda 2 ming 31, 2023-yilda 10 ming 306 kilogramm giyohvandlik vositasi aniqlangan bo‘lsa, psixotrop moddalar 2022-yilda 81 kg, 2023-yilda esa 172 kg muomaladan olingan.

“Qahramon”larimizning ota-onasi qizlari kelgusida geolog kasbini egallab, rizqini ona tuproq bag‘ridan halol yo‘l bilan topib, el orasida obro‘-e’tibor qozonadi, deb umid qilgan bo‘lsalar ne ajab. Ammo ularning “geologlik ishi” boshqa tuban maqsadga yo‘naltirilgan edi. Oqibatda yosh umrlari tuproqtegi, ota-onalarining boshlari xam bo‘lib, yerga egildi…
Nima bo‘ldi-yu, Nigora sessiya imtihonlari oralig‘idagi tanaffusda zerikib, telegram orqali rossiyalik Zina ismli ayol bilan tanishib, qisqa vaqtda u bilan apoq-chapoq bo‘lib qoldi. Ayniqsa, Zinaning suratlariga boqib, uning mo‘may daromad topuvchi zamonaviy ayol ekani diqqatini tortdi. Yanada yaqinroq tanishish istagi paydo bo‘ldi.
– Qanday ish bilan shug‘ullanasiz, sir bo‘lmasa? – deb so‘radi u Zinadan.
– Juda mas’uliyatli, shunga yarasha serdaromad ish, – dedi u. – Istasangiz, siz ham shug‘ullanishingiz mumkin, yo‘l-yo‘rig‘ini o‘rgataman.
U shunday deya “serdaromad ish”ning nomini yozib, uni telegramdan “izlov” buyrug‘i orqali o‘zi topib olishini aytdi. Nigora o‘ylanib ham o‘tirmadi. Aynan ana shu beqarorligi sabab muqaddam birovga og‘ir tan jarohati yetkazib, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga tortilgani, sudda xudoning zorini qilib, norasida bolasini o‘rtaga solib, yengillik olganini ham unutdi. Zina bilan suhbatlari tugashi arafasida singlisi Komila oshig‘i Davronni yetaklab xonaga kirib qoldi. Ularga “bebiliska soqqa” daragini suyunchiladi va aytilgan manzilni tarmoqdan izlashga tushdi. Mana, topdi! Ro‘yxatdan o‘tish kerak ekan, o‘tdi!
Sal o‘tmay telefoniga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Bu “ish”ni boshlashdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘rishi, chunki juda xavfliligi, lekin ehtiyotkorona shug‘ullansa, tez orada katta foyda ko‘rishi haqida gapirdi go‘shakning narigi tomonidagi odam.
– Qarorim qat’iy, – dedi Nigora. – Vazifalarimni tushuntiring!
Barchasi tushuntirildi: vazifasi, ishlash tartibi, vaqti, xizmat haqi…
Hatto unga alohida “ustoz” rahbar biriktirildi. Nigora kelgusida topshiriqni ana shu rahbaridan oladi va uning ko‘rsatmalari asosida ish yuritadi, uning ruxsatisiz ortiqcha bir qadam ham tashlamaydi. Nigorani ijtimoiy tarmoqda avvaldan mavjud bo‘lgan bir guruhga qo‘shib qo‘yishdi.
Maslakdoshlar guruhi hisoblanmish bu “hamkasblar” topshiriqni mana shu yerdan olishadi va bajarishadi. Maoshlari ishbay, vazifaning muvaffaqiyat darajasiga qarab, elektron hamyonlariga tashlab beriladi.
Rahbari o‘rgatganidek, Nigora “narkokuryerlik”, ya’ni giyohvand moddalarini tashish va yetkazish ishlarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan ilovalar – internet ulamasdan ham mahsulotning joylashuv joyini aniqlab topib beradigan; joylashuv joyini belgilaydigan; bir necha suratni bir fotoda jamlaydigan; elektron hamyon kabi ilovalarni telefoni xotirasiga yuklab oldi. Toshkent shahridan bir xonadonni ijaraga olib, elektron hamyoniga oldindan homiylari yuborgan pulga mahsulotni qadoqlash uchun kerak bo‘ladigan jihozlar xarid qildi. Qadoqlash ishlarini ular telegramdagi guruhga yuborgan videoqo‘llanmadan o‘rganib oldi.
Tayyorlov bosqichidan o‘tgach, boshqaruvchisidan xabar keldi: “Sening asosiy vazifang – telegramdan yuborilgan manzillarga borib, u yerlarga ko‘mib qo‘yilgan yaxlit “tovar”ni topib olish, uni turli og‘irlik va hajmdagi bo‘laklarga bo‘lib, qayta qadoqlash va kelgusida internet tarmog‘i orqali sotishimiz uchun bizning ko‘rsatmamiz bo‘yicha Toshkent shahri va viloyati tumanlaridagi hududlarga qayta ko‘mib chiqishdan iborat! Ish vaqti tonggi soat 4:00 dan kunduzgi soat 11:00 gacha, chunki bu vaqt ishlash uchun eng xavfsiz, militsiya xodimlari bo‘lmaydi”. Shu zahotiyoq uning ilk vazifasini amalga oshiradigan joy manzillari lokatsiyasini yubordi.
Topshiriqni qabul qilib olgan Nigora yoniga singlisi Komilani olib, Davronning “Spark” rusumli mashinasida Bo‘stonliq tumani sari otlanishdi.
Tonggi soat 4:00 da o‘sha manzilga yetib borib, u yerga “hamkasblari” tomonidan ko‘mib ketilgan mahsulotni topib, qazib olishdi. Og‘irligi 100–150 gramm miqdoridagi qadoqlanmagan sintetik giyohvandlik vositalarini ijara uyga olib kelishdi. Uni bir nechta kichik-kichik bo‘lakchalarga bo‘lib, qayta qadoqlashdi. O‘rgatishganidek, Nigora yangi mahsulot tayyor bo‘lgani haqidagi suratni tayyorlab, telegramdan jo‘natgan edi, sal o‘tib ish boshqaruvchi paketchalarni ko‘mib kelish uchun yangi lokatsiyalar yubordi. Yana uchovlon tun qorong‘isida yo‘lga tushishdi va koptokchalarni bu gal O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq va Bo‘stonliq tumanlaridagi tegishli hududlarga ko‘mib chiqishdi.
Kundan-kunga jo‘natmalar vazni ham, unga to‘lanadigan haq miqdori ham oshib borardi. Nigora may oyida notanish shaxsdan navbatdagi jo‘natma – 3 dona qog‘oz qutini olib qoldi. Jo‘natmada suv nasosi bo‘lib, uning ichida qog‘ozga o‘ralgan 700 dona tabletka, 300-400 gramm giyohvandlik vositasi joylangan edi.
Ko‘rsatmaga binoan uchovlon avval tabletkalarni maydalab kukun holiga keltirishdi. So‘ng ozdirish uchun chiqarilgan kapsulalarning ichini bo‘shatib, o‘rniga o‘sha kukunni joylab chiqishdi. Endi qismlarga ajratib, aytilgan joylarga ko‘mib kelish qoldi, xolos. Bu manzillarning aksariyati oliy o‘quv yurtlari, maktab va litseylarga yaqin joy edi. Bu yerdan kimlarga tarqalishi esa o‘zingizga ma’lum.
Hamtovoqlar “yangi biznes”i baroridan kelayotgani va mo‘maygina daromad topishayotganidan juda xursand edi.
Bu tunda yanada katta ish kelib tushdi: Olmazordan Toshkent tumani Hasanboy shaharchasigacha tasvirlangan manzildan tovarni olish kerak. Opa-singil Davron boshqaruvidagi ulovga o‘tirib, Toshkent tumanidagi “Favvora” kafesiga yondosh qurilishi tugallanmagan binoning orqa tarafida joylashgan maydonga borishdi. Rejaga ko‘ra, opa-singillar mashinada kutib turadigan, Davron yukni topadigan bo‘ldi. Yigit ulovidan tushdi, telegramdan kelgan lokatsiya bo‘yicha harakatlanib bordi.
Binodan 50 metr uzoqlikdagi dala maydonida o‘tlar orasiga ko‘mib qo‘yilgan “xazina”ni topdi. Polietilen paketga joylangan, plastik idishlardagi tovar naq 3,9 kg giyohvandlik vositasi edi.
– Hosil mo‘l-ku, – deya uning tuprog‘ini qoqarkan tirjaydi Davron. – Demak, soqqasi ham zo‘r bo‘lar ekan-da!
Ammo bu gal uning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Xaltani yerdan olishi bilan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari uni qo‘lga olishdi. Yuzlab yoshlarni, xususan, talabalarni, o‘quvchilarni yoki ularning ota-onalarini tubsiz jarlikka g‘arq etishi mumkin bo‘lgan og‘uning tarqalishiga bu gal vaqtida nuqta qo‘yildi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, tezkor tadbir davomida fosh bo‘lgan ushbu modda respublikamiz hududida muomalasi taqiqlangan giyohvand vositalari turkumiga kirishi aniqlandi. Jinoyatga jazo muqarrar. Sud ishni har tomonlama o‘rganib chiqib, Nigoraga muqaddam tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 11 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Shuningdek, Komila 6 yil, Davron esa 10 yil muddatga ozodlik degan baxtni tuymaydigan bo‘lishdi.
Umid qilamizki, bu muddat ular qilmishlarining jirkanchligi va insoniyatga choh ekanini tushunib yetishlari hamda xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib olishlari uchun bir saboq bo‘ladi. Zero, jinoyatga jazo tayinlashdan asosiy maqsad ham shu, aslida.
Tafsilotdan niyatimiz esa barchani yanada hushyorlikka chorlash, asr vabosi bo‘lmish giyohvandlikka, uning bugungi tezkor axborot maydonidagi uchqur va xiylakor harakatiga qarshi har birimiz kurashishimiz va bu borada yanada jipslashishimiz kerakligini uqtirishdir.
ILDIRGI: Maqola Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurafshon shahar sudida ko‘rilgan jinoyat ishi materiallari asosida tayyorlandi.
Nurxon ELMIRZAYEVA,
jurnalist
“Jadid” gazetasining 2024-yil 29-noyabrdagi 49-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600