Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.04.2024 | 14:07

img937

“TURON” SANOYI NAFISA ITTIFOQI

XIX asr oxiri, XX asr boshlariga kelib Turkiston Chor hukumatining xomashyo ombori va bozoriga aylanib qolgan edi. Mustabid harbiy ma’muriyat xalqning ijtimoiy-siyosiy tafakkuri rivojlanishi, madaniy jihatdan yangilanishi, oxir-oqibat o‘z mustaqilligini talab qilish darajasiga ko‘tarilishidan qo‘rqar, shu bois, har bir yangilikka qarshi turardi. Millat xodimlari xalqning ijtimoiy-siyosiy tafakkurini o‘zgartirish, uni bosib yotgan “bid’at” atalmish og‘ir yuk – g‘aflatdan qutqarish va ma’rifatlantirish uchun o‘z maqsadlarini harakatdagi, taqdirlar faoliyatidagi badiiy tafakkur – dramaturgiya va katta ko‘zgu, ya’ni teatr san’ati orqali taqdim etib, unga o‘zligini tanitishga, qanday ahvolga tushib qolganini bildirishga, uni uyg‘otishga ahd qildilar. Bu g‘oyani aks ettiruvchi sahna asarlarini tomoshabinlar ommasiga taqdim etish uchun teatr truppasi zarur edi.  1913-yilda toshkentlik bir guruh millat fidoyilari: Abdulla Avloniy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xo‘jayev, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Muhammad­xon Podshoxo‘jayev, Komilbek Norbekov, Kattaxo‘ja Boboxo‘jayev, Bashirulla Asadulla Xo‘jayev, Karim Norbekov, Nizomiddin Xo‘jayev Sirdaryo harbiy gubernatoriga Toshkent shahrida “Sanoyi nafisa” ittifoqini tashkil etish uchun ariza berdilar. Arizaga qo‘shimcha sifatida “Turon” truppasi tarkibini ham ilova qildilar. Biroq bosqinchi sansalorchi byurokratlar tomonidan ittifoqning Nizomi talab qilindi.  Shundan so‘ng muassislar tomonidan ukrain, rus, yahudiy teatr uyushmalarining nizomini har tomonlama o‘rganish asosida “Toshkent shahridagi “Turon” musulmon drama san’ati havaskorlari ittifoqining 73 moddadan iborat Nizomi ishlab chiqilib, Sirdaryo muzofot harbiy gubernatoriga taqdim etildi. (Nizomning 1916-yil, 11-noyabrda Toshkent shahar notariusi D.Yegorov tomonidan 

 № 7176-raqami bilan ro‘yxatga olingan nus­xasi qo‘limizda saqlanadi).  Nizomda quyidagi maqsadlar aniq ko‘rsatilgan: “a) aholi o‘rtasida sahna ishlari va xayriyaga jiddiy munosabat-muhabbatni rivojlantirish; b) xalq uchun spektakl ko‘rsatish, unga sog‘lom tomosha berish; v) Turkis­ton o‘lkasi hududida yashovchi muhtoj ahli muslim­ning moddiy va ma’naviy ahvolini yaxshilash uchun moddiy yordam ko‘rsatish.   2) Ko‘zda tutilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun Ittifoq kechalar, konsertlar, spektakllar va boshqa ommaviy tomoshalar o‘tkazish huquqiga ega. O‘z nomiga klub va musiqa kurslari ochadi, o‘zining kutubxona va qiroatxonasiga ega bo‘ladi. Boshlang‘ich maktablar ochish va saqlash, muhtojlarga, jumladan, o‘quvchilarga yordam puli berish, o‘rta va oliy maktablarda o‘qishni davom ettirish uchun stipendiya to‘lash, shuningdek, davlatnikimi, xususiymi, jamiyatnikimi – qan­day tizimda bo‘lishidan qat’i nazar, mavjud xayriya va ma’rifat muassasalarini moddiy quvvatlash”. Nizomda, shuning­dek, sahna san’ati talablariga keng o‘rin berilgan, har bir a’zoning vazifasi aniq belgilangan.   Ushbu maqsad va vazifalar qanchalik amalga oshdi? Turkiston tumani maxfiy xizmati ma’lumotiga qaraganda, Abdulla Avloniy, Bashirulla Xo‘jayev, Muhammadxon Podshoxo‘jayev, Nizomiddin Xo‘jayev, Musaxon Mirzaxonov, Qudratulla Ma’zumov, Ubaydulla Erg‘oziyev, Shomurot Shoyoqubov, Qudratulla Yunus Muhamedov, Mirsiddiq Avlonov, Shokirjon Rahimiy muassisligida “Turon musulmon dramatik san’ati truppasi” tuzildi. Oradan ko‘p o‘tmay truppaga Sulaymon Xo‘jayev, Badriddin A’lamov, Hasan qori Xoniy, Eshonxo‘ja Xoniy, Sami’ye qori Ziyaboyev, Umarqul Anorqulov, Fuzail Jonboyev, Salimxon Tillaxonov, Mannon Majidiy va boshqalar qabul qilindi, truppa tarkibi ken­gaydi.   Millat xodimlari xalqning ijtimoiy ongi­ni ochish, asta-sekin siyosiy yo‘nalish be­rish maqsadida teatrni ko‘ngilochar mas­kan emas, balki ibratxonaga aylantirish uchun kurashdilar. Shu bois minbar teatri asosiy yo‘nalish sifatida belgilandi. Natijada Behbudiyning “Padarkush”, Hoji Mu’inning “Mazluma xotin”, Nus­ratulla Qudratulloning “To‘y”, Abdulla Bad­riyning “Juvonmarg”, Usmon Xo‘janing “Boy ila xizmatkor”, Abdulla Qodiriyning “Baxt­siz ku­yov”, Abdulla Avloniyning “Advokatlik osonmi” pyesa­lari dunyoga keldi va sahna yuzini ko‘rdi. “Turon”chilar mus­tamlaka hokimiyati tazyiq va ta’qibiga qaramay jiddiy ishlarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldilar. Bi­rin­chi sinov spektakli – “Vatan qahramonlari” dramasi 1913-yil avgust oyida Toshkentdagi Shayx Hovandi Tahur sa­yilgohida ko‘rsatildi. (Bu haqda Munavvar qori Abdurashid­xonovning Tataristonda nashr etilgan “Qu­yosh” gazetasida spektakldan tushgan pulning nimalarga sarflanishi haqida hisoboti e’lon qilindi. “Tarjumon” gazetasi ham ushbu ma’lumotni ko‘chirib bosgani ma’lum). Xalqning bu asarni yaxshi kutib olganiga ishonch hosil qilgan truppa 1914-yil 27-fevraldan e’tiboran “Padarkush” dramasi bilan o‘zining rasmiy ijodiy mavsumini boshladi.  Aytilgan asarlar tomoshabinga Turkis­tonning maishiy, ijtimoiy va siyosiy ahvolini haqqoniy namoyon etdi. El farzandlarining qiynalib ishlab topayotgan mablag‘i, dehqonlarning qishin-yozin ter to‘kib qo‘lga kiritgan pullari hoy-u havas yo‘lida sovurilayotgani, xotin-qizlar ahvoli xalqqa ko‘zgudagidek ko‘rsatildi. Xalq o‘z taqdiridan qanchalik rozi va noroziligi insonlar taqdiri talqini orqali ibrat sifatida ko‘rsatildi, bu bilan yangicha tafakkurga yo‘l ochildi.  Mustabid hukumat tazyiqidan qat’i nazar, “Turon” a’zolari Toshkent shahrida “Turon” va “Ravnaq” nomlarida kutubxona, qiroatxona, “Turkiston kutubxonasi”, “Umid” nashriyotlarini tashkil etdilar. Bu harakat Turkistonning boshqa shaharlariga ham ko‘chdi.  1901-yildan boshlab milliy maktab yaratish masalasiga jiddiy e’tibor qaratildi. Usuli savtiyaga asoslangan maktab­lar Turkistonning markaziy shaharlarida ochila boshladi.   Xo‘sh, avvallari milliy maktab yo‘qmidi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Avvallari butun Turkis­ton o‘lkasida erlar va qizlar maktabi mavjud edi. Ammo ularda bir maromnoma asosida o‘qitish tizimi yo‘q edi. Uyda, masjidlar qoshidagi maktabda yoxud otinlar qo‘lida 12 yoshgacha o‘qigan bolalar madrasa­da ta’lim olish huquqiga ega edilar. Ammo “boshlang‘ich”, “o‘rta”, “o‘rta maxsus”, “oliy ta’lim” degan tushuncha bo‘lmagan. Shu sababli usuli savtiya maktabiga e’tibor qaratildi. 1906-1907-yillarda ochilgan yangi maktablar Mahmudxo‘ja Behbudiyning talabiga umuman javob bermagan. Shu bois, u Namangan­dagi Salohiddin Majidiyning maktabida bo‘lib, o‘quv tizimi bilan tanishgach, bu maktabdan qanoat hosil qilmagan, Salohiddin Majidiyni qattiq tanqid qilgan. Faqat Samarqanddagi Abdulqodir Shakuriy va Toshkentdagi Munavvar qori Abdurashidxonov maktabi talab darajasida ishlagan.   Buyuk muallim Munavvar qori Abdurashidxonov milliy maktabga asos soldi: shogirdlarga tizimli ta’lim-tarbiya berish tizimini ishlab chiqdi. (Samarqandlik boylar Toshkentga maxsus vakil yuborib, uning o‘qitish usulini, ta’lim-tarbiya tizimini o‘rganishgan). Natijada boshlang‘ich va o‘rta milliy maktab ochildi. N.Ostroumovning qarshiligiga qaramay, ba’zan oshkora, ba’zan maxfiy ravishda o‘quvchilarga ona tili va adabiyot, geografiya, tarix (umumiy, milliy va islom tarixi), jamiyatshunoslik, o‘zga davlatlardagi o‘rta, oliy maktablar haqida, insonlar huquqi to‘g‘risi­da tushuncha-ma’lumot berildi. Riyoziyot (matematika), rus tili rasmiy ravishda fan sifatida kiritildi. Ilk bor o‘rta maktabda jismoniy tarbiya darsi yo‘lga qo‘yildi.Toshkentlik boylarning boshi qovushtirilib, yoshlarni xorijga o‘qishga yuborish masalasi ijobiy hal qilindi.   “Turon” sanoyi ittifoqi kutubxona, xayriya, maktab va teatr muammosini hal qilar ekan, xalqni o‘zligini tanish va o‘z huquqini talab qilish darajasiga ko‘tardi. Bu og‘ir va mas’uli­yatli vazifani bajarishda Saratov shahrida tahsil olib, da’vo vakili huquqini qo‘lga kiritgan Ubaydulla Xo‘jayev, Sankt-Peterburg universitetining yuridik bo‘limini bitirgan Toshpo‘latbek Norbo‘tabekovning o‘rni va xizmati beqiyos. Millat xodimlari yuqorida biz zikr etgan tashkilotlar faoliyatini yo‘lga qo‘­yish bilan kifoyalanishmadi. Turkiston xalqining xayoliga kelmagan “Dorul aytom” (“Yetimlar uyi”), “Dorul ojizin” (“Ojizlar uyi”), ya’ni muhtoj kishilar uchun maxsus mehribonlik uyini tashkil etdilar. (Bunday muassasalar keyinchalik Qo‘qonda ham tashkil qilindi). Qashshoq, kambag‘al kishilarning bolalari­ni o‘qitishga jiddiy ahamiyat berildi. Chunki o‘sha davrda ishsizlik, dehqonlar va hunar ahli soliqlarni arang to‘lab yashayotgani bois farzandlarini bosh­lang‘ich maktabda o‘qitish imkoniyatiga ega emasdilar. Ayrim kishilar­ning o‘qituvchi­ga bir oyga 10 tiyin to‘lashga ham imkoniyati yo‘q edi. Ana shunday ahvoldan qutulish uchun “Turon” sanoyi ittifoqi a’zolari­ning vatanparvarligi, millatsevarligi tufayli “Jamiyati imdodiya”, “Gramstudiya” (likopchalarga hofizlar ovozini yozish muassa­sa­lari) tashkil etildi. “Sadoi Turkiston” gazetasi nashr etila boshlandi.  “Turon” musulmon drama san’ati havas­korlari ittifoqining har bir spektaklidan so‘ng hisoboti matbuotda e’lon qilingan. Hisobotlarga qaraganda, spektakldan tushgan daromad maktablar, kutubxona, mehribonlik uyi, yetimxona, hatto yarador bo‘lgan rus askarlariga yordam tariqasida o‘tkazilgan. Bu holat keyingi asarni namoyish etishga yo‘l ochgan. Millat xodimlari bu ishlar bilan ham cheklanmaganlar. Munavvar qori Abdurashidxonov va Abdulla Avloniy milliy adabiy til xususida jiddiy ish olib borishdi. Natijada maktab va sahna vositasida yangi o‘zbek adabiy tili shakllana boshladi. Milliy matbuot tili avvalgi ro‘znomalar tilidan ancha farqlandi. Til tozalandi, viloyatlar va shaharlar aholisi uchun tushunarli bir adabiy til vujudga keldi. (M.Abdurashidxonovning Hamzaning “Zaharli ha­yot” dramasi tahririga qaralsin).  Mirmulla va Mirmuhsin Shermuhamedov singari “Turon”chilar timsolida milliy adabiyot va teatr tanqidchiligi maydonga keldi. Adabiy tanqidchilik yangicha shakl va mazmun kasb etdi.   “Turon”ning bu harakati 1917-yil ok­­­t­yabri­dagi davlat to‘ntarishigacha davom etdi. Bi­roq ikki inqilob orasida yuz bergan iqtisodiy tanglik, ayrimlarining yangi mafkura bilan kelisha olmaganligi va boshqa qator sabablar tufayli Ittifoq va teatr namoyandalari kasbini o‘zgartirishga majbur bo‘ldilar. Hatto, ular­ning Turkiston muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlashlariga to‘g‘ri keldi. Muxtoriyat e’lon qilingan vaqtda ko‘pchilik milliy ziyolilar Qo‘qonda edi. Teatr o‘zining ishlab topgan pulini Muxtoriyat hisobiga o‘tkazgani haqida Badriddin A’lamov va Mannon Uyg‘ur imzosi bilan “El bayrog‘i” gazetasida ma’lum qildi. (Teatrning ilk rejissyori Nizomiddin Xo‘jayev 1937-yilda qatag‘on qilindi, undan keyingi rejissyori Badriddin A’lamov dashnoqlar fitnasi­ni bostirishdan so‘ng qaytib kelib, yoshgina vafot etdi).  Yangi milliy teatr muassislari va ijodkorlari sinovli yillarning og‘irligi, bolsheviklarning xiyonatkorligi, mafkurasining mustamlakachilik bilan yo‘g‘rilganini elga ochiq-oydin yetkazish istagi bois, diktatura va mustamlakachilikka qarshi asarlarni tomoshabinga taqdim etish­di. Teatrga badiiy rahbar etib tayinlangan Mannon Uyg‘ur uning repertuariga jiddiy o‘zgartirishlar kiritdi: Vatanni mustabid bosqinchilardan qutqarish masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Muhammad Said O‘rdubodining “Andalusning so‘ng kunlari”, Fitratning “Hind ixti­lolchilari”, “Chin sevish”, Hamzaning “Boy ila xizmatchi” dramalari xalqqa ko‘rsatildi. Gʻozi Yunusning yakkahokimlik, diktator va diktaturaga qarshi “Zahhoki moron” dramasi omma tomonidan samimiy kutib olindi. Gʻulom Zafariyning “Halima” ijtimoiy muzikali dramasi uzluksiz ravishda 17 yil namoyish etildi.  Ana shu jarayonda bolsheviklar truppa repertuari va tarkibini tozalash ishlarini boshladi. Munavvar qori Abdurashid­xonovning taklifi bilan ko‘pchilik bolsheviklar firqasiga a’zo bo‘ldi. Mannon Uyg‘ur, Qudratulla Ma’zumov, Qudratulla Yunusov, Abdulla Avloniy, Cho‘lpon, Muhammadxon Podshoxo‘jayev, Nizomiddin Xo‘jayev va bosh­qalar “qizil daf­tarcha”lik bo‘ldilar. Leninning ko‘rsatmasi bilan sobiq imperiya hududidagi barcha teatrlar va truppalar majburiy ravishda inqilob tashviqotiga yo‘naltirildi. Jumladan, Mannon Uyg‘ur rahbarligidagi truppa Oqtuba (Aktyubinsk) frontiga, Mirzag‘ofir Musaxonov rahbar, Hamza Hakimzoda asosiy rejissyor bo‘lgan O‘lka siyosiy truppasi Kas­piyorti frontiga jalb etildi. Besh-olti oylik safarbarlikdan so‘ng har ikki jamoa o‘z-o‘zidan tarqalib ketdi. Mannon Uyg‘ur esa Munavvar qori Abdurashid­xonovning iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashi, Akmal Ikromov hamda Fayzulla Xo‘jayevning yordami bilan Moskvadagi teatr institutiga tahsil olgani ketdi. Nomlari zikr etilganlarning ko‘pchiligi 1920-yil boshidayoq “qizil daftarcha”ni egasiga topshirdilar.

 Mannon Uyg‘ur teatr institutida bir yil tahsil olgach, 1924-yilda yuqorida nomlari keltirilgan kishilarning quvvatlashi bilan Moskvada o‘zbek dramstudiyasini tashkil etdi. “Turon” musulmon drama san’ati ittifoqi ijodiy faoliyatini shu tariqa yakunladi. Sobiq “Turon”chilar va Shokirjon Rahimiy, Mannon Uyg‘ur, Cho‘lpon, Otajon Hoshim tarbiyasini ko‘rgan milliy ruhdagi yosh yigit-­qizlardan iborat “Namuna” truppasi tuzildi (1927-yil). Mannon Uyg‘urga mafkuraviy ishonch yo‘qligi bois, “Namuna” davlat truppasiga P.Alekseyev degan mos­kvalik san’atkor bosh rejissyor va badiiy rahbar etib tayinlandi. M.Uyg‘ur rejissyor sifatida ishini davom ettirdi. Repertuar ham, ijod ahli ham bolsheviklar talabi bilan mutlaqo yangilandi. Biroq “Turon”ning ijodiy, ma’naviy an’anasi yo‘qolmadi. O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini e’lon qilgan davrgacha goh oshkora, goh yashirin tarzda bu an’ana davom etdi… Shu bois “Turon” truppasi va uning asos­chilari milliy madaniyatimiz tarixida faxrlanishga arzigulik nom qoldirdilar. Bu – sinmas va egilmas haqiqatdir.

Sirojiddin AHMAD

“Jadid” gazetasi 2024-yil 8-mart 11-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596