28.04.2025 | 09:15
483
TUTASH TOMIRLAR
Keyingi yillarda qo‘shni mamlakatlar bilan iqtisodiy-madaniy, adabiy-ma’rifiy aloqalar chin ma’noda kuchaygani sir emas. Zero, qo‘ni-qo‘shnichilik, do‘st-birodarlik, yaxshilik yo‘lida qo‘lni qo‘lga berish ma’naviyat sohasida ham qaysidir ma’noda “butun olam tortishish qonuni”ga bo‘ysundi. Zero, orasta ko‘ngillar biri-biriga intiladi, biri ikkinchisini sog‘inadi. O‘tmishda ildizlari bitta bo‘lgan ulkan daraxtlarning mevalari totli, soyalari manfaatli va quyuq bo‘lishi oydek ayon gap. El obodligi va tinchligi, mamlakat ahlining farovon turmushi yo‘lidagi har qanday xizmatdan inson mamnun bo‘ladi. Odatda qo‘shnilar gurungida tabiiy ravishda shonli tarix, olis-yaqin o‘tmishda bunyod bo‘lgan shaharlar, qasrlar, koshonalar bilan birga ulug‘ allomalar va ularning o‘zaro ma’naviy-ruhiy robitalaridan so‘z ochiladi.

To‘g‘risi, Turkmaniston Respublikasi milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedovning Samarqandga tashrifini eshitganimda, xususan, O‘zbekiston Prezidenti mehmonni kutib olib, birgalikda tarixiy maskanlarga ziyorat qilganini ko‘rib xayolimdan yuqoridagi fikrlar o‘tdi. O‘zbek va turkman xalqlarining birdamligi, og‘zibirligi, ilm-fan va madaniyat sohasidagi hamkorligi Markaziy Osiyo mintaqasi uchun juda ulkan ahamiyat kasb etadi. Yer yuzining sayqali Samarqandni ko‘rishga orzumandlar juda ko‘p jahonda. Bu ulug‘ shaharni nasib etgan tomosha qiladi. Samarqandga keyingi yil va oylarda dunyoning turli mintaqalaridan shunday martabali shaxslar ko‘p keldi. Ular orasida prezidentlar, vazirlar, arboblar-u allomalar bor. “Sharq taronalari” xalqaro festivalida san’atkorlar, xalqaro anjumanlarda turli soha olimlari Samarqandga butun borlig‘i bilan singib ketishadi va yana takror kelishni niyat qilishadi.
Bu qadim va navqiron shaharning ma’naviy ob-havosidan nafas olgan, osmonida charaqlagan yulduzlarni ko‘rgan har kim beixtiyor Amir Temurni, Mirzo Ulug‘bekni yodga oladi. Hazrat Alisher Navoiy bu maskanda bir necha yil istiqomat qildi, o‘qidi. Navoiyni o‘ziga ustoz bilgan turkmanlarning ulug‘ shoiri Maxtumquli she’rlarining birida samarqandlik ulamolarni, Samarqand shahrini ehtirom bilgan tilga oladi. O‘zbek va turkman xalqlarining milliy iftixori bo‘lgan ikki shoir orasida, garchand bir necha asrlik masofa bo‘lsa ham, ular doimo ustoz-shogird maqomida eslanadi. Maxtumquli Samarqandni ulug‘lab havas qilgan bo‘lsa, hazrat Alisher Navoiy o‘z vaqtida madaniyat, ilm-fan markazi bo‘lgan Marv (hozirgi Mari) shahriga, marvaziylarning insoniyat tarixidagi missiyasiga shu darajada yuksak baho beradi. Shuningdek, hazrat Alisher Navoiy asarlarining qahramonlari Marv shahriga butun qalbi bilan intiladi:
“To boqib Marv sari bosh urayin,
Boshni ko‘k manzaridin oshurayin”.
Ilm-fan va madaniyat maskani bo‘lgan bu shahar Alisher Navoiy uchun juda qadrdon edi.
Alisher Navoiy o‘z so‘zining quvvati dunyo ahli qalbiga yetib borishini chuqur anglagan shoir edi. Shunga ko‘ra:
“Ko‘ngil bermish so‘zima turk jon ham,
Ne yolg‘iz turk, balkim turkmon ham”,
– deb yozdi. Muhtasham Mavoraunnahrning dunyoga dong taratgan ta’lim dargohlari joylashgan Samarqand, Marv, Buxoro, Niso, Xiva kabi shaharlari hali hamon ulug‘lar yozgan asarlar orqali go‘yo tirik insondek bashariyatga so‘z qotadi. Shu e’tibordan Maxtumqulining Xiva madrasasiga qarab:
“Ajratarman endi oq-u qaroni,
Do‘st-raqib, qardoshim, Haqni, yoronni,
O‘qidim, ko‘tardim Kitob – Qur’onni,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal Sherg‘ozi”,
– degan misralarida chuqur ma’no bor. Boshqa bir she’rida Maxtumquli:
“Qadrdon do‘stingdan yuzing o‘girma,
Borsang, boshi uzra toj etar seni”,
– deb yozadi. Shoirning bunday hikmatli baytlari umuminsoniy mohiyatga ega, albatta. Chunki chin do‘st qo‘lni qo‘lga berib do‘sti bilan birga yuksaladi.
Zamonamizga yaqinroq kelaman. Iste’dodli, qahramon shoirimiz Erkin Vohidov bir she’rida “Turkman – tutash tomirim”, deb yozgan edi. Zero, turkiy millatlarning ildizi bir, tarixi bir, tillari juda yaqin. O‘zbek bilan turkman o‘zaro suhbatlarida uchinchi bir tilmochga zarurat sezmaydi. Bu qon-qardosh ikki xalq asrlar davomida Jayhun bo‘ylarida o‘zaro quda-anda, do‘st-u inoq bo‘lib yashab keladi.
Gapimni she’rlarida ustozlarining adabiy pafosini davom ettirgan dasho‘g‘izlik talantli shoir Abduvohid Sayid Muhammadning quyidagi misralari bilan tugatishni ma’qul ko‘rdim:
Ikki qardosh – ikki el
Bir-birini og‘am der.
Bir-biriga oshnam deb,
Bolasiga chag‘am der,
Besh ming yilmi – o‘n ming yil
Bir kosadan ovqat yer,
Shundayin barqarordir
O‘zbek-turkman do‘stligi.
Bahodir KARIM
“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-apreldagi 17-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
82
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
132
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
324



