10.08.2026 | 16:16
1333
UCH YO‘L – UCH TAQDIR
Bu maqolani olti oy oldin yozmoqni ko‘zlagan edim. Attangki, tiriklikning turfa savdolari barcha niyatlaringizni o‘z vaqtida amalga oshirishga yo‘l bermaydi. Yaqinda marhum hofizimiz Sherali Jo‘rayevning “Yaralgan” qo‘shig‘ini tinglay turib, xayolim faromushxonasidagi o‘sha maqsad yana bosh ko‘tardi va “Momaqaldiroq ostida sayr” romani qahramonlari – Oyravshan, Gʻayrat va Iskandarlarning “bir kam dunyo”si tasvirini qayta jonlantirdi.

Qo‘shiq matni va roman mazmunining o‘zaro bog‘liqligini isbotlamoq uchun uzoqqa borishga hojat yo‘q: romanning boshida tog‘dan toshib-ayqirib kelgan ertalabki sel Jiydalisoy ustidagi hukumat qurgan baquvvat toshko‘prikning qoq yarmini olib ketadi. Yozuvchi taajjub ila so‘raydi: “yorti ko‘prikni hech ko‘rganmisiz – ko‘prik deb bo‘ladimi uni, ko‘priklik siyog‘i qoladimi uning?” Mana shu birgina savol – butun romanning kaliti, desak, adashmagan bo‘lamiz. Chunki Erkin A’zam tasvirlagan jamiyatda hamma narsa ana shunday yorti: muhabbat yarim, vijdon yarim, saylov yarim, hatto ziyolilik siyog‘i ham… Belidan cho‘rt singan ko‘prikdan o‘tmoq uchun odam yo “zo‘rniki tegirmon yurgizar” qabilida suvdan quruq chiqish yo‘lini izlaydi, yo “nomard ko‘prigidan o‘lsam, o‘tmasman” deya, eng xatarli yo eng uzoq yo‘lni tanlaydi.
Darvoqe, asar muqaddimasida – soy bo‘yida uch qahramon uch xil yo‘ldan boradi: Iskandar “Toyota Prado”sini azza-bazza suvga soladi (pul kuchidan sarmast); Gʻayrat poyabzalini yechib, pochasini shimarib, toyg‘ona-toyg‘ona kechib o‘tadi (sabot ham, mehnat ham shu); Oyravshan esa qo‘lida yuk, yonida bola, uch-to‘rt chaqirimlik aylanma so‘qmoqdan ketadi (yiroq, lekin to‘g‘ri yo‘l!). Roman hali boshlanmasidan uch kechuvda uchala taqdirning xaritasi chizib qo‘yilgandek. Buni kompozitsion topilma demay, nima deysiz?
Tabiat qahri qo‘rqinchlimi yo odamzod qasdi?..
Sel voqeasi bilan boshlanadigan romanga muallif ramziy momaqaldiroqni sarlavha o‘laroq tanlaydi. Avval-boshda uchta so‘zdan iborat sarlavha ko‘nglimga unchalik o‘tirishmaganroq, hatto, ruscha tarjimasi asliyatdan chiroyliroq tuyulgan edi. O‘qigach, amin bo‘ldimki, momaqaldiroq asarning bosh metaforasi ekan. Tabiatda momaqaldiroq havoni tozalaydi, chang-g‘uborni yuvadi, dov-daraxtga jon kiritadi. Erkin A’zam romanidagi ijtimoiy momaqaldiroqlar esa, aksincha, hech narsani tozalamaydi – faqat ko‘ngillar o‘rtasidagi ishonch ko‘priklarini olib ketadi, xolos.
Romanda momaqaldiroq timsoli aniq ijtimoiy mazmun kasb etgan o‘rinlar bisyor. Iskandarning boshiga tushgan muammolar – “Orom” mehmonxonasining bir qaror bilan buziladigan bo‘lib qolishi, noma’lum “akalar”ning tahdidi, to‘satdan mansabdan ketishini uning hayoti osmonini larzaga solib gumburlagan momaqaldiroqqa mengzash mumkin. Vorisxon boshliq ko‘zga ko‘rinmas kuchlar Gʻayratni to‘rt oy qorong‘i yerto‘lada saqlaganida ham na biror hujjat rasmiylashtiriladi, na biror jinoyat ishi ochiladi – chaqmoq chaqadi-yu, izi qolmaydi. Mana sizga, zamon momaqaldirog‘i: gulduragi bor-u, yomg‘iri yo‘q; vahimasi bor-u, dalili yo‘q. Eng qizig‘i, asarda tabiat hodisalari hamisha odamdan ko‘ra halolroq. Sel alayno-oshkor keladi, dovul baralla uvillaydi. Saylov natijasini bir kechada ostin-ustun qilib yuboradigan qo‘ng‘iroq, to‘rt oylik zindonni oddiygina “profilaktika” deb ataydigan tizim, xudoyi oshda to‘satdan to‘xtab qoladigan yurak… barchasi ovozsiz, sharpasiz “momaqaldiroq”lar. O‘ylanib qolasiz, tabiat qahri qo‘rqinchlimi yo odamzodning qasdi?..
Darvoqe, romanda “momaqaldiroq” so‘zi bilan momolar kechmishi o‘rtasida ham bog‘liqlik bor: Gʻayratning momosi vafot etib, to‘yni bir yilga surib yuboradi va aynan shu muddatda Oyravshanning taqdiri izdan chiqadi. Tarixni buyuk shaxslar emas, tasodiflar va… gohida yoshini yashagan kampirlar uchun tutilgan to‘qqiz oylik motam hal qilar ekan-da, deb ham kulasiz, ham kuyasiz. Haqrost, gohida qismatning temir qonunlari emas, keraksiz urf-odatning kishanlari odamni qattiqroq bog‘lab tashlaydi.
Vijdon mahkamasi
Mumtoz adabiyotimizda sevgi uchligining tartib-nizomi ma’lum: Tohir-u Zuhra orasiga Qorabotir tushadi, Farhod bilan Shirin orasiga Xusrav. Romandagi talqinga ko‘ra, maktabdoshlar Gʻayrat bilan Oyravshanni butun tuman “Tohir-Zuhro”, “Farhod-u Shirin” deb ataydi. Nazarimda, yozuvchi bu qolipni ataylab eslatadi, toki kitobiy muhabbatlar hayotda qanday fatorat topishini ko‘rib hayratlanaylik. Klassik uchlikda raqib ma’shuqani tortib olgach, fojia tug‘iladi. Erkin A’zamning uchligida esa Iskandar Oyravshanni sevmaydi ham, unga uylanmaydi ham. U qizni shunchaki “Uchorol” degan maishatxonada mast qilib, nomardlarcha egallaydi-da, keyin Toshkentga “dardi”ni davolatgani olib borib, sovg‘a-salom bilan ko‘nglini ovlab qo‘yaqoladi. Romandagi eng sovuq jumlalardan biri shu o‘rinda aytiladi: tan buzilib bo‘lgan, ko‘ngil esa abgor. Raqibning g‘alabasi – kuch va hokimiyat tantanasi: viloyat prokuraturasining mas’ul xodimi “Barchinoy” saroyidagi go‘zallik tanlovining natijasini ham bir qo‘ng‘iroq bilan hal qiladi, qizning taqdirini ham…
Oshiq-chi? Gʻayrat mumtoz oshiqlardek tog‘ qazimaydi, Shirin deb jon bermaydi. “O‘taketgan to‘g‘ri bola”… indamaydi. Maktub keladi – sukut saqlaydi, fotiha buziladi – mum tishlaydi. Oradan yillar o‘tib Iskandar uning yuziga “Oyravshan zo‘r qiz edi, lekin senga to‘g‘ri kelmasdi”, deb aytganda ham og‘zi ochilgancha qolaveradi. Uning bor isyoni, bor jur’ati faqat bir marta namoyon bo‘ladi: talabalik kezlari Oyravshan bir kecha ijaraxonasida qolganda, “taomilga amal qilib”, “qoidasini buzmaslik uchun” qizga qo‘l tekkizmaydi. Yozuvchi bobolardan meros bu iffat va pokdomonlikni ham ayamay istehzo tig‘idan o‘tkazadi: Oyravshanni ana shunda boy bergansan, og‘ayni! Mana, sizga, XXI asr o‘zbek romanining achchiq haqiqati: nomus qoidalariga og‘ishmay amal etgan yigit o‘z ma’shuqasini qoidalarni pisand qilmaydigan yirtqichga yutqazadi. Shunda ham muallif hech kimni oqlamaydi, hech kimni to‘liq qoralamaydi ham – borini ko‘rsatadi, ko‘rsatganda ham, yurakni tilka-pora etgudek alfozda!
Erkin A’zam raqib obrazini ham yakkash qora bo‘yoq bilan chaplamaydi. Zero, bu nav usul-uslub – uning ijodiy maslagiga zid. Iskandarning yovuzligi romanda ildizi bilan ko‘rsatilgan: otasi ko‘mir konida halok bo‘lgan yetimcha bola, Sho‘ro boboning sarhovuzi bo‘yida “Mayram bevaning yetimchasi”ligini yuziga solgan Tarasha xolaning zahar tili, onasi so‘ylab beradigan Nekbibi ertagining har gal bir xil, nursiz tugashi… Bolalikdagi xo‘rliklar qahramon ulg‘ayganida, “hayotdan o‘ch olish” dasturiga aylanadi: senlar mening yigitlik oriyatimni barbod qilding, endi men senlarnikini!.. Chidaysanlar, endi!
Roman oxirida Iskandarni ta’qib etadigan aloq-chaloq tushlarni (cho‘kayotgan qiz, qora xotin, kesilgan qo‘l) jinoyatchining o‘z hukmini o‘zi ijro etayotgan vijdon mahkamasi, deb ta’birlasa bo‘ladi. Yozuvchi o‘quvchisiga cho‘ng haqiqatni oshkor etadi: yovuzlik osmondan tushmaydi, u xo‘rlangan bolalik, “sen sho‘rtumshuqqa yo‘l bo‘lsin” qabilidagi kamsitishlardan unib chiqadi. Bugun o‘zini Tarasha kabi tutayotgan xolajonlar ertaga Iskandarlar yetishtirishini bir zum o‘ylab qo‘ysin.
Uchlik sevgisining eng mungli nuqtasi xotimada namoyon bo‘ladi. Iskandar Amerikaga ketish arafasida ehson osh berib turganida, to‘satdan yuragi yorilib o‘ladi. Gʻayrat yana urf-odat va taomilga sodiq qolib, qonxo‘r raqibining ta’ziyasiga qatnaydi. Ittifoqo, azaxonada, ayollar to‘dasi ichida Oyravshanni ko‘rib qoladi. Ko‘zlar bir soniya to‘qnashadi. Gʻayrat endi u, albatta, yana bir bor qaraydi, deb kutadi, amin bo‘lib, ilhaq bo‘lib poylaydi. Ammo u… “Qaramadi”. Birgina so‘z o‘ttiz yillik muhabbat dostoniga nuqta qo‘yadi. Jahon adabiyotida birgina fe’l bilan shuncha dard, shuncha iztirob tasvirlangan xotima kamyob. Uchlik muhabbati qissasining yangicha talqini mana shunda: g‘olib yo‘q, mag‘lublar bor; visol yo‘q, hijron bor; olov yo‘q, kul bor. O‘sha kul ostida “Seni uchratmaguncha uylanmas edim”, deya mardona tan olgan aravachadagi cholning so‘nggi e’tirofi-yu “Mardlik qilyapman, deysan-u, nomardlik bo‘lib chiqadi”, deya kechmishiga o‘zi hukm o‘qigan marhumning vasiyati yangi gulxanlarga cho‘g‘ bo‘lib qoladi…
Javobsiz qolgan savol
Oyravshanning “ustoz” va homiylari galereyasini romanning eng og‘riqli, eng jasoratli qatlami deyish mumkin. Oldin qisqacha sanab chiqaylik-da, keyin umumiy maxrajni topaylik. Birinchi homiy va ustoz – adabiyot olamining “Opa”si, “Zebo” jurnalining bosh muharriri, barcha shoiralarning “onaxoni”. U yosh Oyravshanni bag‘riga bosadi, peshonasidan o‘padi, ro‘molcha hadya qiladi, she’rlariga “Oq yo‘l” yozadi. Shuncha mehribonlik evaziga arzimagan narsa – ismini olib qo‘yadi: “Yo‘ling oydin bo‘lsin, Oy Rovshan!” Momosi oydin kechada ezgu niyat qilib qo‘ygan Oyravshan ismi Opaning bir imzosi bilan ikkiga bo‘linib, “jarangdor taxallus”ga aylantiriladi. E’tiroz bildirgan qiz “Opa qanday yozgan bo‘lsalar, shunisi to‘g‘ri”, degan javob oladi. Ismi o‘zgargan ijodkor “el qatori shoirka”ga aylanadi-qoladi…
Keyin esa Opaning “dargohi”da – jurnal kotibiyati xonasida, konyak va “otaxon mehri” pardasi ostida qizning boshiga ulkan fojia tushadi. Yillar o‘tib ma’lum bo‘ladiki, o‘sha Qori aka Opaning norasmiy eri ekan: ustoz shogirdiga… kundosh bo‘lishiga bir bahya qolgan ekan. It qurbonlikka yaramasa-da, Adabiyot ma’budasining ehromida mana shunday “qurbonlik” rasm-rusumi ado etiladi.
Bosh homiy – Rais bobo. U Oyravshanni deputat qilish uchun kurashadi, boz ustiga, kvartira, mashina olib beradi, haydovchilik guvohnomasigacha “osongina hal” bo‘ladi. To‘g‘ri, yozuvchi bu obrazni boshqalaridan farqli o‘laroq iliq bo‘yoqlarda chizadi: rais o‘z so‘zida turadi, bolasini tan oladi, Oyravshan bilan nikoh o‘qittiradi, oxirgi nafasigacha “Zoriqmayapsanmi?” deb hol-ahvol so‘rab turadi. Lekin mohiyat o‘zgarmagandek: oltmishdagi mulkdor amaki o‘ttiz yoshli qizni xuddi “Farovon” xo‘jaligidagi yeri kabi o‘zlashtirgandek. Romanda bunga nozik ishora bor: choriboy-u tamaralar Rais boboga qaram ekani aytilgach, roviy to‘satdan savol tashlaydi: “O‘zing-chi, o‘zing kimnikisan, Oyravshan?” Javobsiz qolgan bu savol o‘quvchiga ham qaratilgandek go‘yo – biz kimnikimiz, kimning nog‘orasiga o‘ynayapmiz, kimni o‘ynatyapmiz, biror marta o‘ylab ko‘rdikmi?..
Oyravshanga turli yo‘sinda yordam-u iltifot ko‘rsatgan ustoz va homiylar nima bersa, o‘shancha haq talab qiladi: Opa – ismini, Iskandar – nomusini, rais – tanasini, Lazizbek – “figurasi”ni, televideniye – yoshligini. Romanda bozor iqtisodiyotining shafqatsiz bir qonuniyati ochiladi: iste’dodli, chiroyli va himoyasiz ayolga o‘sish uchun tekin narvon yo‘q, har bir pog‘onaning narxi bor! To‘lov hamisha bir xil “valyuta”da to‘lanadi. Yozuvchining mahorati shundaki, bu haqiqatni minbardan turib qichqirmay, “o‘laksaxo‘r kalxatning o‘zi!” – deya Oyravshanning ichki ovozi orqali ayttiradi. Biz esa o‘sha satrlarni o‘qib turib uyalamiz: kuni o‘laksaga qolgan kalxatlar oramizda-ku! Har qadamda-ku!..
Nozik xilqat haqida zalvorli haqiqat
Yarim hazil, yarim chin ohangida aytib yurganim, bir gap bor – Erkin A’zam ijodida ijobiy ayol obrazi yo‘q hisobi. Bo‘lsa ham, Parizod kabi g‘ayb olamiga tegishli. Adibning deyarli barcha qissa va romanlarida ayol obrazlari erkaklar dunyosining adolatsiz tarozisida tortilardi. Yangi romanda bu mavzu yaxlit, konseptual darajaga ko‘tarilgan. “Gʻayrat – I” bobida To‘qsabo kuyov tanlatish o‘rniga qiz tanlatadi: “Qara, ikkoviyam qamchinday! Qaysi birini desang – seniki!” Ota bo‘lmishning sharti ham tayyor: “Ayb qilib qo‘ysa – urasan, ayamay urasan! Lekin xo‘rlamaysan balani”. Urasan, lekin xo‘rlamaysan! Patriarxal axloqning bu ajabtovur ziddiyatini bundan o‘tkirroq ifodalab bo‘lmasa kerak.
Romanda ayol xilqatiga jamiyat munosabatining turli qirralari badiiy yo‘sinda ifodalangan. Bir qirrasi go‘zallik tanlovi orqali namoyon etiladi: sohibjamol ayol – ko‘rgazma ashyosi, tomoshabop matoh. Izg‘irinda paxtazorda g‘o‘zapoya yulayotgan, oyog‘ida kalish, ko‘zlarida qayg‘u va hasrat xotin-xalaj siymosida ayol zotiga tekin ish kuchi sifatidagi ikkinchi tur qarash aks etgan. Uchrashuvga yasanib borgan deputatlikka nomzod Oyravshan ularga qarab turib etigini, qalpog‘ini, charm kurtkasini yechib uloqtirib, ho‘ngrab yuborishi sahnasi romandagi kuchli ijtimoiy portlash, chinakam vijdon momaqaldirog‘idir. Ayol zotiga uchinchi xil qarash ijtimoiy faol ayollar – Opa, Mufliha, madam Xosiyatning yurish-turishi orqali ifodalangan. Faqat erkaklar zolim emas, ayolni ayol ham sotadi, toptaydi, deganida yozuvchi ming karra haq!
Omad sinovi, qimor jazbi
Romanda “momaqaldiroq ostida sayr” qiluvchilarning deyarli barchasi – dunyoviy istaklar ketidan quvganlar, desak, yanglishmaymiz. Bu sayr-u sargardonliklar nihoyasida yolg‘onchi dunyoning ko‘p qing‘irliklari, hiyla-nayranglari, bir damda sarobga aylanuvchi fattonliklari g‘oyat ishonchli va shafqatsiz realistik uslubda tasvirlangan. Roman qahramonlari boshiga turfa savdolar tushgan bo‘lsa-da, ulardan to‘rt sohani ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiq ko‘rindi. “Oyravshan – II” bobida “omad sinovi, qimor jazbi”ga o‘xshagan saylov jarayonini ancha batafsil yoritish asnosida ikki saylov qiyoslanadi. Avvalgi davrda diydorini birov ko‘rmagan, lekin “yakdillik bilan” saylanishi shart bo‘lgan nomzodning harbiy kiyimdagi surati ko‘cha-yu do‘konlarda osig‘liq turadi. O‘n sakkiz yoshli Gʻayrat soddadillik bilan “Saylov degani kamida ikkitadan birini tanlash emasmi? Bir kishini qanaqasiga saylash mumkin?” – deb so‘ragani uchun komsomoldan haydaladi. Keyingi saylovlar-chi? Nomzodlar naqd uch nafar, uchrashuvlar qizg‘in, demokratiya rasmda to‘kis. Ammo natijani saylovchilar emas, birrovga kelib-ketgan “shishako‘z”ning mavqeyi hal qiladi. Shakl o‘zgargan, mohiyat o‘sha-o‘sha. Eng g‘aroyibi, Oyravshanning ashaddiy tarafdori – hukumat xumdonida obdan pishgan Rais bobo ham “Xalq uyi”ni oyimtillalar ishlasa bo‘ladigan korxona, deb biladi…
Romanning bosh qahramoni Oyravshan tanilmoq, dong taratmoq istagida dastlab adabiyot, so‘ngra televideniye “tegirmon”iga tushadi: “bir bor o‘ralashgan odam keyin bu dargohdan o‘z oyog‘i bilan chiqib ketolmaydi”. Bu ajabtovur tegirmonning toshi – reyting, suvi – xushomad, uni aylantiruvchi quli – iste’dodli qo‘rqoqlar. Bir olim qizg‘ish ko‘ylakda ekranga chiqqani vajidan “Nimaga shama bu?!” deya qiyin-qistovga olinish lavhasi – mafkuraviy hadiksirash ijod erkinligini qanday kemirishining tragikomedik misoli. Sirasini aytganda, butun umri davomida badiiy ijod bilan shug‘ullangan kishining bu borada ochiq-oydin, kuchli parodiya va istehzo bilan so‘z yuritishi qaysidir ma’noda ma’naviy jasorat hamdir: o‘z uyining qo‘shsinch devoridagi qurt kavagini ko‘rsata olish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.
Asardagi talqinga ko‘ra, sirtdan oliysha’n amaldor bo‘lgani bilan ko‘pchilik katta qo‘g‘irchoqbozlar qo‘lida o‘yinchoq ekanini o‘zi yaxshi biladi. Haqiqiy hukmfarmolik Vorisxonga o‘xshash “errayim”lar qo‘lida: ular lavozim taqsimlaydi, mulk tortib oladi, begunoh mardumni oylab zindonband etadi, keyin hujjatsiz-izohsiz qo‘yib yuboradi. Gʻayratning qismati misolida rahbarlikning chin qiymati ham ko‘rsatilgan: pora eltishdan bosh tortasanmi – birinchi kun soatingni yechib olganlar ertasiga qo‘lingga kishan soladilar. Jumaniyozning maslahati esa zamonaning ayni o‘zi: “Qochasan! Зарубежная командировка по контракту!” Ha, Jiydalida to‘g‘ri odamga ikki yo‘l qolgan – yo yerto‘la, yo juftakni rostlash.
Shu o‘rinda romandagi yagona “eski dunyo” odami – Juma To‘qsabo obraziga to‘xtalmasak bo‘lmas. Baqir-chaqiri olamni buzadigan, hammani “jiyan”lab sensiraydigan bu oqsoqol, aslida, asar axloqiy tarozisining bir pallasini ushlab turibdi. Uning sevimli naqli – bobosi Mamar To‘qsaboning o‘ttiz-qirq navkar bilan piltamiltiq va kaltak ko‘tarib o‘risning pulemyotiga qarshi borgani haqidagi rivoyat. Kimdir “soddaroq bo‘lgan-da bobolarimiz”, deya piching qilsa, To‘qsabo hovlini boshiga ko‘taradi: “Zato, mana bu yerida yurak bo‘lgan, jiyan, ko‘kragida osmon baravar g‘ururi bo‘lgan!” Pulemyotga kaltak bilan borish aql nuqtayi nazaridan telbalik bo‘lsa-da, bobo maqtagan g‘urur nuqtayi nazaridan yagona munosib yo‘l. O‘ylab ko‘raylik: pulemyotga kaltak bilan borgan to‘qsabolar avlodi ustunmi yoki soatga pora o‘rab eltadigan, pragmatik “jiyan”lar avlodimi? Yozuvchi, odatiga ko‘ra, javobni ochiq qoldiradi, lekin To‘qsaboning Gʻayratga “bosh injener” lavozimini “ichak-chavog‘ingni ag‘darib ko‘rmoqchi edim, bo‘ladigan bolaga o‘xshaysan” deya topshirishi – “eski dunyo” odamlari “Dunyoda diyonat hali mavjud”ligiga (Abdulla Oripov satri) inonishidan nishona.
Taraqqiyot g‘ildiragi nega to‘xtaydi?
Hoji bobo arzanda kuyoviga bergan birinchi sabog‘ida Xoja Hofizni ko‘makka chorlaydi: “Bir odamning ming kaliti bordir”. Ming kalitli obrazlar galereyasi esa roman bo‘ylab saf tortadi: Iskandar Vorisxonning “murojaat xatlari”ga ko‘z yumib imzo chekadi – evaziga tinchgina ishlash vakolatini qo‘lga kiritadi; Lazizbek Ikromovich Iskandarni kredit bilan siylaydi – evaziga mehmonxonadan “xilvatroq xona” tortiq qilinadi; Rais bobo qo‘riqchilarga tandirkabob tashlab o‘tadi – evaziga istagan odamini hujjatsiz olib kirish huquqiga ega bo‘ladi; hatto to‘yxona egasi ham “jiyanning joni” haqi chegirma qiladi. Har bir muomala zamirida o‘sha “o‘zbekchilik” tenglamasi: sendan – ugina, mendan – bugina!
Xo‘sh, buning nimasi yomon, o‘zaro yordam emasmi, deydiganlar topilar. Romanning javobi esa aniq: bu tenglamada uchinchi tomon, ya’ni jamiyat hamisha zarar ko‘radi. “Ugina-bugina” silsilasi kimlarnidir boy qilsa ham, ijtimoiy institutlarni chiritadi: prokuratura adolattalabni himoya qilmay qo‘yadi, saylov munosib nomzodni tanlamay, bank haqdorga kredit bermay, adabiyot rost so‘zni aytmay qo‘yadi. Eng yomoni, “zanjir” ichida bo‘lmagan odam tizimga ortiqcha bo‘lib qoladi. Gʻayratning butun “aybi” ham maxfiy topshiriqni bajarmagani, ya’ni, zanjirga ulanmaganida edi. Taraqqiyot g‘ildiragi nega to‘xtaydi, deysizmi? Chunki bu g‘ildirakning har bir kegayi bir-biriga “xizmat” qilishdan bo‘shamaydi.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam qalamiga mansub “Momaqaldiroq ostida sayr” romanida bir ayol taqdiri orqali o‘tish davridagi butun bir jamiyatga tashxis qo‘yilgan. Roman haqida yana ko‘p yozish, yuzlab sahifa bitib tahlil qilish mumkin. Mag‘zi to‘q jumlalar, benazir kinoya va majozlar, bir-biridan original obraz va timsollar bunga asos beradi. Ammo, mening nazarimda, eng go‘zal xulosa Hazrat Navoiyning quyidagi to‘rt satrida mujassam:
To hirs-u havas xirmani barbod o‘lmas,
To nafs-u havo qasri baraftod o‘lmas,
To zulm-u sitam jonig‘a bedod o‘lmas,
El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas.
Olimjon DAVLATOV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 7-avgustdagi 32-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



