22.04.2026 | 14:23
1009
UCHSIZ KALAVA
Muhammadjon Avazjonov o‘zbek tekstil sanoatining ilk mashinavoriy urchug‘ini aylantirgan mutaxassislardan hisoblanadi. U 1905-yil 2-may kuni Buxoro shahrida dunyoga kelgan. Otasi o‘z davrida Buxoro amirligining martabali shaxslaridan bo‘lib, 1912–1918-yillari Chorjo‘y bojxonasida mas’ul lavozimda ishlagan. Muhammadjon Buxoro shahrida eski va yangi usul maktablarida o‘qidi. So‘ng madrasa ta’limini olib, arab, fors tillarini o‘zlashtirdi. Bolaligidan amakivachchalari Musojon va Muxtor Saidjonov (BXSR hukumatida yirik mansablarda ishlagan)lar orqali jadid taraqqiyparvarlari g‘oyalari ta’sirida ulg‘aydi. Ana shu qo‘llab-quvvatlov va yetovlar uni an’anaviy ta’lim doirasidagina qolib ketmasdan, rus tilini o‘rganishga va Yevropa madaniy muhiti bilan tanishishga undadi.

1922-yildan Muhammadjon Avazjonov hayotida burilish boshlandi. “Ko‘mak” tashkiloti uni iqtidorli yoshlar safida Germaniyaga o‘qishga yubordi. Bu qaror ortida, tabiiyki, muayyan siyosiy va iqtisodiy muddaolar ham bor edi: yangi tuzum sanoatni ko‘tarish uchun mahalliy mutaxassislarga ehtiyoj sezayotgan, shuning uchun ularni Yevropa maktablarida tayyorlashga intilardi. Kyosling shahridagi pedagogika maktabida tahsil olgan Muhammadjon Avazjonov Kottibus shahridagi “Oliy tekstil maktabi”ga kirib, tekstilchi-muhandis ixtisosligi bo‘yicha o‘qishni davom ettiradi. Shu tariqa Yevropaning ilg‘or sanoat maktablarida shakllangan mutaxassis sifatida voyaga yetadi.
1928-yil avgust oyida vatandoshlari – tekstil sohasida oliy ma’lumot olgan Isomiddin Alovuddinov va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida tahsil olgan Abdulla Po‘latov bilan birga SSSRga qaytadi. Sentyabr oyida Samarqandga yetib kelgan yosh mutaxassislarni O‘zbekiston hukumati rahbari Fayzulla Xo‘jayev qabul qiladi. Ayni shu uchrashuvdan keyin qahramonimiz o‘zi uchun mehnat yo‘lini yanada aniq belgilab oladi. U Moskva shahridagi “Освобожденный труд” fabrikasida amaliyotchi sifatida ish boshlaydi (1929). Bu yerda ishlab chiqarish muhiti bilan yaqindan tanishar ekan, nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish imkoniga ega bo‘ladi. So‘ngra Moskvadagi 1-davlat jun tresti markaziy laboratoriyasida laborant bo‘lib faoliyat yuritadi (1929–1930). Aynan shu bosqichda u tekstil texnologiyalarining ilmiy asoslarini chuqur o‘zlashtiradi.
1930-yili “Qizil Sharq” trestida to‘qimachilik bo‘yicha muhandis yordamchisi bo‘lib faoliyat yuritadi. Shu orqali u sanoat tizimini yaxlit tushunadigan mutaxassis sifatida tajribasini boyitadi. Shundan keyin bevosita O‘zbekistondagi ishlab chiqarishga jalb etiladi. 1930–1931-yillarda Farg‘onadagi tekstil fabrikasida to‘qimachilik sexi mudiri o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. Qisqa vaqt ichida bu yerda o‘zini namoyon etib, 1931-yildayoq fabrika mudiri lavozimiga ko‘tariladi. 1931–1934-yillarda fabrikaning texnik qismlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, texnologiyalarni joriy etish va kadrlar tayyorlash ishlariga rahbarlik qiladi. 1934-yilga kelib esa to‘qimachilik ishlab chiqarish bo‘limi mudiri lavozimiga tayinlanadi.
Bu izchil o‘sishni uning bevosita xorijda olgan bilim-ko‘nikmalari va mahalliy sharoitni chuqur anglashi bilan bog‘lash mumkin. Shu jihatdan qaraganda, Muhammadjon Avazjonov 30 yoshga yetmasdan, mamlakat yengil sanoatida yetakchi mutaxassislar qatoriga kirib ulgurgan edi. U faoliyati ravon davom etayotgan, tajribasi tobora mustahkamlanib borayotgan bir paytda mamlakat miqyosida siyosiy vaziyat keskin o‘zgara boshlaydi. Ommaviy hibslar avj olib, ko‘p o‘tmay bu manzara Avazjonov taqdirida ham aks etdi.
1937-yil 6-sentyabr kuni Farg‘ona shahar NKVD boshqarmasi xodimlari Muhammadjon Avazjonovni hibsga oldi. Shu kunning o‘zida uyida tintuv o‘tkazilarkan, pasporti, Germaniyadagi Oliy Pruss tekstil industriya institutini tamomlagani bo‘yicha diplom va guvohnomalari, sohaga oid ilmiy kitoblari, nemis tilidagi adabiyotlar, albom va suratlari musodara qilinadi. Tintuv ertasi kuni ham davom etib, bu safar uyda qolgan barcha ashyolar (jomadon, kamar, qalamdon, ruchka, shaxsiy buyumlar va 60 so‘m pul) to‘liq xatlanib, bitta qo‘ymay olib ketiladi. Xonadon bir zumda ship-shiydam etiladi. Muhammadjon Avazjonovning turmush o‘rtog‘i hamda farzandlari – 1930-yili tug‘ilgan Inoyat, 1933-yili tug‘ilgan Lyuba butkul moliyaviy ta’minotsiz qoladi.
Tergov materiallarini tahlil qilar ekanmiz, ayblovlar tizimidagi soxtalik va ziddiyatlarni yaqqol kuzatamiz. Uning Germaniyada o‘qigani, xorijda bo‘lgani, bir nechta tilni bilgani ham ayb sifatida talqin etiladi. U “Ozod Turkiston” aksilinqilobiy tashkiloti a’zosi, Germaniya razvedkasi bilan aloqada bo‘lgan josus deb ko‘rsatiladi. Tergov hujjatlarida bu tashkilotning rahbarlari sifatida Olimjon Idrisiy va Ahmad Naim kabi shaxslar tilga olinadi. Shuningdek, Germaniya razvedkasining rezidenti sifatida Badri Sayfulmalikov bilan aloqada bo‘lgani haqida ayblovlar ilgari suriladi.
Muhammadjon Avazjonov adabiyot, san’at, fotografiyaga qiziqqan. Bu ko‘ngil ishini uning Germaniyada o‘qigan kezlari fotoapparat sotib olgani, bo‘sh vaqtlarida tabiat, tarixiy binolar, do‘stlar davrasi va boshqa turli manzaralarni tasvirga muhrlab qo‘yganidan payqaymiz. Afsuski, tergovda ayni shu suratlar shubha manbayiga aylantiriladi. 1937-yil 9-sentyabrda o‘tkazilgan ilk so‘roqda tergovchi e’tiborni ana shu fotosuratlarga qaratib, ular orqali turli gumonlarni ilgari suradi. 30-sentyabr kuni tasdiqlangan qarorda Muhammadjon Avazjonov hech qanday aniq dalillar keltirilmagan holda josuslikda ayblanadi. Unga O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 57-moddasi I qismi – vatanga xiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish kabi og‘ir ayblar qo‘yiladi.
…1938-yil kuzida ish sudga oshiriladi. 1937-yil sentyabridan 1938-yil oktyabrigacha bo‘lgan bir yillik vaqt Muhammadjon Avazjonov uchun uzluksiz so‘roq, qiynoqlar, bosim ostida kechadi. 9-oktyabr kuni Toshkent shahrida SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining sayyor sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Sud yopiq holda o‘tkaziladi va bir necha daqiqa davom etadi. Bir inson taqdiri oldindan belgilangan holda, sanoqli daqiqalik sudda hal qilinadi-qo‘yadi. Muhammadjon Avazjonov bir nechta moddalar bo‘yicha aybdor deb topilib, oliy jazo – otuvga hukm qilinadi. Hukm oshig‘ich amalga oshiriladi.
Stalin davri qatag‘onlari qayta ko‘rib chiqila boshlangan yillarda Muhammadjon Avazjonov ishi ham yana bir bor ko‘tariladi. Jarayonda uni yaqindan tanigan-bilgan shaxslar guvohlikka chaqiriladi. Jumladan, 1956-yil 9-noyabr kuni Toshkent tekstil kombinati tizimida ishlagan mutaxassis, o‘sha vaqtda maktab direktori bo‘lgan Leonid Rozensvitning ko‘rsatmasi e’tiborga molik. U 1934-yilda Ivanovo tekstil texnikumini tamomlab, ish faoliyatini Toshkentda boshlagani, shu orqali Farg‘ona tekstil kombinati va uning qoshidagi texnikum bilan hamkorlik qilganini ta’kidlaydi. Shu faoliyati davomida u Muhammadjon Avazjonov bilan yaqindan tanishgan. Rozensvit ko‘rsatmasida: “Menda u tekstil sohasida mavjud barcha texnologiyalarni mukammal biluvchi va har tomonlama yetuk mutaxassis sifatida yaxshi taassurot qoldirgan. Shu vaqt davomida biror marta uning aksilsovet faoliyatini sezmaganman yoki biror odamdan shunga o‘xshash fikrlarni ham eshitmaganman”, deydi.
Bunday ko‘rsatmalar Muhammadjon Avazjonov kabi o‘z sohasining yetuklari tizim uchun xavf sifatida qabul qilingani, ularga nisbatan sun’iy ayblovlar to‘qib-bichilganidan dalolat beradi. Bu yog‘i o‘zingizga ma’lum…
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 17-apreldagi 16-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
61
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
586
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
583
