06.10.2026 | 09:00
346
USTOZLAR USTOZI
Shu kunlarda jahon kino ixlosmandlarining diqqat-e’tibori Kristofer Nolan tomonidan suratga olingan “Odisseya” filmiga qaratilgan. Ayni vaqtda, “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan yurtimiz kitobxonlariga Homerning “Odisseya” dostonining yangi nashri taqdim etildi. Antik davrdan bugungacha yashab kelayotgan mazkur asar bashariyat adabiy merosining bebaho gavharidir. Ijobiy shov-shuvlar fonida kamina Homerni o‘zbekcha so‘ylatgan ustoz va mumtoz tarjimon QODIR MIRMUHAMEDOV xotirasini yod etmoqchiman.

* * *
Qodir Mirmuhamedovning qizi Raisa bilan universitetda birga o‘qiganmiz. Bu qiz kursimizning kamgap, kamtarin, ayni paytda, nihoyatda bilimdon talabalaridan edi. Dugona bo‘lganimiz uchun uylarida ham ko‘p bo‘lganman. Juda havas qilarli oila edi. Lekin u paytlarda Qodir aka haqida kam bilardim. O‘zi ham bizning tasavvurimizdagi katta ijodkor, beqiyos tarjimonga o‘xshamasdi. Oila davrasida oddiy inson, oila boshlig‘i edi.
Bu inson bilan yaqindan tanishuvim bitiruv diplomi yozish davrida boshlandi. Oxirgi bosqichda talabalar uch guruhga bo‘lindi: adabiyot, tilshunoslik va tarjima nazariyasi. Bir nechta kursdoshlarim bilan tarjima nazariyasini tanladik. Bizga ulug‘ ustozlar Gʻaybulla as-Salom, Najmiddin Komilov, Tilak Jo‘ra saboq berishardi. Xullas, diplom ishi mavzusini aniqlash va izlanish jarayoni boshlandi. Kafedradan mavzular ro‘yxati taklif qilindi. Najmiddin Komilov shu vaqtgacha dublyaj (filmlar tarjimasi) nazariyasi bo‘yicha hech qanday ish qilinmaganini aytib, menga shu mavzuni olishni tavsiya qildi. O‘zim ham qiziqib qoldim.
Bir kuni “O‘zbekfilm” kinostudiyasining dublyaj sexiga kirib bordim. Qodir Mirmuhamedov bilan uchrashib, maqsadimni aytdim. “Kutilmagan mavzu-ku, ayniqsa, bu mavzuda hech qanday qo‘llanma yo‘q, qiynalmaysanmi?” dedi. “Mavzuni oldim. Harakat qilaman. Materialni to‘plab olsam bo‘ldi”, dedim. Meni bo‘lim muharrirlari bilan tanishtirishdi. Xuddi shu paytda “Tojikfilm” kinostudiyasida suratga olingan “Rustam va Suhrob” filmi ruschadan o‘zbek tiliga o‘girilayotgan ekan. Xullas, Qodir aka salkam to‘rt oy dublyaj studiyasida bemalol shug‘ullanib, zarur materiallarni to‘plashimda katta yordam berdi. Ish yuzasidan o‘zlaridan ham ko‘p fikrlar, maslahatlar oldim. Diplomni yoqlagach, ustozlarga, ijodkorlarga, muharrirlarga minnatdorlik bildirdim. Hammalari samimiy tabriklashdi.
Filologiya fakultetini bitirgandan so‘ng ba’zi sabablarga ko‘ra, ilmiy ish haqidagi orzum amalga oshmadi. Shunda dublyajda ishlab ko‘rsam-chi, degan o‘yda yana Qodir akaning huzuriga bordim. U kishi meni “O‘zbekfilm” kinostudiyasi direktori, taniqli adib O‘lmas Umarbekovning huzuriga olib kirdi. O‘lmas aka nihoyatda madaniyatli va oliyjanob shaxs edi. Hozir menbop ish yo‘qligini, imkon bo‘lishi bilan chaqirtirib olishini ming bir xijolatda aytdiki, o‘zim uyalib ketdim negadir.
So‘ng Qodir aka meni kinostudiya qoshidagi multfilmlar suratga olish sexiga olib borib, sex rahbari Svetlana Murodxo‘jayeva bilan tanishtirdi. “Shu qizga ijodiy jarayon haqida, bugungi kunda qanday multfilmlar yaratilayotgani to‘g‘risida ma’lumot bersangiz, gazetaga maqola tayyorlab beradi”, dedi. O‘sha kuniyoq hamma ma’lumotlarni olib, uyga kelganimdan so‘ng birinchi marta maqola yozishga o‘tirdim. Ya’ni, san’at haqida yozish borasidagi ilk topshiriqni Qodir Mirmuhamedovdan olgandim. Keyinchalik, “O‘zbekiston madaniyati” gazetasida ish boshlaganimda ham ustoz bilan tadbirlarda uchrashib turdim. U kishi ishlarim bilan qiziqib, maslahatlar berib turdi.
* * *
Shunisi e’tiborliki, ko‘p vaqti dublyaj guruhida o‘tgan bu inson dunyo kitobxonlari qalbini zabt etgan asarlarni rus tilidan o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girib, yurtimiz kitobxonlariga taqdim etishga ham ulgurardi. Ular orasida Homerning “Iliada”, “Odisseya”, Jek Londonning “Martin Iden”, Robindranat Tagorning “Xonadon va jahon”, “So‘nggi doston”, Jovanni Bokkachchoning “Dekameron”, Viktor Gyugoning “Byug Jargal”, Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita”, Krishan Chandrning “Bir qizga ming oshiq” kabi qiziqarli, ayni paytda murakkab asarlar bor.
Shuningdek, tarjimalar orasida dramalar, ko‘plab badiiy filmlarning borligi adib mahoratining yorqin dalilidir. Xususan, kino asarlari tarjimasida ham ustoz tarjimonning alohida o‘rni bor. Tasavvur qilish uchun “Urush va tinchlik”, “Jurnalist”, “Sangam”, “Qirol Lir”, “Boshsiz chavandoz”, “Siyovush haqida doston”, “Uyimizdagi erkak”, “Soldat otasi”, “Changda qolgan gul”, “Hech kim o‘lishni istamasdi”, “Bir umrga teng yil” kabi filmlarni eslash kifoya.
* * *
Gazetadagi faoliyatim davomida yozganlarim orasida o‘zim uchun eng ahamiyatli va qadrlilaridan biri Qodir Mirmuhamedov bilan suhbatimiz edi. Bu uchrashuv 2010-yilda, adibning uyida bo‘lib o‘tgandi.
O‘shanda ustoz mutarjim 90 yoshda edi. Meni bir paytlar dublyaj studiyasi rahbari sifatida qanday kutib olgan bo‘lsa, Qodir akani hamon o‘sha samimiyat, ochiqko‘ngillik, bag‘rikenglik tark etmagandi. Qadlari biroz cho‘kib, sochlari oqarganini aytmasangiz, to‘qsonni qarshilayotganiga odamning ishongisi kelmasdi. Hech esimdan chiqmaydi. O‘ziga shu gaplarni aytganimda, bir xo‘rsinib olib, shunday degandi: “Men tengilarning safi ancha siyraklashib qoldi. Umr – oqar suv. Sinfdoshlarimdan kompozitor Ikrom Akbarov bilan ikkimiz qoldik… Hayotda nimaga erishgan bo‘lsak, bu avvalo, ota-onamizning tarbiyasi tufayli”.
Shuni aytishim kerakki, Qodir aka ota-onasi haqida qanchalar mehr bilan gapirgan bo‘lsa, o‘zining farzandlari ham bugun otalari haqida xuddi shunday mehr, hurmat bilan so‘zlashadi. Besh farzandning hammasi hayotda o‘z o‘rnini topib, otasiga munosib farzand sifatida turli sohalarida halol xizmat qilmoqda.
O‘sha kuni uzoq suhbatlashdik. Ustoz ijodkorning hayot yo‘li haqida juda ko‘p narsalarni bilib oldim. Ayniqsa, navqiron yigitlik davri Ikkinchi Jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelgani, urushining dahshatli suronlari ichida kechgani haqidagi hikoyalarini katta hayajon bilan tinglaganman. Qodir aka ko‘rgan-kechirganlari haqida ma’yus, o‘ychan hikoya qilayotgan damlarda urush yillarida uning boshiga tushgan og‘ir sinovlardan yuragim o‘rtanib, bu sinovning mashaqqatlarini ich-ichimdan his qilib, bu insonning irodasi qanchalar mustahkam ekaniga qoyil qolib o‘tirardim. U kishini tinglaganim sari, o‘zim yaxshi bilaman, deb yurgan inson haqida hali deyarli hech narsa bilmasligimni sezib qolgandim. Zero, suronli janglardan birida asirga tushib qolib, tutqunlikda boshdan kechirganlarining o‘zi katta bir asar bo‘lgulik voqealar edi.
Urushning dahshatli changalidan chiqib, uyga qaytgan Qodir akaning oldida oilani boqish vazifasi turgani uchun Pedagogika institutining kechki bo‘limida o‘qish bilan birga kunduzi ishlashga majbur bo‘ladi. Suhbatimiz davomida institutda antik davr adabiyoti fanidan adabiyotshunos olim Hamid Sulaymon dars bergani haqida to‘lqinlanib so‘zlagan, shuningdek, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Mirkarim Osim, Mirzakalon Ismoiliy kabi ijodkorlarni ustoz sifatida qadrlashini aytgandi. Qodir akaning: “Ustozlarimdan har bir so‘zni o‘z o‘rnida ishlatishni, so‘zni isrof qilmaslikni o‘rgandim. Chunki qahramonning nutq madaniyati, xarakteri, qiyofasi so‘zda namoyon bo‘ladi. So‘zma-so‘z tarjimada har qanday asarning badiiy qimmati yo‘qoladi”, deb aytgan gaplari bugungi ijodkor yoshlarga ibrat bo‘lsa, ajabmas.
Bugun ijod olamiga qadam qo‘yayotgan ba’zi ijodkorlarga saboq bo‘lishi mumkinligini o‘ylab, Qodir akaning o‘gitlaridan yana ba’zilarini keltirishni lozim topdim:
“Biror asarni o‘girishga kirishgan odamda mas’uliyat hissi bo‘lishi kerak. Ya’ni, duch kelgan asarni olib, shunchaki o‘girib tashlayvergan bilan ish bitmaydi. Tarjimon, avvalo, asar muallifi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi, uning qanday asar ustida ish boshlaganini tushunishi kerak”;
“Asar tarjimasiga qo‘l urganda yozuvchi shaxsini, u yashagan joyni, davrni, kishilar hayotini, muhitni o‘rganish kerak bo‘ladi. Busiz haqqoniy tarjima asari yaratish mushkul”;
“Tarjima jarayonida sinonim, antonim, omonimlardan foydalanishni, bularning qahramon nutqini berishdagi ahamiyatini, umuman, har bir so‘zni o‘z o‘rnida ishlatishni, so‘zni isrof qilmaslikni o‘rganish lozim”;
“Tarjima uchun qo‘lga olingan asar mutarjimning diliga yaqin, uning dunyoqarashi asar muallifining ijodiy qarashlari bilan mushtarak bo‘lishi zarur”.
Xalqda “Kamtarga kamol” degan naql bor. Men Qodir Mirmuhamedovda kamtarlikning kamolini – eng yuksak ifodasini ko‘rgan edim. Odam qanday qilib, shuncha katta ishlarni amalga oshirib ham kamtarlikni qo‘ldan bermasligi mumkinligini tushunmasdim. Keyinchalik o‘ylasam, bu barcha ulug‘larga xos fazilat, balki ulug‘likning ayni o‘zi ekan.
Gulchehra UMAROVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
“Jadid” gazetasining 2026-yil 2-oktyabrdagi 40-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596
