15.07.2026 | 10:51
1262
USTOZLARGA UNSIYAT
Men o‘tayotgan kunlarimga nisbatan juda soddaman yoki bolalikning tabiati hech qo‘yib yubormagan. Hozir kim ham ustozlarga unsiyat, ularga ixlos, ato etilgan ma’naviy vorislik haqida Muso Xudo qarshisida turgandek turib bosh qotiradi, deysiz.
Ustozim Omonilla Madayev qazo qilishlaridan bir necha kun oldin shifoxonadan qo‘ng‘iroq qildilar. Ovozlarida dard bor edi. Tashvishlarimni yengolmadim, borolmadim, bormadim. Armon yurakning ustiga bosilgan tamg‘adek iz qoldirdi. Menda hali ustozlar bor edi. Bunday armon yana meni dog‘da qoldirmasin deb, uni bo‘ridek ang‘ib poylab yurdim.

Ustozim Naim Karimov omonatni topshirishlaridan ikki-uch kun oldin 4-5 marotaba xonalariga kirib chiqdim. Ular hozirgi “Jadid” gazetasi tahririyati faoliyat yuritayotgan muzey qanotida o‘tirar edilar. Ustozning muharrirligida chiqqan oxirgi to‘plam – “Jadid kulliyoti” nashr variantiga imzo qo‘ydirdim. Bu ishlarni hech qachon to‘xtatib qo‘ymasligimni tayinladilar. Keyin gazeta olib chiqdim. Yana nimadir. Domla: “Hamma ketdi, men qolib ketdim. Endi qo‘limdan bir ish kelmasa, nima qilaman bunday yuraverib”, dedilar. “Domla, tirik yursangiz, shuning o‘zi yetadi bizga”, dedim. Qo‘llaridan tutdim. Gʻalati ohangda: “Hech kim bilan bunday ko‘rishmagandim”, dedilar. Atrofda mendan boshqalar ham bor, atrof tinimsiz guvullab turgan edi.
Ustozim Ibrohim Gʻafurov meni bir oydan beri kutayotgan edilar. Yangi vazifa va og‘ir majburiyatlar ostida uzoq yillar davomida ochilmagan xonalarni ochishga, qo‘lyozma, toshbosma, arxiv hujjatlarini birma-bir ko‘zdan kechirishga to‘g‘ri keldi va bu asrlik g‘uborlar nafas yo‘llarimga o‘rnashib olib, ancha qiynadi. Ustozning aziz farzandlari bilan ularni bunday g‘uborlardan ehtiyot qilar, betob bo‘lsak, yonlariga bormas edik. O‘sha tongda bir og‘riq tomog‘imga qadalib, qirralari botib, ishlagani qo‘ymadi. Ustozga qo‘ng‘iroq qilib, tushlik vaqtida borishimni aytdim. Xudoyimning marhamati meni diydor tomon haydab bordi. Ustozning katta qizlari – Surayyo opam kutib oldilar. Pochcham ham shu yerda ekanlar. Ustoz ayvonda o‘z o‘rinlarida o‘tirgan ekanlar. Zarracha g‘ubori yo‘q oppoq kiyimlarda, oppoq sochli, oppoq qoshli, zarracha og‘riq yoki bezovtalik alomatlari sezilmayotgan ko‘zlari quvonchga to‘la nuroniy. “Oppoq kiyinib olibsizmi?” dedim kulib. Opam “Adam kelishingizga oppoq kiyinib, yasanib chiqdilar”, dedilar menga sherik bo‘lib. O‘n ikkilarda borgan bo‘lsam, ikki-ikki yarim soat suhbatlashdik. Suhbat mavzusi Adabiyot muzeyining tarixi, hozirgi holati, ko‘chishning og‘riqli tashvishlari-yu u yerdagi boyliklarni saqlab qolish masalasi bo‘ldi. Ustoz ko‘proq so‘zlarimizga quloq solib o‘tirdilar. Orom, sakina va tashvish to‘la dunyodan kelgan bir shogirdning xavotirlariga to‘la edi xona. Opam dasturxonga do‘lma tortdilar. Ustoz qayta-qayta, “alhamdulillah”, “Xudoga shukr”, deya har luqmaning shukrini keltirib yedilar. Qovun qo‘yildi, Ustoz bir karchini qo‘limga tutqazdilar. Qizlaridan gilos so‘radilar. Kecha olib kelingan giloslar biroz burishib, yanada maza kirgan, biroz taxir, ammo juda xush yoqadigan ta’mga ega edi. Keyin ketishga ruxsat so‘radim. Ustoz butun hayotimni to‘ldiradigan duo qildilar. Bu duo ichimda qoldi va Yaratganning izni bilan yaproq yozib unib chiqajak. Ketdim. 5-10 daqiqa ichida hech qanday jismoniy og‘riqlarsiz omonatni topshiribdilar.
Ertasiga uylariga bordim. Ustozning jon farzandi – Zulayho opam “Adamni qayerga olib ketib qoldingiz”, deb bag‘irlariga bosib, kutib oldilar… “Oxirgi gaplashgan odami siz ekansiz – adam nima dedilar?” Nima ham derdilar, sizlarni juda yaxshi ko‘rar edilar. Qayerga ham olib ketar edim, men o‘zim hali u manzil-maqomlarga yetmadim. Ibrohim, Iso, Ayyub alayhissalom hayotlaridan o‘z hayotlariga ibrat va qanoat topar edilar. Navoiy, Homer, Dante, Gyote, Xeminguey, Tolstoy, Betxoven, Dostoyevskiylar bilan bu dunyodayoq davradosh edilar. Muhtaram ota-onasi, tog‘alari, opalariga sog‘inch bilan oshiqqan edilar…
Ustoz hayotligida asarlarining bir qismini akademik yo‘sinda e’lon qilishga erishdik. Bu mukammal nashr ham ilmiy, ham adabiy, ham tarjima asarlarni qamrab olishi kerak bo‘lgan noyob hodisa edi. Mazkur nashr 25 jildga mo‘ljallangan va har bir jildning mundarijasini Ustozning o‘zi bilan birga ishlab chiqqandik. Ushbu nashrni tayyorlashda shu vaqtga qadar chop etilgan va muallifning o‘zi tomonidan qayta ko‘rilib, tahrirdan o‘tkazilgan barcha kitoblari, tarjimalarining ilk nashrlari asos qilib olindi.
Dastlabki sakkiz jild – “Asarlar” – “Adabiyot dunyosi” deya atalayotgan umumiy nom ostida birlashgan bo‘lib, unga Ustozning 1960-yillardan to bugunga qadar e’lon qilingan barcha mualliflik asarlari, tadqiqotlari, shuningdek, adabiy suhbatlar ham kiritildi va chop etildi.
9-25-jildlar tarjima tanqidiga oid risola va saralangan tarjima asarlarni o‘zi ichiga olib, “Tarjima dunyosi” degan umumiy nom ostida chop etilishi rejalashtirilgan edi. Ammo bu ishni hanuzgacha amalga oshira olmadik. Ehtimol, 26-jild kundaliklar va xatlardan iborat bo‘lar. Ammo u omonat kundaliklar, xatlar, yangi kitob uchun jamlangan papkalar, Dostoyevskiydan qilinayotgan, biroq oxiriga yetmagan yangi tarjimalar, umuman, ulkan fikr egasi, yirik adabiyotshunos olim, yirik tarjimon, yozuvchi, shoir, jurnalist va jamoat arbobi Ibrohim Gʻafurovning merosi, shaxsiy arxivining hisobi qancha? Ustoz va opalarim hamrohligida kitoblarning bir qismini ko‘rganman, u bir qism ham – dunyoning kitobi. Ustoz Teshikqopqadagi ota hovlilariga olib borib, “Ustozingizning talabalikdagi g‘arib hayoti qayerlarda kechganini ko‘ring”, deya, u yerdagi yashagan joylari, kitoblarini ham ko‘rsatmoqchi edilar. Ularning salmog‘i qancha ekan? Bu merosni o‘rganish, taqdim etishning eng munosib yo‘llari o‘z vaqti bilan ishlab chiqiladi. Undan oldin qad kerib turgan Adabiyot muzeyi bu arxivni qabul qilsa, tasniflasa, hisobini olsa, asrash, tadqiq etish hamda nashr etish ishlari tizimli amalga oshirilar edi. Zero, muzeyning “O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi” fondining bosh vazifasi ham shu. Biz ham shogirdlik burchini ado etar edik. Ustoz xuddi Omonilla Madayev, Naim Karimov kabi bu manzillarga mehr qo‘ygan, bizni ham bu makonlarga muhabbatli qilib tarbiyalagan edilar.
Shahnozaxon NAZAROVA,
Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori
“Jadid” gazetasining 2026-yil 10-iyuldagi 28-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596


