24.06.2026 | 14:14
1783
UZRI GUNOHIDAN BATTAR
“Jadid” gazetasida ma’rifatparvar olim Rustambek Shamsutdinovning aniq faktlarga asoslangan ta’sirli maqolalarini o‘qir ekanmiz, ba’zan alohida shaxslar emas, butun oila vakillari “katta terror” domiga tortilganiga guvoh bo‘lamiz. O‘tgan yili Bahrom Irzayevning “Aybin bilmay ketgan Fuzail Sherahmedov” sarlavhali tadqiqot mahsulini o‘qigan edik. Ma’lum bo‘lishicha, maqola qahramoni Sherahmedovlar sulolasidagi yagona qurbon emas.

Bu ma’rifatli oila ildizlari Shayxontohur dahasining qadimiy “Qoryog‘di” mahallasida yashovchi yirik savdogar boylardan bo‘lmish Isroil Sherahmedov va Hojiahmadboy Sherahmadboy o‘g‘li xonadonlariga tutashadi. Xonadon farzandlari Najmiddin, Nasriddin va Fuzail dastlab jadid hamda rus-tuzem maktablarida, xususan, Munavvar qori Abdurashidxonovning “Namuna” va Said Ahroriyning “Vatan” maktablarida tahsil oladi.
“Ko‘mak” tashkiloti va Buxoro Xalq Respublikasi ajratgan sarmoya evaziga, oilaning to‘ng‘ichi, tadbirkor Najmiddin Sherahmedovning sa’y-harakatlari bilan Nasriddin, Fuzail hamda singlisi Saida 1922-yilning kuzida Germaniyaga o‘qishga yuboriladi. Berlinda tezkor nemis tili kursini tugatgan yoshlar tez orada tarqalib, Saida Darmshtadtga, Fuzail Shtreylisdagi oliy texnika maktabining yo‘l muhandisligi fakultetiga yo‘l oladi. Nasriddin 1924-1925-yillari Berlindagi oliy savdo maktabida o‘qib, 1925-yili mashhur Heydelberg universitetiga qabul qilinadi.
Ular Yevropaning zamonaviy ilm-fani va texnik yutuqlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, erkin tafakkur mazasini tuyushadi. Vatanni ham shunday ozod, rivojlangan, yuksalgan, xalqni baxtiyor ko‘rishni orzu qilishadi. Biroq talabalar ongidagi bu evrilishni sovet malaylari allaqachon sezib ulgurgan, erkin parvozga qo‘yib yuborilgan hur xayollarni ovlashga tuzoq hozirlayotgan edi.
1926-yil yanvar oyida Toshkentga kelgan Nasriddinning, o‘sha yilning yozida esa ukasi Fuzailning pasportlari olib qo‘yilib, Yevropaga qaytishiga ruxsat berilmaydi. Moliyaviy ta’minot uzib qo‘yiladi. Porloq orzulari yarim yo‘lda uzilgan Nasriddin bunday nohaqlik va ruhiy bosimga chiday olmay, alam ustida o‘z joniga qasd qiladi. Tasodif tufayli tirik qolgan yigit 1927-yili Batumi orqali Germaniyaga qochib o‘tmoqchi bo‘lganida, chegarada qo‘lga olinadi va yetti oy hibsda saqlanadi. GPU uni faqat “ayg‘oqchi” sifatida yollanish sharti bilan ozodlikka chiqaradi. Bu “chorasizning chorasi” o‘laroq bir yoqlama kelishuv edi. Vaziyat shu qadar og‘ir ediki, Najmiddin Germaniyadagi Saidaga Afg‘oniston konsulxonasi orqali pul va xat yo‘llayotib, sovetlar mamlakatda mutlaq hokimiyat o‘rnatgani va xalqni qo‘rqitib olganini alam bilan yozgandi.
Boshida salanglab turgan dor vahmiga qaramay, Nasriddin Sherahmedov 1928–1930-yillari O‘rta Osiyo davlat universiteti (SAGU)ning iqtisodiyot fakultetida tahsil olib, o‘tkir iqtisodchi bo‘lib yetishadi. Samarqand va Toshkent moliya idoralarida ishlay boshlaydi. Biroq u rasman GPUga yollangan bo‘lsa-da, amalda do‘stlari va safdoshlariga qarshi birorta jo‘yali axborot bermaydi.
O‘sha yillarda oilaning bosh ustuni, Rossiya shaharlari bilan keng savdo aloqalariga ega bo‘lgan va xorijdagi yuzlab o‘zbek yoshlariga homiylik qilgan Najmiddin Sherahmedov 1929-yilning noyabrida “Milliy ittihod” tashkiloti ishi bo‘yicha hibsga olinadi va 1931-yilda Moskvada otuvga hukm qilinadi. Rafiqasi Mahfuza Orifxo‘ja qizlari Adiba va Alfiya bilan ayanchli holda qolib ketadi. 1934-yilga kelib, Nasriddin otasi Sherahmadboyning maslahati bilan Mahfuzaga uylanadi.
Bu orada Nasriddin Kerki orqali xorijga qochishga harakat qilganlikda ayblanib, yana qamoqqa olinadi. Dalillar yetarli bo‘lmagani uchun qo‘yib yuboriladi, ammo davlat idoralarida ishlash taqiqlanadi. Noiloj qolgan iqtisodchi Mahfuzaning tavsiyasi bilan tish shifokorligi yo‘nalishida o‘qiy boshlaydi.
Fuzail esa Germaniyada orttirgan bor ilm-tajribasini ishga solib, Toshkent, Farg‘ona, Qo‘qon shaharlarida yo‘l qurilishi idoralarida bosh muhandis bo‘lib mehnat qilayotgan, O‘sh asosiy yo‘li qurilishida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan edi.
1937-yil 2-yanvar kuni Nasriddin, 13-sentyabrda Fuzail hibsga olinadi. Xonadondagi boy kutubxona, xat-hujjatlar musodara qilinadi. 29-sentyabrda Mahfuza Sherahmedova ham garov sifatida qamoqqa tashlanadi. 12 yoshli Adiba va 7 yoshli Alfiya bolalar uyiga joylashtiriladi.
Tergov jarayonlarida aka-ukalarga Yevropadagi milliy ozodlik harakati a’zolari bilan hamkorlik, “trotskiychilik” va josuslik ayblari qo‘yilib, dahshatli jismoniy qiynoqlarga, ruhiy tahqirlarga duchor etiladi. Fuzail vahshiyona azoblardan so‘ng oldindan mashinkada tayyorlab qo‘yilgan hujjatlarga imzo chekadi, biroq keyingi yuzlashtirishlarda aybni bo‘yniga olmaydi. Nasriddin tergovni tezlashtirish talabida ochlik e’lon qiladi. Mash’um so‘roqda jallodlarning “O‘zingni aybdor deb bilasanmi?” degan savoliga keskin javob qaytaradi: “Ha, 1928-yilda GPU meni majburlab o‘z tuzog‘iga yollab olgan edi. Ammo men do‘stlarim va safdoshlarimning yo‘q qilinishidan qo‘rqib, tizimga birorta ham axborot bermadim! Men hech qachon Vatanimga xoinlik qilmaganman!”
Mustabid tuzum uchun inson vijdoni va haqiqatning, umuman, odam bolasining chivinchalik qiymati yo‘q edi. 1938-yil 8-oktyabr kuni Fuzail Sherahmedov rasmiy hukm chiqarilishidan bir kun avval yashirincha otiladi. 9-oktyabr kuni yigirma daqiqa davom etgan “uchlik” majlisida Nasriddin Sherahmedovga ham O‘zSSR JKning 62, 64, 67-moddalari bilan otuv hukmi chiqariladi.
Garovda ushlab turilgan Mahfuzaga nisbatan e’lon qilingan ayblovda jinoyat tarkibi topilmagach, u 1939-yil fevralida sho‘ro do‘zaxidan qutulib chiqadi. Unga turmadagi qiynoqlar haqida umrbod miq etmaslik to‘g‘risida majburiy tilxat imzolatishadi.
Germaniyadan qaytolmay, Turkiyaga o‘tib ketgan Saida umrbod jigar dog‘i va Vatan firog‘ida yashab, yot ellarda ko‘z yumadi.
1957-yil 3-oktyabrda Nasriddin Sherahmedov, 1958-yil 27-martda Fuzail Sherahmedov rasman oqlanadi. Mahfuza ayaga sovet davlatiga nisbatan hech qanday mulkiy va ma’naviy da’vosi yo‘qligi haqida yana bir majburiy qog‘ozga imzo chektirishadi… “Uzri gunohidan battar” deganlari shu bo‘lsa kerak-da!
Bo‘ri QODIROV, Alisher ATAYEV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 19-iyundagi 25-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599
