23.06.2026 | 12:31
1532
VIDO QO‘NGʻIROGʻI
Qurbon hayiti kuni ulug‘ ustozim Ibrohim G‘afurovni ham tabriklab, ham ziyorat qilmoq niyatida qo‘ng‘iroq qildim. Telefonni olmadi. So‘ng farzandi Humoyunning raqamini terdim. U yo‘lda ekani, ustozni olib bir-ikki fotihalik joyga borishlari kerakligini aytdi. Agar ertaroq qaytsak, qo‘ng‘iroq qilaman, dedi. O‘sha kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi farmoni e’lon qilindi. Mukofotlanganlar orasida kaminaning ham nomi bor ekan. Kutilmaganda tabriklar boshlanib ketdi. Mukofot topshirish marosimiga bordim, ustoz bilan ko‘rishish imkoniyati bo‘lmadi…

To‘rtinchi iyun kuni kechga yaqin Yunusobod bozori yonidagi Universam do‘koniga bir ish bilan borgan edim. Do‘konda bejirim kitoblar bo‘limi bor. Har gal borganimda, albatta, biror yangi kitob xarid qilaman. Kitoblarni ko‘zdan kechirayotib, F.Dostoyevskiyning “Qimorboz” kitobiga ko‘zim tushdi. Olib varaqladim. “Ibrohim G‘afurov tarjimasi” deb yozilgan. Bu kitobni allaqachon o‘qigan edim. Ustozning nomini ko‘rib taskin topdim. Ko‘z oldimga ustozning nurli chehrasi keldi. Ziyorat qilolmayotganimdan yana afsuslanib, o‘n qadamcha yurgan edim, qo‘l telefonim jiringladi. “Labbay” deyishim bilan ustozning: “Ashurjon, yaxshimisiz?” degan muborak ovozlari eshitildi. Beixtiyor ko‘zlarimda sog‘inch yoshlari aylandi. Vujudimda yorug‘lik paydo bo‘ldi. Hayajondan qayta-qayta salom berdim. Hayit kuni o‘tolmaganim uchun uzr so‘radim. “Humoyun aytdi”, dedi ustoz.
Telefon orqali oramizda shunday samimiy sog‘inch suhbati bo‘lib o‘tdi.
– Mukofot muborak bo‘lsin. Tabriklayman! Prezidentimizning qo‘llaridan olganingiz juda zo‘r, xayrli bo‘libdi. Prezidentimiz hamisha mehnat qilgan odamni qadrlaydilar. Xizmatini bilib, ko‘rib, e’tiborga olib yuradilar. Xotiralari juda o‘tkir. Bir ko‘rgan yo o‘qigan narsasini eslab qoladilar. Oliy Majlisda birga ishlagan yillarda, hatto u kishining xotiralariga Erkin Vohidov ham qoyil qolgan. Prezidentimiz – favqulodda xotira sohibi.
– Gapingiz nihoyatda to‘g‘ri, Ustoz. Siz sazovor bo‘lgan “O‘zbekiston Qahramoni” oliy mukofoti ham Prezidentimizning adolatparvarligining yaqqol va yuksak namunasi.
– Prezidentimiz Shavkat Miromonovich bo‘lmaganlarida, bu mukofot menga nasib etmas edi. Odam mukofotlarni kutmasdan mehnat qilishi, o‘sha mehnatini halol va fidoyilik bilan ado etishi lozim. Mukofotni ham, mukofot beruvchini ham Allohning o‘zi yuboradi… Bilaman, Sizning ham g‘ayratingiz jo‘sh urib turibdi. Yozishdan, mehnatdan, izlanishdan aslo to‘xtamang.
Ustoz andak tin olib, so‘radi:
– Yetmish yillik yubiley o‘tdimi yo endi bo‘ladimi?
– Endi bo‘ladi, ustoz. Xudo xohlasa, sentyabr oyida.
– Navoiyga ham boriladimi?
– Navoiy shahri va Karmana tumanida uchrashuvlar belgilangan.
Ustoz yana jim bo‘lib qoldi-da, birozdan so‘ng davom etdi:
– Ashurjon, Karmanaga borishdan 10-15 kun oldin menga aytib, ogohlantirib qo‘ying. Karmanada bo‘ladigan uchrashuvga boraman.
– Bu niyatingiz uchun ming rahmat, Ustoz. Allohim o‘sha kunlarga yetkazsin. Sizni navoiyliklar ham, karmanaliklar ham juda-juda sog‘ingan. Tashrifingiz ular uchun bayram bo‘ladi.
Ustoz yana davom etib so‘radi:
– Uyushma kitobingizni chop etyaptimi?
– “Tanlangan asarlar” rejaga kiritilgan. Uyushmamiz raisi kitobga so‘zboshi yozib berishingizni taklif qildi. Lekin Sizga aytishga jur’atim yetmadi, Ustoz.
– Unda kitobni tayyorlab topshiravering. Men so‘zboshini yozib, yetkazaman. Botir Zokirov haqida yozgan “Yurak bo‘ronlari”ning to‘liq variantini o‘qib chiqdim. Salmoqli asar bo‘libdi. Ma’rifiy roman, deb to‘g‘ri atabsiz. Bu ulug‘ san’atkordan qolgan jozibador milliy san’atimiz ma’rifatini targ‘ib etadigan, yangi avlodlarga milliy estradamizning betakror maktabi saboqlarini beradigan ibrat kitobi bo‘libdi. Kitobning har bir sahifasida Botir Zokirovning ziyoli qiyofasi namoyon bo‘lib turibdi. San’atkorning boshidan kechirgan og‘ir mashaqqatlari va chekkan turfa azoblari yorqin, hayotiy voqealar orqali ta’sirchan ochib berilgan. Topgan uslubingiz yaxshi va yozishga qulay. Kitobxonni qiynamaydi, tez hazm bo‘ladi… Hikoyalar kitobingizni o‘qiyapman. Nomini yaxshi topibsiz: “Do‘ppisi yo‘q dunyo”. “Konvert odam” ham yaxshi, o‘qiladigan asar. U haqida ham fikrlarim bor. Odil Yoqubov, Ne’mat Aminov haqidagi kitoblaringizni ham o‘qib qo‘yganman… Nasib etsa, so‘zboshini tayyorlab beraman…
Ustozning meni hayajonlantirgan bu bebaho va teran fikrlari qog‘ozga tushmay qolgan so‘zboshining aniq rejalari edi…
Keyin ustoz suhbat orasida o‘tgan yili Xorazmga qilgan ijodiy safarimizni yodga oldi:
– Xorazmdagi uchrashuvlar juda yaxshi bo‘ldi. Ogohiy (ha, aynan shunday derdilar) boboning bog‘i, muzeyida bo‘lgan jonli suhbatlar hamon yodimda. Shoir nomidagi ijodiy maktabdagi yoshlar bilan qizg‘in uchrashuvlar… Xudo xohlasa, Karmanada ham shunday samarali uchrashuvlar qilamiz.
Shu o‘rinda bir savol ojiz xayolimda charx uradi. Ustoz nechun Karmanani bunchalar sevadi, nechun mehr bilan sog‘inadi? Bir gal Karmanada bo‘lgan bir uchrashuvda: “Karmanada bebaho xazinalarning ustida yurganday bo‘laman”, degan edi. Har safar borganimizda Karmanani alohida bir sog‘inch va mehr bilan ziyorat qiladi. Bu sog‘inchning sir-sinoati nimada ekan?!.
Ustozdan bu haqda so‘ray olmadim. So‘rashga jur’at topmadim. Javob qiyomatga qoldi…
Ustoz bilan yurakdan bo‘lgan bu samimiy, hayajonli va sog‘inch suhbati yarim soatdan ortiq davom etdi. Bundan ustozning sog‘lig‘i yaxshi ekan, deb xursand bo‘ldim. Gap orasida: “Shu kunlarda borib, Sizni ziyorat qilaman, ustozim”, dedim. U kishi biroz hafsalasizlik bilan: “Telefonda gaplashib turibmiz-ku”, dedi. Bu so‘zlardan xavotirga tushib, yana niyat qildim: “Ustoz, sog‘lig‘ingiz yaxshimi, og‘riqlar ancha bosilgandir. Xudo xohlasa, sog‘ayib ketasiz”.
Ustoz yana jim bo‘lib qoldi. Og‘ir xo‘rsinishdan so‘ng: “Og‘riq doim bezovta qiladi. Bu shunday chidab bo‘lmas og‘riqki, so‘z bilan unga ta’rif topolmaysiz… Xayr, salomat bo‘ling, Ashurjon! Xudo yetkazgan kuni albatta ko‘rishamiz. Yaxshi narsalarni yozishdan to‘xtamang… Oila a’zolaringizga mendan salom ayting… Karmana esdan chiqmasin…”
Ertasi Yozuvchilar uyushmasida mukofotlanganlarni qutlash marosimi bo‘ldi. Ustoz bilan bo‘lgan quvonch va armon suhbatini u kishining yana bir jonkuyar va iste’dodli shogirdi, shoir ukam Muhammad Siddiqqa ham aytib berdim. U ham juda xursand bo‘ldi. “Aka, men ham ustozga hamroh bo‘lib Karmanaga boraman”, deb niyat qildi. Ikkimiz ham Allohdan ustozimizga sog‘liq va umr tiladik. Oradan bir kun o‘tib, 6-iyun peshindan so‘ng… Yozolmayman. Qalamning joni yo‘q. Til kalimaga bormaydi. Muhammad Siddiq qo‘ng‘iroq qildi. Ovozi juda xasta va qayg‘uli:
– Aka, aytolmayman… Ustozdan ayrilib qoldik…
O‘sha kuni telefonda bo‘lgan suhbatimiz yarim asrlik ulug‘ ustozim, ma’naviy tog‘im Ibrohim G‘afurov bilan so‘nggi vidolashuv qo‘ng‘irog‘i ekan. O‘lim hamisha haq, banda esa har doim ojiz…
Taniqli adibimiz Xayriddin Sultonning “Mutafakkir. Bashorat va Vasiyat” nomli iztirob bilan yozilgan maqolasida Prezidentimizning Ibrohim G‘afurov haqidagi teran fikrlari juda o‘rinli ifodalangan: “Ibrohim G‘afurov timsolida men butun hayotini, ma’naviyat, ma’rifat ravnaqiga bag‘ishlagan fidoyi, halol, kamtarin bir insonni ko‘rar edim. U kishi o‘zi sevgan, ixlos qo‘ygan buyuk Navoiy bobomiz kabi yuragi pok, oliyjanob, matonatli shaxs edi”. Bu teran va yuksak baho Ibrohim G‘afurovni yaqindan bilgan, tanigan, u kishidan saboqlar olib kelayotgan shogirdlar, muxlislar va minglab kitobxonlarning ham samimiy dil iqroridir.
Telefondagi so‘nggi suhbat vidolashuv ekanini anglab, hanuz o‘zimga kelolmayman. Nega shu so‘zlarni yuzma-yuz gaplashmadik? Telefondagi ovoz sokin, yoqimli, lekin dardli edi. Bu mo‘tabar ovoz shoshmas, ba’zi-ba’zida ehtiroslarga to‘lganida, biroz yuqori pardalarda jaranglar edi. Bu hayajon dardi edi.
Bu salobatli ovoz to‘la dard edi. Bu adabiyotning dardi, millatning dardi edi. Hech bir zamonda tovlanmaydigan chin ziyolining chin dardi. Har bir zamonning jadidi yuragidagi boqiy dard edi.
So‘nggi suhbatimizdan quyidagi dardli misralar qog‘ozga tushdi:
Bir yurak zavq-shavq,
quvonch uchun yaraladi,
Bir yurak kayf-safo,
ishrat uchun yaraladi,
Bir yurak g‘am-kulfat,
dard uchun yaraladi.
Ibrohim G‘afurov kitobning chin do‘sti, sadoqatli muxlisi va qadrdoni edi. O‘zining aytishicha, u 6-sinfdan kitobni anglagan va umrbod u bilan qiyomatlik do‘st bo‘lgan – zahmatkash bog‘bon serhosil bog‘ yaratganidek, quruvchi-usta mustahkam bino qurganidek, fazogir sayyoralarni zabt etganidek.
Ustoz tahrir ustasi, so‘z zargari edi. Asarlarni, qo‘lyozmalarni o‘ta noziklik va sinchkovlik bilan, so‘zlarning hurmatini o‘rniga qo‘yib tahrir qilardi. Bu zahmatli mehnatini ayrim tahrirchi muharrirlarga o‘xshab, muallifning yuziga solmas edi… Va bu ezgu ishi bilan aslo maqtanmas va minnat qilmas edi. Ro‘y-rost aytay, ellik yillik ish faoliyatim davomida ustozdek zahmatkash, fidoyi, halol muharrirni ko‘rmadim. U kishi tug‘ma matbuotchi va noshir edi. Bu sohalarda Ibrohim G‘afurov o‘zining ijod maktabini allaqachon yaratgani hammamizga ma’lum.
Bu yuksak iste’dod sohibi tarjimonlarning sardori, adabiyotshunoslarning sarkori, zamonamizning yetuk mutafakkiri va O‘zbekistonning chin Qahramoni edi.
U buyuk ko‘ngil fuqarosi edi.
Ustoz “Zardushtning ko‘ngli” mansurasida yozadi:
“Navoiy – ko‘ngil, Hofiz – ko‘ngil,
Konfutsiy – ko‘ngil.
Hammasi – ko‘ngil.
Ko‘hna gil – bu ko‘ngil.
Xorazmiylar ko‘hna gil
deydi ko‘ngilni.
“Asling bilsang, obu gil…”
O, bu hassos Yassaviy…
Balki ko‘ngil – Xudoning makoni…
Ahadiyat, Samadiyat,
Vahdoniyat makoni…”
Qulog‘imda hamon vido qo‘ng‘irog‘i…
Ashurali JO‘RAYEV,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi
“Jadid” gazetasining 2026-yil 19-iyundagi 25-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605
