Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


05.01.2026 | 18:00

img699

XITOY SAFARI

Xitoy jahonda, jumladan, bizda ham eng ko‘p eslanadigan mamlakatlardan biri. Internetda ham, vaqtli matbuotda ham, radio-televideniyeda ham bu davlat takror va takror qayd etib o‘tiladi. Xitoyning iqtisodi yildan yilga jahonshumul ravnaq topayotgani uning nomini tillarda doston etmoqda. O‘zbekistonning ham borgan sari jadal rivojlanayotgani va xalqaro obro‘yi oshib borgani sayin bu qudratli mamlakat bizning ishonchli yaqin hamkorimizga aylanib bormoqda. Buning uchun, rahbariyatimizning maqtovga loyiq amaliy sa’y-harakati tufayli amalga oshirilayotgan ulkan ko‘lamli sherikchilikni ko‘z oldimizga keltirishning o‘zi kifoya. Chin o‘lkasidan kirib kelayotgan investitsiyalar va qo‘shma korxonalarga hozir hech kim favqulodda hodisa deb qaramaydi. Masalan, qishloq xo‘jalagimizda, xususan, paxtachilikda erishganimiz bu yilgi yutuqlar ham (respublika bo‘yicha har bir gektardan 46 sentnerdan hosil oldik!) xitoyliklar tajribasini ijodiy o‘zlashtirish tufayli ro‘y berdi. Hamkorligimiz minglab nuqtalarga borib taqaladiki, barchasini sanash uchun kamina ojizlik qiladi.

Biroq bu o‘zaro hamkorlikning barakali, bunyodkor harakatlari jarayonida Chin yurti bilan bahamjihat hal etishimiz lozim bo‘lgan boshqa jabhalar ham borligi tobora ayon bo‘lib qolyapti. Ehtimol bu jabhalarni shoshmasdan kun tartibiga kiritilishida bardavom izlanish, qunt bilan bajarilishi lozim o‘rinlar ko‘pligi ham o‘z rolini o‘ynagan bo‘lishi mumkin. Gap Xitoy adabiyoti va madaniyatini yaqindan o‘rganish, o‘z navbatida, o‘zbek adabiyoti va madaniyatini shu tarzda xitoyliklarga tanishtirish haqida ketyapti. Men Xitoy haqida o‘ylaganimda, bu buyuk xalqning adabiyoti va madaniyati bilan yetarlicha tanish emasligimga iqrorman.

Yo‘q, Xitoy mumtoz she’riyati namunalarini rus tilida o‘qiganman, hatto bir qadar o‘zlashtirganman, desam ham bo‘ladi. Li Bo, Du Fu kabi mumtoz shoirlarning she’riyatidan hayratga tushganman. Konfutsiyning hikmat-u avliyolarcha karomatlaridan iborat to‘plamini, zamonaviy xitoy nasri asoschisi hisoblangan Lu Sinning bir jildlik asarlarini o‘qiganim ham esimda. Ha, hatto nisbatan zamonaviy shoirlardan birining turkum she’rlarini o‘zbekchaga ag‘darganman ham, ammo bu urinishlarim ummondan bir tomchi ekanligini ham anglayman.

Bizda Xitoy adabiyoti haqida tasavvur juda pala-partish. Shu darajaga yetganki, Xitoy mumtoz poeziyasida paydo bo‘lgan hakku va tanka janrlari negadir yapon she’riyatiga tegishli ekanligi takror va takror aytiladi. Bu janrlarda o‘zlaricha nimadir yozganlar ham, bu xitoyi mumtoz janrlar chin nazmidan yapon she’riyatiga o‘tganligini xayollariga ham keltirmaydilar.

O‘zbekistonni qo‘yaylik, sovet adabiyotining chinakam ilg‘or adiblari ham xitoy adabiyotidan batamom bexabar bo‘lganlar. Chingiz Aytmatovdan xitoy adabiyoti haqida so‘ralganda: “Xitoy go‘yo cho‘ng tog‘ning ortida yashirinib olgan – nima bo‘layotganini hech kim bilmaydi”, deb javob berganini o‘z qulog‘im bilan eshitganman. Bu “Иностранная литература” jurnaliga bosh muharrir bo‘lgan yozuvchining e’tirofi edi.

* * *

Men Xitoyda bo‘lganman. 1989-yilda sovet yosh yozuvchilari delegatsiyasi tarkibida o‘n besh kun Xitoyni aylanganman. Bu yurtning qadimiy me’morchiligi va tasviriy san’atidan hayratga tushganman. Ammo mamlakatning umumko‘rinishi o‘sha payt juda nochor – ko‘chalarda eski sovet avtomobillari, Pekinning shundoq markazida ko‘rimsiz mahallalar, tik turganining o‘zi mo‘jiza bo‘lib tuyulgan besh-to‘rt qavat uylar, ahyon-ahyon norg‘ul yigitlar tortib borayotgan rikshalar… Biroq men xitoyliklarning g‘ayrat-shijoatini lol qolib kuzatganman. O‘shanda Xitoyda bozor iqtisodi endigina e’lon qilingan edi. To‘xtab turgan odamni ko‘rmaysiz. Hammasi velosipedda, poy-u piyoda qayoqlargadir shoshib ketyapti. Ularning mehnatkashligi-ku ta’rifga sig‘maydi – ba’zi sharqliklarga xos erinchoqlikka izn bermaganlar. Barcha turmush tashvishida izg‘ib yuribdi. Bozorlar gurillab turibdi. Savdo mittigina do‘konlardan toshib, aravachalarga sharra-barrasini ortib, ko‘chaga chiqqan… Bu mamlakatni, bir kun kelib, masalan, Yaponiya kabi gullab-yashnab ketishini ko‘z oldimga keltirolmaganim rost.

* * *

Men ko‘p mamlakatlarda bo‘lganman. Ammo faqat Xitoyni qayta ko‘rishni orzu qilganim bor gap. Xitoyning ko‘nikib qolganimizdan ayricha me’morchiligi, badiiy va amaliy san’ati meni hayratga solgan. Mana, orzum amalga oshdi. Chunki, yuqorida aytganim, kemtikni to‘ldirish uchun Xitoyga yo‘l oladigan bir guruh olimlar qatorida, men ham boradigan bo‘ldim.

O‘zbekiston hukumati qarori bilan Madaniyat vazirligimiz shafeligida Alisher Navoiy jamg‘armasi hamda Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari, navoiyshunoslar va men – yagona shoirdan iborat delegatsiyamiz a’zolari Toshkentda – aeroportda uchrashganimizdanoq menga yoqdi. Rosti, odamlarni ko‘raverib ko‘zim pishib ketgan. Darhol angladim – yaxshi odamlar! Tik turib biroz suhbatdan keyin, endigina tanishganim, institut xodimlarini ham o‘zimga juda yaqin oldim. Fikrlari keng, bilimli, odam sifatida ham porlab turgan, ziyoli kishilar ekan bu yigitlar. Safarimiz oxirida esa, shunday ukalarim bo‘lishini orzu qildim…

* * *

Pekinda elchixonamiz xodimlari juda xushnudlik bilan kutib oldi. Elchimiz Farhod Arziyev O‘zbekistonga chaqirilgan ekan. Uchishga shaylanayotgan samolyotdan turib biz bilan bog‘landi. Xitoydagi amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan ishlar uchun shart-sharoitlar yaratilgani, elchixona doim xizmatimizga tayyorligi haqida gapirdi. Bizning kelganimizdan xursandligini aytdi. Uning ovozi chindan xursand bo‘lgan odamning ovozi edi. O‘zi ishtirok etolmasligidan esa afsuslandi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, madaniyatshunoslik va adabiyotshunoslik yo‘nalishidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ilk bor Chin o‘lkasiga tashrif buyurgan ekan. Men esa, Xitoyga qadamini qo‘ygan mustaqil O‘zbekistonning birinchi shoiri bo‘lib chiqdim. Ammo, tan olib aytishim lozimki, men Xitoyga qadam bosgan ikkinchi shoirman. Bu yurtga birinchi qadam bosgan shoir esa Farhod Arziyevning o‘zi! Shu elchimiz juda sifatli va teran she’r yozadigan shoir hamdir. Elchixona xodimlari bilan keyin kechgan suhbatlarda bu katta diplomat juda mehnatkash – o‘zini ayamay, ertadan kechasi bir vaqtlargacha ishlaydigan inson sifatida ta’riflandi. Ishlaydi-da! Axir, haqiqiy shoir Vatanini yaxshi ko‘radi! Vatan uchun o‘zini ayamaydi!

* * *

Avtobus derazasidan qarab boryapman. Men ko‘rgan Pekindan asar ham qolmagan. Har qadamda to‘da-to‘da baland binolar, shakllari ham antiqa. O‘n qavatli imoratlar ko‘proq. Ba’zan hashamdorlari uchraydi. Boy kompaniyalarga qarashli bo‘lsa kerak… Ammo manzaralar meni hayratga solmadi. O‘zimizda ham bor. Ko‘rganmiz.

Manzilga yetib boriboq, mo‘ljallangan ishlarni bajarishga jadallik bilan kirishdik. Birinchi manzilimiz Pekindagi Markaziy kutubxona bo‘ldi. Hamrohlarim boshqa, men boshqa ulovda “Kutubxona qaydasan?” deb yo‘lga tushdik. Pekin juda katta shahar. Aytishlaricha, o‘ttiz milliondan ortiq aholi yashar ekan. Shu sababdan boradigan manzilimizgacha ancha yo‘l bosishga to‘g‘ri keladi. Buning ustiga, tiqinga (Bor ekan! Bularda ham bor ekan!) tushib qoldik. Nihoyat, uzun tiqin! Ammo Toshkentning tiqinlariga chiniqib qolganimdanmi, asabiylashmasdan bu ko‘rimdan o‘tib oldik. Shofyorlik vazifasini bajarayotgan elchixonamiz xodimi Dilshodjon ilonday buralib yotgan tiqindan boshqa yo‘lga o‘tib oldi. Manzilga yetib borganimizda, hamrohlarimiz kutubxona eshigi oldida jam bo‘lib turishgan ekan. Barchaning yuzida tabassum. “Ey, sizni Xitoyda ham bilishar ekan!” deb chug‘urlashyapti menga qarab. Men go‘yo butun dunyo taniydigan shoirday vazminlik bilan ularga qaradim. Qarasam, ulardan ajralib, sarvqomat bir xitoy qiz, yuzlarini tabassumga to‘ldirib, men tomonga yurib kelyapti.

– Usmon Azim? – dedi qiz qo‘lini uzatib.

“Yigitlardan ismimni bilib olgan-da”, deb o‘yladim.

– Men sizning she’ringizni bilaman…

Men bir cho‘chib tushdim.

– She’rimni?..

Kamina o‘zining atrofidagi gap-so‘zlarga sal kulib qaraydi. Axir, bu dunyoda kimlar kelib, kimlar ketmagan…

– “Baxt haqida ballada”ni… – Qiz balladaning birinchi satrini o‘qidi. – “Men baxtni ko‘rganman. Ko‘rganman. Aniq…” 

Haqiqatdan, mening she’rim. Ajabsinib unga qaradim.

– Ustozim Gulsora Mirzaahmedova bilan shu she’rni o‘rganyapmiz.

Tarjimon qiz Pekin universiteti talabasi, ustozi shu o‘quv yurtining o‘n besh yillik o‘qituvchisi ekan.

Endi tushunarli.

Keyin ularning darsi tasviri tushirilgan videoni ko‘rdim. Ikki odam bo‘yi katta ekranda mashhur she’rxon aktyorimiz Erkin Bozorov “baxtni ko‘rgani” haqida she’rni o‘qiyapti. Partalarda o‘ntacha talaba diqqat bilan quloq tutib, o‘zbekchani simiryapti… Kamina matematikani esdan chiqarmagan! Zo‘riqib bo‘lsa ham, hisoblab chiqdim. Ikki-uch yilda bu harakatchan xitoyliklar o‘zbek tilini boshqalarga ham o‘rgata boshlaydi… Demak, besh-olti yilda bu she’rni yoddan biladigan yuzga yaqin xitoy talabalari paydo bo‘ladi… Zo‘r-ku! Tushunib turibsiz, gap menda emas, balki chin farzandlari o‘zbek tilini she’rni o‘rganishdan, yodlashdan boshlaganlarida! Axir, bizning she’rxon o‘lkamizda qanchadan qancha odamlar she’rdan uzoqlashib ketdi, hatto kasbiga ko‘ra she’rni miridan sirigacha bilishi kerak xonandalarning katta qismi, she’r deb bir balolarni kuyga solib yotishibdi. Eshitsang, ko‘ngling ayniydi… Ha, mayli, qizishmasdan, Xitoyga qaytaylik…

Bu tarjimon qizning ismi Lola ekan. Asli ismi boshqacha, ammo bizga qulay bo‘lsin deb, shu ismni tanlabdi.

Shu payt kutubxona xodimlari bizni ichkariga taklif qildi.

Liftda eng tepa qavatga ko‘tarildik… Pastgina ovozda, bir tomoni panjara bilan o‘ralgan kitobxonaga taklif qilishdi. Stollardagi kompyuterlar qarshisida – kelganlarga qayrilib ham qaramay – berilib kitobxonlik qilayotgan yuzlab kitobxonlar. Ulardan narida uzun – juda uzun taxta javonlarda terilib qo‘yilgan kitoblar. Meni hayron qoldirgani esa, sal nariroqda – supa divanlar ustida tosh qotib uxlayotgan odamlar bo‘ldi. Xitoyga avvalgi kelishimda, mehmonxona xodimlarini tushlikda, yig‘ma katlarni ochib uxlayotganini ko‘rgan edim. O‘shanda Xitoyda xodimlar tushlikda ishxonaning o‘zida shu tarzda hordiq chiqarishlari rasm ekanligini menga tushuntirishgan. Ammo kitobxonlar… Aytishlaricha, kutubxonaning o‘zida mudrab olish kitobxonning vaqtini tejar ekan.

Javonzorlar (shunday desam bo‘larov) oralab, kitoblarni ko‘zdan kechiraman. Bu bo‘limda xorijiy kitoblar jamlangan ekan. Hammasi original tillarida. Lotincha yozuvli kitoblar mualliflarining anchasi menga ham tanish… Muqovalari uringan, rosa o‘qilgan kitoblar…

Bizni panjara tarafga taklif qilishdi. Yaqin keldim va… hayratdan qotib qoldim: pastki foyegacha bo‘shliq atrofida qavat-qavat, chir aylanma o‘quv zallari. Biror ovoz eshitilmaydi. Biror bo‘sh stol yo‘q. Qarshisida kompyuter, stolida kitob – kitobxonlar bosh ko‘tarmay bilimni miyaga joylayapti. Menga hatto ular negadir bilimlarni yutoqib simirayotganday tuyuldi. Ha, pastki qavatlarda ham yassi supa divanlarda dong qotib uxlayotganlar…

Ana, endi delegatsiyamiz a’zolarini qiziqtirayotgan masalalarga o‘tdik. Kutubxonada o‘zbek mualliflarining kitoblari bor-u yo‘qligini surishtirdik. Mezbonlar biroz uyalgannamo o‘zbek kitoblari o‘zbek tilida ham, xitoy tilida ham, boshqa tillarda ham yo‘qligini aytishdi. O‘zimiz ham biladiganimiz, bu sohada delegatsiya birinchi bor O‘zbekistondan kelganini ham qistirib o‘tishdi. “Qo‘lyozmalar jamg‘armalaringda-chi?” degan savolga ham shunday javob oldik. “O‘zimiz qo‘lyozmalar bo‘limiga tushib, birrov nazar solsak bo‘ladimi?” degan niyatimizga esa sharqona shirin-u shakar tabassumlarga aralash rad javobi oldik. Bu niyatimizni amalga oshirish uchun naq o‘n olti kun avval “iltimosnoma” yozilishi kerak ekan. Men agar xitoyliklar shunday niyatda O‘zbekistonga borishsa, mehmon istagi shu zumdayoq bajo keltirilib, hamma eshiklarni ochib qo‘yishimizni aytdim. Kor qilmadi. Yana o‘sha shirin-u shakar tabassumda, tartib shunaqa ekanligini ta’kidlashdi, xolos.

Shu joyda delegatsiyamiz Xitoyda iz qoldirib ketishga jiddiy harakat qildi. Navoiy jamg‘armasi boshlig‘i, mashhur bilimdon Olim Davlatovning imosi bilan bir nechamiz ter to‘kib, ko‘tarib kelganimiz, qog‘oz tugunlarni ochdik-da, dasta-dasta kitoblarni kutubxona xodimlari qo‘liga tutqazdik. Bu kitoblar Buyuk Alisher Navoiy ijodi va hayoti tahlil etilgan kitoblar majmuasi. Naq o‘ttiz jild! Kutubxona xodimlari minnatdorlik bilan qabul qilishdi. Rostini aytsam, bu mamlakatda Alisher Navoiyni bilmasliklariga ishonmadim. Axir, Xitoy katta mamlakat – qayerdadir bilib, qayerdadir bilmasliklari mumkin-ku!

* * *

Ertasi xitoylik bir guruh ijodkor ziyolilar bilan uchrashdik. Avval teatr, deb tanishtirilgan binodagi ajib bir ko‘rgazmani tomosha qildik.

Boshda aytganimday, Xitoy musavvirlarining ishlarini birinchi bor kelganimda obdon tomosha qilib, yaxshi ko‘rib qolganman. Hatto sog‘inib ham yurganman… Bir qarashda juda oddiy suratlar. Masalan, musavvir daraxtning birgina novdasini oppoq qog‘ozga ajib bir tarzda tushirgan. Shoxda uchta-to‘rtta qushlar… Bu manzara boshqa suratlarda ham o‘zgacha kompozitsiyada takrorlanadi. Ammo tomoshabin bu suratlarning har biridan ayricha bir zavq oladi… Xitoyda mana shunday – ko‘zimiz o‘rganib qolgan g‘arbcha musavvirlik san’atidan tamomila farq etguvchi san’at namunalariga har qadamda duch kelamiz. Bunday o‘ziga xoslik binolarning rang-barang bezagidan tortib, do‘konlar-u idoralarning lavhalarigacha o‘z aksini topgan. Qanday yaxshi! Dunyoda ustuvor xalqlarning ta’siri natijasida butun boshli tillar, o‘zgacha ko‘rinishdagi madaniyat va san’at tizimlari, urf-odatlar yo‘q bo‘lib ketish jarayoni kechayotgan paytda bunday o‘ziga xoslikning borligi qanday yaxshi! Dunyodagi ilg‘or texnologiyani suvday simirgan va o‘zi ham bu jabhada olam aro ta’sir ko‘rsatayotgan Xitoy o‘ziga xosligini zarracha yo‘qotmagan. O‘ziga xoslik ilk bor ko‘rganimdan-da, yarqirab turibdi. Oddiygina ovqatlanish madaniyatini olaylik. Butun dunyoda qoshiq va sanchqi yordamida ovqatlanish taomilga aylanib bo‘ldi. Ammo xitoyliklar bu taomilga parvo ham qilganlari yo‘q. Hanuz ikkita ingichka yog‘och-cho‘p bilan ovqatlanadilar… Parvardigor dunyoni mukammal yaratgan. Turfalik ham oxir-oqibat Allohning ijodidir. Bu turfaliklarsiz hayot zerikarli bo‘lardi, deb o‘ylayman. Qolaversa, xilma-xillik ham dunyoning muvozanatlaridan biridir. Bir xillik esa tanazzulning bir ko‘rinishi. Agar hamma mintaqa bir-birining nusxasi bo‘lsa, sayohat qilishga ham hojat qolmaydi.

Xitoyda yana bir diqqatimni tortgan kuzatuv: Xitoy ulkan turistik mamlakat bo‘lishiga qaramay, do‘konlar va idoralar peshtoqidagi barcha lavhalar xitoycha yozilgan. Faqat aeroportlarda xitoycha ko‘rsatgichlarning tagida kichikroq tarzda, inglizcha bitiklar bor. Bu o‘rnak oladigan hol ekan, degan o‘y safar bo‘yi ko‘nglimdan o‘tib yurdi… Tan olaylik, Toshkent xorijiy tildagi lavhalar zug‘umida…

Endi ajib ko‘rgazmaga qaytaylik. Bu ko‘rgazma ikki-uch santimetrli mitti haykalchalardan iborat ekan. Ularga hatto fon ham berilgan. Turfa ranglarga bo‘yalgan har bir haykalchaning fe’l-u atvori ham shundoq ko‘rinib turibdi. Liboslari rango-rang, mayda detallargacha qoyilmaqom qilib ishlangan. Guruh haykallar ham antiqa. Mana, daraxtning qorayib ketgan bir bo‘lak so‘ngagi. U uzunasiga – qoyaga o‘xshash bir yo‘sinda qo‘yilgan. Bu “qoya”ning har bir bo‘rtib chiqqan joyida haykalchalar o‘rnatilgan. Pastda “qoya”ga ko‘tarilayotganlar, teparoqda uch-to‘rtta tik turgancha suhbatlashayotganlar, undan balandda davra qurib o‘tirganlar, yanada balandda – panjara bilan o‘ralgan chorpoyada (choyxona bo‘lsa kerak) yetti-sakkiz haykalcha ulfatchilik qilishyapti… Bir so‘ngakda har xil ko‘rinishdagi yuzdan ortiq haykalchalar. Nihoyatda antiqa manzara! Eng qizig‘i, bu haykalchalar guruch va bug‘doy xamiridan yasalar ekan! Bizga tushuntirish berayotgan yigit bu “kasb”ni bobosi o‘ylab topganligini, bobosining o‘nta farzandidan beshtasi mana shu ish bilan shug‘ullanishini aytdi. Yigitning o‘zi ham shu san’atning mubtalosi ekan. Qarang, bir odamning sa’yi harakati tufayli xitoy san’atida bir yo‘nalish paydo bo‘libdi… Bizda ham hunarmandchilikka e’tibor berilayotgani qanday quvonarli! Milliy hunarmandchilik o‘zligimizning asoslaridan biridir. Hunarmandchilik xalqimiz ruhini aks ettiruvchi ijodning bir ko‘rinishi ekanligini biz ham tushunib yetganmiz. Ota-bobolarimiz kasbini chuqur o‘zlashtirib, unga yangilik kirgizayotgan hunarmandlarimiz esa haqiqiy ijodkorlardir.

* * *

Bu ko‘rgazma tomoshasidan so‘ng xitoy ijodkor ziyolilari bilan suhbatni boshlab yubordik! Bir tomonda mezbonlar, bir tarafda biz. Xitoyliklarda ajib urf bor ekan. Avval mezbonlarga birin-ketin so‘z berildi. Ular O‘zbekistondan bu yo‘nalishdagi delegatsiya birinchi bor kelganini ta’kidlashdi. Xalqlarning madaniyat, san’at-u adabiyot arboblari bilan uchrashuvlari o‘zaro yaqinlikka olib kelishi, xalqlarimizning bir-birini teran anglashiga ko‘mak beruvchi eng katta vosita ekanligi haqida so‘z ketdi. Xitoyda nomoddiy merosni qo‘riqlash va o‘rganish haqida gap ketganda safimizdagi bu soha mutaxassislari jonlanib qolishdi. O‘z-o‘zidan savol-javob muloqotlari boshlandi. Bu asnoda ma’lum bo‘lishicha, xitoyda qirq jabhada nomoddiy boyliklar o‘rganilar ekan, bizda esa faqat o‘n yettita… Mutaxassislarimiz mezbonlarning bunday keng faoliyatlariga aniqlik kiritib, bizda ham bu sohani kengroq o‘rganish kerakligi haqida xulosa chiqardilar.

So‘z xitoylik shoirga berildi. Shoir yaqinda Braziliyada uyushtirilgan nazmiy anjumandan kuni kecha qaytgani va u joyda jahon shoirlari qon-u qarindoshday yaqinlashib ketgani haqida gapirdi. Xitoylik birodarim juda to‘g‘ri aytdi! Kamina ham bir-yarim shunday yig‘ilishda ishtirok etgan va bunday yaqinlikdan zavq olgan edi. Hamkasbim juda keskin fikrlar ham yuritdi. “She’riyat o‘lsa, dedi u, kelajak o‘ladi”. Qalay?

Mezbonlar safida bir uyg‘ur olima ham bor ekan. U o‘z tilida so‘zlay boshlagach, tarjimonga hojat qolmadi. Olima turkiy xalqlar mumtoz adabiyoti bilan shug‘ullanuvchi ustozi olamdan o‘tgandan keyin, bu sohada ilmiy ish olib boruvchi mutaxassis qolmaganidan gapirdi. Obbo!..

Navbat bizga yetdi. Olim Davlatov o‘zbek adabiyoti, adabiyotlar hamjihatligi haqida fikr yuritdi. Albatta, Alisher Navoiydan so‘z ochdi. Anjuman bu paytga kelib, tamoman suhbat tarziga ko‘chib ulgurgan edi. Olim ukamiz shu orada ikkalamiz maslahatlashib ulgurganimizni amalga ko‘chirdi: “Xitoy adabiyotidan o‘n nosir va o‘n shoirni o‘zbek tiliga o‘girsak, sizlar ham xuddi shu qabilda bizning adabiyotdan tarjima qilsalaring…” Bu taklif anjumanni boshqarib borayotgan katta martabali xonimga juda yoqdi. “Shu paytgacha, dedi u yayrabgina, xorijiy mehmonlar o‘z adabiyotlarini xitoy tiliga o‘girish haqida gapirishardi. Sizlar birinchi bo‘lib xitoy adabiyotini o‘z tillaringga tarjima qilish to‘g‘risida ham taklif beryapsizlar”. Xullas, bu ishni amalga oshirishga qat’iy qaror qildik. Endi navbat menga tegdi. Men mezbon shoirning so‘ziga izoh berishdan boshladim. “She’r o‘lsa, kelajak o‘lmaydi, dedim men, ammo u juda zerikarli bo‘ladi”. Mezbonlarning, mezbon shoirning yuzlarida tabassum paydo bo‘ldi. Ma’qullashganday bosh qimirlatishdi. Keyin o‘zbek poeziyasi haqida, bilganimcha xitoy she’riyati haqida – xitoy mumtoz she’riyatidagi tabiat manzarasi musavvirona chizish va uni shoir dardi bilan mutanosib tasvirlashdagi mahorat haqida gapirdim. Yana gap aylanib, Alisher Navoiyga taqaldi. Nurboy Jabborov domlaga imo qildik. Nurboy domla Navoiyning bir g‘azalini qadim yo‘sinda – ajib bir qiroat bilan o‘qib qoldi. Keyin men bir she’rimning Xitoydagi tarixini aytib (bundan o‘ttiz olti yil burun kelganimda o‘qiganman!), o‘shani o‘qishga tushdim. Biz xitoyliklarga ilgari o‘zbekiyada she’rni Nurboy domladay qiroat bilan, hozir esa kamina o‘qigan tarzda o‘qilishini tushuntirdik. Ikki taraf bir-biriga aralashib, birodarlik boshlanib ketdi va… sovg‘alar ulashish daqiqalariga yetib keldik. Xitoyda ajib bir udum bor – tortiqni bir dunyo xursandlik bilan qabul qiladilar. Bizga o‘xshaydilar – sharqliklarmiz-da! Avval majlisni olib borgan xonimga o‘zbekcha ajib bir nimcha ulashildi. Nimcha singlimizga shunday yarashdi, deng! Aylanib u yog‘iga qaraydi, bu yog‘iga qaraydi – beqiyos xursand! Shoirga esa do‘ppi-yu belbog‘i bilan chopon yopadigan bo‘ldik. Men unga choponni kiygizib, belini tortib bog‘lab, boshiga do‘ppini mahkam o‘rnatib qo‘ydim. Hamkasbimning jussasi kichikroq ekanmi, to‘nning ichida ko‘rinmay qoldi. Ammo og‘zi qulog‘ida. So‘ng o‘zbek taomiliga qat’iy amal qilib, uni bag‘rimga bosdim. Shoir ham chin ko‘ngildan – ming yil ko‘rishmagan do‘stlarday – bor kuchi bilan yelkalarimni qisirlatib quchoqladi. Ha, suhbatdoshlarimiz ham bizga yodgorlik sovg‘alari ulashdilar.

Mezbonlar bilan go‘yo qarindoshlar bilan xayrlashayotganday xo‘shlashdik. Suratga tushishlar, imo-ishoralar bilan mehr-u muhabbat izhorlari… Uyg‘ur olima she’rlarimni tarjima qilmoqchi ekanligini ham aytib qoldi. Albatta, amalga oshmaydi, ammo xursand bo‘ldim: she’r o‘qishimning ta’siri…

* * *

Ishga berilib ketib, Pekinni tomosha qilishga qo‘l tegmagan edi. Mana endi to‘g‘ri Xitoy imperatorining saroyi tagiga borib, to‘xtadik. Ajib bir me’morlik ila ishlangan saroy arkining naq ro‘parasidamiz. Avval ko‘rganman, bu inshoot birgina saroydan iborat emas. Bir hovlisidan ikkinchisiga, ikkinchisidan uchinchisiga, uchinchisidan boshqasiga… o‘tib ketilaveradi. Qaysidir bir saroyda esa bizga, albatta, xush yoqadigan – avval kelganimda ko‘rganim – ikkita arslonning haykali bor. Bir go‘zal imorat supasining ikki tomonida arslonlar yerga bag‘ir bergancha, uzoqlarga tikilgan ko‘yi, kuch-u qudratga to‘lib turibdi. Bu arslonlar… “bizning” sovg‘amiz! Xuddi shunday! Bilamizki, “tug‘i baland erlar yurti” Baqtriyaning ramzi arslonlar bo‘lgan. Baqtriya podshohi bu ikki haykalni Xitoy imperatoriga tortiq qilgan ekan. Baqtriya esa kim bo‘ladi, biz-da! Bilag‘on gidning og‘zidan o‘z qulog‘im bilan eshitganman… Bugun hamrohlarimga bu haykallardan rivoyatlar aytishga o‘zimni chog‘lab turibman. Ammo… niyatimga yetolmadim. Saroylar ta’mirlash sababli vaqtincha yopib qo‘yilgan ekan. Nachora, arkning fonida rasmga tushmoq bilan cheklandik.

* * *

Ertasi tong qorong‘isidan Shanxayga jo‘nadik.

Shanxayni “ko‘priklar shahri” deyishar ekan. Aeroportdan uch-to‘rt daqiqa o‘tmasdan, yo‘l yerdan uzilib, ko‘prik ustiga chiqdi. Bu “ko‘prik” hech tugamaydi deng, yerdan uzilib, tepada qurilgan katta yo‘l. Ikki tomonda daraxtlarning uchi ko‘rinadi. Pastroqda ham yo‘llar – bizning yo‘nalishda, boshqa tomondan burilib ketadigan, bizning yo‘lga qo‘shiladigan. Yonimizdan poyezd o‘tib ketdi. U ham yerdan uzilib qurilgan temir yo‘l ustida…

Esingizda bo‘lsa, Xitoy katta – Alisher Navoiyni bir joyda bilishmasa, boshqa joyda bilishar, degan edim. Buni qarangki, Shanxay universitetida buyuk shoirni bilishar ekan. Bu o‘quv yurtida o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar va ularning ustozlari bizni kutib oldilar. Davra suhbati boshlanib ketdi. Biz buyuk shoirimizning mahobatli ijodini ularga yana bir bor eslatib o‘tdik. Ular shoirimizning hurmati bu joyda ijodiga yarasha maqomda ehtirom etilishi haqida axborot berdilar. Yana kitoblar tortiq qilindi. So‘ng universitetning keng-u mo‘l hovlisida o‘rnatilgan shoir haykaliga hurmat bajo etgani qo‘zg‘oldik.

Hurmatli o‘quvchi, ko‘zingizga ishonavering! Adashmay o‘qidingiz! Universitet hovlisida haqiqatdan ham Alisher Navoiy haykali salobat berib turibdi. Biz yaqin kelganimizda, yana bir qiziq ko‘rinishning guvohi bo‘ldik. Hazrat bir o‘zlari emas ekanlar. Ularning ortida (taxminan o‘n besh metrlar narida) jahon daholarining haykallari, yo‘q, nima desam ekan?.. haykalchalari ham bor ekan. Barchasi juda mo‘jaz – tizza bo‘yi – saf tortib turishibdi. Bizning buyuk shoirning haykali esa rosmana  deylik, Toshkentda ko‘rganimizday mahobatli, faqat poylaridagi pedestal ozgina pastroqmiy-ey… Mutanosiblik biroz buzilganday… Ammo bunday mayda-chuydaga e’tibor beramizmi? Ta’sirlanib ketganmiz! Xursandmiz! Mening esa xayolimda she’r aylanadi:

So‘z ochsam o‘zbekning mahobatidan,
Muqaddas bir kalom tilimga yordir.
Baxt yog‘ar bu so‘zning salobatidan:
– Axir, Navoiy bor! Navoiy bordir!

Hazrat haykalining poyiga rasm-rusumini keltirib, guldasta qo‘yamiz. Keyin yoppa ta’zim qilamiz…. Safimizdagi navoiyshunoslarga havas bilan qarayman. Qanday yaxshi, umrlarini Navoiy asarlarini o‘qib o‘tkazadilar…

Keyin Shanxayning u-bu joyini aylangan bo‘ldik… Ammo sezib turdim, safarimiz buyuk Alisher Navoiyning ziyorati bilan nihoyasiga yetgan edi.

Usmon AZIM,
O‘zbekiston xalq shoiri

2025-yil 16–22-dekabr,
Toshkent – Pekin – Shanxay – Toshkent.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-yanvardagi 1-sonida


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img82

ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img132