23.02.2025 | 12:04
424
“YOZGANINGIZ ULUSQA MARGʻUB BO‘LGʻAY”
Ma’lumki, 2025-yilning fevral oyi jamiyatimiz hayotida qizg‘in va unutilmas madaniy voqealar bilan kechmoqda. Bu borada faqatgina bir necha misolni eslaylik.
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev imzo chekkan alohida qaror asosida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning 584 yillik tavallud ayyomi ilk bor Navoiy viloyatida katta tantana bilan o‘tkazildi.
Mazkur qarorga asosan viloyat markazida “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumi ham tashkil qilindi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining simpozium ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi anjuman ishiga yuksak shukuh baxsh etdi.

Madaniy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilganidek, O‘zbekistonda Mir Alisher Navoiy hayoti va faoliyatini o‘rganish, xalqimizni ulug‘ bobomizga yanada yaqinlashtirish ishlarining yangi davri boshlandi.
Shundan so‘ng oradan bir necha kun o‘tib, mumtoz shoir va alloma, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi ham yurtimiz va chet ellarda keng nishonlandi.
O‘tgan yili “Boburnoma” asari italyan tiliga tarjima qilinib, Prezidentimiz so‘zboshisi bilan ko‘p nusxada chop etilgan edi. Joriy yilning 13-14-fevral kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, mamlakatimizning Italiyadagi elchixonasi hamda Rim shahridagi “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi tomonidan qadimiy Florensiya va Rim shaharlarida ushbu kitobning taqdimotlari yuqori darajada o‘tkazildi. Unda yurtimizning nufuzli delegatsiyasi bilan birgalikda Italiya ilmiy-akademik doiralarining taniqli vakillari, davlat va jamoat arboblari ishtirok etdi.
“Jadid” gazetasi tahririyati tomonidan nashr qilingan “Tilda, fikrda, ishda birlik!” to‘plamining kuni kecha o‘tkazilgan taqdimot marosimini ana shunday iftixorli voqealarning – ma’rifat va adabiyot bayramlarimizning uzviy davomi sifatida qabul qilishimiz albatta o‘rinlidir.
Bu marosimdan, eng avvalo, Vatan va millat yo‘lida jon fido etgan buyuk shahidlarimiz, ma’rifatparvar bobolarimizning, shu bilan birga, mustabid zamonlarning eng og‘ir davrlarida ham jadidlar yodi bilan yashagan, ularning nomlari va merosini yuzaga chiqarish uchun mardona kurashgan, bu kunlarni orzu qilib o‘tgan ustoz adib va olimlarimizning ham ruhlari shod bo‘ldi, desak haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Bu haqda so‘z yuritar ekanmiz, tabiiy bir savol tug‘iladi: Yangi O‘zbekistonda jadidlik harakatini o‘rganish va targ‘ib etishga nima uchun bu qadar ulkan e’tibor qaratilmoqda?
O‘tgan yili gazeta sahifalarida chop etilgan eng sara maqola, suhbat va ocherklar jamlangan mazkur kitobdan ana shu savolga atroflicha javob topish mumkin. Zero, biz mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyati, huquqiy demokratik davlat barpo etar ekanmiz, avvalo jadid bobolarimizning buyuk gumanistik qarashlariga tayanamiz, ularning o‘lmas ma’naviy merosidan kuch-quvvat olamiz.
Bizning o‘z oldimizga qo‘ygan milliy istiqlolimizni mustahkamlash, uni turli xavf-xatarlardan himoya qilish, Vatanimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, xalq farovonligini ta’minlash, inson qadr-qimmatini joyiga qo‘yishdek ezgu maqsad va vazifalarimiz jadidlik harakatining tub mohiyatiga to‘la uyg‘un va hamohangdir.
Shubha yo‘qki, tarixda ikki buyuk Renessansga zamin bo‘lgan Turkiston mintaqasida uchinchi Renessansni aynan jadidlar amalga oshirishlari mumkin edi. Afsuski, bosqinchi tuzum, mustamlakachilik siyosati bunga imkon bermadi.
O‘z zamonasidan g‘oyat ilgarilab ketgan, o‘ta murakkab va tahlikali sharoitda – bir tomondan chor oxrankasi, ikkinchi tomondan mahalliy jaholatparastlarning tazyiq va ta’qiblari, keyinchalik esa sovet zulmi ostida yashab, faoliyat olib borgan jadid bobolarimizning olijanob tashabbus va harakatlari jamiyat hayotida qanchalik kuchli aks sado berib, qudratli to‘lqinga aylanganini tarixdan yaxshi bilamiz.
“Jadid” gazetasi nashr qilina boshlaganida barchamiz bu nashr ma’rifatparvar ajdodlarimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, chinakam yangicha tafakkur minbariga, mamlakat ziyolilarining erkin va o‘ktam ovoziga aylanishiga umid qilgan va ishongan edik.
Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu gazeta qisqa vaqt ichida ijtimoiy-ma’naviy hayotimizda, milliy ommaviy axborot vositalari orasida munosib va mustahkam o‘rin egallab borayotgani quvonarli holdir.
Buning asosiy sabablari haqida gapirganda, gazetaning dasturiy yo‘nalishlari, mazmun-mundarijasi, tahririyat xodimlarining bilim va iste’dodi, mehnatkashligi va jonkuyarligini alohida e’tirof etish lozim. Albatta, qo‘lga kiritilayotgan dastlabki yutuqlar uchun tahririyat a’zolariga, uning faol mualliflari va o‘quvchilariga minnatdorlik bildirsak arziydi.
Ayni paytda ushbu nashr Yangi O‘zbekistonning umummilliy gazetasi – sog‘lom fikr tarqatuvchisi bo‘lishi uchun barcha ziyolilarimiz birgalikda, hamjihat va maslakdosh bo‘lib, boshlangan katta loyihalarni izchil va qat’iy davom ettirishimiz lozim.
Buning uchun gazetada original materiallarga, xalqimizni o‘ylantirayotgan muammolar, ularning tahlili va yechimlariga, eng dolzarb mavzularga bag‘ishlangan maqolalarga yanada ko‘proq o‘rin ajratish zarurligi o‘z-o‘zidan ayon.
Bu o‘rinda “original material” degan so‘zga urg‘u berayotganimiz bejiz emas. Chunki, bugungi kunda matbuotimiz maydonida gazetadan gazeta, jurnaldan jurnal, kitobdan kitob yasab yurgan nashr va tahririyatlar ham, afsuski, uchrab turibdi.
Bunday soxta jurnalistika xalqimizning talab va ehtiyojiga javob bermasligi, dunyoqarashi kundan kunga o‘sib-ortib borayotgan yoshlarimizning tafakkur va ma’naviyat olamini boyitishga hech qanday hissa qo‘sholmasligi sir emas.
“Jadid” gazetasining bir yillik taxlamlaridan saralab, go‘zal bir guldasta, xalqimiz oldidagi o‘ziga xos hisobot shaklida tuzilgan ushbu to‘plamdan o‘rin olgan, tariximizga oid noyob ma’lumotlar, ijtimoiy-madaniy hayotimizdagi eng muhim voqealar, mamlakatimizning bugungi hayotiga doir teran tahlillar, globallashuv jarayonlarining serqirra jihatlari haqidagi mazmundor maqolalar o‘quvchilarni loqayd qoldirmasligiga ishonamiz.
Eng muhimi, tahririyat o‘zi tanlagan ma’rifiy yo‘ldan sobitqadamlik bilan bormoqda. Mana, keyingi vaqtlarda gazeta sahifalarida kitobxonlik va teatr san’ati muammolari, axborot xavfsizligi bo‘yicha salmoqli tahliliy maqolalar e’lon qilindi. Tahririyat ilk bor sun’iy intellekt bilan intervyu uyushtirdi. Atoqli olimlarimiz ushbu nashrning faol mualliflariga aylanmoqda. Umid qilamizki, bunday ishlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirgi vaqtda jamiyatimizning ilg‘or qatlami, jumladan, “Jadid” mushtariylari muhim bir masalani o‘rtaga qo‘ymoqda. Ya’ni, ommaviy axborot vositalarimiz, xususan, “Jadid” gazetasi jaholatga qarshi ma’rifat bilan, ilm-fan yutuqlari bilan kurashishda yalovbardor bo‘lishi lozim.
Taassufki, bugun yurtimizda yaratilayotgan erkinlik va dunyoga ochiqlik muhitining qadriga yetmasdan, aksincha, uni suiiste’mol qilishga urinishlar, ayrim johil kimsalarning jamiyatimizni qoloqlik va tanazzul botqog‘iga, o‘rta asrlar girdobiga qarab tortishga zo‘r berib urinishi holatlari ham ko‘zga tashlanmoqda.
Ularning xatti-harakatlarini, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarini kuzatib, Islom dinining insoniylik va ma’rifatparvarlik g‘oyalari o‘rniga, VII asr sahro axloqi, urf-odatlari va yashash tarzini targ‘ib qilishga, ayollar va bolalar huquqlarini cheklashga qaratilgan buzg‘unchi qarashlar ko‘payib borayotganini ko‘rish mumkin. Bu esa jamiyatimizda bo‘linish va fitna qo‘zg‘ashlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Ba’zan bu odamlar ilm-fan va texnika yuksak ravnaq topgan, zamonaviy texnologiyalar hayotimizga keng kirib kelayotgan, deylik, taraqqiy etgan davlatlar Mars sayyorasida odamlar uchun manzilgoh qurishga kirishayotgan bir asrda yashayaptimi yoki ibtidoiy davrdami, deb o‘ylab qolasan kishi.
Bunday nosog‘lom fikr va g‘oyalar ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali bemalol tarqatilayotgani ayniqsa xavotirlidir.
Mana shunday nojoiz holatlarga duch kelganda, o‘z davrida jadid bobolarimizga naqadar qiyin bo‘lgani, jaholat, nodonlik, mutaassiblikni yengish uchun ular qanday ulkan ma’naviy jasorat ko‘rsatganlarini chuqurroq tushuna boshlaymiz.
Jamiyat va millat taraqqiyotiga g‘ov-kishan bo‘ladigan bunday illatlarga qarshi faqat dunyoviy davlatchilik tamoyillarini mustahkam qaror toptirish, ilm-fan, ta’lim va tarbiya, yuksak texnologiyalarni rivojlantirish orqaligina kurashish mumkin. Bunda ilmiy-ijodiy ziyolilarning, ayniqsa, zamonaviy fikrlaydigan olimlarimizning so‘zi hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi zarur. Ishonamizki, “Jadid” gazetasi ayni shu masalalarni dadil o‘rtaga qo‘yish va targ‘ib etishda boshqa nashrlarga o‘rnak va namuna bo‘ladi.
Gazeta sahifalarida bugungi dunyo manzarasi – jahonning turli nuqtalarida yuz berayotgan, mohiyatini dabdurustdan anglab yetish mushkul bo‘lgan murakkab jarayonlar tahliliga oid maqolalar taqchilligi ham sezilmoqda. Vaholanki, jadid ma’rifatparvarlari hali internet va tezkor axborot olish imkoniyati bo‘lmagan zamonlarda ham jahon maydonida sodir bo‘layotgan eng muhim voqealar haqida qanday kuchli, millatimiz manfaatini yoqlaydigan tahliliy maqolalar yozganini barchamiz yaxshi bilamiz.
Yana bir kuzatuv shundan iboratki, gazetada yoshlarning ovozi hozircha kamroq eshitilyapti. Holbuki, mamlakatimiz aholisining 60 foizga yaqinini yosh avlod vakillari tashkil qiladi. Istak va tilagimiz – nashr sahifalarida iste’dodli yosh olimlar, ijodkorlar, ilm-fanning chag‘ir toshli so‘qmoqlarida izlanib borayotgan o‘g‘il-qizlarimiz, ITchilar, umuman, “zet avlod” vakillari uchun yanada ko‘proq joy ajratilsa, ayni muddao bo‘lar edi.
O‘ylashimizcha, yangi to‘plamga “Jadid” gazetasining asosiy shiori bo‘lmish “Tilda, fikrda, ishda birlik!” degan da’vatkor g‘oya sarlavha sifatida tanlangani bejiz emas. Zotan, hozirgi g‘oyat tahlikali davrda mana shunday birlik va hamjihatlik xalqimiz, millatimiz uchun eng muhim, hal qiluvchi mezonga aylanayotganini barchamiz yaxshi anglaymiz.
E’tiborli jihati, kitob taqdimotida so‘zga chiqqan olim va ijodkorlarimiz tomonidan “Jadid” gazetasining mazmun-mundarijasini yanada boyitish, uni yurtimizdagi eng nufuzli va ommabop nashrlardan biriga aylantirish bo‘yicha muhim taklif va tavsiyalar bildirildi. Tahririyat ijodkorlari ularning hech birini e’tiborsiz qoldirmaydi, deb ishonamiz.
Toki, Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, “yozganingiz ulusqa marg‘ub bo‘lg‘ay”.
Xayriddin SULTONOV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-fevraldagi 8-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
99
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
136
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
329