18.12.2025 | 16:13
1481
ZULFIQORNING ZAHMATLI UMRI
Abdurahmonning bolaligi sovet tuzumining eng og‘ir paytlariga to‘g‘ri keldi. Bir tarafda Birinchi Jahon urushi va uning og‘ir oqibatlari, ocharchilik, qonli qatag‘onlar, so‘ng Ikkinchi Jahon urushi har bir insonning qalbiga qo‘rquv, dahshatli hadik, sarosima solgan kezlar edi. Abdurahmon shunday muhitda maktabga qatnab ilm oldi, o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida otasi usta Rahim Muhammadjonovning sartaroshxonasiga kelib, ishlab pul topishga harakat qildi. Maktabni tugatishi bilan tibbiyot institutiga o‘qishga kirdi. Biroq qiyinchiliklar tufayli shifokor bo‘lish orzusi ushalmay qoldi.

Ilm olishga ishtiyoqmand qahramonimiz 1940-yildan Toshkent pedagogika institutining kimyo va biologiya fakultetida kechki bo‘limda o‘qiy boshlaydi. Ayni paytda jamoat ishlarida faol ishtirok etadi. Totalitar tuzumga xos qarashlarga ko‘ra, talaba Abdurahmon Rahimovning favqulodda qiziquvchan va izlanuvchanligi siyosiy nozirlarda shubha uyg‘ota boshlaydi. 1944-yili talaba aksilsovet qarashlari tufayli sudga tortiladi. U o‘zining kuchli zakovati tufayli aybsizligini isbotlab, sud zalidan ozod bo‘lishga erishadi, biroq jazo organlari iskanjadan qutulib ketgan bu o‘tkir yigitchani kuzatishda davom etadi.
1945-yil 14-noyabr kuni institutning 5-kurs talabasi, bir paytda Toshkent shahar maishiy xizmat boshqarmasi mudiri bo‘lgan Abdurahmon Rahimov endi aksilinqilobiy faoliyatda ayblanib, yana qamoqqa olinadi. U O‘zbekistonda mustaqil aksilsovet davlat tuzishga intilgan tashkilotga kirganlikda, do‘stlari Nosir Maxsumov va Teshaboy Odilov bilan tashkilot uchun programma va ustav ishlab chiqqanlikda hamda maxfiy qo‘mitaning raisligiga saylanganlikda ayblanadi. O‘sha yili to‘ldirilgan anketaga ko‘ra, bu paytda uning oila a’zolari – otasi Rahim Muhammadjonov, onasi Shohida Risqiyeva, xotini Matluba Rahimova hamda o‘g‘li Abdukarimdan iborat bo‘lgan.
Abdurahmon Rahimov bilan birga, uning do‘stlari – oliy ma’lumotli temir yo‘l muhandisi Nosir Maxsumov, toshkentlik mashhur taraqqiyparvar tadbirkor Komilbek Norbekovning o‘g‘li, oliy ma’lumotli temir yo‘l muhandisi Muhiddin Komilov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi iqtisodiyot instituti aspiranti Faxri Shoumarov, oliy ma’lumotli muhandis, Chirchiq elektrokimyo kombinatida bo‘lim boshlig‘i Xalil Latipov, O‘rta Osiyo davlat universiteti aspirantlari Teshaboy Odilov va Muhiddin Nabixonov, O‘rta Osiyo davlat universiteti aspiranti, geologiya yo‘nalishida umidli olim Majid Zokirov, oliy ma’lumotli pedagog, Termiz pedagogika bilim yurtida dars bergan Nig‘mon Safoyev, andijonlik Najmiddin Sirojiddinov hamda talaba Shukur Tojiyev singari 11 nafar navqiron o‘zbek olimlari, yosh muhandislar, iqtidorli talabalarga “xalqlar dohiysi”ni haqorat qilgan, uyida jadidlarning asarlarini, jumladan, “O‘tkan kunlar” kitobini saqlagan, degan ayblar qo‘yiladi.
Sud ishi 1946-yilning yozida maxfiy tarzda ko‘rib chiqiladi. Sudda faqat ayblovchining so‘zlari tinglanadi. Ayblanuvchilarga na so‘z beriladi, na ularning fikrlari inobatga olinadi. Hatto, haqiqatni aytib guvohlik bergan bir inson masxara va dashnomlar bilan sud zalidan chetlatiladi. Qolgan “guvoh”lar esa o‘zlari yaxshi tanimagan-bilmagan bu yoshlarga har qanday tuhmatni chaplashdan qaytmaydi.
Sud hukmiga binoan, faqatgina talaba Shukur Tojiyev 3 yillik qamoq jazosi g‘alaba amnistiyasi qo‘llangan holda o‘zgartirilib, sud zalidan ozod etiladi. Muhiddin Nabixonov 3 yil, Majid Zokirov 5 yil, Najmiddin Sirojiddinov 6 yil, Teshaboy Odilov, Xalil Latipov, Nig‘mon Safoyev 8 yil, Abdurahmon Rahimov, Faxri Shoumarov 10 yildan qamoqqa hukm qilinadi. Eng dahshatlisi, Muhiddin Komilov va Nosir Mahsumovga “otib o‘ldirulsin” deb qaror chiqariladi. 1946-yil 16-sentyabr kuni ko‘rilgan qayta sudda asosiy ayblov va hukmlar o‘z o‘rnida qoldirilgani holda, faqat Muhiddin Komilov va Nosir Mahsumovga nisbatan berilgan o‘lim jazosi 20 yillik qamoq jazosi bilan almashtiriladi.
Stalin vafotidan so‘ng boshlangan “iliqlik davri”ning ilk kunlarida qatag‘on jabrdiydalari shikoyat arizalari bilan chiqadi. Biroq 1955-yil 28-may kuni shikoyatlar muhokama qilinib, eski hukm o‘z kuchida qoldiriladi. Mahkamada asosiy e’tibor sovet tergov tizimidagi adolatsizlikka emas, tintuv vaqtida mahkumlarning uyidan “O‘tkan kunlar” asari chiqqaniga qaratiladi.
1963-yili bu vaqtda muhandis bo‘lib ishlayotgan Muhiddin Komilov SSSR Oliy sudiga shikoyat arizasi bilan murojaat qiladi. Unda o‘zining tuhmat bilan hibsga olinib, oliy jazoga hukm etilgani, so‘ng sud qayta ko‘rilib, 20 yillik qamoq bilan almashtirilganini yozadi. Sudda ularni aksilinqilobiy tashkilot a’zolari, jinoiy guruh sifatida ko‘rishgani, vaholanki, ko‘pchilik qamoqqa olinguniga qadar bir-birini hatto tanimaganini aytib, aybsiz insonlarni oqlashni so‘raydi. Biroq, bu ariza ham boshqa minglab shunday xatlar kabi e’tiborsiz qolib ketadi.
Yosh o‘zbek olimlaridan iborat mazkur “aksilinqilobiy jinoiy guruh” a’zolari faqat O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘nggina oqlanadi.
Qahramonimizga qaytsak, Abdurahmon Rahimov jazoni bir muddat Buxoro va Qiziltepada, so‘ng qishi qahraton, yozi jazirama Jezqozg‘on lagerida o‘taydi. U ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li va qamoqqa olinganidan so‘ng tug‘ilgan qizi Sanobar uchun ham boshiga ne musibat tushsa chidab, ozodlik orzusida kun sanaydi. Zahmatli mehnatga ham, og‘ir muhitga ham sabot bilan chidaydi. Vaqt bo‘ldi deguncha ustarani qo‘lga olib, ota kasbi – sartaroshlikni davom ettiradi, ko‘pning duosini oladi. 1955-yili turmadan qaytganida esa, bir jomadon kitob bilan kelib, hammani hayratga soladi.
Abdurahmon Rahimov qamoqdan ozod bo‘lgach, qolgan hayotini ilm-fan sohasiga baxshida etishga qaror qildi. Jiddiy tayyorgarlikdan so‘ng Qishloq xo‘jaligi institutining O‘simlik fiziologiyasi kafedrasi aspiranti bo‘ldi. Jiddiy tadqiqotlar ortidan 1965-yilda fan nomzodi darajasiga erishdi. Uzoq yillar Toshkent qishloq xo‘jaligi instituti dotsenti sifatida ishlab, minglab talabalarga dars berdi. Qator ilmiy maqolalar, kitoblar, darslik va risolalar yozdi. Xalqaro konferentsiyalarda ishtirok etdi. Doktorlik dissertasiyasida o‘simliklarda suv tanqisligi mavzusi ustida ishlab, bir qator qimmatli tajribalar va ixtirolarni amalga oshirdi. Mavzu o‘sha vaqtdayoq suv o‘ta qimmatbaho resurs bo‘lgan mintaqamiz uchun nihoyatda dolzarb edi.
Taniqli olim Abdurahmon Rahimov bir umr adabiyot va san’atga oshno yashadi. Zulfiqor taxallusi bilan asarlar bitdi. U yaqinlari va shogirdlari uchun hamisha samimiy do‘st, farzandlari uchun mehribon qo‘rg‘on edi.
Abdurahmon Rahimovning qizi Sanobar Boboxonova ota kasbini tanlab, 1982-yilda nomzodlik ishini himoya qildi. Sanobar opa Isroil davlatida bo‘lganida, tepaliklarda yaratilgan bog‘-rog‘larni ko‘rib hayratga tushgani, nihoyatda murakkab bu ish aniq ilmiy yondoshuv asosida bo‘lishi mumkinligini o‘ylab, Hayfa shahri universiteti professori Ilya Yakovlevdan bu haqida so‘raganida, u tomchilatib sug‘orish usuli o‘zbek olimi Abdurahmon Rahimov tomonidan o‘ylab topilgani, so‘ng ular buni amaliyotga joriy etgani haqida eshitganida, qanchalar g‘ururga to‘lganini gapirib beradi. Sanobar Boboxonova taqdir taqozosi bilan 1995-yildan buyon Amerikada faoliyatini davom ettirmoqda. U Nyu-Yorkda “O‘zbekiston – Amerika” jamiyatiga asos solgan. Hozirda bu jamiyat “Mahalla” nomi ostida faoliyat yuritib, “sehrli diyor”ga borgan yurtdoshlarimizni birlashtirib, ularga turli masalalarda yordam qo‘lini cho‘zib kelayotgani ibratlidir.
Bahrom IRZAYEV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 12-dekabrdagi 50-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600
