08.02.2025 | 12:00
512
51- RAQAMLI MAHBUS
1937–1953-yillarda mustabid tuzum tomonidan xalqimizning yuz mingdan ziyod vakili qatag‘on siyosati qurboni bo‘lganini yaxshi bilasiz. Ularning otib tashlangani qancha, nohaq quloq qilingani-yu, surgunga jo‘natilgani qancha?! Ayni raqamlarga aniqlik kiritish borasida hamkasblarimiz tomonidan izchil tadqiqotlar olib borilmoqda. Bugungi kun tasavvuriga ham sig‘maydigan ayanchli taqdir egalari orasida atoqli arboblar, ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilar, harbiylar, sud-huquq tizimi xodimlari, ishchi-dehqonlar ham bo‘lgan. Taassufki, qatag‘on jodisi nafaqat tergovga tortilgan sho‘rpeshonalarni, balki ularning oila a’zolari, qarindosh-urug‘lari, hatto tasodifiy hamsuhbatlarini ham pajmurda etgan.

Nomi qatag‘on ro‘yxatida turgan, lekin taqdir chizgilari nazardan pinhon qolganlar qatorida Muhammad Odiliy ismi ham bor. Bu inson kim edi? Biz to uning izini topib, tafsilotlarini aniqlaguncha qanday mashaqqatlarga duch kelganimiz haqda ikki og‘iz to‘xtalib o‘tsak va so‘ngra Odiliy shaxsiga qaytsak, adolatdan bo‘lar.
Xullas, akademik (ustozning oxiratlari obod bo‘lsin) Naim Karimov maslahati va ko‘magi bilan nashrga tayyorlaganimiz besh jildlik “Qatag‘on qurbonlari” xotira kitobida biz bot-bot tilga olayotgan o‘sha mash’um yillar va yo‘llar aks etgan, desak yanglish bo‘lmaydi.
Otuvga hukm qilingan 14 589 nafar qurbon! Millatimizning sovet mustamlakachiligi davrida qirg‘in qilingan, sokin turmushi tamomila izdan chiqarilgan, olis va sovuq o‘lkalarga surgun qilingan, jismonan mahv etilgan yetuk namoyandalari taqdiri… Bundan ko‘rinadiki, 1937-1938-yillarda O‘zbekistonda qatag‘on qilingan 40 mingdan ortiq kishidan bor-yo‘g‘i qariyb 15 ming nafarining ism-sharifi aniqlangan, xolos. Qolganlarining esa taqdiri hamon mavhum.
Ular kechib o‘tgan umrni aniqroq tasavvur qilish va tarixiy adolatni tiklash uchun muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek, tadqiqotlar qamrovini kengaytirish kerak. Ayni shu maqsadda ilmiy jamoamiz vakillari bilan 2011-yili Rossiyaning Moskva shahriga ikki marta safar uyushtirdik. Mazkur shahardagi Maliy Karetniy tor ko‘chasi, 12-uyda joylashgan “Memorial” xalqaro tarixiy, ma’rifiy xayriya va huquqni himoya qilish jamiyatining arxividan 1938-yil oktyabrda Toshkentda qatag‘on qilingan 496 nafar o‘zbekistonlik haqida ma’lumot olishga muvaffaq bo‘ldik. Bu O‘zbekistonda otuvga hukm etilganlarning ismi va familiyalari, hukm chiqarilgan sana, otilgan kun ko‘rsatilgan jadval edi…
So‘ngra Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati markaziy arxivi tomon yo‘l oldik. Bir amallab arxivdan mavzuga oid hujjat va materiallarni izlab topish, ulardan foydalanish, ko‘chirmalar olishga muvaffaq bo‘ldik. Avvalroq ham Baxtiyor Rasulov, Elyorbek Xolmirzayev singari olimlar bilan birgalikda bir necha bor xizmat safari chog‘ida ushbu arxivda ishlash imkoniga ega bo‘lgan edik. Shu asnoda arxivda saqlanayotgan SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining 1938-yil 4–15-oktyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan sayyor sessiyasi yig‘ilishlari bayonnomalari bilan tanishdik. Ular bizgacha hali o‘rganilmagan va ilmiy iste’molga kiritilmagan edi.
Hujjatlarga ko‘ra, Oliy sud harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasi raisi, harbiy yurist Alekseyevning O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissari, davlat xavfsizligi mayori Derenik Zaxarovich Apresyanga yo‘llagan talabnomasida 1938-yil 4-oktyabrda 52 nafar mahbusni oliy jazo – o‘limga hukm etib, ijroni zudlik bilan ta’minlash talab qilingan. Talabnomada mahkumlarning barchasi nomma-nom keltirilgan. Ism-sharifi sanalgan mahbuslar orasida qahramonimiz – Muhammad Odiliyning familiyasi ellik birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan edi. Odiliy ustidan 976562-sonli arxiv-tergov ishi rasmiylashtirilgan. Hukm o‘sha kuniyoq ijro etilib, bu haqda dalolatnoma tuzilgan.
Muhammad Odiliy 1896-yili Toshkent shahrida tug‘ilib, sobiq Kirov rayonidagi Birinchi Koshg‘ar mahallasida yashagan.
Otasi Odil Hojixonov o‘smirlik chog‘lari hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. Inqilobgacha otasida uy, bog‘ va 1,5 tanob yer bo‘lgan. Onasi Rixsi Hojixonova “Bolalar uyi” artelida ishlagan.
Muhammad Odiliyning o‘zi O‘zbekiston urug‘chilik tayyorlov idorasi boshqaruvchisi, xo‘jalik xodimi, yer organlari ishchisi edi.
U o‘n yoshidan boshlab “Katta” masjididagi imomdan o‘n yil tahsil olgan, eski usul maktabida o‘qigan, madrasa ko‘rgan. 1915-yildan to 1917-yil fevral inqilobigacha rus-tuzem maktabida tahsilni davom ettirgan. 1917-yil avgustdan 1918-yil mayga qadar 1-pedagogika institutida o‘qigan.
1918-1919-yillari Toshkent shahridagi barcha o‘quv muassasalarida “Temir to‘da” jismoniy to‘garagi tashkil etilgan edi. Bu to‘garak avvalida o‘z oldiga yoshlarni yangi usuldagi maktabga jalb etish va eski usul maktabiga qarshi kurash olib borish vazifasini qo‘ygan. Odiliy 1918-yili “Temir to‘da”ning faxriy a’zosiga aylangan-u biroq to‘garakning biron bir topshirig‘ini bajarmagan. 1919-yil o‘rtalarida 45-son maktab huzurida “Temir to‘da”ning bo‘limi bo‘lmish “O‘g‘uzxon ko‘li” ochilgach, bu yerda uch oycha teri oshlovchilar va hunarmandlar orasida savodsizlikni tugatish bo‘yicha dars o‘tgani uning tarjimayi holidan ma’lum.
…1923-yili Muhammad Odiliy Moskvaga xizmat safariga yuboriladi va u yerda Sharq xalqlari institutida tahsil olib, bir yil o‘tgach, Samarqandga chaqirib olinadi. U o‘sha kezlar Samarqand va Jizzaxda besh yil mobaynida partiyaviy ishda faoliyat ko‘rsatgani haqida tegishli manbalarda ma’lumotlar uchraydi. Qahramonimiz ma’lum muddat Kasaba ittifoqida ham ishlab, so‘ngra Samarqand okrug soveti ijroiya komiteti raisi o‘rinbosari bo‘lib xizmat qilgan. 1927-yildan faoliyatini O‘zbekiston Xalq komissarlari sovetida davom ettirgan.
1930-yili kasallikka chalinib, Xalq komissarlari soveti tomonidan Yaltaga yuborilgan va bu joyda ikki yilcha davolangan.
Muhammad Odiliy O‘zbekiston Ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan respublikada o‘nglar va trotskiychilar blokida harakat qilayotgan aksilinqilobiy millatchi tashkilotning a’zosi sifatida 1937-yil 29-iyulda qamoqqa olinadi. Bungacha u O‘zbekiston Yer-suv ishlari xalq komissarligi, O‘zbekiston naslchilik idorasi tayyorlov boshqarmasida xizmat qilgan.
Odiliy inson bolasi bardosh berolmaydigan dahshatli qiynoqlar bilan kechgan tergov jarayonida u o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni “bo‘yniga olib”, “avvaliga millatchilik kayfiyatida” bo‘lgani, 1925-yilda Ikromov tomonidan boshqarilayotgan millatchilar guruhiga kirgani, keyinroq “Milliy istiqlol” aksilinqilobiy millatchi tashkilotiga tortilgani va uning topshirig‘i bo‘yicha qamoqqa olingunga qadar turli xil sovet-partiya ishlarida jinoyatkorona ish olib borgani, jumladan, respublikadagi chorvachilik sohasida ham jinoiy faoliyati haqida “ko‘rsatma” bergan.
Qatag‘on tergovlarida ishtirok etgan ikkinchi darajali tergovchilardan biri 60-yillarda Odiliyning yaqin qarindoshlariga dahshatli bir ma’lumotni yetkazgan ekan. Uning so‘zlariga ko‘ra, taftish jarayoni va so‘roq-savollar davomida Odiliyning biron-bir aybi isbotlanmagan. Aksincha, u halol va pok, beozor inson sifatida namoyon bo‘lgan. Hatto unga qarshi biror-bir pichoqqa ilingulik guvohlik ham berilmagan. “Shunga qaramay, biz yuqoridan tushgan topshiriqqa ko‘ra, statistika uchun unga nisbatan otuvga hukm qilinadigan aybnoma chiqarishga majbur bo‘lganmiz”, deb o‘ziga xos tazarru keltirgan ekan o‘sha sobiq xodim.
Shunday qilib…
Sobiq ittifoq Oliy sudi harbiy kollegiyasi sayyor sudining 1938-yil 4-oktyabrdagi yig‘ilishida Odiliy o‘z “ayb”larini to‘la “bo‘yniga olib”, tergovda to‘qilgan uydirma jinoyatlarini “tasdiqlagan”. Sud uni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 58-, 63-, 64- va 67-moddalari asosida otuvga hukm etgan.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 31-yanvardagi 5-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
592



