29.05.2025 | 09:15
711
“MA’RIFAT YO‘LI, ALBATTA, BOSIB O‘TILG‘USI”
Shunday suhbatdoshlar bo‘ladiki, ularning har bir gapi – tajriba, har bir mulohazasi – tahlil, har javobi – tadqiq. Kinematografiya agentligi direktori, adabiyotshunos, jadidshunos olim, professor Shuhrat Rizayev ana shunday dilkash suhbatdoshlar sirasidan. Olim bilan bevosita bugungi adabiy jarayonlar, o‘zbek dramaturgiyasi, kino va teatr asarlari mohiyati, yoshlar ijodi yuzasidan fikrlashdik.

– Siz serqirra ziyolisiz. Avvalo, jadidshunos olim, kino va teatr arbobi, nuktadon tanqidchi sifatida samarali faoliyat olib boryapsiz. Ma’lumki, jami ma’rifiy yo‘nalishlarning charog‘boni kitob bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Shuning uchun dastavval bugun bizdagi adabiy asarlar salmog‘i haqida mulohaza yuritsak.
– Bugun o‘zbek adabiyotida, milliy dramaturgiyada, kino va teatr asarlarida yangicha yondashuvlarga intilish, izlanish, kreativ fikrlash kabi xususiyatlar ko‘zga tashlanmoqda. Albatta, bugun ijodiy jarayonda turli xil yo‘nalishlar nihoyatda ko‘p. Bularning barchasini o‘qib, kuzatib, ko‘rib borish imkonsiz. Boisi, biz shiddatli axborot asrida yashayapmiz. Dunyoning turli burchagidan har xil shakldagi axborotlar yopirilib kirib kelmoqda. Buning hammasini odam o‘z tafakkuri suzg‘ichidan o‘tkazib, uni ma’lum tizimga solib, muayyan bir maxraj ostida birlashtirishi oson emas. Shu ma’noda bugun turfa sohalardan kelayotgan axborotlarni o‘qib, o‘rganib, o‘zlashtirib, ulardan tafakkur uchun oziqlanish tajribasi, bilim darajasi, uquvi, ishtiyoqi baland odamlargagina nasib qiladi deb o‘ylayman. Jamiyatda bu toifa odamlar, taassufki, kamayib boryapti. Bunday bo‘lishiga bosh sabab iste’mol kayfiyatiga haddan tashqari berilishdir. Bu esa kunini bemalol, mas’uliyatdan xoli, beparvolik bilan o‘tkazishga intiladigan avlodning paydo bo‘lib qolayotgani bilan belgilanadi desak yanglish bo‘lmas. Shuning uchun ham biz “yoshlarimiz unga qaramayapti, bunga qaramayapti, buni bilmayapti, bizni davrimizda unaqa edi, bunaqa edi”, degan shikoyatomuz gaplarni ko‘p gapiramiz. Ochig‘i, bunaqangi gaplar ko‘pincha o‘z holicha qolib ketadi. Amaliy ishlar bilan mustahkamlanmaydi.
Hayotiy masalalar bilan chambarchas amaliy harakatlar bo‘lishi lozim. Ayniqsa, yoshlar auditoriyasiga kirib boradigan adabiy asarlar, san’at mahsullari navqiron avlodni tiriklik haqida o‘ylashga, hayotda o‘z “men”ini va o‘rnini topishga, intilishga da’vat etadigan, fikrlashga undaydigan asarlar bo‘lishi kerak. So‘nggi vaqtlarda ana shunday asarlarga ko‘p ham duch kelmayapman. Balki yozilayotgandir, bordir, ko‘pdir. Lekin men ko‘rib qolayotgan aksar asarlar mana shu tushunchalardan yiroq. Balki, davr xususiyati, zamon taqozosidir bu. Ammo men bunday masalalarda biroz boshqacharoq yondashuvni ma’qul ko‘raman. Yondashuv shundan iboratki, har bir o‘qilgan bitik mulohazaga undashi kerak. To‘g‘ri-noto‘g‘ri, yaxshi-yomon, ma’qul-noma’qul, deydigan tushunchalarning farqiga borib, qat’iy xulosa chiqarib olish uchun ma’naviy ozuq beradigan asarlar bo‘lishi shart.
Masalan, dramaturgiya sohasini olib qaraydigan bo‘lsak, tariximiz ham, bugungi kunimiz ham zamonaviy milliy asarlarda o‘z ifodasini topayotgandek tuyuladi. Lekin bu asarlar badiiyat nuqtayi nazaridan qanchalik talabga javob beradi?! Tomoshabin yoki o‘quvchi xotirasida saqlanib qolib, qanchalik ta’sir ko‘rsatadi? Hamma gap shunda! To‘g‘risini aytsam, men bu masalalarda biroz shubhalanaman. Aytganimdek, bu asarlardan ko‘pining badiiyati, adabiy quvvati ancha pastdek tuyuladi menga. Mavzu dolzarbligi, syujet masalalariga e’tibor qilamiz-u, mavzuni o‘rganish, kerak bo‘lsa ilmiy, badiiy, ma’rifiy tahlil etish borasidagi toqat bilan olib boriladigan ishlarni tasavvur qilmaymiz. Agar shularni mushohada qilib, mavzuga kirishsak, asarlarga ham jon kiradi.
Shu o‘rinda, masalan, Oybek domla yoki Gʻafur Gʻulomning o‘z davrida O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga akademik etib saylangani sababini tushungandek bo‘laman. Qachonki ularning asarlarini o‘qisam, xususan, Oybekning “Qutlug‘ qon”, “Navoiy” romanlarida aks etgan voqelik va obrazlar, personajlar tarix nuqtayi nazaridan, olimlik pozitsiyasidan o‘rganilsa, tarix yoki adabiyotshunoslik sohasidagi bir olimning umri davomida amalga oshirishi mumkin bo‘lgan ilmiy tadqiqotlaridek taassurot yaraladi. Oybek domla “Navoiy” romanini yozish uchun o‘tgan asrning 20–40-yillarida imkoniyati darajasida bo‘lgan 500 dan ziyod birlamchi ilmiy manbadan foydalangan ekan. Hozir bitta tarixiy kitob yozish uchun birorta yozuvchimiz, hech bo‘lmasa, ellikta, boring ana, o‘nta manba ko‘rarmikan?! Menimcha, ko‘rishi shart.
Oybek domla “Navoiy” romanida Hirotni tasvirlab, Navoiyning Xuroson saltanati poytaxtida amalga oshirgan ishlarini badiiy lavhalarda aks ettirib, asarini e’lon qilganidan keyin, oradan yillar o‘tib, Pokistonga xizmat safariga boradi. Pokistonga avtomobil yo‘li bilan Afg‘onistondan o‘tadi. Shu jarayonda Afg‘onistonda bir-ikki kun qolish imkoni tug‘ilib, Hirotni aylanadi va shu asnoda go‘yo o‘ziga begona bo‘lmagan manzaralarni ko‘rayotgandek his qiladi. Uyga qaytgandan so‘ng ayoliga “Romanni yozayotganimda xayolan Hirot shahrining tarhini, xaritasini chizgandim, shuni olib chiqing”, deydi.
Oybek domla xaritani ko‘riboq hayron qoladi. “Zarifa, men Hirotni ko‘rmasdan turib, o‘qib-o‘rganganlarim asosida chizgan edim. Safar davomida ko‘rdim, barchasi bir-biriga mos kelyapti. Men chizgan xarita bilan ana shu jonli ko‘rganlarim o‘rtasida deyarli farq yo‘q ekan”, deydi. Bu Oybekning Hirotni, Navoiy davrini, Navoiy siymosini, uning shaxsiyatini shu qadar chuqur o‘rganganidan dalolat beradi. Shu tufayli u besh yuz yil avvalgi shahar ko‘rinishini xotirasidagi tasavvurlari, taassurotlari asosida aniq aks ettira olgan. Mana bu ilm nuqtayi nazardan olib qaralsa, katta bir olimning yillar davomida amalga oshirgan tadqiqot ishi deb baholansa arziydigan misol. Xuddi shunday fikrni Gʻafur Gʻulom haqida ham aytish mumkin. Shoir she’rlarini o‘qiganimiz sari xayolimizda cho‘ng bir tasavvurlar, tuyg‘ular uyg‘onadi.
Shoirning istagan she’rini oling, har satrida shoirona fasohat ilm-u bilgichlik ma’rifati bilan omixtalikda aqlingizni shoshiradi. Gʻafur Gʻulomni faqat shoir emas, mutafakkir faylasuf shoir degan ta’rifning bot-bot isbotini topasiz.
Nazarimda, Oybeg-u Gʻafur Gʻulomning buyukligi ham, ulug‘ligi ham aynan shunda, ya’ni ilm-u ma’rifatida.
Men bugungi navqiron adiblardan, yosh dramaturg, kino va teatr ssenariynavislaridan aynan shuni kutaman va mana shunday yondashuv bo‘lishini xohlayman. Yaqin tariximizda milliy mumtoz film namunalarini yaratgan kinoijodkorlar ham ozmuncha ilmiy manbalarni o‘rgangan emas. Bugun shuning uchun Prezidentimizning “Tirik tarix” deb nomlangan 50 dan ortiq tarixiy filmlar yaratish borasida bizlarga bergan imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganda har bir kinoijodkor uch ming yillik o‘tmishimizning har bir davrini mukammal bilishi va zarur bo‘lsa ilmiy-badiiy tadqiq eta olishi kerak degan fikrga keldik. Shu niyatda maxsus o‘quvlar tashkil qilib, o‘zbek adabiyoti va tarixi, millatimiz kechmishi haqida davrimizning eng oldi olimlaridan dars, saboqlar oldik. Bu darslar shuning uchun ham yanada zarur ediki, vatanimiz o‘tmishiga va o‘zbek adabiyoti tarixiga yondashuvlar juda jiddiy o‘zgarib ketdi. Boshqacha munosabatlar, ayricha bir qarashlar shakllandi. Yangi-yangi faktlar yuzaga chiqdi. O‘tmish sho‘roviy mafkuradan, sinfiylik va partiyaviylik degan tushunchalardan xoli holda adabiyotni, san’atni o‘rganish, o‘zlashtirish, tarixni ilmiy-amaliy tadqiq etib, badiiy talqin qilish talabi paydo bo‘ldi. Bu kinodir, badiiy adabiyotdir, boshqa san’atdir, umuman ijod ahli uchun nihoyatda muhim talab. Ana shu ma’noda men asarlarimizda puxta bilim asosi, omili bo‘lishini istayman va o‘qiganlarimda ham shunday daraja bo‘lishini xohlayman. Qolaversa, bu – davr talabi, Prezidentimiz talabi.
– Jadidlar hayotini o‘rgangan, tadqiq etgan olim, “Jadid dramasi” kitobi muallifi sifatida bugun jadidlar hayotiga bag‘ishlab suratga olinayotgan filmlar haqida, ularning tarixiy haqiqatlarga qay darajada to‘g‘ri kelishi xususida nimalar deysiz?
– Men o‘zim jadidshunoslik, jadidlik harakatini o‘qib o‘rgangan bir mutaxassis sifatida ular haqida filmlar olinishida bevosita ishtirok etdim, albatta. Masalan, Abdulla Avloniy, Ibrat, Behbudiy to‘g‘risidagi badiiy filmlar, o‘nlab hujjatli, badiiy-publitsistik filmlar shular jumlasidan. Suratga olingan aksariyat filmlarning, ayniqsa, hujjatli filmlarning ssenariy mualliflari o‘z vaqtida jadidlikni chuqur o‘rgangan Solih Qosimov, Begali Qosimov, Naim Karimov kabi olimlarimiz bo‘lgan. Ulardan keyin Bahodir Karimov, Bahrom Irzayev, Baxtiyor Hasanov kabi bir qator olimlarni filmlarni suratga olish jarayonlariga jalb qildik. Ibrat haqidagi filmni suratga olishda navqiron umrini Is’hoqxon Ibrat hayoti va ijodini o‘rganishga bag‘ishlagan olim Ulug‘bek Dolimovga murojaat etdik.
Jarayonga olimlar bilan birga yozuvchi-adiblarimizni ham tortdik. Masalan, Abdulla Avloniy haqida filmga Tohir Malikning “Qaldirg‘och” qissasi asos qilib olindi. Tohir aka Avloniy hayotini atroflicha o‘rgangan va Mustaqillikkacha Avloniy haqida o‘sha asarini yaratgan edi. Vaqtlar o‘tib mana shu asarni bizning iltimosimiz, talablarimiz bilan qayta ishlab, kinossenariy holida taqdim etdilar. Behbudiy haqida Naim Karimov bosh ilmiy konsultantligida rejissyor Baqo Sodiqov film suratga oldi va yuqorida aytganimizdek, filmlarning hammasiga qator ilmiy tadqiqotlar asos bo‘lib xizmat qildi. Shuning uchun ham ularni men muayyan ma’noda namuna deb hisoblayman. Lekin bir narsani ta’kidlash kerakki, kino, teatr, san’at asarlarida, birinchi navbatda, xalqimizni ularning ma’rifat nuri bilan tanishtirish bosh maqsadimiz bo‘ldi. Jadid bobolar tarqatgan ziyo, xalq ichida olib borgan ishlari, kechmishlari haqidagi ma’lumotlarni badiiylashtirib kinofilmlarga o‘girdik. Bunda bevosita jadidlarning “ma’rifat yo‘li, albatta, bosib o‘tilg‘usi” degan qarashlariga suyandik. Ana shunday “ma’rifat yo‘li” bilan suratga olingan va ma’rifat tarqatish istagida jadidlar haqidagi haqiqatlarni aytish niyatida yaratilgan filmlar kelgusida endi yangi, ta’kidlaganimizdek, yuksak badiiy-falsafiy, ruhiy, tahliliy kinoasarlarni suratga olishda negiz bo‘lib xizmat qilishi kerak. Biz hozir endi “Tirik tarix” turkumidagi megaloyiha misolida tarixiy filmlarda mana shu yo‘sinda yondashishni nazarda tutyapmiz. O‘ylaymizki, bu albatta, o‘z natijasini beradi.
– Kitoblar ezgulikka chorlaydi, tafakkurni teranlashtirib, aqlni charxlaydi, deymiz. Bugungi yosh adiblar ijodi misolida ham ushbu fikrda sobit qola olamizmi?
– Ochiq gap, bugungi yosh adiblarimizning ko‘pchiligini bilmayman. Mana shu kirill va lotin yozuvidagi ozgina uzilishlar, rosti, mening yoshimdagi, men qatori ko‘pgina ziyolilarimizga ta’sir ko‘rsatyapti. Lotin alifbosida chiqayotgan juda ko‘p kitoblarni to‘liq o‘qib borish imkoniyati biroz cheklangan. Lekin kirill yozuvida chiqqan adabiyotlarni imkon qadar ko‘ramiz, ammo unda ko‘proq yoshlar emas, o‘rta yoshdagi yozuvchilarning asarlari chop etilyapti. Bizga tengdosh, bizdan biroz yosh va o‘rta yoshdagi yaxshi yozuvchilarimiz bor. Nazar Eshonqul, Abduqayum Yo‘ldoshev, Zulfiya Qurolboy qizi, Isajon Sulton, Ulug‘bek Hamdam… Ularning asarlarini muntazam o‘qib borishga harakat qilaman. Bu yozuvchilar adabiyotimizda o‘ziga xos bir avlod hisoblanadi. Bu avlodning hammasi turli yo‘nalishlarda izlanadi. Bu avlodni kuzatib borgan odam yuksak adabiyotning hidini topadi ulardan. Oxirgi paytda Xayriddin Sultonovning uchta kitobi, mening nazarimda, hozirgi o‘zbek adabiyotida tom ma’nodagi voqea bo‘ldi: “Odamlardan tinglab hikoya”, “Navoiy 30”, “Ishonch telefoni”. Mana shu uchta asar o‘zbek adabiyotining bugungi darajasini ko‘rsatadigan hodisalar bo‘ldi desam yanglishmagan bo‘laman.
“Ishonch telefoni” haqida salmoqli maqola yozdim. Bu asardan juda ta’sirlanib, ma’naviy zavq olganimdan to‘lqinlanib yozdim. Men o‘zbek nasrining bugungi yo‘nalishini Xayriddin Sultonovning shu uch kitobida namoyon etgan uslubi yo‘nalishida bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. To‘g‘risi, katta ichki monologlar, ruhiy tahlillar, tabiat, jamiyat va inson holatlari tasvirlangan kitoblarimiz o‘quvchini biroz toliqtiradigan, bugungi o‘quvchiga uncha ham ma’qul kelavermaydigan jihatlar bo‘lib qoldi. Shuning uchunmi, Xayriddin Sultonov ham o‘z kitoblarida ana shu jihatlarni, ya’ni ortiqcha tafsil-u tasvirlarga e’tibor qaratmay, o‘z qahramonlarini, ayni hayotiy voqealari bilan badiiy bayon usulida ko‘rsatish yo‘lini tanlaydiki, pirovardida hech bir personajning kechmishlari o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Uning goho komik vaziyatlarga tushadigan, goho nihoyatda chuqur dramatik kayfiyatda ko‘rinadigan, goho esa hatto fojiaviy holatlarda tasvirlanadigan qahramonlari kitobxonni o‘ziga hamdard etadi. Bu bilan yozuvchi o‘quvchida kuchli ishtiyoq, intiq munosabatni paydo qiladi. Bu nafaqat biz qatori o‘rta yoshlilarni, balki navqiron yoshlarning ham qalbiga, fikratiga yo‘l soluvchi uslub. O‘qishga, kitobxonlikka mayli bor yosh kitobxonlar bu asarlarni o‘qib, ma’naviy zavq olishi shubhasiz. O‘ylaymanki, adabiyotimizning keyingi taraqqiyot yo‘li Xayriddin Sultonov boshlagan uslubiy yo‘nalishlarda davom etishi kerak.
She’riyatda ham ko‘pgina yosh shoirlar paydo bo‘ldi. Shulardan Shahriyor Shavkat ismli yosh shoir she’rlari meni qiziqtirib qoldi. Bu yigitning bir-ikki sahnalarda she’r aytganini eshitgandim. Undan bir avlod yuqoriroqda Nodir Jonuzoq, Behzod Fazliddin, Iftixor Xonxo‘jayev kabi yigitlarimizning she’rlarini o‘qib, zavqlanib, o‘z vaqtida munosabatimni ham bildirganman. Lekin hozirgi yosh avloddan meni ozgina taniganim Shahriyor bo‘ldi va nazarimda, bu yigitning kelajagidan umidvor bo‘lish mumkin. Bu yigit izlanib, o‘z ustida muntazam ishlasa, dunyoning bori ranglarini o‘rganib, bilimlarini boyitib, tuyg‘ularini yangilab yursa, yaxshi bir shoir yetilishiga ishonchim komil.
Bugun o‘zini reklama qilishga moyillik kuchaydi. Dag‘alroq aytilsa, o‘zini bozorga solish urfga aylanib boryapti. Ko‘p yozg‘uchilarda hali bir narsani qoyillatmasdan, “men” deydiganlar ko‘payib ketyapti. Mana shu illatdan ehtiyot bo‘lish kerak. Ijodkor odam sokin ruhiyat bilan, har qanday vaziyatda ham o‘zini anglab, o‘zini topib yashashi, izlanishi va ijod etishi, chiroyli bitiklar yaratishi mumkin. Faqat o‘sha ruhiyatiga sokinlik bag‘ishlaydigan holatlarda ko‘proq bo‘lishi kerak.
E’tirof etish joiz, bugun “Jadid” gazetasi haqiqiy iste’dodlarni yuzaga chiqarish uchun harakat qilyapti. Bu juda yaxshi. Nazarimda, gazetaga ilova bo‘ladigan nasriy, she’riy kitoblar kerak. Nashrda chiqayotgan yaxshi she’rlarni alohida, yaxshi nasriy asarlarni alohida, yaxshi maqolalarni alohida kitob qilib chop etish va tarqatish zarur. Ayniqsa, o‘quv muassasalariga ko‘p tarqatish kerak. O‘ylaymanki, bu yo‘nalishda “Jadid” gazetasi oldida hali juda katta vazifalar bor va bu ishlarni ado etishga quvvati ham yetadi. Tez fursatlarda mana shu niyatlarimiz ham amalga oshsa, ajab emas.
– Shuhrat aka, dildan suhbat uchun sizga minnatdorlik bildiramiz va tahliliy, tanqidiy, mulohazali maqola va suhbatlaringizni yana gazetamiz sahifalarida kutib qolamiz.
Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 23-maydagi 21-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



