Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


03.03.2025 | 10:17

img614

BIZ ISHONCHNI, ALBATTA, OQLAYMIZ!

Bilimli, tashabbuskor va ilg‘or fikrli, har jabhada yetakchi yoshlar ertangi kunimiz egalaridir. Bugun ularga keng imkoniyatlar berish, ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Shu yilning 14-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz yoshlari bilan uchrashib, ularning yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida rejalashtirayotgan ezgu maqsadlari, o‘z oldilariga qo‘ygan rejalarini qo‘llab-quvvatlashni ko‘zlab ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv samimiy suhbatga aylanib ketdi. Tadbirda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan uchta muhim hujjat imzolandi va amalga oshiriladigan loyihalar uchun davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘lar miqdori ham e’lon qilindi.

Mamlakat yoshlarining hayotida yorqin iz qoldirgan mazkur tarixiy uchrashuvda ishtirok etgan baxti kulgan yigit-qizlarni suhbatga tortdik.

Hurriyat RAHMATULLAYEVA,
“Qizlar akademiyasi” loyihasi “Oila psixologiyasi” kursi muallifi:
Navoiy viloyati

– Men virtual olamda o‘z blogiga ega, jamiyat rivojiga befarq qarab turolmaydigan tengdoshlarim safidaman. Shu jihatdan o‘zimni ijtimoiy faol yoshlardan biri deb bilaman. Prezidentimiz Farmoni bilan tashkil etilgan “Qizlar akademiyasi” platformasida oila psixologiyasi yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatish bilan birga, “Ongli ota-onalik” loyihasi asoschisi ham hisoblanaman.

Asli Navoiy viloyatining Navbahor tumanida tug‘ilib, Zarafshon shahrida voyaga yetdim. Onam ingliz tili o‘qituvchisi, otam esa Navoiy kon-metallurgiya kombinati mutaxassisi bo‘lib ishlashgan. Oilamizdagi tarbiya-tutumlar ilmga ishtiyoqim oshishi va ko‘nglimda o‘qib-izlanishga rag‘bat uyg‘onishida muhim rol o‘ynadi. Bolalikdan ota-onamga havas qilib, bir sohaning etagini tutdingmi, uning yetuk mutaxassisi, jamiyatga nafing tegadigan inson bo‘lib yetishishing kerak, degan fikrni maqsad qilib ulg‘aydim. Ayniqsa, keyingi yillarda ko‘plab xalqaro va mamlakatimiz miqyosidagi loyihalarda ishtirok etishim, mualliflik loyihalarimni yuzaga chiqarishga erishayotganim bois o‘zimga ishonch va mas’uliyatim oshmoqda. Chunki barcha harakatlarim zamirida yoshlar tarbiyasi, ma’naviy kamoloti va ularning o‘zaro bardamligiga hissa qo‘shish, SHAXS bo‘lib ulg‘ayishiga ko‘maklashish istagi yotadi.

Davlatimiz rahbari bilan uchrashuv barcha yoshlar qatori menda ham ulkan taassurot qoldirib, yangi orzu-maqsadlar sari ilhomlantirdi. Uchrashuv doirasida yoshlar bandligini ta’minlash masalasiga asosiy e’tibor qaratildi. Qolaversa, yoshlarni ko‘proq qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat berish, ularga hamma sohada imtiyozlar yaratish, yetakchi universitetlarda o‘qiyotgan talabalar va ilmiy tadqiqot olib borayotgan bo‘lg‘usi olimlarga moddiy va ma’naviy ko‘maklashish davlat siyosati ekanligi alohida ta’kidlandi.

Men ham o‘z yo‘nalishim bo‘yicha takliflar bilan borgan edim, albatta. Prezidentimiz bizga shunchalik yuksak ishonch bildirib, shu qadar e’tirof etdilarki, takliflarimiz aslida qo‘l cho‘zsak yetish, erishish mumkin bo‘lgan ishonchga aylanib ulgurdi. 

Uchrashuv davomida yoshlarga, qizlarimiz masalasiga urg‘u berilib, ularning kuchli mafkuraviy immunitetga ega, o‘ziga ishonchi baland insonlar bo‘lib ulg‘ayishida bizning loyihalarimiz juda katta ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlandi.

Shu kuni Prezidentimizning “Sizlarga ishonaman, barchangizdan umidim katta. Yoshlar – O‘zbekistonning oltin fondi! Ayniqsa, xotin-qizlarimiz bilimli bo‘lsin! Bir qizni o‘qitsak, butun oilaga ta’lim bergan bo‘lamiz”, degan fikrlari yuragimizda muhrlanib qoldi.

Nilufar ERGASHEVA,
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori:
Farg‘ona viloyati

– Uchrashuvda Prezidentimiz sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning “Qayga bormay, boshda do‘ppim, Gʻoz yurarman gerdayib” misralarini takror-takror esladi, yoshlik haqidagi she’riy misralarni yodga oldi. Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda badiiy adabiyotning roli, bunda “Yoshlik” jurnalining bugungi faoliyatiga ham alohida to‘xtaldi. Zamon talabiga qarab jurnalning elektron shaklini ommalashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Darhaqiqat, adabiyot har qachon ma’naviy kuchini yo‘qotmasligi kerak. Katta yo‘lga chiqqan O‘zbekiston uchun ma’naviyat eng muhim masalalardan biridir. Axborot shiddati ham, shovqini ham kuchayib borayotgan ayni zamonda bosma adabiyotni asrab qolish – o‘ta dolzarb vazifa. Yurt rahbarining kuyinchakligi, har bir sohaga e’tibor qaratishi, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy muammolaridan ortib, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish haqida ham o‘ylashi biz kabi yoshlar uchun yuksak o‘rnak, ibrat bo‘ldi.

Bundan bir asr oldin jadid bobolarimiz milliy qadriyatlarga tayangan, chet tillarini yaxshi o‘rgangan, dunyoqarashi keng avlodni orzu qilgan edi. Prezidentimiz bu xususda uchrashuv ishtirokchilarining ham fikrlariga quloq tutib, ana shunday yoshlar ko‘payishi uchun sharoit yaratish bo‘yicha taklif va mulohazalarni tingladi.

Eng quvonarlisi, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy universiteti dunyoning TOP-1000 talik reytingiga kiritilganini alohida ta’kidlab, mazkur oliy o‘quv yurtining faoliyatini namuna sifatida ko‘rsatdi. Men shu ta’lim dargohi talabasi sifatida bundan katta faxr va iftixor tuydim.

Bundan tashqari, dunyoning nufuzli universitetlarida ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlarga uy-joy uchun 10 yil muddatga 800 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratilishi aytildi. Bu ilm-fan rivoji uchun yaxshi qo‘llab-quvvatlov bo‘lib, bunday yoshlar xorijda bilim olib, O‘zbekistonga qaytgach, uy-joy tashvishisiz tadqiqotlarini bemalol davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi.

Suhbat asnosida istiqloldan keyin 2016-yilga qadar 800 nafar yoshlar xorijga davlat hisobidan o‘qishga yuborilgan bo‘lsa, birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali so‘nggi yetti yilda bu sanoqdan uch barobar ko‘p yigit-qizlar ana shunday imkoniyatga ega bo‘lgani qayd etildi.

Bugunga kelib Yoshlar ishlari agentligi xorijda tahsil olayotgan har bir talabaning o‘qishiga bosh-qosh bo‘lib, ularning moddiy ehtiyojlari uchun keragicha mablag‘ ajratmoqda. Ilm olaman deb chekka qishlog‘u tumanlardan poytaxtga kelgan yoki xorijga ketayotgan talaba-yoshlar uchun bundan ortiq yengillik bo‘lmas, nazarimda.

Uchrashuvda bizni quvontirgan yana bir yangilik – iqtidorli, bilimga chanqoq, lekin oilaviy sharoiti og‘irligi sababli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha “Yorqin iste’dod” loyihasi joriy etilishi bo‘ldi. Bunda ijtimoiy himoyaga muhtoj, bilim olishga ishtiyoqi baland yoshlar saralanib, xorijiy oliy o‘quv yurtlari uchun maxsus tayyorgarlik kurslarida o‘qitiladi. Oliy ta’lim muddati tugab, ular vatanga qaytib kelgach, to‘g‘ridan to‘g‘ri milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi. Davlat organlariga hech qanday to‘siqsiz ishga olinadi. Har yili saralashdan o‘tgan ming nafar tengdoshim dunyoning TOP-100talik universitetlariga o‘qishga yuboriladi. Ularning o‘qish xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi.

Prezidentimiz bilan bo‘lgan uchrashuv qator sohalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun poydevor bo‘lishi shubhasiz. Mamlakat rahbari bizga juda katta ishonch bildirmoqda. Biz, albatta, shu ishonchni oqlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni ayamaymiz.

Doston QO‘LDOSHEV,
yosh dehqon:
Jizzax viloyati

– Bir yili yigirma nafar do‘stlarim birgalikda katta dalaga qovun-tarvuz ekdik, lekin hosil yaxshi bo‘lmadi. Keyingi yil qishloq xo‘jaligi mutaxassislari, agronomlar bilan maslahatlashib, brokkoli karamini ekdik. Daromad kutganimizdan ham zo‘r bo‘ldi. Hozir karamzordan tashqari har birimizning besh sotixdan issiqxonamiz ham bor. Endi issiqxonalarda eksportbop mahsulotlar yetishtiryapmiz.

Bir paytlar Rossiya davlatida, oilamdan uzoqda og‘ir ishlarda yurardim, mashaqqat bilan kun o‘targa pul topardim. To‘g‘ri, dala mehnati ham osonmas, lekin o‘z yurting – o‘lan to‘shaging-da. Ota-onang bag‘rida, yaqinlaring bilan birga bo‘lishga nima yetsin!

Xullas, o‘sha yigirma yigit kunning issig‘i-yu sovug‘ida bor mehrimizni yerga berib, dehqonchilik qildik. “Mehnat qilsang, yetarsan murodga”, deganlari rost ekan. Mana bugun ter to‘kib, zahmat chekib qilgan ishlarimizning samarasini ko‘ryapmiz.

Yurtboshimiz bilan yuzma-yuz suhbatlasharkanman, hamma qiyinchiliklar bir zumda esimdan chiqib ketdi. Butun hayotim ko‘z oldimdan kinodek o‘tdi, ruhiyatim ko‘tarildi. Odamni hayajon bosar ekan, yer tirnagan oddiy bir dehqon bo‘lsam-u, yurt rahbarining huzurida tursam!

Uchrashuvda Prezidentimizning “Qishloq xo‘jaligida qilgan mehnatlaring uchun sendan va atrofingdagi yigitlardan minnatdorman” degan gaplari menga yanayam kuch-g‘ayrat berdi. Davlatimizning yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berayotgani bizni juda quvontiradi.

Men yashaydigan Do‘stlik tumani qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan hududlardan sanaladi. Bizning muvaffaqiyatlarimiz tumanimizdagi boshqa yoshlarni ham ilhomlantirdi. Bugun harakat qilgan odam barakat topishini hamma biladi.

Bizga shunday katta ishonch bildirgani uchun Prezidentimizdan juda minnatdormiz. Samimiy tuyg‘ularimizni chin yurakdan izhor qildik. Davlatimiz rahbari bizga murojaat qilib, ishonch bildirar ekan, qo‘limizdan kelgancha Vatanga kamarbasta bo‘lishga qat’iy qaror qildik.

Maqolani M.RUSTAMOVA va K.QARSHIBOYEVA tayyorlagan.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-fevraldagi 8-sonida


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img102

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img138

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]

13.11.2026 | 14:43

img331