Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


08.06.2025 | 10:38

img552

“AYBING SHUKI, ISTE’DODLISAN…”

1929-yil 6-noyabr. Toshkent. Jadidlik harakati peshqadamlaridan biri Munavvar qori Abdurashidxonov xonadoni. Oqshom chog‘i hovli atrofida to‘rt kishining sharpasi izg‘ib, sukunatni gurs-gurs qadam tovushlari buzadi. To‘rtovlondan ikkitasi harbiy formada, lekin el qatori kiyinganlarining turqi sovuqroq ko‘rinadi.

Kutilmagan “yo‘qlov” sababini hali so‘rab ulgurmay, formalilardan biri qo‘lidagini uy egalari peshonasiga niqtaydi: “Hibsga olish orderi”. Uyda tintuv boshlanib ketadi. Sharpalardan biri tokchadagi noyob kitob, qo‘lyozmalarga chang soladi, uyning tekshirilmagan burchagi qolmaydi. Yana birovi “ayb”ga yetgulik dalil topolmagach g‘azabi qo‘zib, tintuvni tom ustida davom ettiradi. Uning qahrini tomga og‘ir qadalayotgan qadamlardan payqash qiyin emas, aksiga, o‘sha zamoni oyoq zarbidan faner qarsillab sinib ketib, zobit shiftdan yarimbel osilib qoladi. Tun chog‘i sukunatni buzgan bunday shovqin-suron qo‘ni-qo‘shnilar yuragiga battar vahm solar, borgan sayin tintuvning dahshati atrofga yoyilardi.

Ertasi kuni ma’lum bo‘ldiki, kechasi Toshkentda jami qirq nafar sobiq ulamo va eshonzoda hibsga olingan. Ular orasida Quduqboshi mahallasidan Olovuddin Maxsum, Xayriddinxon Eshon, Dukchi mahallasidan Abduvohid Qori, Eshonguzar mahallasidan Hasan qori, Eshonxo‘ja domla, Oqmachit mahallasidan Muhiddin qori, Xonxo‘ja Eshon va boshqa kishilar bor edi.

Bugun sahifamizda tarixning ana shunday eng og‘ir, eng keskin burilish pallalarida xalq uchun yonib yashagan, ma’rifat va erkinlik yo‘lida kurashdan aslo chekinmagan shaxslardan biri – Hasan qori Xoniy haqida so‘z yuritamiz.

U haqda ko‘plab qimmatli ma’lumotlar maxfiy hujjatlar orasida saqlanayotgan, 1931-yilga oid, P-33391 raqamli, 3 jildli “Hasan qori Xoniy to‘g‘risida” nomli hujjatda keladi, boshqa manbalarda aytarli uchramaydi.

Hasan qori Xoniy 1887-yili Toshkent shahrida muallim Shorahim hoji oilasida tug‘ilgan. XX asr o‘zbek milliy matbuoti va yangi usuldagi milliy maktab asoschisi, yangi milliy teatr tashkilotchilaridan, ma’rifatparvar, jamoat arbobi Munavvar qorining jiyani bo‘ladi. O‘z zamonasining keksa jadid ziyolilari orasida nihoyatda faol, ilg‘or fikrli, harakati va intilishi bilan yoshlarni ortda qoldiradigan jonkuyar jadid ma’rifatparvarlaridan hisoblangan. “Turk adami markaziyat” firqasi tashkil topgan kezlarda, uning ilk a’zolaridan biri sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Hasan qorining faoliyati faqat siyosiy maydon bilangina cheklanmagan. Tashkilotchilik, madaniy-ma’rifiy ishlar, kitob tarqatish va yosh avlodni o‘qitish – bularning bari hayotining ajralmas qismi bo‘lgan. Ayniqsa, Toshkentdagi mashhur “Turkiston kutubxonasi”ni boshqargan yillarida kitob do‘koni orqali eng yangi kitob va gazetalarni butun Turkiston bo‘ylab tarqatish bilan mashg‘ul bo‘lgan.

1910-1911-yillarda Toshkent, Qo‘qon, Farg‘ona, Namanganda ko‘plab usuli jadid maktablari faoliyat olib borardi. Ularni tashkil etishda Munavvar qorining akalari A’zamxon va Muslimxon barobarida Hasan qori Xoniyning ham xizmatlarini alohida e’tirof etish joiz. U nafaqat yangicha ta’lim g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan, balki ularni hayotga tatbiq etishda ham faol ishtirok etgan. Hasan qorining bundan keyingi faoliyati bevosita jadid maorifini keng joriy etish, xalq orasida ma’rifat taraqqiyotini targ‘ib qilish bilan bog‘liq bo‘lib, u tobora ziyolilar safida fikriy yetakchilardan biri sifatida tanila borgan.

1917-yilgi fevral inqilobidan so‘ng yuzaga kelgan siyosiy muhitda ham u jadidlar safida turib, milliy manfaatlarni himoya qilishda davom etadi. “Turk adami markaziyat” firqasi tugatilganidan keyin Kommunistik partiyaning Toshkentdagi Eski shahar tashkilotiga a’zo sifatida qabul qilinadi. U qisqa fursat ichida shu tuzilmaning partiya komiteti raisi sifatida ish boshlaydi. E’tiborlisi shundaki, Hasan qori yuqori partiya organlaridan kelgan ko‘rsatmalarni emas, balki mahalliy ijroiya hokimiyati – Toshkent Eski shahar ijroiya komitetining topshiriqlarini ustuvor deb bilib, o‘z faoliyatini shu asosda tashkil etadi. Bu holat uning mustaqil fikrlovchi, xalq manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yuvchi shaxs ekanini ko‘rsatadi.

Uning partiyaviy faoliyati, ayniqsa, ilg‘or jadidlarni partiyaga jalb etish va shuning vositasida ularni himoya qilish bilan alohida ahamiyatga ega. Shu davrda Kommunistik partiyaga a’zo bo‘lish uchun mas’ul xodimlar “Ittihod va taraqqiy” tashkiloti a’zolarining tavsiyasini talab qilgan. Hasan qori o‘z xotiralarida bu haqda shunday yozgan: “Ittihod va taraqqiy” partiyasiga a’zo bo‘lib kirgan paytimda, yaxshi tushundimki, partiyaga qabul qilishda insonning ijtimoiy kelib chiqishi, uning qay tabaqadan ekani masalasiga juda katta ahamiyat berilar ekan”. Bu fikr misolida Hasan qorining partiya tizimidagi ichki talab va tabaqaviy yondashuvga tanqidiy nigoh bilan qarab, ma’rifatparvarlar imkoniyatini kengaytirishga astoydil harakat qilgani ko‘rinadi. Zero, jadidlar uchun insonning bilimi, shaxsiy fazilatlari va xalqqa qayishishi birinchi o‘rinda turardi. Hasan qori Xoniy ana shu qadriyatlarga hamisha sodiq ish tutadi. Shu ma’noda uning faoliyati jadidlik g‘oyalarini nafaqat madaniy-ma’rifiy, balki siyosiy maydonda ham yoritish va amalga oshirishga yo‘naltirilgani bilan qimmatlidir.

Ko‘p o‘tmay siyosiy bosimlar tufayli Hasan qori Xoniy partiya komitetidan chiqib ketadi va xususiy faoliyatga o‘tadi. O‘sha yillarda mahalliy boylardan Normuhammad Normuhammedovning sarkori sifatida ish boshlab, u bilan birga Vladivostokka yo‘l oladi. Ushbu safarni qahramonimiz hayotidagi o‘ziga xos bosqich, yangi tajribalar, siyosiy va ijtimoiy muhitni chuqurroq anglagan davr sifatida baholash mumkin. Vladivostok Rossiyaning muhim iqtisodiy va harbiy nuqtalaridan biri bo‘lgani holda Hasan qori uchun geografik, mafkuraviy jihatdan ham mutlaqo yangicha muhit edi. U yerdagi turmush tarzi, xalqlar o‘rtasidagi munosabat, boshqaruv uslubi Hasan qorini ichki tahlilga undaydi. Shu orqali u nafaqat sovet tuzumining ichki ziddiyatlarini, balki o‘zining va hammaslaklarining qay darajada harakat qilish imkoni borligini chuqurroq anglay boradi.

Vladivostokdagi hayot Hasan qorini Toshkentdagi ma’rifiy muhitdan bir muddat uzgan bo‘lsa-da, bu uzilish aslida uning o‘z ildizlarini teranroq his qilishiga, yanada qadrlashiga, jadidlik g‘oyalarining nechog‘li muhim ekanini anglashiga xizmat qiladi. Chunki tashqi muhitdagi tajriba odamni ichki dunyosi bilan yuzlashtiradi.

Hasan qori Xoniy 1922-yili Toshkentga qaytgach, endilikda mamlakat ma’rifiy hayotida oldingidan faolroq ko‘rinish beradi. Bu qaytishda ko‘z o‘ngimizda ruhan boyib tajriba orttirgan, fikran toblangan, xalq xizmatiga kamarbasta shaxs yaqqolroq gavdalanadi. U o‘zining eng yaqin muhiti – kitob va ma’rifat olamiga qaytadi. 1929-yilgacha O‘zSSR davlat nashriyoti do‘konida ishlaydi. Keyinroq internatlarning biriga ishga o‘tarkan, u yerda ham katta hurmat, e’tibor, ishonch qozonadi.

Biroq bu ishonch, bu sadoqat uni ham qatag‘on qilichidan omon saqlab qololmadi.

Hasan qori Xoniy 1929-yilning noyabr oyida qirq nafar ulamo, ma’rifatparvarlar qatorida hibsga olinib, avval Toshkent turmasida, keyin Moskvadagi Butirka qamoqxonasida ikki yil davomida ming bir azobga duchor qilinadi. Keyinchalik, Hasan qoriga “Milliy ittihod” deb atalgan millatparvar va aksilinqilobiy tashkilot bilan aloqada bo‘lgani, shu orqali sovet hokimiyatiga qarshi targ‘ibot olib borgani kabi og‘ir ayblovlar qo‘yilib, 1931-yil 25-aprelda otuvga hukm qilinadi. Hukm o‘sha kunning o‘zidayoq ijro etiladi.

Hasan qori Xoniy shaxsiyatiga to‘xtalar ekanmiz, davlat rahbarimizning qatag‘on qurbonlari haqida “Ularning aybi – buyuk bo‘lgani. Biz shu vaqtgacha tarixning o‘zimizga yoqqan joylarini olib, yoqmagan tomonini yashirib o‘tdik. Birovga yoqadimi-yoqmaydimi, g‘ururimizmi-armonimizmi, muvaffaqiyatmi yo xiyonatmi – hammasini haqqoniy yozish kerak”, degan gapini eslaymiz. Zotan, Hasan qori shaxsi bir jadid o‘laroq g‘oyalariga sodiq, haqiqat yo‘lida sobit, Vatanga muhabbati bilan yagona “ayb”i buyukligida ekanini isbotlab turadi.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 30-maydagi 22-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605