10.06.2025 | 16:44
563
OPA
Katta-yu kichik bu insonni “Opa” derdi. Shu bir so‘zda samimiyat, hurmat, e’tirof bor edi. Xorazmda onani “opa” deyishlarini eslatsak, bu atamaning qadri nechog‘li ekanligini anglashimiz oson bo‘ladi.
Katta yoshdagi kishilar “qizim” yoki “Shakarjon” deyishar, ammo biror fuqaro u insonga rasman “Shakarjon Yusupovna” tarzida murojaat qilganini eslay olmayman.
Bu darajada hurmatga, e’tirofga sazovor bo‘lish hammaga ham nasib qilavermaydi.

* * *
O‘tgan asrning elliginchi yillari oxiri – oltmishinchi yillarida yarim xaroba qishloqda tug‘ilib o‘sgan, mushtdek boshi bilan onasi qatida yaqin ko‘makchi bo‘lgan, kolxozning yil-o‘n ikki oy davom qiladigan sermashaqqat mehnatida pishgan, tunlari charchoqni yengib, qorachiroq yorug‘ida dars tayyorlash, kitob o‘qishga vaqt topa olgan, tinib-tinchimas fe’li boshqalarda havas uyg‘otgan qizaloq edi.
Tengqurlari maktabni tugatgach, aksariyati pedagogika oliygohlariga hujjat topshirganida, u poytaxtdagi qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasi uchun muhandislar tayyorlash institutiga o‘qishga kirganining o‘zi o‘sha davr uchun qanotli bir doston edi.
Talabalik oson bo‘lmaganini Opa shunday xotirlagandi: “Otam do‘xtir, onam ketma-ket tug‘ilgan to‘rt nafar qizni boqish uchun kolxozda ishlash majburiyatida qolgan bo‘lsalar-da, ularning topganlari urvoq bo‘lmaganki, talaba vaqtim yozgi ta’tilga kelganimda oilamga og‘irligim tushmasligi uchun o‘zimcha “tadbirkorlik” qilganman. Uyimizga yaqin yerdagi ko‘lda “qoralang” degan o‘simlik o‘sardi. Uning novdasi juda chayir va baquvvat bo‘ladi, avgust oyida pishib yetiladi. Ana shu qoralangni terib, undan chovli yasardim. Shu buyumni bozorga chiqarib, har donasini bir so‘mdan sotardim. Bu chovlidan o‘sha vaqtda uy bekalari qaynab turgan qozondan chuchvara, tuxumbarakni suzib olishda foydalanishardi. Qisqa mavsumda ikki yuz ellik-uch yuz rubl pul topardim. Bu pul arzimas stipendiya bilan kun kechiradigan talaba uchun katta mador bo‘lardi – Yangi yilgacha uydan bir tiyin olmasdim. Qishki ta’tilga kelganimda onamga yordamchi bo‘lib, tunlari turli mato qirqimlaridan chaqaloqlarga do‘ppi tikardik…”
Oliygohni qizil diplom bilan tugatgach, ish faoliyatini Narimonov nomli jamoa xo‘jaligida boshlaydi – unga hisobxonadan ish berishadi. O‘sha davrda muhandis ayollar juda kam bo‘lgan, ularni qishloq xo‘jalik texnikasiga yaqinlashtirishni yoqtirishmagan…
Shu yillari qishloq maktablari o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘rgatish uchun yangicha ta’lim tashkiloti tuziladi. SPTU, ya’ni kasb-hunar bilim yurtida qishloq xo‘jaligida zarur yigirmaga yaqin kasb va hunarlar o‘rgatilgan.
Opa muhandis o‘laroq ayni shu dargohda yoshlarga texnika sirlarini o‘rgatishga kirishadi. Bu yerda uning tashkilotchilik, tashabbuskorlik sifat-u fazilatlari tez ko‘zga tashlanadi va ko‘p o‘tmay bilim yurti direktori o‘rinbosari, so‘ng esa direktor lavozimiga tayinlanadi. O‘sha yillari tumanda yagona bilim yurti u yoqda tursin, o‘rta maktablarda ham direktor vazifasida ishlayotgan xotin-qizlar barmoq bilan sanarli bo‘lgan.
Aynan odamlarni uyushtira bilishi, yangilikka o‘chligi, teran bilimi bois endigina o‘ttizdan hatlagan Opani Narimonov nomli jamoa xo‘jaligi raisi o‘rinbosari, so‘ng tuman partiya qo‘mitasi kotibasi vazifasiga ma’qul ko‘rishadi. Bog‘ot tumani ijroiya qo‘mitasi raisasi, tuman partiya qo‘mitasi ikkinchi kotibasi bo‘lgani ortida ham ana shu ishchanlik, kuyunchaklik fazilatlari yotibdi.
Mustaqillik Opa taqdirida keskin o‘zgarish yasadi – u Xorazm viloyati tarixida tumanga birinchi rahbarlikka tayinlangan ilk ayol bo‘ldi.
* * *
Xorazmning so‘nggi bir asrlik tarixida katta-kichik vazifalarda ishlagan rahbarlar orasida notiqlik borasida Opaga teng keladigani bo‘lmagan. Katta minbarlarda soatlab qog‘ozga qaramasdan nutq so‘zlar, so‘zlaganda ham har bir gapni o‘rniga qo‘yar, Qur’oni Karim oyatlari, sahih hadislar, ulug‘ allomalar-u shoirlarimiz yozib qoldirgan ibratli rivoyatlar va hikmatlar ketma-ket, o‘rnida keltirilar, bu esa tinglovchilarni o‘ziga ohanrabodek tortardi. Ayni shu notiqligi qo‘l ostidagi rahbarlarni uyushtirish va qo‘yilgan vazifalarning ijrosi bekam-u ko‘st bajarilishiga xizmat qilardi.
Bir suhbatda Opadan notiqlikni qayerdan o‘rganganlarini so‘radim. Opa kuldi: “Notiqlikka o‘qigan, o‘rgangan joyim yo‘q. Ishim, egallagan vazifam taqozosi o‘z-o‘zidan o‘rgatdi voizlikni”.
Opa odatiga ko‘ra kamtarona fikr aytdi. Aslida notiqlik san’ati shaxsdan ko‘p o‘qish va eng muhimi, uqishni talab qiladi.
U kishi mutolaa borasida ham boshqalarga o‘rnak edi. Esimda, Sohibqiron Amir Temurning “Tuzuklar”i ilk bor “Sharq yulduzi” jurnalida chop qilingani haqida eshitganida qo‘ng‘iroq qilib “Juda ajoyib xabar eshitdim. “Temur tuzuklari”ni chop qilishibdi. Yetti iqlim hukmdorining saltanatni boshqarishdagi tuzuklarini o‘qish, o‘rganish hozirgi rahbarlarga juda kerak!” degan edi. Qarangki, o‘sha jurnalni topib, Opaga sovg‘a qilganimda peshonasiga surtgani ko‘z oldimda…
* * *
Opa ayol boshi bilan butun bir tumanga hokim bo‘lgan davr og‘ir zamonlar edi. Sobiq Ittifoq parchalangan, iqtisodiy aloqalar izdan chiqqan, odamlar ust-bosh-u hasham emas, bir qop un topish majburiyatida qolishgan edi. Hatto biror xonadon boshiga nogoh musibat tushganida, bir quloch kafanlik topish dushvor bo‘lgan o‘sha kezlarda…
Opaga havas qilib bo‘lmasdi. Erta tongdan xo‘jaliklarni aylanib, ekinlar parvarishini nazorat qilib, shu orada yo‘l-yo‘lakay fuqarolar murojaatini tinglab, ularga yechim izlab qay bir idoralarga qo‘ng‘iroqlar qilib… nihoyat kechqurun hokimlikka qaytgan vaqtida o‘zini kutib o‘tirgan odamlarga ko‘zi tushar, ular bilan so‘rashib, barchasini qora xuftongacha qabul qilib, dard-u hasratlarini aritishga harakat qilardi.
Aynan Opa hokim bo‘lgan davrda voha ahli tirikchiligi uchun muhim bo‘lgan yangilik amaliyotga joriy qilinadi – bug‘doydan bo‘shagan dalalarga sholi ko‘chatlab o‘tqazish tajribasi qo‘llana boshlaydi. Qishloq ahli ilkiga berilgan tomorqasidan unum bilan foydalanishi, bir mavsumda ikki hosil olishi va ro‘zg‘ori qozonini qaynatishi mumkinligini anglagan Opa o‘sha vaqtda “Bog‘ot” davlat xo‘jaligi rahbari bo‘lgan Masharif aka Quvoqovni Janubiy Koreyaga sholi ko‘chatlashning zamonaviy texnologiyalarini o‘rganish uchun yuboradi. Masharif aka keyinchalik vohada birinchi bo‘lib “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgani Opa o‘rtaga tashlagan tajribaning ikki millionlik voha ahli tirikchiligida katta rol o‘ynagani samarasi edi.
* * *
Bugun bog‘otlik fermerlar yetishtirayotgan paxta shu yerning o‘zida yuz foiz qayta ishlanib, tayyor mahsulot sifatida chetga eksport qilinyapti. Tumanda uchta yirik to‘qimachilik korxonasi faoliyat yurityapti. Ayni shu korxonalarning ikkisi Opa tumanga rahbar bo‘lgan yillari bunyod etilgan, uchinchisining poydevori qurilgandi. Opa xomashyo sotishdan o‘zbek dehqonining biri ikki bo‘lmasligini bilardi. Mustaqillikning ilk davri iqtisodiy og‘ir zamonlarda ham xomashyoni tayyor mahsulotga aylantirish masalasini kun tartibiga qo‘yib, hatto butun mintaqada ilk va yagona tibbiyot ashyolari ishlab chiqaradigan qo‘shma korxona ochishga imkon topgan edi.
O‘z atamasidan kelib chiqib, tumanni tom ma’noda bog‘lar yurtiga aylantirish g‘oyasi va tashabbusi ham shu davrda maydonga tashlangan, halihamon paxta yakkahokimligi yakun topmagan esa-da, hududda bog‘dorchilik fermerlari faoliyatini tashkillash va yetishtirilgan meva – uzumlarni chetga eksport qilish-u uni qayta ishlash boshida turgan ham Opa edi. Bugun bog‘otlik bog‘bonlar yetishtirgan shirin mevalar Yevropagacha yetib borayotir.
Tuman markaziga kiraverishda o‘rnatilgan ayol haykali (haykaltarosh ushbu asarida aynan Opa qiyofasini aks ettirgan) qo‘lida savat-savat mevalar tutgan holatda tasvirlangani bejiz emas.
* * *
Opa ketma-ket ikki chaqiriq Oliy Majlis deputati etib saylangan. U kishi yurtimiz manfaatlari, fuqarolar haq-huquqlarini himoya qiladigan yangi qonunlar chiqarishda g‘oyatda faol bo‘lgani, sessiyalarda so‘zga chiqib, qonun loyihalariga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar bildirganini sobiq deputat hamkasblari ko‘p bora e’tirof etishgan.
Opa o‘n yil Bog‘ot tumani hokimi bo‘lib ishlagach, tajribasidan yanada kengroq foydalanish maqsadida uni viloyat hokimining iqtisodiy, (keyinchalik xotin-qizlar) masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasiga loyiq ko‘rishdi. Ushbu vazifalarda ishlash bilan bir vaqtda Opa ikki marta Oliy Majlis Senati a’zosi bo‘lib saylangan.
Shakarjon opaning deputat va senator sifatidagi faoliyati alohida mavzu. Mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faolligi tariximizga raqam qilinganki, bu keyingi va hozirgi deputat va senatorlar uchun o‘ziga xos ibrat maktabidir.
* * *
Opa nihoyatda kamtar, odamlar bilan muloqotda samimiy va xushtabiat edi. Bu xislat u kishining kiyinishida ham yaqqol aks etardi. Ustiga eng oddiy matodan ko‘ylak kiyar, boshida hamisha o‘ziga yarashgan odmi ro‘moli bo‘lardi. Esimda, opa viloyat hokimi o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan kezlarda bir qalamkash ukamiz qiziq gap aytgandi: “Kecha Opani ko‘rdim. Ustida Bog‘otda hokim vaqtlarida kiyib yuradigan eski paltosi. Yonida turgan katta-kichik mansab egalari bo‘lgan ayollarda chet elning hozirda rusum bo‘lgan qimmatbaho kiyimlar. Opaga baribir havasim keldi…”
Odamlarni mansabi, ijtimoiy mavqeyiga qarab ajratmas, barchani go‘yo yaqin birodari kabi ko‘rardi. Oddiy misol: hali rayqo‘m kotibasi bo‘lib ishlagan vaqtlarida kattalashib qolgan oilasi uchun paxsadan uy tiklatgandi. Imorat tiklashga Dehqonbozor qishlog‘idan Yusufboy Sa’dullayev degan usta bosh bo‘lgan. Oddiy qishloq odami yuqori lavozimdagi rahbar imoratiga ustalikka ma’qul ko‘rilganida hayajon va xijolatdan qo‘li ishga qovushmay qolgan ekan…
O‘sha inson o‘ttiz besh yilki, xonadonning qadrdoniga aylangan. Oilada bo‘ladigan to‘y va boshqa marosimlarda hamisha davra to‘riga o‘tqaziladi. Opa dunyodan o‘tgach, ustaga bo‘lgan hurmatni farzandlari onaizorlari darajasida saqlab qolishdi…
* * *
Shakarjon Xo‘janiyozova ko‘p yillik fidoyi xizmatlari uchun davlatimiz rahbari tomonidan ikki marta orden bilan taqdirlandi.
Muhtaram Prezidentimiz Opa dunyodan o‘tganida ta’ziyanoma yubordi. Bu ta’ziyanoma janozaga saf tortgan minglab odamlarga o‘qib eshittirilganida keksa kishilarning soqollarini ko‘z yoshlari yuvganiga guvohman.
* * *
Opa haqida ko‘p va xo‘p yozish mumkin. Vafotidan ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, bu inson haqida ikkita kitob chop qilindi. Va hali yana ko‘p kitoblar yozilajak.
Yaqinda muhtaram Prezidentimiz Xorazmda bo‘lganida yana Opani esladi, Bog‘ot tumanidagi ilm dargohi hamda markaziy ko‘chalardan biriga Shakarjon Xo‘janiyozova nomini berish taklifini bildirdi. Yetmish yilligini keng nishonlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Million nufusli voha xalqi qo‘l ochib, yurt rahbari haqiga duo qildi.
* * *
Umrining qirq besh yilga yaqinini el-yurt tashvishiga baxshida qilgan, to‘rt farzandni tarbiyalagan Opa yuzlab, minglab onalar uchun ham ibrat maktabi bo‘la oladi.
U kishining umr yo‘ldoshi Ozod aka vohada sportning bir qator turlarini rivojlantirish va yosh avlodni sog‘lom turmush tamoyili asosida tarbiyalashga hayotini bag‘ishlagan inson.
Bir so‘z bilan aytganda, Opa oilaviy munosabatlar, farzandlar tarbiyasi, qadim qadriyatlarni ulug‘lash, Istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhini keng ommaga singdirish va, albatta, rahbarlik tutumlari bo‘yicha o‘ziga xos namunaga aylangan chin ziyoli, jadidmonand AYOL edi.
* * *
O‘tgan asrning to‘qsoninchi yili o‘rtalari. Opaning nomzodi Oliy Majlis deputatligiga ko‘rsatilgan. Unga muqobil bo‘lgan nomzodlar ham chakana shaxslar emas. Yana saylov okrugi faqat Bog‘ot tumani hududi bilan cheklanmaydi – qo‘shni Hazorasp va Xonqa tumanlaridan bir nechta qishloqlar okrug tarkibiga kiritilgan.
Men Opaning ishonchli vakili edim. Saylovchilar bilan uchrashuvga yo‘l olish arafasida u kishi bilan ozroq gurunglashdik. O‘shanda aytgan gaplarini bugungi rahbarlar ishxonalarida shior qilib osib qo‘yishsa bo‘lardi, deb o‘ylayman: “Hech kimga dunyoni bog‘lab bermagan. Bizlar ham o‘tamiz, ammo shu xalq abadiy qoladi. El-ulus xotirasida qolish uchun hech bo‘lmaganda bir siniq ko‘ngilni butlamoq kerak. Buning uchun o‘zingni sham his qilmog‘ing, yurt yo‘llarini charog‘on qilib, o‘zing yonib yashashing shart!”
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2025-yil 6-iyundagi 23-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600


