11.06.2025 | 11:24
1128
YO‘Q, SOG‘AMAS BULAR, SOG‘AMAS…
O‘zi qirq yillik bog‘bonga ma’lum: aynigan mevani tozasi bilan yonma-yon qo‘ysang, qolganlari ham chiriydi. Masal bulkim, chillaki chillakini ko‘rib, chumak urur. Alhosil, tanosil-u bavosil serhosil bo‘ldi. Zotdor itlarga talab ko‘payib, zodagonlar kamaydi. Hay, nima bo‘ldi deysanmi? Balo bo‘ldi, battar bo‘ldi. Kel, seniyam boshingni qotirmasdan atalani bir chekkasidan yalaganday, gapniyam bir boshidan boshlayin. Axir nima qilay, gapirmay desam, soqovmasman…

Meni bilasan, asli mirishkor, qishlog‘idan chiqmagan, mehnatkash, halol, g‘irt fidoyi, buni ustiga o‘lguday kamtarin-u kamsuqum odamman. Ozib-yozib shahar oralovdim. Johiliyat payti to‘rt kun tizzasi yirtiq shim kiyib, o‘zini mo‘dniy hisoblab, ota-onasi qo‘ygan gulday Tojimamat otini qayog‘dagi Jorjga almashgan so‘taqo‘zi bugun bir do‘mbalog‘ oshib, Hoji-toji bo‘vopti. O‘sha hamqishlog‘im bilan to‘qnashib qoldim. Munday gurungini olsam, ikkita belatim bor, biri xotinniki edi, bozor oralab ketgancha bedarak ketdi. Shu senga nasib qilgan ekan, bir kulishib chiqaylik deb qoldi. Qayog‘danam xo‘p dedim, ko‘rgiligi yo‘q ko‘rgulikka obkirdi. Ikkov bitta-bittadan o‘tirg‘ichni ishg‘ol qildik. Tomosha boshladi. Eh-he, hamma yoq sharmanda! Erkak-ayol chuvvos solib, bir-biriga irg‘ishlab yotibdi. Odam mundog‘ bir, kechasi bolalarni uxlatib, xotinni qulog‘iga shivirlab aytishgayam uyaladigan gaplarni bular minglab sho‘ring qurg‘urga pullayapti. Pam-parasati uyda qopketgan olomonni og‘zini ko‘rsang, “xa-xa-xa, xi-xi-i”dan bo‘shamaydi. Erli juvonga xushtor bo‘lganidan xush tortib, xo‘kizday pishqirgan bemaza so‘qimning shataloq otishiga butun boshli poda ishqivoz. Yeliniga latta yetmagan g‘unajinlar luqmadagi “teran ma’no”ni o‘zicha anglagan bo‘lib, og‘zini doshqozonday ochganida yo‘g‘on ichagining qopqog‘i ko‘rinib ketadi. Har tugul jindakkina uyat borakan shekilli tirnog‘i panshaxaday o‘sib ketgan kaftini traktirni baloniday shishgan labiga bosib-bosib oladi. Yonidagi buqachasi bo‘lsa mazza qivorganidanmi yo mazza qivorish uchunmi g‘unajinni soniga shappatilab-shappatilab oladi. Bularni qochirimlari mazangni qochiradi, payrovlari payingni qirqadi. Peshlavhasiga “Kamediya” deb yozilgandi, g‘irt “Tragediya”-ku! Shu joyiga ustozim Mulla Xunobdan bir juft bayt kepqoldi:
“Xo‘rlang‘on, ay bechora,
kulgig‘a qolg‘on kulgi,
Bezbet, beyuz,
bezotlar bozorg‘a solg‘on kulgi.
Egnidagi libosi yirtiq,
chechib tashlangan,
Masxara bo‘lg‘on kulgi,
sharmanda bo‘lg‘on kulgi!”
Haqqast rosti shu, bu ishtoni yirtiqlarning hangama bazmiga qizi, singli, opasi, qaynanasi, radno‘y xotinini obkirish, hech bo‘lmasa, ko‘ruvchilar orasida enasi (borligi)ni ko‘rsatish kerak. Poshikastalarni birinchi qatorga o‘tqizib, boshla ashullangni deb, seki-in kuzatsak… Ana keyin… deb tursam, Toji-hoji o‘lgur biqinimga turtadi: “Anov, old o‘rinlardagi og‘zini bog‘i qochgan zaifalar sahnadagi masxaravozni qondoshlari…” Bo‘lari bo‘pti, osh tagiga obdi. Aylanib-o‘rgilib o‘zlari oilaviy ichib yotishibdi ekan. Tovba-tovba…
O‘zi qirq yillik dehqonga ma’lum: bodring palagini bossang, hosili nobop bo‘ladi. Yo‘q, bu jonivorlarni palagi tozamas. Bularni palagini karvon-karvon qo‘tos toptagan. Anov tomosha o‘lgurda boshdan oxir do‘ppimni yuzga bostirib o‘tirdim. Kambag‘alni tuyani ustida it qopar deganlariday, do‘ppi savil eski edi, tirqishi borakan. Tugmani teshigiday joydan bostirib kiryapti-ya bu bachchag‘arlar. Tag‘in nima qilay, eshitmay desam, qulog‘im karmas…
So‘taqo‘zini biqiniga niqtab-niqtab, ketaylik deyman. U bo‘lsa, jim o‘tir nodon, madaniyatli bo‘sang-chi, deydi. Madaniyatni anavi sahnadagilardan so‘ra, jo‘ra, deyman. Keyin bilsam, uyidan ilon, ko‘zidan chipqon chiqqanlar kunda shunda ekan. Bu eng chiptasi chandon, bozori chaqqon shodon-u nodon tushadurg‘on tomoshayi olomon ekan. Ko‘tar bozorto‘rvangni, dedim-da shart turib, jo‘navordim. Yo‘q, sog‘amas bular, sog‘amas…
Ammo u yog‘i battar bo‘ldi. Bu bo‘shang-u satang, lapashang-u boshyalangni kasopati yosh-u qariga birdek uribdi. Hammasini qo‘lida tilpon. Tilvizr yoqsang ham shular kalla qo‘yyapti, o‘chirib qo‘ysang ham shular… Bir tomonga qarasang, biri “Olg‘a, ahmoqlar, biz dunyoni qo‘lga olamiz!” desa, boshqa tomonda boshqasi “Man Yetimxonman” deya olti oy popirisda dudlangan pigurasini ko‘z-ko‘zlaydi. Kallasi yo‘q keti bilan maqtanadi deganlariday, qornini maqtab kerilganlari qancha. Tag‘in kap-katta xotinlar mehmoni bilan maqtanganiga nima deysan? Ehe, bularni dastidan dod deb boshingni changallab tursang, biri birovini silab-siypab, jo‘layadi: “Bormi og‘riq?! Ha, otam? Bormi?” Yo‘q, sog‘amas bular, sog‘amas…
Targ‘il bir govmish chiqib, “Shuncha ko‘z suzsangiz ham buqangiz ipini uzolmayaptimi? Unda mana bu “Omuxta” aynan siz uchun! Uni kuni-jara bilan aralashtirib bering. Tezda ishtahasi ochilib, shuluxaga talpinganday talpinadi sizga”, deydi. Hah, enalarini emsi-in, shuyam gap bo‘ldimi endi?
Yana bir go‘rso‘xta tunov kun ziyoratgohdagi chashmada umrguzaronlik qiladigan jonon baliqlarga bir otim nos tashlavordi. Bechoralar non tashladimikan, deb laqqa-laqqa yutishdi. Ana endi anov maxluqni tirjayganini ko‘ring. Kammintda o‘ziga o‘xshagan xudobexabarlar yig‘ilvolib, shu qilmishini olqishlay ketdi-ya! Xullas, bir tomondan ular bo‘ldi, bir tomondan biz bo‘ldik, rosa tepalashdik. Faqat onadan so‘kish bo‘lmadi. Qolgan barini aytishdik. Sheriging hakka bo‘lsa, maqtaganing go‘ng bo‘lar deganday, tomoshaqovoqlar uni g‘olib saylashdi. Yo‘q, sog‘amas bular, sog‘amas…
Bir qiz chiqib ko‘proq layk yig‘ish uchun o‘ynash-o‘ynash o‘ynayapti. Endi o‘ylab ko‘raylik. O‘sha qizgina yillar o‘tib, ona bo‘ladimi? O‘g‘il ko‘rsa, ori kelmaydimi? Qiz ko‘rsa, onasini ko‘rib qizini ol, deyishmaydimi? Bolalari ming qilsayam, onam shu, deb hurmatini joyiga qo‘yar, mayli. Lekin ularning tengdoshlari bolalarga qiya ko‘z bilan qaramaydimi? Yillar o‘tib, qaynona bo‘lmaydimi qizgina?
Bu jonivorlarga qaraydigan joni borlar bormi? Hay, qayt, ekinni payhon qilasan, deydigan yo‘qmi? Yo hamma qarovchilar egniga kastm-shim ilingan, boshiga shlyapa qo‘ndirilgan cho‘pakmi? O‘zi qirq yillik dehqonga ma’lum: bezbet qarg‘alar unaqalarni mensimaydi, ustiga chiqib o‘tiradi. Yoqmasa, ko‘rma, deysanmi? Nima qilay axir, ko‘rmay desam, ko‘zim ko‘r emas.
BOBOQAND
Hijriy 1446-yil. Zulhijja oyining 9-kuni. Panjshanba.
Chin arafada g‘amnok bitildi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 6-iyundagi 23-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
140
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
149
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
345



