Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.04.2024 | 15:15

img276

NOIBGA SOG‘INCHLI SO‘ROVNOMA

Maktubimni “sog‘inchli” deb nomlaganim nimaga ishorali­gi­ni ilg‘agandirsiz, hurmatli de­pu­tat. O‘sha tarixiy saylov jara­yonlarida yuz ko‘rishgandan beri ikki-uch bor “oynai jahon”da muborak chehrangiz namo­yon bo‘lganini ayt­masak, sog‘inchimiz kun sayin o‘t ketgan yer­yong‘oq poyasidek gurlab bor­yapti. Bayt: Falonchibek noib bo‘ldi, O‘shal kundan g‘oyib bo‘ldi. Bu satrlar bizim okrugda ma’lum va mashhur bo‘lib, to‘y va ma’rakalarda tez-tez yang­rab turadi. Siz meni yaxshi eslasangiz kerak. (Falon yili 12-noyabr soat 15:00 da) Baqaterak fuqarolar yig‘inida nomzo­dingiz e’lon qilinib, savol-so‘roqlarga tutilganingizda kamina o‘ta dolzarb masalani ko‘ndalang qo‘yib, sizga qo‘­shib ishonchli vakilingizni ham jichcha gangitib tashlagandim. Ha, o‘sha sobiq firqaning otashin voizi “Xudoybergan ateist” nomi bilan tanilgan, ayni kunda qishloq masjidi imomining jamoatchilik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Xudoybergan hoji Uziqora men bo‘laman. O‘shanda xalq manfaati va yurt ravnaqini ko‘zlab, Solijon fermerga tegishli uzumzordan bir bo‘lakkina ajra­tib, unib-o‘sib kelayotgan umid­li yoshlar uchun besh-olti gektar golf maydoni, turkcha-fincha aralash hammom hamda moʻjazgina molbozor qurish tashabbusini dadil olg‘a surgandim. Afsuski, faol saylovchingizning bu xayrli murojaati hali-hanuz inobatsiz qolib kelmoqda, hurmatli deputat. Keyinroq yana ezgu orzu-umidlar bilan aholimizning ma’naviy dunyoqara­shini o‘stirish, jami bemazagarchiliklar­ning sababi bo‘lgan ishsizlikni batamom tugatish rejasi bilan sizga, tuman hokimi, prokuror, adliya, ichki ishlar, xullas, barcha sektor rahbarlariga talabnoma bilan chiqdim (falon yili, 2-yanvar soat 5:20. Murojaatnoma raqami: 148. 5 nusxada). Bu safar jaholat kushandasi bo‘lgan kitobxonlikni oyoqqa qo‘yish muddaosida Solijon fermer hisobida turgan olmazor bog‘ning hovlimga yondosh hududidan o‘n-o‘n besh gektar joyi­ni kutubxona uchun ajratishni so‘ragandim. Kutub­xona gavjum bo‘lishi uchun yonboshiga kompyuter o‘yinlari saroyi, devorlari milliy uslubda bezatilgan muhtasham choyxona, golf maydoni va turkcha-fincha aralash hammom barpo etish hamda uning qurilish xarajatlarini mo­liyaga to‘laqonli yuklash rejasini ba­yon qilib, majmuaning keyingi faoliyatini o‘z zimmamga olishga tayyorligimni izhor etgandim. Mazkur arizani to‘qqiz bora (falon yili, 1, 3, 9, 11, 14, 17, 20, 23, 24-may, bomdoddan so‘ng) qaytalab yo‘llaganimga qaramay, haligacha biror sochi taqir, buti ayri “Savobtalab senmisan?” deb darvozaxonamga ro‘para bo‘lmadi. Aksincha, tuman faollari meni ta’ziyada ko‘rsa ham tilovatni chala qilib, etak qoqib survoradigan bo‘ldi.  Endi asosiy gapga o‘tsam. Tunov kuni (13-aprel soat 12:10 da) ishon­ch­­li vaki­lingiz Mohir Qo‘zi bilan Zikrillo Durbinni xudoyisida tasodifan yonma-yon o‘tirib qoldik. Vajohatimdan xijolat chekdimi yo sochma nos elitib, ko‘nglini yumshatdimi, bilmadim, nos­qovog‘imni qaytara turib: “Yer-per ma­salasi bilan kattalarni boshini qotirmay, jo‘yali global takliflar bilan chiqing. Toki el-­ulus manfaatdor bo‘lsin-u, noib ham achko olsin”, deb qoldi. Shu zahoti miyam­da yarq etib bir olamshumul fikr chaqnadi. Faqat taklifimni sabr bilan oxiri­gacha o‘qib chiqishingizni so‘rayman, hurmatli deputat. Men afkor ommaga manfaatli va o‘zingizga ham umrbod obro‘ keltiradigan taklifni olg‘a surmoqchiman: o‘zimizning salkam qadriyatga aylangan qadrdon nosvoyni legallashtirishni yalpi majlis kun tartibiga ko‘ndalang qo‘ysangiz. Bu, birinchidan, ekologik musaffolikni ta’minlashga ulgurji hissangiz bo‘lardi. Chunki isiriqday buruqsitib tuta­tuvchi mo‘rkon kashandalar nafaqat o‘zini, balki atrofidagi begunoh bandalarni ham zaharlashi fanda isbot etilganiga ancha bo‘ldi. Qolaversa, sigaret yong‘in xavfini keskin oshiradiki, dunyodagi o‘rmon yong‘inlari, mayda-chuyda portlash­lar shu zararkunandalik­ning oqibatidir. Bul­tur Shukur po‘rimni yer­yon­g‘oqpoyasi g‘a­ra­mi kultepaga aylan­gani ham shunday fojianing yaqqol isboti ekanini butun Qirg‘izqo‘rg‘oncha ahli tasdiqlaydi. Ikkinchidan, nos tarkibidagi foydali elementlar tuproqning unumdorligini oshirib, hosilga beqiyos baraka berishi shubhasiz. Uchinchidan, og‘zida nosi bor odam ikki dunyoda baqirib, birovni haqorat qilmaydi va bu o‘z-o‘zidan jamoatchilikda tartib-intizom hamda mehr-oqibatni shakllantiradi. To‘rtinchidan, olchin­lik veterinar Said chashmaning qasamiga ko‘ra, ona sayyoramizni larzaga solgan ko­vid balosi ham birorta noskashga ilakish­magan. Sababi ayon: tajri­ba­li noskashning yaqini­ga odam zoti dabdurustdan yo‘lashga jur’at qilolmaganidek, virus va bakteriyalar ham ta’sir hududiga kirar-kirmas tirrang qotarkan. Beshinchidan, nosvoyni xabdori, ya’ni tabletka shaklida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, turli tarafkashlik va ziddiyatlarga sabab bo‘layotgan “qum nosi”, “porox nos”, “tolqon nos”, “Oysha xola­ning nosi”, “Mo‘min nos”, “kurkapo‘rma”, “yog‘lama”, “ipak qurti”, “bojanggayam berma”, “tama­kisaqich” kabi turlari yaxlitlashib, mahalliychilik hamda ayirmachilikning ildiziga bolta urilardi. Asosiysi, bugungi kunda jamoatchilik tashvishiga sabab bo‘layotgan “psixo­trop”chi tabletka shinavanda yigitchalar ham bu xabdoriga jalb etilib, beboshlarni epaqaga olish jarayoni oson kechardi. Men amaliy tabobatda tish og‘rig‘iga em sifatida nosvoy qo‘llanishini ta’kidlab o‘tirmayman. Shu o‘rinda, “Tik qoyaga kalla qo‘yma” degan naqlni ham yodga olib, ba’zi betamizlarning nosvoyga ola qarashlari nojoiz ekanini ham uqdirmoq­chiman. Chunonchi, yuz yillar burun banoras to‘nli bir shilqimmo‘ylov shoir nosvoyni hajv qilib, undan el maylini qaytarishga uringanini bilamiz. Ammo o‘sha gumroh she’rchi yer yuzidan supurilib ketdi, nosvoy esa hamon barhayot. Xullasi kalom, siz saylovchilar xohish-­irodasini ifoda etib, nosvoyni meni nomimga patentlashga sababchi bo‘lsangiz, qolgan hamma qora ishni kamina o‘z zimmasiga oladi. Buning uchun kerakli tashkilotlarga ko‘rsatma berib, Solijon fermerga qarashli paxtazordan ellik gektarcha yer mening qaramog‘imga o‘tkazib berilsa va nos zavod qurish, tamaki plantatsiyalari, ohakchilik va kimyo sanoati, parrandachilik kompleksini bunyod etish xarajati adliyaga uzil-kesil yuklatilsa, olam guliston. Oqibatda qancha ish o‘rni yaratilib, “NOS” (Nos otuvchilar soyuzi) yoki yangichasiga “NOU” (Nos otarlar uyushmasi) brendi dunyo bo‘ylab shon-u shuhratimizni taratar edi. Siz ham muddatingiz devorga taqalib, yangi saylov sharpasi darvozadan mo‘ralayotgan bir pallada bundoq noib bo‘lib, ishonch ko‘zlarini tikib turgan saylovchilar oldidagi xijolatpazlikdan qutulardingiz, nomingiz tarix zarvaraqlariga abadiy bitilardi. Minglab xumor noskashlarning otashin duosini olib, ikki dunyo savobiga doxil bo‘lar­dingiz.

Sizdan amaliy natija kutib qoluvchi:

Xudoybergan (ateist) UZIQORA

Husan SODIQOV chizgan rasm.

“Jadid” gazetasi 2024-yil 19-aprel 17-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605