Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.06.2025 | 16:53

img977

ALJIR AYBSIZ AYOLLAR QAMOQXONASI

O‘tgan asrning 30-yillarida avj olgan keng qamrovli siyosiy ta’qiblar – tarixda “Katta qirg‘in” nomi bilan qolgan davr – nafaqat jamiyatning siyosiy, intellektual va diniy elitasi, balki oddiy fuqarolar, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalar taqdirida ham chuqur, qayg‘uli iz qoldirdi. Aksar ayollar asossiz bo‘htonlar iskanjasida “xalq dushmani”, “sotqin”ga chiqarilgan yaqinlari ortidan aybsiz aybdorga aylanib, turli xorlig-u xo‘rliklarga giriftor etilgan.

Ha, o‘sha mudhish davr, ayniqsa, ayollar uchun ikki karra og‘ir kechgan. Ular bir tomonda turmush o‘rtog‘iga qarshi tuhmat qilishga majbur etilar, qiynog‘-u azoblarga chidam berayotganlari esa jonday dilbandi hayoti bilan imtihon qilinardi. Bosimlar ostida ayollar ham jismonan, ham ruhan siquvga olinar, azoblarga betinim duchor qilinardi.

Bu “tadbirlar” sobiq ittifoq NKVDning 1937-yil 15-avgustdagi “Vatan xoinlarining ayollari va farzandlarini qatag‘on qilish tadbiri to‘g‘risida”gi 00486-sonli buyrug‘iga asosan amalga oshirilgan edi. Demak, qatag‘onlar yosh bolalarni ham chetlab o‘tmagan. Ushbu hujjat asosida 1938-1939-yillarda sho‘rolar saltanatidan 18 mingga yaqin xotin-qiz “vatan xoini”ning oila a’zosi sifatida qamoqqa olinib, maxsus lagerlarga jo‘natiladi. Sovet repressiyalari tarixida alohida qayd etiladigan, ayollarga qarshi yo‘naltirilgan jazo siyosatining ayanchli ramzlaridan biri A.L.J.I.R lageri edi.

Ta’kidlash joiz, sovet jazo mashinasi tomonidan ishlab chiqilgan 00486-sonli maxsus hujjat inson huquqlarini poymol qilib, vahshiyona qiynoqlarga yo‘l ochib bergan. Unda faqat jazolash, qatag‘on qilish va jamiyatni qo‘rqitish maqsadi yotar, hibsga olingan shaxsning barcha mol-mulki to‘liq musodara qilinishi kerak edi. Shu yo‘l bilan ayblanuvchining oilasi yashash manbayidan mosuvo qilinib, orzu-umidlari ham tortib olingan.

Tasavvur qiling, sudlanganlarning rafiqalari “ijtimoiy xavfli shaxslar” sifatida belgilanib, omadi chopsa, kamida 5-8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilardi. Yanada qayg‘uli holat bolalar taqdiriga daxldor. Mahkumlarning farzandi yoshi, “xavflilik darajasi” va “tarbiyalanish imkoniyati”ga qarab NKVD lagerlari, axloq tuzatish muassasalari yoki Xalq ta’limi komissarligining maxsus rejimdagi bolalar uylariga joylashtirilardi.

Ko‘rib turganingizdek, o‘sha buyruq sovet hukumatining o‘z rejimini mustahkamlash yo‘lida jamiyatning eng himoyasiz qatlamiga – ayollar va bolalarga qarshi shafqatsiz choralar qo‘llaganini yaqqol namoyon etadi. Shunday usullar, jazolar jamiyatni umumiy qo‘rquv va tahlika holatida ushlashning mukammal mexanizmlaridan biriga aylangan edi.

Keyinchalik, 1970-yillarda sovet davri tarixini o‘rganayotgan Feliks Chuyev “katta qirg‘in” voqealari yuzasidan SSSR Xalq komissarlari kengashi raisi Vyacheslav Molotov bilan suhbatlashish imkoniga ega bo‘ladi. “Nega ayollar va bolalar qatag‘onga duchor qilindi?” deb so‘raganida Molotov shunday javob beradi: “Ularni cheklash kerak edi. Aks holda, turli shikoyatlar urchib ketishi mumkin edi”.

Bu qisqagina javob o‘sha davrda sovet hukumati tomonidan muammoga qanday qaralgani yuzasidan ma’lum tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Ko‘rmaysizmi, ayollar va bolalarga nisbatan qatag‘onni asoslash uchun hatto shikoyat qilish ehtimolining o‘zi yetarli sabab deb topilgan.

Hujjatlardan ayon bo‘ladiki, qamoqqa olingan ayollarning ko‘pchiligi faqat bir marta so‘roqqa chaqirilgan va ularning barchasiga deyarli bir xil: “Eringiz va tanishlari haqida ma’lumot bering”, “Uyingizga kimlar kelgan?”, “Nima maqsadda yig‘ilgan?”, “Suhbat mazmuni nimadan iborat edi?”, “Siyosat muhokama qilinganmi?” kabi shunga o‘xshash savollar berilgan.

So‘roqlar murosasiz va ayblov tarzida olib borilganiga qaramay, ayollarning deyarli barchasi siyosiy suhbatlar bo‘lmaganini ta’kidlashgan. Tabiiyki, bu javobdan qoniqmagan tergovchilar so‘roqni yanada bosimli va tahdidli savollar bilan davom ettirib, ularni sarosimaga solishgan: “Eringiz aksilinqilobiy faoliyati uchun qamalgan. Siz bu haqda nima deya olasiz?”, “Siz eringizning bu faoliyatini bila turib, tegishli organlarga xabar bermaganingiz uchun javobgarsiz. Buni tan olasizmi?” Turgan gapki, bundan muddao ayollar og‘zidan o‘ta zarur “gunoh e’tirofi”ni sug‘urib olish bo‘lgan. Harchand bosim o‘tkazishmasin, ayollar bunday soxta ayblovlarni qat’iy rad etib, turmush o‘rtog‘ining faoliyati haqida tayinli ma’lumot berishmagan.

Endi “A.L.J.I.R” (Акмолинский лагер жён изменников родины)ga to‘xtalsak. Qozog‘istonning Qarag‘anda hududida joylashgan ushbu lagerda 00486-sonli buyruq asosida 1938-1946-yillar davomida “Vatan xoinlarining oila a’zolari”dan tashkil topgan 6,5 ming nafar ayol jazo o‘tagan. Uning vujudga kelishi tasodif emas, balki maqsadli siyosat natijasi edi.

Lagerning tashkil etilishigacha bo‘lgan tarixiy sharoitga nazar tashlasak, 1931-yilda Akmolinsk shahri yaqinida Saratov viloyatidan ko‘chirilgan 28,5 ming dehqon oilasi uchun bir necha maxsus aholi punktlari barpo etilgan. Ular orasida 26-sonli Malinovka qishlog‘i asosiy maskan hisoblangan.

1937-yil avgust oyida 26-punktdagi aholi majburiy ravishda boshqa joylarga ko‘chiriladi. Bu yerda esa NKVDning Karlag tizimiga qarashli R-17 raqamli majburiy mehnat lageri tashkil etiladi. Ko‘p o‘tmay, aynan ushbu lager “A.L.J.I.R” nomini oladi. U yerda faqat “vatanga xiyonat qilgan” deb tamg‘a bosilgan erkaklarning mutlaqo aybsiz rafiqalari saqlangan.

Mahkumalar og‘ir mehnatlarga tashlangan. Ularning ko‘pchiligi lager hududida tashkil etilgan tikuv fabrikasi tizimida holdan toyguncha ishlashga majbur qilinar, baxtiqaro ayollar Moskva, Leningrad, Kiyev kabi yirik shaharlardan kelgan savdo muassasalari buyurtmalarini bajarishardi.

Bu holatni, aniqrog‘i, ayollarning g‘am-anduhli kechinmalarini chuqurroq anglash uchun faqat rasmiy hujjatlarni emas, balki mahkumalarning xotiralarini, ular tomonidan o‘sha davrda yaqinlariga bitilgan maktublar va  hikoyalarni ham o‘rganish zarur. Chunki aynan shu shaxsiy manbalar orqali lagerdagi dahshatli sharoit, inson qadr-qimmatining ayovsiz toptalishi va ayollar yuragida qolgan ayanchli ruhiy fojialar to‘laqonli anglashiladi.

Ulardan biri – Galina Koldomosova, lager haqida yozadi: “Bu qishloqda – har burchagida to‘rtta minora qad rostlagan tikanli sim qafasi ortida faqat “Vatan xoinlarining” xotinlari yashagan”.

Mahbusalardan yana biri – Yuzipenko degan ayol o‘z xotiralarida shunday keltirib o‘tadi: “Avval qo‘l mehnati bilan toshloq yerda bog‘ yaratdik, keyin besh ming gektarga bug‘doy ekdik, 250 bosh sigirga mo‘ljallangan ferma, tikuvchilik fabrikasi qurishda it azobini ko‘rdik. Fabrikada 3,5 ming mahkuma ishlatilgan. Lager hovlisi 18 gektarni tashkil qilardi. U yerda kungaboqar, makkajo‘xori, javdar, bug‘doy ekib, quldek ter to‘kardik”.

Malseva familiyali yana bir jabrdiyda shunday xotirlaydi: “Hovlida mahbusalar 14-15 soat ishlashar edi, ertalab soat 04:00 da uyg‘otilar, yarim kechasi yotoqqa qaytilardi. Charchoqdan oyoq ko‘tarishga ham majolimiz qolmas, dam olish kunisiz ishlar edik”.

Aslida, ayollarni lager hayoti emas, balki farzandlari, erlari, qarindoshlari va do‘stlari taqdirining mavhumligi umidsizlikka tushirar, ularning ba’zilari esa qochishga harakat qilardi.

“A.L.J.I.R”da o‘zbek ayollari ham og‘ir azoblarni boshdan kechirgan. Ular orasida Tojixon Ahmedova, Halima Yo‘ldoshboyeva, Amina Ibragimova, Rahbar Shermuhammedova kabi yurtdoshlarimiz ham bor edi.

 Eng alamlisi shundaki, ular qamoqqa olingan paytda farzandlari ajratib olingan, ayrim hollarda bolalar qaysi muassasaga olib ketilgani haqida ma’lumot ham berilmagan.

Arxiv hujjatlariga ko‘ra, 1937-yil 15-avgustdan 1939-yil yanvar oyigacha sobiq ittifoq bo‘ylab jami 25 342 nafar bola oilasidan ajratib olingan. Ulardan 22 427 nafari Xalq maorifi komissarligi qaramog‘idagi bolalar uylari va mahalliy bog‘chalarga joylashtirilgan.

Bu bolalarning aksariyati o‘n besh yoshga ham to‘lmagan edi. Undan katta yoshda bo‘lganlar “ijtimoiy xavfli” deb baholanib, jazoning yanada qattiq shakli – qamoq va sud hukmiga duchor qilingan. 00486-sonli buyruq sovet davridagi qatag‘on siyosatining eng shafqatsiz va insoniyatga xos bo‘lmagan asl basharasini ko‘rsatadi. Bu jirkanch hujjat jamiyatda umumiy qo‘rquv, beqarorlik va muhtojlik muhitini vujudga keltirib, nafaqat ayblangan shaxslarni, balki butun boshli oilalarni, ayollarni, bolalarni ham ma’naviy va jismoniy halokatga yetakladi. Bunday dahshatli qatag‘onlar jamiyatning sog‘lom ruhiyatini izdan chiqardi, avlodlar ongida og‘riqli jarohat qoldirdi.

Bugun ana shu fojialarni tarixiy va axloqiy saboq sifatida qayta tahlil qilish zarur. Arxiv hujjatlari, shaxsiy xotiralar va tarixiy manbalar orqali bu adolatsizliklarni fosh qilish tadqiqotchilar  oldidagi ulkan mas’uliyat bo‘lishi barobarida, bunday adolatsizliklarga nisbatan befarq turmaslik har birimizning ma’naviy burchimizdir.

Aziza AHROROVA,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

“Jadid” gazetasining 2025-yil 6-iyundagi 23-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596