18.06.2025 | 08:59
1017
“ARUZ RISOLASI”MI, “MUFASSAL”MI YOKI “MUXTASAR”?
Keyingi yillarda Bobur hayoti va ijodini o‘rganish hamda keng targ‘ib etish borasida yanada samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimiz va dunyo miqyosida qator ilmiy anjuman va konferensiyalar tashkil etilib, boburshunoslikka oid ko‘plab ilmiy masalalar yuzasidan fikr almashilmoqda.

Aruz – sharafli ilm
Yurtimiz olimlari tomonidan o‘zbek, rus va ingliz tillarida “Bobur ensiklopediyasi”ning to‘ldirilgan uchinchi nashrini tayyorlash borasidagi ishlar ham qizg‘in pallada. Bundan tashqari, 2022–2025-yillarda “Bobur asarlari lug‘ati”, “Boburnoma”ning yangi nashri qoraqalpoq tillaridagi tabdili chop etildi, asarning qozoqcha, qirg‘izcha va italyancha tarjimalari yuzaga keldi. Bobur nomli xalqaro jamoat fondi tashabbusi bilan adibning to‘la asarlar to‘plami – “Kulliyot” o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. Ko‘p tilli Bobur platformasi (baburid.uz) yaratilgani ham keyingi yillarda boburshunoslikda erishilayotgan yutuqlar ko‘lamini belgilaydi.
“Aruz risolasi” turk tilida
Boburshunoslikda xorijlik olimlar tomonidan olib borilayotgan tadqiqot ishlari yanada quvonarli. Ana shunday ilmiy fundamental tadqiqotlardan biri “Aruz kitobi”dir (2024). Turkiyalik olima, filologiya fanlari doktori, professor Tanju Oral Seyhan tomonidan tayyorlangan ushbu kitob muallifning boburshunoslik sohasida ko‘p yillik izlanishlari samarasi o‘laroq yuzaga kelgan. Tadqiqotchi bunga qadar ham qator izlanishlarini, jumladan, 2004-yili “Mubayyin” asarini Berlin va Toshkent qo‘lyozma nusxalari asosida ilk bor turkchada e’lon qilgan. “Boburnoma”, “Risolayi volidiya”, “Xatti Boburiy” haqida ham ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib borgan.
Tanju Seyhan qariyb yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida “Aruz risolasi”ni o‘rganib keladi. Uning bu boradagi ilk tadqiqotlari 2000-yil boshlarida e’lon qilingan. “Aruz kitobi” tarjima nashrini turkiy aruzshunoslik ilmining tadrijiy taraqqiyotidagi muhim tadqiqot o‘laroq baholash mumkin.
“Aruz kitobi” uch qismdan iborat bo‘lib, unda “Aruz risolasi”ning uchta nusxasi – Parij milliy kutubxonasi, Tehrondagi “Golestan saroyi” muzeyi hamda Istanbuldagi Marmara universiteti Ilohiyot fakulteti kutubxonasida saqlanayotgan kulliyotdan ma’lumotlar keltiriladi. Olima fikricha, shu kunga qadar ilm ahliga ma’lum bo‘lgan ushbu qo‘lyozma nusxalar o‘zaro qiyoslanganda ular orasida juz’iy kamchiliklardan tashqari, matn va til bo‘yicha deyarli farqlar yo‘q. Shu bois olima tarjimada eng eski nusxani emas, balki to‘liq bo‘lgan Istanbul nusxasini asos qilib olganini qayd etadi.
Eng teran qarash egasi
Sharq mumtoz poetikasi asosini ilmlar uchligi tashkil qiladi. Bular: ilmi aruz, ilmi bade’ hamda ilmi qofiya. Mumtoz adabiyot tarixida bu uch ilm birgalikda mumtoz she’r nafosati, shoir salohiyatini belgilovchi bosh mezon hisoblangan. Ular orasida aruz ilmi nisbatan murakkab hisoblanib, uni yaxshi bilmaslik mumtoz asarlar mohiyatini anglashda qiyinchilik tug‘diradi. Aruz sharafli ilm bo‘lgani bois adabiyot olamida unda ko‘plab mumtoz asarlar bitilgan. Turkiy adabiyot tarixida eng birinchi risola Shayx Ahmad Taroziyning “Funun-ul balog‘a” (“Balog‘at fanlari”) ekani aytiladi. Undan keyin Alisher Navoiyning “Mezon ul-avzon” asari, undan so‘ng esa Bobur Mirzoning “Aruz risolasi” keltiriladi.
Hazrat Navoiy “Mezon ul-avzon”da o‘zidan avval ushbu ilmda asar bitgan Shams Qays, Xoja Nasr Tusiy, Abdurahmon Jomiy kabi aruz nazariyachilari hamda bu ilmga asos solgan Xalil Ibn Ahmad ismini va uning aruzga oid “Kitob ul-ayn” asarini eslab o‘tadi. Navoiy, shuningdek, Xalil Ibn Ahmad yashagan hudud yaqinida Aruz degan vodiy borligi haqida ma’lumot beradi. Bu vodiyda arablar chodirdan uylar tikib, ularni bezatishi, uyni esa “bayt” deb atashini aytadi. Baytning mavzun-nomavzun (vaznli-vaznsiz) ekanligini aruz fanining o‘lchoviga solib ko‘rishganidek, bezatilgan uylar ham bahoga solib o‘lchanishini qayd etadi. Shu tariqa mazkur ilm ushbu vodiy nomi bilan “aruz” deb atala boshlangan.
Turkiy she’riyatning aruz tizimi taraqqiyotida Navoiydan keyin Zahiriddin Muhammad Boburning xizmati benihoya katta. Ulug‘ shoir o‘zining “Aruz risolasi”da turkiy aruzning nazariy va amaliy jihatlarini ko‘pgina misollar orqali ifodalab beradi. Masalan, Navoiy “Mezon ul-avzon”da 19 bahr, 160 vazn haqida ma’lumot berib o‘tgan bo‘lsa, Bobur “Aruz risolasi”da 272 ta vazn borasida so‘z yuritib, har biriga faqat turkiy she’riyat namunalaridan emas, balki forsiy va arabiy she’riyatdan ham misollar keltirib o‘tadi. Olimlar bu asar aruz vazniga oid turkiy va forsiy risolalardan ko‘p jihatdan farq qilishini qayd etishadi.
“Aruz risolasi”dan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Bobur “Mezon ul-avzon”ni turkiy millat adabiyoti uchun yetarli deb ko‘rmagan va uni tafsilot bilan to‘ldirish hamda misollar bilan boyitishni maqsad qilgan. Fitrat ta’biri bilan aytganda, Bobur “adabiyot va san’at dunyosida eng teran qarash egasi” bo‘lgan.
“Aruz risolasi” tadqiqi tarixiga nazar tashlasak, asar qo‘lyozmasi haqidagi ilk ma’lumot E.Bloshening “Parij milliy kutubxonasidagi turkiy qo‘lyozmalar katalogi”da uchraydi. Unda Boburning aruzga oid risolasi mazkur kutubxonada saqlanayotgani haqida xabar mavjud. Keyinchalik Bobur risolasining hijriy 931, milodiy 1524-yilda ko‘chirilgan yana bir qo‘lyozmasi Tehrondagi Saltanat kutubxonasida saqlanayotgani aniqlanadi. Aruz vaznini uyg‘ur she’riyati misolida o‘rgangan olim M.Hamroyevning 1969-yili e’lon qilingan “Turk she’riyati nazariyasi ocherklari” kitobida Boburning “Aruz risolasi” qisqartirilib, uning uyg‘ur yozuvidagi transliteratsiyasi ilova qilinadi. Kitobda mazkur risolaning yana bir qo‘lyozma nusxasi Sharqiy Turkistonning Kuchar shahrida saqlanayotgani to‘g‘risida ma’lumot berilgan.
“Aruz risolasi” o‘zbek adabiyotida Saidbek Hasanov tomonidan maxsus o‘rganilgan bo‘lib, olim ushbu yirik tadqiqotni 1971-yilda “Muxtasar” nomi ostida foto faksimile nusxasi va kirill alifbosidagi matni bilan nashr ettiradi.
Boburshunoslikdagi keyingi tadqiqotlar “Aruz risolasi”ning Turkiyaning Marmara kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozma nusxasi ham mavjudligini ko‘rsatadi. Ushbu qo‘lyozma asosida 2021-yili Zahiriddin Muhammad Bobur “Kulliyoti”ning 3-jildidan o‘rin olgan “Aruz risolasi” kitobi tayyorlangan bo‘lib, uni filologiya fanlari nomzodi S.Sayfiddinov arab imlosidan joriy yozuvga tabdil qilgan.
Turkiyalik olim, “Bobur devoni” (1995) tarjimoni Y.Bilol “Bobur o‘z risolasiga aruz ilmi tarixida birinchi bo‘lib 537 vaznni jamlaydi va bu vaznlarga yetmishga yaqin mashhur shoirlar ijodidan turli misollar keltiradi”, deb yozadi. Shu tariqa Bobur o‘zbek mumtoz poeziyasida qo‘llanib kelingan 289 vazn va ularning shakllari ta’rifini beradi. Umumaruz ilmini o‘zi ixtiro qilgan 248 yangi vazn bilan boyitib, aruzshunoslik ilmiga beqiyos hissa qo‘shadi.
Shuni alohida ta’kidlash joiz, “Aruz risolasi”ning Parij milliy kutubxonasida saqlanadigan qo‘lyozma nusxasi XX asrning 30-yillariga qadar ilmiy jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan. Turk olimi Fuad Ko‘pruluzoda 1923-yili ushbu qo‘lyozma Boburning “Aruz risolasi” ekanligini aniqlab, “Turk tili va adabiyoti haqidagi tadqiqotlar” majmuasida yozadi. Olim risolani Parij milliy kutubxonasining Sharq qo‘lyozmalari katalogi bilan tanishayotgan vaqtda tasodifan ko‘rib qolganini va aniqlaganini qayd etadi. U: “Men 1923-yili Parij milliy kutubxonasining qo‘lyozmalar katalogida muallifi noma’lum, chig‘atoy tilidagi bir aruz risolasi borligini ko‘rdim. Turk nazm shakllariga oid ba’zi ma’lumotlarni topish umidi bilan asarni tekshirib chiqsam, u Boburshoh qalamiga mansub bo‘lib, Hoji Samarqandiy tomonidan hijriy 940-yili ko‘chirilgan ekan” deydi. Fuad Ko‘pruluzodaning ushbu ma’lumotlarini keyinchalik fransuz sharqshunosi E.Bloshe ham 1933-yilda tuzgan o‘z katalogida tasdiqlagan.
O‘zbekiston matbuotida “Aruz risolasi” qo‘lyozmasi haqidagi dastlabki ma’lumotlar Maqsud Shayxzodaning “Qo‘shiqlar haqida” maqolasida uchraydi. Shayxzoda 1964-yili Moskvadagi Markaziy kutubxonada turk olimi Ko‘pruluzoda asarining “Turk klassik adabiyotida nazm shakllari” bobini ko‘zdan kechirayotib, Boburning Parij milliy kutubxonasida saqlanayotgan “Aruz risolasi” asari tavsifini uchratadi. Bu haqda professor Saidbek Hasanov 1981-yilda nashr ettirgan “Aruz risolasi” so‘zboshisida ham to‘xtalib o‘tadi.
“Aruz risolasi”ning Ko‘pruluzoda tomonidan topilgan Parij qo‘lyozmasi fotonusxasini Shayxzoda ma’lumotlari asosida navoiyshunos olim Hamid Sulaymonov vatanimizga olib keladi va uni birinchilardan bo‘lib faksimilesini nashr ettirib, ilmiy muomalaga kiritadi.
Jadidlik harakatining mashhur vakillaridan, yangi o‘zbek adabiyoti asoschilaridan, zabardast olim Abdurauf Fitratning “Aruz haqida” nomli asarini o‘rgangan va nashrga tayyorlagan olim Hamidulla Boltaboyev ma’rifatparvar Fitrat Navoiy va Boburning aruzga bag‘ishlangan asarlaridan yaxshi xabardorligini va uning qo‘lida Bobur risolasining nusxalaridan biri bo‘lganini ta’kidlaydi.
“Aruz risolasi”ning yana bir qo‘lyozma nusxasi Tehrondagi “Golestan saroyi” muzeyida saqlanayotgani ma’lum.
Bobur o‘z risolasida mumtoz fors adabiyotining yirik vakillari Rudakiy, Nizomiy Ganjaviy, Fariduddin Attor, Xusrav Dehlaviy, Sa’diy Sheroziy, Salmon Savojiy, Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy asarlaridan parchalar bergan. Asarda u o‘z qalamiga mansub she’rlardan tashqari, Navoiy, Lutfiy, Haydar Xorazmiy, Sulton Husayn Mirzo va boshqalarning asarlaridan ham iqtiboslar oladi.
Ko‘pruluzoda “Turk tili va adabiyoti xrestomatiyasi”dagi “Tuyuq” nomli yana bir maqolasida asar tahlilini keltiradi. Boburshohning turk she’riyatiga mansub tarona, qo‘shiq, tuyuq (tajnis) va boshqalar haqida mumtoz ohang hamda she’r tuzilishi qoidalarini qo‘llaganini aytadi.
“Aruz risolasi”mi, “Mufassal”mi yoki “Muxtasar”?
Risola tadqiqi borasida olib borilgan ishlarda uning nomlanishi borasida ham turli fikr-mulohazalar uchraydi. Adabiyotlarda asosan asar nomi uch xil – “Aruz risolasi”, “Mufassal” va “Muxtasar” tarzida keladi. Qo‘lyozmani Ko‘pruluzodadan keyin ko‘zdan kechirgan Rizo Nur risola oxirrog‘idagi muxtasar so‘zini asar nomi deb o‘ylaydi: “Chun bu muxtasar safarda bayozg‘a bordi, ul munosabat bila musofir masoyilini bitildi”. Vaholanki, bu yerda “muxtasar” so‘zi asar nomi emas, balki “Mubayyin” asaridagi 27 bayt (54 misra)dan iborat “Musofirona namozning bayoni”ni anglatadi. Adabiyotshunos olim va shoir Mirzo Kenjabek bu asarni “faqatgina “Aruz risolasi” deb yoki “Mufassal” deb nomlash mumkin. Asarni “Muxtasar” deb atash esa mutlaqo xatodir”, deb yozadi. Darhaqiqat, bizningcha ham asar “Aruz risolasi” deb nomlangani to‘g‘ri. Boisi, Boburning o‘zi asarni “Aruz” deb atagan. Xususan: “Aruz” itmomidin ikki-uch yil so‘ng Hindiston fathining so‘nggi yili Sanbal sarig‘a borur fursatta bir mutavval bayt o‘n olti rukn bilan aytilib edi”.
“Aruz risolasi” Hindistonda fors tiliga ham tarjima qilingan. Bu ishni boburiylar xonadoniga mansub shoir, olim va tarjimon Azfariy (1760–1819) ham nasrda, ham nazmda o‘girgan. Hozirda tarjimaning ikkita qo‘lyozma nusxasi Hindistondagi fondlarda saqlanmoqda. Ushbu ma’lumotda biz uchun muhim nuqta shuki, Azfariy asarni “Aruzi turkiy” deb atagan.
Asar borasida olib borilgan tadqiqotlarning asosiy qismi o‘zbek, turk, rus, uyg‘ur va ozarbayjonlik olimlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Umuman olganda, “Aruz risolasi” tadqiqiga doir ishlarning ko‘lami keng. Ularni bir tizimga solib, qiyosiy tadqiq etish, ayrim manbalardagi ba’zi chalkashliklarni bartaraf etish, ayniqsa, asar qo‘lyozmasi va uning tavsifi, o‘rganilishi va ilmiy-nazariy mohiyati haqida asoslangan xulosaga kelish bugungi kun adabiyotshunoslik ilmining dolzarb masalalaridandir.
Shuhrat HAYITOV,
filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos
“Jadid” gazetasining 2025-yil 13-iyundagi 24-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
97
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
610
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
607



