Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.06.2025 | 12:31

img657

HAMMUALLIFLIK – HAMMANFAATLIKKA AYLANGANDA

O‘tgan asrning yigirmanchi yillarida sobiq sovet tuzumini achchiq satira va yumor bilan fosh qilgan mashhur yozuvchilar Ilya Ilf va Yevgeniy Petrov hammualliflikda yozgan “O‘n ikki stul” hamda “Oltin buzoqcha” asarlarini ko‘pchilik o‘qigan, shu asarlar bo‘yicha yaratilgan kinofilmlarni ko‘rgan. Bu ikki yozuvchi hamkorlikda boshqa asarlar ham yaratishgan. Jahon adabiyoti tarixida eng omadli “tandem” deb tan olinadigan yozuvchilarga uchrashuvlarda odatda “Ikki kishi bir asarni qanday yozasizlar?” degan mazmunda savol berilganda Ilya Ilf hazil aralash: “Birimiz yozgan asarimizni chop qildirish uchun nashriyot izlaganimizda ikkinchimiz qo‘lyozmalarni o‘g‘irlab ketishmasin deb qorovullab o‘tiramiz”, deb javob qaytargan.

Badiiy asarni hammualliflikda yaratishda har ikki adibning yozish uslubi bir-biriga mos kelishi shart. Aka-uka Mann hamda aka-uka Grimmlar yaratgan asarlarda buni yaqqol ko‘rish mumkin. Asar go‘yo “bir qo‘ldan chiqqandek” tuyuladi.

Bu talab ilmiy-texnik, tarixiy-jug‘rofiy asarlarni birgalikda yozadigan olimlarga ham bevosita taalluqli. Bunda fanning aniq bir sohasi va tadqiqot manbasi bir bo‘lishi shart. Ammo afsuski, hozir yozmoq bo‘lganimiz aynan hammualliflikning shu sohalardagi “g‘alati tajriba”lari, to‘g‘rirog‘i, uning boshqacha turlari va usullari to‘g‘risida.

Tengqur jurnalist do‘stimiz bir umr o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloq tarixi, odamlari, urf-odatlari to‘g‘risida ma’lumotlar yig‘di va nihoyat uni kitob holiga keltirdi. Iltimosiga ko‘ra kitobga bir qur ko‘z tashlab, tahrir qildim va uni nashriyotga topshirsa bo‘laverishi kerakligini aytdim.

Oradan ikki yilcha o‘tgach hamkasbimiz og‘ir betob bo‘lib qolganini eshitib, holidan xabar olish uchun oldiga bordim. U darddan ancha so‘lgan bo‘lsa-da ruhan tetik edi. Kayfiyati, ayniqsa, bosma hidi anqib turgan kitobiga dastxat yozib berganida yanada ko‘tarildi. Hamkasbimizni “umr kitobi” chop qilingani bilan tabrikladim-u… biroq asar muqovasiga ko‘z tashlab hayratim oshdi. Negaki, uning ism-sharifi yonida boshqa bir muallif nomi ham tirkalib turardi.

U ajablanganimni ko‘rib, noiloj izoh bergan bo‘ldi: “Kitobni o‘z hisobimdan chop qilish uchun yetarli mablag‘ to‘plagandim, ammo to‘sat bu dard yopishdi. Yig‘ganim davolanish, dori-darmonga ketdi. Kitob nashriyotda turganini eshitgan shu odam meni yo‘qlab keldi, chop qilishga yordamlashishini aytdi. Evaziga uning ism-sharifini ham qo‘yishim kerak ekan. Nima qilay, shu kitobni ko‘rib ketay dedim-da…”

Hamkasbimiz yozgan kitobga hammuallif bo‘lgan odam havaskor qalamkash emas, ilmiy darajasi bor olim ekan…

Yigirma besh yillar oldin poytaxtdagi bir nashriyotda tarixiy-ommabop risolam chop qilinadigan bo‘ldi. Nashriyot bosh muharriri atay vohaga nashr masalasida keldi. Yonidagi hamrohini “tibbiyotga doir ilmiy asarlar chop qilinadigan nashriyot muharriri”, deb tanishtirdi. Hamrohi viloyatda tibbiyot sohasida ilmiy darajali rahbar xodimlardan tanishim bor-yo‘qligini surishtirdi. Tibbiyot fanlari doktori ilmiy darajali bir tanishim o‘sha vaqtda kattagina vazifada ishlardi. Nashriyot muharririning iltimosiga ko‘ra o‘sha tanishim yoniga olib bordim va ajabtovur suhbat guvohi bo‘ldim. Muharrir nashriyotlarida chop qilinishi rejalashtirilgan risola, monografiyalarning ro‘yxatini tanishimning oldiga qo‘ydi. U esa ro‘yxatni ko‘zdan kechirar ekan “Mana bu monografiya narxi qancha, bunisiga qancha berish kerak?” deb savdolashishga tushdi. “Bozor iqtisodiyoti” savdosiga hayrat bilan tikilib o‘tirdim. O‘sha tanishim ro‘yxatdagi to‘rtta kitobga hammuallif bo‘lishga rozilik berdi – ikki o‘rtada savdo pishdi. Har bir kitobga hammuallif sifatida ism-sharifini qo‘yish bahosi aytildi. Qiymat o‘rtacha 4-5 ming AQSh dollari miqdorida edi…

Rahbar oldidan chiqqach, muharrir o‘zini oqlagan bo‘ldi: “Bizniki ham tirikchilik. Bu ro‘yxatdagi monografiya yoki risolasini nashriyotga topshirgan yosh olimlarning uni chop qilishga mablag‘i yo‘q. Shuning uchun o‘zlariga hammuallif topishni bizlarga topshirishgan. Bundan ikki tomon ham manfaatdor – kitob chiqadi, nashriyotning qozoni qaynaydi. Boshqa yo‘li yo‘q-da!”

O‘zi yozmagan va hatto sohasiga aloqasi bo‘lmagan risola yoki monografiyaga ism-sharifini taqagan fan doktori bundan qanday manfaat ko‘radi, dersiz? Unga professor ilmiy darajasini olishi uchun qanchayam hajmdagi ilmiy ishlari chop qilinishi kerak bo‘larkan. Keyin “Falon kitob yozganman”, deb minbarlarda maqtanib ham yuradi.

Ayrim ilmiy risola, monografiyalarda ikki, uch va hatto to‘rt kishining ism-sharifi muallif sifatida keltirilishi ortida ko‘pincha shunga o‘xshagan “ikki tomonlama manfaatdorlik” yo‘qmikin degan shubhaga boraverasiz.

Iqtidorli tarixchi inimiz umrining aksar qismini arxivlarda o‘tkazishga odatlangan. Chang bosgan hujjatlarni ko‘tarish orqali u o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillar qatag‘oni qurbonlari haqida ko‘plab maqolalar yozdi, risola va kitoblar chiqardi. Aynan shu mavzudagi so‘nggi kitobi muqovasida mualliflar qatori begona bir ism-sharif qo‘qqayib turganini ko‘rib: “Ha, tadqiqotlar charchatdimi?” deb hazillashdim. U savolim mohiyatini tushundi va izoh berdi: “Hozir kitobni o‘z hisobingdan chiqarish oson, ammo uni sotish, hech bo‘lmasa sarflangan mablag‘ning bir qismini qaytarib olish qiyin. Bu odam kitobni sotishni o‘z zimmasiga oldi. Ko‘p mehnatim singgan tarixiy kitobni ko‘proq odam o‘qisin dedim-da…”

Bundan ham achinarli bir holatga guvoh bo‘ldim. Xorazmlik jadidlarning ma’rifat sohasida amalga oshirgan ishlaridan hikoya qiluvchi tarixiy risolaga bir emas, to‘rt nafar muallifning nomi terilgan. Ulardan biri qaysidir tumanda kattagina vazifada ishlarkan. Tushundingiz – o‘sha amaldor kitobni tarqatish (sotishni) o‘z zimmasiga olgan.

To‘g‘ri, aynan bir sohada tadqiqot olib borayotgan, izlanishlari mushtarak olimlarning birgalikda asar yozishlari tabiiy hol. Ilmiy adabiyotda badiiy uslub emas, tadqiqot mazmun-mohiyatini qay yo‘sinda o‘quvchilarga yetkazish muhim. Mabodo asar o‘quv qo‘llanmasi bo‘lsa, unda bir nechta muallif nomi keltirilishini tushunish mumkin. Bu holatda kitob boshlamasida qaysi olim qaysi boblarni yozgani, albatta, eslatiladi.

Bir paytlar voha tabobati haqida risola yozgandim. Ancha ma’lumotlarni shu sohaga qiziqadigan bir ziyolidan olganman. Evaziga kitobga o‘zining nomini muallif sifatida qo‘yishimni so‘ragan. Keksa kishining iltimosini rad qilolmadim, qolaversa, risola dunyoga kelishida uning xizmatlari oz emas edi.

Kitob qo‘limga tegganida esa… hayratga tushdim. Muqovasida uchinchi birovning nomi ham turardi. Yana deng, alifbo qoidalariga binoan mening ism-sharifim eng oxirda – uchinchi hammuallif sifatida qo‘yilgan.

Kitobga tasodif hammuallif bo‘lgan yigit nashriyot bosh muharririning o‘g‘li ekan. U nomzodlik ilmiy ishi ustida ishlayotgan, yoqlash jarayonida chop qilingan maqolalari qatorida shu risola kattagina tosh bosishi mumkinligini bosh muharrir aytib, o‘zicha tushuntirgan bo‘ldi. Uzr so‘rash qayda?

O‘sha bosh muharrirning menga hammuallif bo‘lgan o‘g‘li hozirda katta olim. (Eng qizig‘i, u inson bilan hayotda biror marta uchrashmadik).

Aynan ilmiy asarlarda “ustoz-shogird” olimlarning hammuallif bo‘lishlari odatiy holga aylangan. Kichikroq risola yoki salmoqli monografiyani bu “tandem”da zahmatkash shogird yozishi kundek ayon. “Ustoz” ko‘pi bilan unga maslahatchi bo‘lishi mumkin. Eng yomoni, ko‘pincha kitobni yozgan shogirdning ism-sharifi ikkinchi muallif sifatida keltiriladi. Buning ustiga, ayrimlar “Falonchi olim yozgan asariga shogirdining nomini ham qo‘shib, unga muruvvat ko‘rsatibdi”, deyishadi.

Shu o‘rinda ushbu mulohazamiz barcha “tandem”chilarga tegib ketmasligi uchun bir misol keltiramiz. O‘tgan asrning saksoninchi yillari oxirida ilk bora oliygoh talabalari uchun o‘zbek tilida “Organik kimyo asoslari” o‘quv qo‘llanmasi yaratilgan. Bu qo‘llanmani ustoz-shogird – Sa’dulla Iskandarov va Boboxon Sodiqov qay tarzda yozishganini o‘zlaridan eshitganman – darslik dunyoga kelishi uchun o‘n yil vaqt sarflangan. Akademik ustoz va professor shogird yaratgan bu asar hali-hamon talabalar uchun muhim darslik sifatida e’tirof etilib, qayta va qayta chop qilinmoqda…

Xususiy nashriyoti bor hamkasbim qiziq gap aytib qoldi: “Hozir nima ko‘p – universitet ko‘p. Ayniqsa, xususiy o‘quv dargohlari yil sayin ko‘paymoqda. O‘sha o‘quv dargohlarining o‘qituvchi-olimlari o‘zlari yozgan monografiyalarni chop ettirish uchun ko‘p murojaat qilishadi. Ikki yuz-ikki yuz ellik varaqlik monografiyada ko‘pincha uch-to‘rt kishining nomi muallif sifatida ko‘rsatiladi. Afsuslanarli tomoni, bu monografiyalar adadi yuz donadan oshmaydi. Hatto “o‘quv qo‘llanmasi” degan eslatma borlari ham shu adadga yaqin bo‘ladi. Axir o‘quv qo‘llanmasi katta miqdorda chop qilinib, undan talabalar o‘quv jarayonlarida tanishishlari kerak emasmi? Yo‘q, bu oz adadli monografiya ularga “falon bosma taboq ilmiy ishlari chop qilindi”, degan ko‘rsatkich uchungina lozim ekan. Ilmiy tadqiqot ataladigan risolalar taqdiri ham shunday. Sanoqli nusxasi tegishli tashkilotlarga taqdim qilinadi, xolos. Mana bugungi “fidoyi, izlanuvchan olimlar”ning ahvoli.

Ushbu maqolani “majburiy tandem”lik boshidan kechgan, bir emas, beshta kitobni shu yo‘sin hammualliflikda chop qilish majburiyatida qolgan bir qalamkash sifatida qoraladim.

Maqola boshida keltirilgan mashhur satirik yozuvchilar Ilya Ilf hamda Yevgeniy Petrovga hozirgi zamon o‘quvchisi birgalikda qanday asar yozishlari haqida savol berganida javobi quyidagicha bo‘lardi: “Birimiz kecha-yu kunduz kitob yozamiz, ikkinchimiz esa kitobni chop qilishga mablag‘ beradigan uchinchi va to‘rtinchi hammualliflarni topish uchun izg‘iymiz”.

Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

“Jadid” gazetasining 2025-yil 13-iyundagi 24-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img108

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img618

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614