Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.06.2025 | 12:39

img447

TEMURBEK

Tarixiy qissadan parcha

Xudoning yorlaqagan kunlaridan birida, hamal oyi edi, keshlik Shayx Shamsiddin Kulor muridi Muhammad Tarag‘ay xonadonida mehmon bo‘lgani Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘iga yo‘l oldi. Shaharda zerikkan shayxda bir kengliklarga chiqib, kunchiqishda yastanib yotgan Hisor tog‘larini, Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘i manzaralarini, yashillikka burkangan dalalarni tomosha qilish, musaffo havolardan nafas olish ishtiyoqi kuchli edi.

Ochiq chehrali, qo‘y ko‘zlari hamisha tabassum bilan iylangan, ko‘rinishidan baquvvat, qaddini tik tutib yuradigan, quyuq qora qoshli, chiroyli qalin soqoliga hali oq oralamagan, qirq yoshlardagi chaqnoq ko‘zli Shayx Shamsiddin Kulor Movarounnahrga nomi keng yoyilgan zamona allomasi edi. U o‘zini olam, borliq hamisha nur bilan yo‘g‘rilgan, olam porloqligi dilning munavvarligidir, degan ta’limotga  asos solgan mashhur karomat sohibi Shahobiddin Yahyo as-Suhravardiyning  – Alloh aziz ruhini muqaddas etsun, – shogirdi hisoblardi.

Shayx Xo‘ja Ilg‘or ota qabristonida dafn etilgan  tabarruk zot Xo‘ja Muhammad ibn al-Qosim mozorini ziyorat aylaydi. Boshqa aziz-avliyolarga ham duolar o‘qib, ruhlarini shod etadi.

Sog‘inib qolgan muridi bilan uchrashishni o‘ylab hozirdanoq dilida huzurlar tuyadi. Negadir ayni bugun shu niyatni amalga oshirmoqqa kirishdi, Xudo dilga soldi. Uyida o‘tirolmadi. “Allohning o‘zi hakam”, deb qo‘ydi o‘ziga o‘zi. U doim shu iborani takrorlab yurardi. Alloh dilga soldimi – uni ado etmoq kerak. Darhol shogirdi Shahsuvor munajjimni huzuriga chorlatdi.

Shahsuvor munajjim ko‘p kuttirmadi, darrov yetib keldi. U asli keshlik, tez-tez gapiradigan, suhbati shirin, keng mulohaza yuritadigan o‘ttizlardagi o‘rtacha bo‘y yigit bo‘lib, shira soqol-mo‘ylabi o‘ziga yarashib turar, bolaligidan ilmi nujumga qiziqar, yulduzlarni o‘rganar, ba’zan to‘g‘ri chiqib qolgan bashoratlari bilan odamlarning olqishiga sazovor ham bo‘lardi.

Shayxning muridi yigirma besh yoshli Muhammad Tarag‘ay dastavval mo‘g‘ul qo‘shinlarida sarkarda-amirlik qildi, biroq mo‘g‘ullarning elga qattiq zulm qilganlarini ko‘rib, izzat nafsi lat yedi, harbiy ishlardan ko‘ngli sovib ketdi va tamoman boshqa tomonga – islom ma’rifatiga yuz burdi. U Haqning sevar bandalarini sevar, kichik fe’l, harakatchan, o‘zini vazmin tutar, yosh ekaniga qaramay, tabiatan ulamo va sulaho muttaqiy  moʻminlarga mehribon-u mushfiq bo‘lganidan, Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ining kadxudo-ulug‘lari qatoridan joy olib ulgurdi. Harbu joh  havaslaridan uzoqroqda umr kechirishni xush ko‘rdi.

Musulmoni komil amirni muzofotda hamma hurmat qilar, yig‘inlar amirsiz o‘tmasdi. Shayx doim elga hamdardlik ila qayishadigan, katta-kichikni teng ko‘radigan oqibatli muridi bilan ichida faxrlanib yurardi.

Muridning kattagina hovlisi guzardan uncha uzoq emas… Guzar hamisha odam bilan gavjum, o‘ng tomonda ellik yillar avval Muhammad Tarag‘ayning otasi Amir Burkul tomonidan qurilgan masjid savlat to‘kib turardi. Yonidagi baland minoradan har namoz oldidan daroz bo‘yli, ozg‘indan kelgan muazzin, bir ko‘zi ojiz Normulla so‘fining ovozi yangraganda, o‘ktam azon kalomlari atrofga taralar, Sovuqbuloq, Qorasuv, Tezob, Javag‘li, Qayrasolli, Qasnoqli qishloqlariga ham yetib borardi.

– Bobolarimiz yorug‘ yozlarda keng yaylovlarda emin-erkin yashashga o‘rgang‘onlar, bu chorvaga ham qulaydur, qorli qishlarni esa qishloqlarda o‘tkazg‘onlar. “Qishloq” – qishda yashaydigan joy ma’nosida keladi. Ayni shu jihat xalqni o‘troq yashashga o‘rgatadur ham, – dedi Shayx ot jilovini xiyol tortib.

Ular qishloqning katta ko‘chasiga burildi. Shomga hali bir muddat bor… Chapda ham, o‘ngda ham uylardan tutun chiqib turar, pishirilayotgan yoqimli ovqatlar, dog‘ qilinayotgan piyozlar hidi dimoqqa urilardi. Ko‘ngilga yaqin manzaralar… Qaytgan podadan ko‘tarilgan chang mag‘rib shafag‘ida g‘ira-shira ko‘rinadi. Qishloq chorva-molini boqqan cho‘pon eshagini yetaklab, “oshi halol” yig‘ib yuribdi, har uyning oldiga kelganda: ”Osha-a-lol!” deyishdan charchamaydi.

Yo‘l kunchiqishdan kunbotishga qarab cho‘zilgan, sharqda, yiroqlarda Hisor tog‘lari oqarib ko‘zga tashlanadi. Mag‘ribda esa ayni shu yerlardan Turon pasttekisligi boshlanadi, zamin shimolga qarab enib boradi. Shayx munajjimga yo‘l-yo‘lakay Turkiston tarixidan, xonlar hayotidan ko‘p narsalarni so‘zlab berdi. Bari Shahsuvor munajjim uchun qiziq edi…

– Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘i tarixidan ham so‘zlasunlar… – iltimos qildi Shahsuvor munajjim, yo‘lga qarab qo‘yar ekan. – Juda ko‘hna qishloqmi, deyman.

– Ha, ko‘hna qishloq, – dedi Shayx ot jilovini sal tortib. – Avval kichkina qishloqcha bo‘lg‘on. Sharqi va janubi to Qarshi shahrigacha turli hayvon-u maxluqlarga to‘la keng biyday cho‘ldan iborat edi. Muhammad Tarag‘ayning uchinchi bobosi Amir Ilangiz barloslarni iyartib kelg‘ondan keyin odamlar ko‘payib, Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘i kattarib ketdi.

Shahsuvor munajjim bosh tebratgancha indamay tinglab borardi.

Ular gurung bilan bo‘lib, guzarga yetib kelishdi. Guzardagi maydonchada qiyqiriq ovozlari eshitilar, bir to‘p odamlar, olomon davra qurib nimanidir tomosha qilardi.

Bahorning ilk oyi hamalning yarmi, havo iliq, yozning isi kelib qolgan.

Shu payt kimdir olomon ichidan sirg‘alib chiqib, Shayxlar tomonga kela boshladi. Bu helvagay oq choponga o‘ralgan kelishgan yigit Muhammad Tarag‘ay edi. Nur taratib turgan xiyol cho‘zinchoq oq yuzi, keng peshonasi, o‘ziga yarashgan charaqlagan katta-katta ko‘zlari darhol kishi e’tiborini tortardi.

– Iye! Iye! Ana xolos… Bizning ko‘chadan quyosh chiqibdi-ku! Xush kelibdurlar, pirim! – Muhammad Tarag‘ay shunday der ekan, Shayx Shamsiddin Kulor to‘ni etagini o‘pib mamnun  ko‘zlariga surtdi. – Bundoq qarasam, pirim kelibdurlar… Qadamlariga hasanot-e!

– Xushvaqt bo‘lsunlar, amirim! – Shayxning yuzlari yorishib, qo‘y ko‘zlariga yosh keldi. – Xushvaqt bo‘lsunlar!

– E, yulduzchi ham shu yerdalar-ku! – munajjim bilan iliq ko‘rishdi Muhammad Tarag‘ay.

Muhammad Tarag‘ay hovlisi keng-mo‘lgina edi, uni bobosi Ilangiz-no‘yon qurgandi, otasi Amir Burkul hovlini ikkiga bo‘lib, yarmiga alohida darvoza tikladi va xotin-xalaj istiqomat qiladigan ichkari hovliga aylantirdi, tashqari hovli, ichkari hovli paydo bo‘ldi. O‘sha paytlar Muhammad Tarag‘ay besh yoshda edi. Ko‘chadan alohida eshik bilan kiriladigan otxona chap tomonda hozir ham bor.

Xizmatkor otlarni otxonaga bog‘ladi. Shayx bilan munajjimni tashqi hovlidagi zarrin eshikli muhtasham mehmonxonaga boshladi.

Mehmonlar qish ketgan bo‘lsa ham, hali yig‘ishtirib olinmagan sandal atrofidagi qizil gullari bo‘rtib chiqqan yakandozlarga tiz cho‘kdilar.

Shayx Shamsiddin Kulor o‘rik cho‘g‘i gupirib turgan issiq sandalga oyog‘ini uzatdi-da, o‘tgan ulug‘lar sha’niga, uch oygina avval dunyodan ko‘z yumgan Muhammad Tarag‘ayning padari buzrukvori Amir Burkul ruhiga bag‘ishlab tilovat qildi. Hamma duoga qo‘l ko‘tardi.

– Keshlar tinchmi? – hol-ahvol so‘rashga o‘tdi Muhammad Tarag‘ay.

– Allohga shukr, tinch. O‘zining hifz-u himoyasidadurbiz…

– Safardan qachon qaytdilar? – Shahsuvor munajjimga qaradi Muhammad Tarag‘ay.

Munajjim yengil yo‘talib oldi-da, dedi:

– Uch oycha avval.

– Safaringiz qabul bo‘lsun!

– Murodingiz hosil bo‘lsun! – minnatdorlik bildirdi Shahsuvor munajjim.

– Juda ajoyib inson edilar-da. Xudo rahmatiga olg‘on bo‘lsun, Allohning o‘zi hakam… Ayni shu hovlida Amir Burkul janoblari birlan kechgan suhbatlardan hazorchand bahramand bo‘lg‘onbiz, gurunglar qilg‘onbiz, nasib etmish erdi… Amir Burkul Xo‘ja Ilg‘orda masjid qurishga kirishdilar… Mana shu Allohning uyida, ul zot birlan ko‘p juma namozlarini esh-qo‘sh bo‘lib o‘qig‘onbiz…

Suhbat tobora quyuqlashib borardi. Shahsuvor munajjim so‘zlarga qo‘shilmay o‘tirardi. Shayx bunday diltortar suhbat mudom davom etishiga, hech qachon oxiri bo‘lmasligiga ishora qilib, piri Suhravardiyning porlash, munavvarlik haqidagi ta’limotini esladi:

– Nur cheksizdir, zero, oxiri yo‘qdir, – dedi mamnun holda.

* * *

Xufton namozini o‘rinlatishgach, shu paytgacha indamay o‘tirgan Shahsuvor munajjim so‘zga og‘iz ochdi:

–  Shayx hazratlari! Havo musaffo, toza havolardan nafas olaylik, bir ko‘klarga boqaylik, osmon sayriga chiqaylik. Osmon ham moʻjiza.

Har kuni yulduzli osmonni kuzatish munajjimning odati edi.

Taklif ma’qul keldi. Katta ko‘chaga chiqdilar. Qishloq tun yostig‘iga bosh qo‘yardi. Tezob tomonda itning o‘qtin-o‘qtin hurishi jimlikni buzib turardi. Shayx, munajjim va amir kunchiqishga qarab borishar ekan, borliqni zulmat qoplaganini ko‘rdilar. Tog‘ tomondan kishining bahri-dilini ochadigan yoqimli tun shabadasi esardi. Osmon yorug‘, chaman-chotir yulduzlarga to‘la. Bag‘oyat charog‘on osmonning xuddi qo‘l cho‘zsang yetadiganday yaqinligi Shahsuvor munajjimni hayratga soldi.

 Xo‘ja Ilg‘orda rostdan ham osmon yaqin edi. Negadir munajjim nazdida bugun osmon o‘ziga o‘xshamasdi, unda ham qandaydir yashirin sir borday tuyulardi… Dunyoning bor yulduzlari yig‘ilib kelgan chamasi. Ana Nohid,  Surayyo, Bahrom, Mirrix, Suho, Mushtariy, Zuhal (uni Kayvon  ham deyishadi) yulduzlari. Yana qanchalari… Hatto mag‘rib yoqda doim ufq chetida qisinib yuradigan (kechagina ko‘rgandi) yorug‘ yulduz ham  bugun tepaga kelib qolibdi. Esida, bunday manzarani bir bor Marog‘ada ko‘rgan edi.  

– Tepamizda osmon tursa ham, qarayvermaymiz-da, – dedi Shayx. – Chamanzorni ko‘ringiz! Voy-bayov… Tumonot yulduz-a! Bir boshimizda shuncha  sir…

–   Ha… Hammasi sirli. Haq so‘zni dedilar, pirim. Allohning yaratib qo‘ygan chamanzori… Tumonot…  Va laqod zay-yannas sama addunya bi maso biyxa va ja’alna ha ruju mal lishshaya tiyn. Chindan ham, bularning bari – Parvardigorning siz-u bizga nurafshon bo‘lsin, deb yoqib qo‘ygan chiroqlari. Ana bu – Somon yo‘li. U yo‘lda yulduzlar bag‘oyat ko‘p, ko‘rdingizmi, g‘uj-g‘uj bo‘lib to‘planishgan. Qaygadir ketishmoqchimi… Aqli qosirim derki, hammasi, chamasi, jannat tomonga qaysi yo‘l bilan borishni maslahat qilishayotir… – jilmaydi Shahsuvor munajjim mamnun. U xuddi sahardan to shom bog‘idan chiqmaydigan, o‘zining shinam gulbog‘ini ko‘z-ko‘z qilayotgan, ekkan niholi bilan maqtanayotgan mirishkor bog‘bonga o‘xshab ketdi, yulduzlar haqida yayrab hikoya qilardi. – Hov anovi uch yulduzni ko‘rdingizmi? Uning oti Tarozi. Osmon posangisini tutib turadi. Mana bunisi, Hulkar yulduzi, Surayyo yulduzi ham deymiz, Yetti og‘ayni deb ham ataymiz. Uzoq safarlarga chiqqanlarga eng birinchi ko‘makchi,  charog‘bon, sahrolardan o‘tganda, yo‘ldan adashganlarga yo‘l ko‘rsatuvchi yo‘lchi yulduz…

– Yo‘lchi yulduz? Qandoq yo‘l ko‘rsatadur? – so‘radi butun vujudi bilan tinglayotgan Muhammad Tarag‘ay ko‘k toqining tagida osilib turgan  yetti yulduzga tikilgancha.

–  Juda oson… Yo‘lni adashmay  topish uchun, Hulkarga qarab turib, hu anovi, yuqoridan sanab tushganda oltinchi va yettinchi yulduzlarni xayoliy to‘g‘ri chiziq bilan bog‘laysiz va shu chiziq bo‘ylab boraverasiz… Chiziq bir nursiz yulduzga olib boradi. U yulduz nursiz emas, shunday tuyuladi, uni ko‘rishga ko‘zimiz xiralik qilur. Uning nomi  – Oltin qoziq! Temir qoziq ham ataydilar! U yulduzlar ichida eng qoim, sobit yulduzdir, hech qachon o‘z o‘rnini o‘zgartirmaydi, hech qachon so‘nmaydi… Inchunin, Oltin qoziq deydilar. Shu turishda uning yuqori tomoni – shimol bo‘ladi,  qarama-qarshi tomoni – janub, chap tarafi – g‘arb, o‘ng tarafi – sharqdir… Dunyo kezguvchilar gapirishadi, sahroda turganingizda  to‘rt tomoningiz ham bir xil – qibla bo‘lib tuyuladi. Qayoqqa yurishingizni bilmay boshingiz qotadi. Shunda Hulkar yulduzi ish beradi…

Muhammad Tarag‘ay ilgari mayda-chuyda tashvishlar bilan bo‘lib, bunga diqqat ham qilmagan, yulduzli osmonga yaxshiroq tikilib qaramagan ham  ekan. Osmon – dunyolarning dunyosi ekan! Uning chegarasi bormi? Yo Rabbiy! Son-ming yulduzlar, ilohiy yoritgichlar, sirli samoviy fanorlar jimir-jimir qiladi. Shunchalar moʻjizani yaratib qo‘ygan qodir Xudoga,  yulduzlar-u  sirli yoritqichlarni osmonning havorang baxmaliga chiroyli qilib taqib chiqishga erinmagan g‘affor-u zuljalol Parvardigori olamga hamd-u sanolar bo‘lsin…

   Tun-kecha, zimiston. Yoqimli  shabada mayin esishda davom etardi.

Nogahon Shahsuvor munajjimning titroq ovozi eshitildi:

    –   Ana!  Yulduz uchdi!

Go‘yo munajjim shuni kutib turardi. Hamma osmonga qaradi. Gʻarb tomondan uchib chiqqan yulduz nurli yoy hosil qilib bir necha lahzadan so‘ng so‘ndi.

Muhammad Tarag‘ay allanechuk bo‘ldi, ammo hech narsani tushunmadi. Shahsuvor munajjim esa o‘zida qandaydir o‘zgarish seza boshladi, xuddi kutilmagan voqea yuz beradigandek… Odatda, u biron narsani bashorat qilmoqchi bo‘lsa, shunday holga duch kelardi.

Kutilmaganda… kunchiqish tomonda ufq tagida kichik bir yulduz yarq etib ko‘rindi. Yulduz asta-sekin ko‘tarilib, osmon toqiga qarab intildi. U olamni yoritmoqchi edimi… Ko‘tarilgan sari kattalashar, nurlari quyuqlashardi.  Ammo yarim yo‘lda manzilga yetmay… yog‘i tugagan qorachiroqday  o‘chdi.

Bu g‘alati hodisa edi. Lahzalar o‘tib-o‘tmay,  janub tomondan yana bir yulduz nishona berdi, u  ham  jimir-jimir qilib yiriklasha boshladi.  Avvalgi yulduzdan  sal balandroqqa chiqdi. Ammo birdan so‘ndi…

Ufqda to‘rtinchi yulduz jilvalar namoyon qila boshladi. Uning miltirab nur sochib turishi bag‘oyat yoqimli… U ham ko‘k toqiga qarab borardi. Biroq, yetolmay… so‘ndi.

Shu palla kunbotishdan va kunchiqishdan ikki yulduz barobar ko‘k toqiga otildi. Ammo yarim yo‘lda so‘ndilar.

Shayx Shamsiddin Kulor ham, Muhammad Tarag‘ay ham yulduzlar sehriga maftun bo‘lib qolgan edi. Voqeaning sirli yuz berayotgani sababini hech kim bilmasdi. Endi qayoqdan yulduz chiqarkin, deya osmonga alanglashardi.

Tuyqusdan Muhammad Tarag‘ayning tafakkuri yorishganday bo‘ldi! U esladi:  uning sakkizinchi bobosi Qochuvli bahodir xuddi shunday tush ko‘rgan, qo‘ynidan bir yulduz uchib chiqqan va so‘ngan ekan. Bunday hol yetti marta takrorlanibdi. Sakkizinchisida katta yulduz balqibdi. U butun olamga nur taratibdi! Undan bir necha yuduzlar otilib, namoyon bo‘libdi va har biri bir o‘lkani yoritar emish…

Qochuvli bahodir  darhol otasi Tumanaxon  qoshiga yo‘l olibdi. Chunki otasi tushlarni aniq va ravshan ta’birlay oladigan valiy inson sifatida mashhur ekan.

– Hikmatli tush ko‘ribsen, o‘g‘lim! – mamnun debdi  Tumanaxon. – Baski, mening naslimdan yetti avlod birin-ketin dunyoga kelib, kam-kam podshohlik qilib o‘turlar. Ammo sakkizinchi marta, ya’ni ul buyuk yulduz balqiganda, naslimizdan kimdir jahongirlik tug‘ini baland ko‘targay, ko‘p mamlakatlarga podshoh bo‘lgay!

Bu naql avloddan-avlodga o‘tib keladi. Mabodo, mana bu yulduz uchishlarining o‘sha tushga aloqasi yo‘qmikin?  Muhammad Tarag‘ay o‘yga cho‘mdi.

Yana bir jihati ham g‘alati: Muhammad Tarag‘ay yettinchi avlod hisoblanadi. Keyingi avlod – sakkizinchi-ku! Ajabo…

Yulduzlar tomosha ko‘rsatishda davom etardi.       

Shu palla Shahsuvor munajjim favqulodda jazavada qaltiray boshladi. Muhammad Tarag‘ay unga qarab hol so‘ramoqchiydi, ulgurmadi, birdan… sahna o‘rtasidan  sakkizinchi  yulduz otilib chiqdi!

Yulduzning milt-milt qilishi, yorqin jimirlashi osmonga juda ham yarashib turardi.   U asta-sekin  kattalashdi, tobora nurlari tiniqlashdi va nihoyat, porloq yulduz osmon toqini zabt etdi! Uning yop-yorug‘ nurlariga ko‘zlar chidamasdi. Nur yulduzdan toshib chiqib olamni yoritib yubordi!

Shayx Shamsiddin Kulor ham, Muhammad Tarag‘ay ham boshqa olamlarga borib qolganday sezishardi o‘zlarini. Bir kechada shuncha yulduzning ajabtovur uchishlarini hali ko‘rishmagandi. Nima bo‘lyapti o‘zi?..

Ular hayratdan lol edilar. Yoki Muhammad Tarag‘ay Qochuvli bahodirga  o‘xshab tush ko‘rayotirmu ekan? Bu tushmi, o‘ngmi?.. Allohim! Bandalaringni o‘zing kechir!..

Shahsuvor munajjim qo‘llarini osmonga ko‘tarib, o‘z-o‘zidan, ovozini qo‘yib  bashorat qilishga tushdi:

– Osmon yoritqichlarining holati zamonaning saodatli kunlarga yuz burganidan dalolat bermoqda. Parvardigori olamning karami birlan  ayni shu tolebaxsh  soatlarda osmon-u falakda Mushtariy va Mirrix yulduzlari bir-biriga duch kelib turibdurlar. – Osmonga tikilib turgan munajjimning ovozi birdan  balandlashdi. – Ana, ana! Hov anovi, ikki yirik yulduzni ko‘rayotirmusiz?  Bas, alar baxt-tole yulduzi Mushtariy ila kuch-quvvat va shijoat timsoli Mirrixdur! Bu yulduzlar  yuz yilda bir duch kelurlar. Purma’no-yu purhikmat kitoblarda donishmandlar qayd etgandurlarkim, shul kunlarda dunyoga ko‘z ochgan o‘g‘il, qiron sohibi, saodatmand farzand, ya’ni Sohibqiron bo‘lgay, jahongir bo‘lgay! Zero, Sohibqironning toleyi xosiyatli Jadiy burjiga tushdi. Kimki shu burjdagi toleyida tug‘ilsa, hamma sultonlarga sarvar bo‘lgay, har nekim murod qilgay, maqsadiga yetgay. Yulduzlar harakati ana shundan mujda berur… Yana Alloh bilguvchidur! Aqli qosirim derki, Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam hazratlari ham Sohibqiron erurlar, Mushtariy va Mirrix sayyoralari uchrashgan lahzalarda dunyoga ko‘z ochganlar. Marog‘adagi majlisda tabarruk ustozlardan eshitgan edim…

Munajjimning bashoratomuz so‘zlari hammani elitib qo‘ydi.

Shayx Shamsiddin Kulor favqulodda hayratga tushdi. U yulduzlarning bunchalar o‘yin ko‘rsatishi bejiz emasligini, Xalloqi olam qandaydir moʻjiza belgilarini namoyon etayotganini  ichki shuur bilan his qilardi…

Muhammad Tarag‘ayni ham qattiq hayajon chulg‘adi. Miyasida bir narsa yarq etdi! Axir, uning jufti haloli, yosh kelinchak Tegina Xotunning oy-kuni yetib turibdi, inshaoalloh, o‘g‘il bo‘lg‘ay. Kecha-kunduz Parvardigordan tilab keladi. Shayx ham o‘z muridini hamisha: “Xudo o‘g‘ilidan bersun!” deb duo qiladi.

Birinchi farzandlari Qutlug‘ Turkonga yukli bo‘lganida Tegina Xotunda unchalar o‘zgarish sezilmagan. Tug‘ruq ham oson kechgan. Bu safar u ikkiqatlikni ancha og‘ir kechirmakda, damba-dam ishtahasi bo‘g‘ilib qoladi, hech narsa tilamaydi, tilagan narsasini olib kelsang, ta’bi o‘zgarib, ko‘ngli tortmay nari suradi, yuzlari va lablari shishinqirab ketganday. Barida qandaydir xislat bor.

Kechaning ikki uyqu pallasi o‘tib qoldi. Bir-birini sog‘inishib qolgan murshid va murid gurungi qizib ketdi, oxiri yo‘qday…

Vaqt allamahal bo‘ldi. Nihoyat Muhammad Tarag‘ay mehmonlarni joylab, hovliga chiqdi. Hech uyqusi kelmasdi. Aylanib, hovli chetidagi katta quduq yoniga borib tiz cho‘kdi. Xiyla o‘tirdi. Ichi sirga to‘lib ketgan edi. Quduqdagi suvga sirini aytmoqchi bo‘ldimi… Birozdan keyin turib, u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Keyin osmonga qaradi.

Hali moʻjizalar davom etardi. Parvardigorning osmoni  xotirjam edi, Mashriq ham tinch, Mag‘rib ham… Osmon yulduzlarga liq to‘lgan, falak qa’ridan  yangi yulduzlar kelganmi, hatto ufq taglarigacha hammayoqni yulduz bosib ketibdi, bironta bo‘sh joy yo‘q…

Hayrati oshgan Muhammad Tarag‘ay ko‘kdan ko‘z olmasdi. U Hulkar yulduzini topdi, yulduz osoyishta va xotirjam edi. Xayolan oltinchi va yettinchi yulduzlarni birlashtirib, chiziq tortdi… Hali Oltin qoziqqa bormoqchi edi, lekin boshqa gaplarga chalg‘ib ketdi. Endi shoshilmay chiziq bo‘ylab Oltin qoziq yulduziga qarab bora boshladi. Masofa xiyla bor edi, yuraverdi, yuraverdi, yuraverdi…

Nihoyat, yulduzga  yetdi!  Yetib qadam  ham qo‘ygan ediki… birdan ichkari hovlidan chaqaloqning olamlarga larza solganday… “Inga-a-a!..” “Inga-a-a!..” – degan  sal yo‘g‘onroq ovozi eshitildi.

Muhammad Tarag‘ayning ko‘zlari yarq etib ochilib ketganday bo‘ldi. Bemisl shodlik-quvonchdan mast, o‘zini qo‘ygani joy topolmay,  beixtiyor ko‘chaga chiqib ketdi. Yuzlaridan ko‘z yoshlari oqardi. “O‘g‘il tug‘ildi!  Ovoz – o‘g‘il bolaniki! Endi uning o‘g‘li bor!..” 

Muhammad ALI,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi

“Jadid” gazetasining 2025-yil 13-iyundagi 24-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605