Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.06.2025 | 16:51

img759

ASL AFANDI

Afandi o‘lmagan, o‘lmaydi ham!

Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Dodbog‘ni qishlog‘ida 1954‒2021-yillarda Sulton Muqimov degan birodarimiz yashab o‘tdilar. U kishining “xurmacha qiliq”laridan boxabar odam, albatta: “Afandi o‘lmagan, o‘lmaydi ham”, degan xulosaga kelar edi. O‘zlari qilgan qiziqchiliklarini keyin davralarda aytib berib ham, hammani kuldirib yurar edi. Bunaqa odamlar oramizda ko‘plab topiladi. Ularni ba’zan “Afandi” ham deymiz.

Ko‘nyolik Afandi

Buxoroda bunday odamlarni ko‘rsam: “Afandi buxorolik bo‘lgan”,   degim keladi. Lekin Turkiyaning Ko‘nyo shahrida shu gapni aytib, naqd baloga qoldim-ku!

2019-yilning iyun oyida Ramazon ha­yitini buyuk shoir va shayx Jaloliddin Rumiy mangu makon topgan shu shaharda qarshilash nasib etdi.

Ko‘nyoda tahsil olayotgan yigirmaga yaqin o‘zbekistonlik yoshlarni yig‘ib, o‘zimiz yashayotgan ko‘pqavatli uyning orqasidagi bo‘sh yerda shlakobloklardan qo‘lbola o‘choq yasab, osh damladik. Safimizga dok­torantlarimizning biri bilan qo‘shni turadigan Mehmet degan turk og‘amiz ham oila a’zolari bilan qo‘shildi. Dilkash, hazilkash kishi ekan. O‘zi kamina osh damlaganda go‘laxlik qildi, ya’ni o‘tin qalab turdi. Lekin suvratga tushayotganda kapgirni qo‘lga olib, kaminaga qozonga suv quyishni buyurdi. Osh pishganidan keyin telefonidagi suvratni hammaga ko‘rsatib:

– Mana, men osh damladim, mehmon menga yordam berib turdi, – deb maqtan­di. – Afandi­ning qarindoshimisiz, nima balo? – dedim.

– Qarindoshiman, – dedi.

– Yo‘g‘-e, – dedim, – Siz emas, men Afandining qarindoshiman. Chunki Afandi buxorolik bo‘lgan, men ham buxorolikman. Buxoroyi sharifning go‘zaldan go‘zal Labihovuz majmuasida uning haykali ham bor.

Shu bilan bahs boshlanib ketdi-ku:

– Buxoroda Afandining nechta haykali bor?

– Bitta!

– Bizda esa 12 ta!

– Bunaqasini eshitmaganman.

– Eshitgan bilan ishonadiganga o‘xshamaysan, borib ko‘rish kerak.

– Qayoqqa boramiz?

– Oqshaharga! Ko‘nyo elining elchasi u. Afandi o‘sha yerlik bo‘lgan. Qabri ham o‘sha yerda. Qabr atrofida katta bir majmua barpo etilgan. Haykallar shuning tarkibida. Ularda Afandi latifalari asosida har xil holatlar aks ettirilgan. Oshni yeymiz-u, o‘sha yoqqa jo‘naymiz. Bu yerdan 150 kilometr. Mashinamga sen-u mendan tashqari yana uch kishi sig‘adi. Qorong‘i tushganiga qadar bemalol borib kela olamiz.

Dardi sayohat bo‘lgan qaysi odamga bu gap yoqmaydi?! Darvoqe, turklar “viloyat”ni “el”, “tuman”ni “elcha” deb aytishadi.

– Borish-kelish 300 kilometr bo‘lar ekan, yoqilg‘isini biz quyib beramiz, – dedim.

– Qo‘rqaman, – dedi Mehmet afandim. – Mehmondan pul olsam, Xoja Nasriddindan naqd baloga qolaman-a.

O‘n to‘rtinchi qabr

Mehmet afandiga ergashib, kamina, o‘g‘limiz Shohruxbek, tarixchi Iqboljon, dinshunos Muhrid­dinjon Oqshaharga yetib bordik. Bahonada yo‘l-yo‘lakay Ko‘nyo viloyatining ekin maydonlarini tomosha qildik. Oqshahar – elcha markazi ekan. Obodgina shaharcha. O‘rta­dan bir soy oqib o‘tgan. Uning o‘ng qirg‘og‘ida qadimiy bir qabriston bor ekan. Xoja Nasriddin Afandining dahmasi ana shu mozorning o‘rtasida. Usti ayvon bilan yopilgan.

Yonida yana uch-to‘rt qabr toshi bor. Odamlar kelib, ziyorat qilib ketar ekan.

Afandini bu yerda “avliyo zot” deb hisoblashar ekan. Biz borganda atrofida necha-necha odam duoyi fotiha qilib, Allohdan nimalarnidir so‘rab turganiga guvoh bo‘ldik.

Qabr toshining bir tomoniga temir panjara o‘rnatilgan. Eshikchasiga kattagina qulf ham osilgan. Lekin uch tomoni ochiq. Bu panjara-yu qulf nimani qo‘riqlayotganini Xudo biladi. Shuning o‘zida kuchli hazil bor. Bu ham Afandining qaysidir latifasi mazmunini ifodalasa kerak. Eng muhimi, o‘rnatilgan qabr toshida Afandining olamdan o‘tgan sanasi milodiy hisobda “1286-yil” deb qayd etilgan.

Yozilgan lavhdan ham bilib oldikki, Afandi ‒ tarixiy shaxs. Tasavvuf yo‘lidagi shayxlardan hisoblanar ekan. Piri ham bo‘lgan. Azbaroyi donishmandligi uchun undan ko‘p rivoyat, latifa, hangoma, lutf boqiy qolgan.

Bizdagi ayrim latifalarda Afandi ba’zan o‘ta bachkanalashib ham qoladi. Ammo turkcha latifalarda u hazilkash, biroq shunchaki emas, o‘ta dono, aqlli, donishmand hazilkash. Uning tasavvuf vakili sifatida ulug‘lanishi ham bejiz emas-da.

Birinchi “qaldirg‘och” emas ekanmiz

Maqolamiz nashrga tayyor holga kelgan, unda, jumladan, shunday jumlalar bor edi: “Ehtimol, Afandi qabrini ilk bor ziyorat qilgan o‘zbeklar biz bo‘lsak kerak. Chunki  adabiyotshunos bo‘la turib, uning tarixiy shaxs ekani, dafn etilgan makoni ma’lumligi haqidagi ma’lumotni birinchi marta bilib turishim edi”.

Kuni kecha filologiya fanlari nomzodi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Abdumurod Tilavov bir masala bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilib qoldi. So‘ragan narsasini telegramiga tashladim. Qarasam, kaminaga bir kitobning elektron versiyasini tashlab qo‘ygan ekan. Nima deysizmi? Afandi latifalari! Ochig‘i, bu ‒ turkiyalik mutaxassis Sayyid Burhoniddin ibn Mavlononing “O‘qing, kuling va tafakkur qiling” kitobi. Unda avval Afandi latifalari matni berilgan, keyin kitob muallifi ularni sharhlagan, Abdumurod domla kitobni o‘zbek tiliga o‘girar ekan, bu matnlarga yana keng izohlar ilova qilgan.

Tarjimon bitgan so‘zboshidagi mana bu jumlalarni o‘qib, Afandining Ko‘nyodagi qabri ziyoratiga borgan birinchi o‘zbek­lar emasligimizni bilib oldim: “O‘zbekiston milliy universitetida o‘qib yurgan chog‘i­miz­da dav­lat­lararo shartnoma doirasida Turkiya jumhuriyatining Ko‘nyo shahriga bordim… Kunlarning birida mezbon talabalar bilan Nasriddin Afandi haqida suhbat­lashayotganimizda ular Afandining qabri Ko‘nyodan 140–145 chaqirim uzoqlikdagi Oqshahar shahrida ekanini aytib qolishdi… O‘sha kuni shivalab yomg‘ir yog‘ayotgan bo‘lsa-da, qiziqishimiz ustun kelib, men, Ulug‘bek Hamdam, Muzaffar Solijon va Vali Nishon Oqshaharga qarab yo‘l oldik”.

Bizning Afandi

Qoraqalpog‘istonimizda ham Afandining qabri mavjud. Qiziq, Afandiga Buxoroda haykal o‘rnatsak, o‘zimizda uning qabri ham bo‘lsa. Xo‘sh, asl Afandi qayerlik bo‘lgan o‘zi?

Qiziqqan topar ekan. Afandining prototipi haqidagi ilmiy asosli fikrlarni rahmatli filologiya fanlari doktori, professor Oxunjon Safarovning “Latifalarning latif sinoatlari” maqolasidan topdim. Unda bizni qiziqtirgan masalaga doir muhim-muhim nuqtalar bayon etilgan.

Afandi timsoli o‘zbek xalq og‘zaki ijodida XIX asrning ikkinchi yarmidan e’tiboran latifalarning markaziy qahramoniga aylana boshlagan.

Eng qizig‘i, milliy folklorshunosligimizning otasi, professor Hodi Zarifning fikricha, bu timsol o‘zbek latifalariga turk folklorining ta’siri sifatida ozarbayjon folklori orqali kirib kelgan. Oxunjon Safarovning yozishicha: “Aslida, XII‒XIII asrlarda turk xalq latifalarining qahramoni sifatida tanilgan Mullo Nasriddin yoki Xo‘ja Nasriddin yoxud Nasriddin Afandi XIX asr oxirlarigacha nainki O‘rta Yer dengizi sohillarida yashovchi xalqlar, balki Gʻarbiy Yevropada, Kavkazortida, Qrimda, Kichik va O‘rta Osiyoda, Uyg‘uriston va Hindistonda yashovchi xalqlar latifalarining qahramonlari o‘rnini ham shiddat bilan egallab bordi”.

Bu dalillarning bari kaminaning emas, aynan Mehmet afandining foydasiga xizmat qiladi. Uning fikrini qo‘llab-quvvatlaydigan misollar faqat shulardangina iborat emas.

Ammo bahonada boshqa bir muhim jihatni ham qayd etmasak bo‘lmaydi.

Nasriddin Afandi timsoli va u bilan bog‘liq latifalar aynan xalqimiz orasiga milliy ma’rifatparvarlik harakati, ya’ni jadidlik ayni avj olgan davrlarda kirib kelgan. Bu nimadan dalolat beradi? Afandi latifalari orqali zamonning illatlari qattiq qoralangan, jamiyatning bu qoloq holatdan chiqishi zarurati uqtirilgan, shu tariqa ham xalq uyg‘onishga, ilgarilashga, ilg‘orlashishga undalgan. Afandi bilan bog‘liq bu mushtarak meros yana umumturkiy adabiy-madaniy birligimizning yorqin timsoli ham hisoblanadi. Jadidlarimiz ulug‘lagan bu birlikni bundan buyon yanada qadrlashimiz shart va zarur.

Oxunjon Safarov fikricha: “Turk va boshqa xalqlardagi olimlarning XX asrning 50‒60-yillaridagi jiddiy izlanishlari va tarixiy dalillarning guvohligicha, Nasriddin Afandi obrazining shakllanishida ikki tarixiy shaxs kuchli ta’sir ko‘rsatgan”. Olim ulardan biri sifatida aynan Xoja Nasriddin Oqshahariyni, ikkinchisi tarzida esa eronlik taniqli matematik va astronom Xoja Nasriddin Tusiy(1201‒1274)ni ko‘rsatadi. Mayli, bu yog‘i folklor mutaxassislarining ishi. Bizga esa hozir oqshaharlik Xoja Nasriddin haqidagi tarixiy ma’lumotlar qiziq.

Bir ma’lumotga ko‘ra, Xo‘ja Nasriddin Afandi 1205/06-yili Oqshaharda Yavloq Arslon oilasida tug‘ilgan. Muallifi noma’lum “Saljuqnoma” asarida qayd etilishicha, Yavloq Arslon ‒ Onado‘lining amirzoda turklari xonadoniga mansub Hisomiddin Cho‘pon o‘g‘li avlodidan. U 1291-yili saltanat uchun kurashlar jarayonida o‘ldiriladi. O‘rniga o‘g‘li Xoja Nasriddin Qos­tomonga bek etib tayinlanadi.

Ikkinchi ma’lumotga ko‘ra, 1291-yil Xoja Nasriddin Sulton Mas’udga hamroh bo‘lib, Oqshaharga kelgan. Ana shu paytda elga solingan katta o‘lponni Xoja Nasriddin oraga tushib, bir miqdor kamaytirishga erishadi.

1301-yili Qostomonga Usmong‘ozi va Shujoiddin Sulaymonlar hujum qilib, shaharni egallaydi va Xoja Nasriddinni qatl etishadi.

Uchinchi ma’lumot Hasan afandining tugallanmay qolgan “Majmuayi maorif” asarida keltiriladi. Unga ko‘ra, Xoja Nasriddin 1208/09-yili Savri Hisorda tug‘ilib, 1237‒1239-yillar orasida Oqshaharga ko‘chib borib, shu yerda yashab qolgan. Shoirlik ta’bi ham bo‘lgan. U saljuqiy hukmdorlar ‒ Sulton Alouddin Qayqubodiy va Gʻiyosiddin Mas’ud II davrlarida yashagan.

1245-yili Oqshaharda vafot etgan va shu yerga dafn etilgan. Ikki qizi bo‘lgan. Kattasi Fotima xotun otasidan oldin hayotdan ko‘z yumgan. Ko‘nyodagi Mavlono Jaloliddin Rumiy yotgan mozorga dafn etilgan. Ikkinchi qizi Durri Malak otasi bilan bir mozorda yotibdi.

Afandining turkiyalik bo‘lganini isbotlashga xizmat qiladigan yana bir dalil bor. Dmitriy Kontemir 1737-yili yozgan “Turkiya tarixi” kitobida Sohibqiron Amir Temur va Xoja Nasriddin bilan bog‘liq bir latifa bayon etiladi. Latifalar xalq og‘zaki ijodi namunasi va ularda badiiy to‘qima asosiy o‘rin tutadi. Ya’ni, bu ikki shaxs bir davrda yashamagan, albatta. Biroq bu fakt Xoja Nasriddinning Turkiya bilan bog‘liqligini tasdiqlashga yordam beradi. Natan Mallayevning “O‘zbek adabiyoti tarixi” darsligida Nasriddin Afandi va Amir Temur bilan bog‘liq latifalar tahlil qilingan. Biroq, olimlarning fikricha, bu latifalar ham keyin to‘qilgan.

Ikki el-yurtni bog‘lagan zot

O‘zbek va turk xalqlarini, O‘zbekiston va Turkiyani chambarchas bog‘lab turadigan rishtalar juda ko‘p. Lekin ular orasida bizni Xoja Nasriddin Afandichalik o‘zaro zich tarzda vobasta aylaydigan boshqa adabiy qahramon yo‘q.

Qani, ayting, dunyoning O‘zbekiston bilan Turkiyadan boshqa yana qaysi davlatida Afandining haykali qad rostlab turibdi?

Gʻoyalar mamlakati

Turkiya ‒ g‘oyalar mamlakati. Chunki g‘oyasiz xalq ‒ doyasiz qolgan chaqaloqday gap-da.

Binobarin, Afandi hayoti bilan bog‘liq 12 haykalning har birida ham muayyan g‘oya ifodalangan. Birida Afandi daraxtning o‘zi o‘tirgan shoxini arralayapti, ikkinchisida uni qabrga olib ketayotganlarida kafan ichidan turib boshini chiqargancha gapiryapti, uchinchisida: “Sallangizni ko‘rib, xatni o‘qiy olasiz, deb o‘ylabman”, degan kishiga sallasini yechib: “Mana, sallam o‘qisin bo‘lmasa xatni!” degandek uni uzatyapti va hokazo.

“Dunyoning markazida turibmiz!..”

Afandi qabrining oldida o‘rtacha qozonning qopqog‘icha keladigan doira shaklidagi bir mis “lagan” o‘rnatilgan. Afandi shu nuqtada turib: “Dunyoning markazi ‒ shu yer!” degan ekan. Ishonmaganlarga isbot uchun yana: “Marhamat, qayoqqa qarab yurib, dunyoni aylanib chiqsangiz ham, yana shu yerga kelasiz”, debdi.

Rost, biz turgan har qanday nuqta ‒ amalda olamning markazi-da.

Bu ham bir vatanparvarlik.

Xullas, Afandi o‘lmagan.

O‘lmaydi ham.

Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari doktori,
Toshkent amaliy fanlar universiteti professori

“Jadid” gazetasining 2025-yil 20-iyundagi 25-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605