Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


26.06.2025 | 14:49

img1301

TANOBI TORTILGAN TANOBCHILAR

Yaqin-yaqingacha maktablardagi adabiyot darslarida Muqimiyning “Tanobchilar” she’ri o‘qitilardi. Katta avlod vakillari ham hajv uslubida yozilgan bu she’rni takrorlab yurishadi. Lekin bu hajv ortida alamli tarix turganini ba’zilar idrok etmasligi mumkin.

Muqimiy domla shu va boshqa hajviy asarlarida o‘zi yashagan davrning ayrim illatlari, kamchiliklari, bid’atlariga qarshi qalamini qurol qilgani haq. Sovet mafkurachilari esa bundan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanib, shoir asarlaridan tarixni soxtalashtirish, qoralash, yangi tuzumning utopik g‘oyalarini targ‘ib qilishda foydalanishdi. Muallif bu orqali mumtoz salaflariga qarshi qo‘yildi.

Ammo afsuslanarlisi, mashhur shoirni sovetlar atay bayroq qilishar ekan, uning satirasi orqali yaqin o‘tmishimizdagi ijtimoiy-siyosiy hayot­ni, yurt boshida turgan amaldor­lar, mulozimlarni yoppasiga “feodal”, “zulm­kor”, “oddiy xalqqa qarshi”ga chiqarishga urinishgan. Necha avlod­larni shunga ishontirishgan ham.

…Shoirning ushbu hajviyasini yod olishni topshirgan adabiyot o‘qituv­chimizdan “Tanob” degani qancha maydon?” deb so‘raganimda ustoz muallim ozroq izza tortgan va “Bu… bu bir botmon yer” deya olgan va birortamiz “Botmon nima?” deb so‘rashimizdan xavotirlanib, darhol tanaffus e’lon qilgandi.

Haqiqatan ham, maktab darsliklarida ko‘p qadimdan ishlatib kelgan o‘lchov birliklari haqida ma’lumot uchramasdi. Hatto bu ma’lumotlar oliy o‘quv yurtlari darsliklariga ham kiritilmagan. Shunga hali-hamon “tanob” o‘lchov birligi hajmi qancha bo‘lishini ko‘pchilik bilmaydi. Ayrim o‘lchov birliklari uch xonlikda turli miqdorlarni anglatganini aytib o‘tirmaylik.

Xiva xonligida yer maydonlari “tanob”da o‘lchangan. Bir tanob yer eni va bo‘yi 36 metr maydonni anglatadi. Buni hozirgi o‘lchamlarga qiyoslasak, salkam o‘n uch sotix yer bo‘ladi. Qishloq joylarida imorat o‘rni, bog‘ va tomorqa uchun aynan shuncha miqdorda yer ajratilgani ortida ham aynan qadimiy tanob o‘lchovining ta’siri bor.

Xiva xonligi arxiv hujjatlarida shunday ma’lumotlar uchraydi:

“…Avazning yeri: bir bo‘lagi – bo‘yi qirq besh gaz, eni yigirma ikki gaz, yana bir bo‘lagi – eni o‘ttiz sakkiz gaz, bo‘yi ellik gaz, yana bir bo‘lagi – bo‘yi sakson sakkiz gaz, eni qirq besh gaz – jami salkam o‘n tanob”.

“…Xo‘jamurodning yeri: bo‘yi yuz yigirma sakkiz gaz, eni yuz yigirma gaz, yana bir bo‘lagi – bo‘yi to‘qson besh gaz, eni oltmish gaz – jami olti tanob”.

Shu o‘rinda “gaz” o‘lchov atamasiga izoh berishga to‘g‘ri keladi. Gaz – katta odam ikki tomonga yoyinlagan qulochi o‘lchovi. Bu taxminan bir yarim metrga teng keladi.

…“Туркистанский курер” gazeta­sining 1911-yilgi 184-sonida Xiva xonligi bosh vaziri Islomxo‘janing muxbir savollariga javoblari chop qilingan. Jumladan, Islomxo‘ja shunday degan: “Men shahar hunarmandining o‘g‘liman, o‘z otam izidan bormoqchi edim. Lekin Xudo menga yaxshi bosh bergan va madrasada mening qobiliyatim ko‘zga tashlandi. Men ruhoniylik xizmatiga tayyorlana boshladim. Lekin bir hodisa mening taqdirimni boshqa yo‘lga solib yubordi. 13 yashar bolalik vaqtimda qishloqda tog‘amning uyida mehmon bo‘lib turardim. Bir kuni shu yerga soliq yig‘uvchilar keldi. Ular kelishi bilan shunday hodisalar boshlandiki, ularni so‘zlab bermoq mumkin emas. Shu vaqtda men bu soliq yig‘uv usulini o‘zgarish uchun qanday qilib bo‘lsa ham “katta amaldor” bo‘lishga qaror qildim”.

O‘sha davrda amalda bo‘lgan soliq tizimi ilkida yeri bor dehqonlarni uch qatlamga ajratgan. 5 tanobgacha yeri bo‘lganlar “adno”, 5-10 tanob yeri bo‘lganlar “avsat” va 10 tanobdan ortiq yer egalari “a’lo” deb yuritilgan. Uch qatlamdagi dehqonlarning xonlik g‘aznasiga to‘laydigan solig‘i (xonlikda “solg‘ut” shaklida ishlatilgan) orasida farq bor. Akademik M.Yo‘ldoshev “Xiva xonligida feodal yer egaligi va davlat tuzilishi” nomli asarida soliq miqdorlari haqida shunday yozadi: “…Yer egasining yeri 5-10 tanob bo‘lganda 2 tilladan, 10 tanobdan ortiq yeri bo‘lganlar 3 tilladan soliq to‘lab kelganlar”.

Ayni shu o‘rinda Muqimiy hajv tig‘iga olgan “insofsiz tanobchilar” o‘rtaga chiqishadi. Ular xonlik g‘aznasiga tushadigan soliqdan tashqari shu jarayonda o‘zlari ham bir nimalik bo‘lib qolishni istab “tanobni tortish”ga o‘tishadi. Masalan, tanobiga 2 tilla­dan soliq to‘layotgan “avsat” qatlami­dagi dehqon yerini o‘lchayotganda “tanobi sal tortilsa”, u “a’lo” qatoriga o‘tib qolishi va ko‘proq soliq to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu “tanob tortish” ko‘proq o‘rtahol dehqonlarga, ya’ni “avsat”larga ishlatilib, ularni zo‘rma-zo‘raki “a’lo” qatlamga suqishtirish bilan qo‘rqitish orqali amalga oshiriladi.

Aynan ayrim tanobchilarning adolatsizligiga chek qo‘yishni orzu qilgan o‘n uch yashar Islomxo‘ja vaqti kelib xonlikda ikkinchi shaxs darajasiga ko‘tarildi. U kuyovi Isfandiyor taxtga o‘tirgach, ko‘pbandli islohotlar dasturini amalga oshirishga xonni rozi qila oldi. Bu dastur muqaddam 20 tanobdan ortiq yeri borligi uchun “a’lo” qatlamiga kirgan, ammo yer maydonlari bir necha ming tanobni tashkil qilgan yirik yer egalari uchun alohida oshirilgan soliq to‘lashni talab qilardi. Islohotlar amaliyoti davrida ming-minglab tanob yeri bo‘lgan, ammo 10-15 tanob yeri bor o‘rtahol dehqonlar kabi kam soliq to‘lab kelgan kishilar aniqlandi. O‘sha yer egalarining bir qismi xon qahridan qo‘rqib yurtni tark etdi, ayrimlarining yerlari davlat tasarrufiga o‘tkazildi.

Arxiv hujjatlarida o‘n to‘qqizinchi asrning ikkinchi yarmi o‘rtalarida (Islomxo‘ja o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan voqealar kechingan davrda) xonlikda “adno” va “avsat” qatlam qo‘lida 64 ming, “a’lo” qatlam ilkida esa 70 ming tanob yer bo‘lgan. Bu raqamlar ayni paytda yer taqsimlanishida nisbatan adolat ustuvor bo‘lganini ham ko‘rsatadi.

Bundan tashqari podshohlik yerlari 165 ming tanobni tashkil qilgan. Bu yer maydonlarida yersiz dehqonlar chorikor maqomida ishlaganlar. Ular mehnatlari evaziga yetishtirilgan hosilning to‘rtdan birini olishgan. Va ahamiyatlisi, xonlikda vaqf yerlari miqdori 200 ming tanobni tashkil qilgan. Vaqf yerlari madrasa, masjid va boshqa aholi qatlamlariga imtiyozli ajratilgan maydonlar. Shu raqamning o‘ziyoq xonlikda madrasa-masjidlar nechog‘liligini ko‘rsatadi. Yetim-yesirlar, navkarlar, sayyidzodalar soliqdan ozod qilinganini ham eslab o‘tish kerak.

Islohotchi Islomxo‘janing adolatni tiklash uchun boshlagan islohoti “tanobchilar bilan osh-qatiq bo‘lgan” ayrim zamindorlar paytavasiga qurt tushirdi va ularda qasos olishdek yovuz niyat tug‘dirdi – vaziri akbar 1913-yil 9-avgust kuni vahshiyona o‘ldirildi. Islomxo‘ja o‘tkazgan islohot doirasida pora yoki tanish-bilishlik tufayli yerlarni kamaytirib ko‘rsatgan tanobchilar ham xon g‘azabiga uchrab, ayrimlari qatlga yetkazilgan. Kichik yer egalariga nisbatan adolatsizlik qilgan, “tanobini tortish” bilan qo‘rqitib, ta’magirlik qilganlar topilib, ular ham jazosiz qolmagan.

Islomxo‘janing insofsiz “tanobchilar tanobini tortish”dek ezgu maqsadi unga qarshi kuchlar tomonidan to‘xtatildi, ammo jadidlik harakati tufayli 1914-yilda dunyoga kelgan “Yosh xivaliklar” 1918-yilda xonga qarshi bosh ko‘tarib, undan islohotlar o‘tkazishni talab qilishdi va ustozlari Islomxo‘ja orzu qilgan ishlarni bir qadar amalga oshirishdi. “Yosh xivaliklar”ning “insofsiz tanobchilar” siyosati Xorazm Xalq Respublikasining ilk amaliy dasturlari mazmun-mohiyatini tashkil qildi.

Jadid bobolarimiz raiyatni ma’rifatga chorlash, bilim olishga da’vat qilish bilan bir qatorda jamiyat hayotida ro‘y berayotgan adolatsizliklarga ham qarshi turishgan. O‘sha davrning vaqtli matbuotida chop qilingan tanqidiy-tahliliy maqolalarda goh-gohida ko‘zimiz “tanob” va “tanobchi” so‘zlariga tushadi. Ma’rifatparvar jadidlar soliqdan qochish uchun yer maydonlari hajmini, savdo tushumlari miqdorini yashirgan yer va mulk egalarini ayovsiz fosh qilishgan. Bu qing‘irliklarda hamtovoq bo‘lgan tanobchi, soliqchilar ham keskin tanqidga uchragan. Buyuk adib Abdulla Qodiriy tashkil qilgan “Mushtum” jurnali sahifalarida chop qilingan felyetonlar va boshqa hajviy maqolalarda ham shunga o‘xshagan qing‘irliklar qilgan nusxalar obrazlarini ko‘p uchratamiz. Adib “Mehrobdan chayon” romanida Qo‘qon xonligidagi tayinsiz soliqlar va adolatsiz soliqchilar haqida o‘z fikrini bayon qilgan.

Adolatli davlat barpo etishni avvalo xalq ongini o‘stirish, ularni ilm-fanga yaqinlashtirish orqali amalga oshirish mumkinligini anglab yetgan, o‘z dasturlarini shu poydevor ustiga qurgan jadidlar orzusi istiqlol sharofati bilan amalga oshmoqda. Jasur jadidlar so‘ngaklari ustida dunyo­ga kelgan ozod yurtimiz Uchinchi Renessans sari dadil qadamlayotgan hozirgi kunlarda ham huv tarix qatlarida qolib ketgan ayrim illatlar goh-gohida ko‘rinib qolayotgani sir emas. Ba’zida “Falon viloyatning falon tumanida kadastr xodimi falon so‘m yoki dollar bilan ushlangani” haqidagi rasmiy axborotlarga ko‘zimiz tushadi. Bugungi kadastr tizimi bizga tarixdan meros tanobchilik kasbidir…

Bularni aytmoqdan maqsad: huquqiy-demokratik, ijtimoiy adolatli jamiyat yaratish yo‘lida maydonga chiqqan bugunning jadidlarini o‘tmishdan saboq olish va ayrim illatlarga qarshi murosasiz bo‘lishga chorlashdir.

Ro‘zimboy HASAN,
jurnalist

“Jadid” gazetasining 2025-yil 20-iyundagi 25-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605