03.07.2025 | 12:32
3684
“SHAP-SHAP”LAGAN SHKAPSKIY
“Tarixni g‘oliblar yozadi” deyilmish gap bor. Agarda o‘sha “g‘olib” bosqinchi maqomida bo‘lsa… bunday tarixga mag‘lublargina emas, maymunlar ham yig‘lashi shubhasiz.
Turkistondagi uchta mustaqil xonlik chor Rusiyasi tomonidan bosib olingach, xuddi shunday “g‘olibona tarixlar” yozilgan. Bosqinchi qo‘shin safida kelgan turli maqom va darajadagi olimlar va keyinchalik o‘lkani o‘rganish uchun yuborilgan mutaxassislar yozgan va ko‘p nusxada chop qilingan asarlar targ‘ibot vositasi sifatida oshig‘ich boshqa tillarga tarjima qilingan. Ko‘pdan ko‘p kitoblar, yo‘lnomalar, tadqiqotlarda oshkora soxtaliklar, vaziyat va haqiqiy hayotga biryoqlama qarash, ularni “sinfiy nuqtayi nazardan baholash”ga urinish holatlari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Taassufki, o‘sha “g‘olibona tarixlar”ga deyarli bir asr davomida o‘zimizdan chiqqan olimlar e’tiroz bildirishga jur’at qila olmaganlar, aksincha uni “birlamchi manba” sifatida e’tirof etib, “eski qo‘shiqni” baralla jo‘rovoz kuylab yuraverishgan.

…1900-yili Toshkentda “Amudaryo ocherklari” (“Quyi Amudaryoda yer egaligi – Amudaryo bo‘limining Sho‘raxon hududida qishloq xo‘jaligi munosabatlari misolida”) nomli qalingina kitob chop qilingan. Asar muallifi O.Shkapskiy. Bu kimsa mustamlaka Turkistonga yuborilgan o‘lkashunos bo‘lib, o‘z asarida xo‘jayinlari oldiga qo‘ygan vazifani haddi a’losida bajargan, keyinchalik ilmiy darajasi o‘sib, mukofotlar ham olgan.
Shkapskiy kitobida mustamlaka davrigacha Xiva xonligi tarkibida bo‘lgan Sho‘raxon bekligidagi yer maydonlari egalari, soliq to‘lovlari, shuningdek, amalda mavjud zamindorlik, yerni ishlashdagi o‘zaro munosabatlar haqida so‘z yuritadi. O‘zi o‘rgangan davr – XIX asrning oxiridagi holatni xonlik bosib olingan yillardagi vaziyat bilan “taqqoslaydi”. Bunda Turkiston general-gubernatori Kaufman tomonidan Amudaryo bo‘limiga yer va soliq tizimining tashkil etilishini o‘rganish uchun 1875-yilda yuborilgan maxsus komissiya to‘plagan ma’lumotlarga ham suyanadi. Shulardan kelib chiqib, Sho‘raxon bekligida go‘yo o‘zi tadqiq qilgan yer va soliq tizimi haqidagi xulosalarni butun xonlik hududiga taqaydi.
Shkapskiy mazkur asarida xususiy yerlarning hammasini ikki turga – “yorliqli mulk” va “atoyi mulk”ka bo‘lib ko‘rsatadi. Muallif fikricha, bu maqomdagi yerlar bir-biridan farq qilmasmish. Aslida esa “atoyi mulk” deb otameros o‘tadigan yerlarga aytiladi. “Yorliqli mulk” esa xon tomonidan saltanat uchun qaysidir xizmatlari evaziga in’om qilingan, ya’ni xon alohida yorliq bergan yerdir.
Muallif yozadi: “Haqiqatda buning o‘zi soliqlar to‘lashdan butunlay ozod qilib qo‘yishning o‘zginasidir”. (O‘sha kitob, 113-varaq).
Shu o‘rinda muallif o‘ziga o‘zi qarshi boradi. Vaholanki, kitobning 11-varag‘ida muallif “…40-50 ming tanob yeri bo‘lgan kishilardan olinadigan soliq har bir tanobga 1 tiyinning yuzdan biriga to‘g‘ri keladi” degan iddaoni ilgari surgan. O‘sha davrda ruslar muomalaga kiritgan pul birligining 1 tiyiniga nega bu o‘rinda urg‘u berilmoqda? Maqsad aniq – go‘yo “xonlikda adolatsizlik hukm surgan, xonga yaqin mulozimlar katta yer maydonlari uchun soliq to‘lamagan yoki nomiga to‘lagan” degan iddaoni ilgari surib, shu orqali o‘zlari “madaniyat va adolat olib kelishgani”ni isbotlashdir.
Mustamlakagacha bo‘lgan davrda – XIX asrning 50-60 yillarida xonlikdagi yerlardan olingan soliqlar miqdori haqidagi arxiv hujjatlarida esa boshqacha holatga duch kelamiz. Xonlikdagi har bir qarich yer, yaylov va tabiiy ko‘llar hisobda bo‘lgan va ulardan amaldagi tartibga ko‘ra soliq undirilgan (Ma’lum ma’noda adolatsizliklar bo‘lganidan ko‘z yuma olmaymiz). Zero, soliq har bir davlat poydevori negizi hisoblanadi.
Shkapskiy xonlikda amaliyotda bo‘lgan aholining “bevatan”, “koranda”, “vaqfkor”, “ijarador”, “yarimchi”, “chorikor” kabi qatlamlarini tadqiq qilishda ham ko‘p chalkashliklarga yo‘l qo‘yadi. “Dehqon” tushunchasini “mulkdor” tushunchasi bilan adashtirib, shundan kelib chiqib, xulosalar beradi.
O‘sha davr ijtimoiy hayotini ko‘z oldimizga keltirsak, shunday manzara namoyon bo‘ladi: bevatan – davlat, koranda – xususiy, vaqfkor esa vaqf yerlarini ijaraga olib ishlovchi ilkida yeri yo‘q fuqarolardir. Shuningdek, zamindorlardan mavsumda yerni ellikka-ellik tarzida ijaraga olib ishlovchi yarimchilar yoki yetishtirilgan hosilning to‘rtdan biriga egalik qilishi belgilangan chorikorlar masalasida ham shu qadar chalkashib ketadiki, bir o‘rinda shu toifadagilar “ma’lum miqdorda soliq to‘laydilar” desa, sal o‘tmay o‘z fikrini rad qilib, “ular soliq to‘lamas, soliqni ijaraga bergan yer egasi to‘lardi” degan gapni aytadi.
Yuqoridagi toifalar haq-huquqlarini qisqaroq tushuntirib o‘tamiz.
Yarimchi maqomidagi ijarachi zamindordan ma’lum tanob yerni oladi. Bunda yer, unga ishlov berish uchun barcha mehnat qurollari, suv va tabiiy o‘g‘itlarni berish zamindor zimmasida bo‘ladi. Yarimchi mavsumda yerni ishlaydi, hosilini parvarishlaydi, yig‘ishtirib oladi. Keyin umumhosil ikki tomon o‘rtasida teng taqsimlanadi.
Chorikorda bu boshqacharoq. Yer egasi ma’lum tanob yeri, mehnat qurollari, suv va tabiiy o‘g‘itdan tashqari chorikorga har oyda ma’lum miqdorda maosh to‘laydi – kunlik ovqatini ham zimmasiga oladi.
Shkapskiy “bevatan” maqomidagilar borasida ko‘proq “adashadi”. Uning yozishicha, “bevatanlar 14 440 xo‘jalik” emish. (Yana bir o‘rinda “mulkdorlar va bevatanlar 34 460 xo‘jalik” degan qaydiga ko‘zimiz tushadi).
O‘n to‘qqizinchi asrda “bevatan” so‘zining ikki xil: lug‘aviy va maxsus ma’nosi bo‘lgan. Lug‘aviy ma’nosi – yersiz, maxsus ma’nosi – davlat yerlarini nasliy ijaraga oluvchi.
Bundan anglashiladiki, bevatan maqomidagi fuqarolarning uy-joyi, kichikroq tomorqasi bo‘lgan, ammo ekin yerlari bo‘lmagan. Ular davlat, ya’ni xonlik yerlarini ijaraga olib dehqonchilik qilishgan. Ijaraga bir mavsum emas, bir necha yillarga olishgan, yer nasliy, ya’ni farzandlariga ham shu maqomda o‘tgan.
Shkapskiy kitobida bevatanlar xonadoni soni ko‘pligiga alohida urg‘u berarkan, bu bilan go‘yo “xonlikda nafaqat yerlik, balki uy-joysiz odamlar ko‘p bo‘lgan” degan fikrni o‘tkazishga uringan. Agarda o‘sha davrda xonlik hududida 600 ming kishi yashagani, har oilada o‘rtacha besh kishi borligini inobatga olsak, yersiz fuqarolar soni umumaholining 10 foizdan sal ko‘prog‘ini tashkil qilganini bilish mumkin.
Shkapskiy yollanma ishlovchilarni umumnom bilan “dehqon” deb ataydi: “Dehqon – batrakdir, ya’ni yer egasi tomonidan dala ishlariga va boshqa ishlarga yollangan ishchidir. Ish muddati, odatda, bir yil, ish haqi – dehqonga kiyim-bosh va 20-25 tilla puldan iborat.
Dehqonlarning turmush sharoitlarini ularga bir yilga beriladigan kiyim-boshlar aniq ko‘rsatib turibdi:
1. Bitta cho‘girma (popoq)
2. Bir juft etik.
3. Bitta to‘n.
4. Bitta belbog‘.
5. Bitta ich kiyim (ko‘ylak-ishton).
Tuyalarga qarovchilar yana bir dona po‘stin olar edi. Katta yer egalarining zulmiga duchor bo‘lgan dehqonlar (qarzdor dehqonlardan boshqa) o‘zlarining ish sharoitlari yuzasidan uch guruhga ajralar edi:
Birinchi guruhning bir yillik ish haqi 10 tilla edi. Bu guruhdagi dehqonlar yozda dalada ishlab, qish kunlari go‘ng tashir edilar.
Ikkinchi guruhdagi dehqonlarning ish haqi 15 tilla bo‘lardi. Bu guruhdagi dehqonlar yozda dalada ishlab, qishda xo‘jayinining juvozini haydashardi.
Uchinchi guruhdagi dehqonlar yozda dalada, qishda tuya boquvchi bo‘lib ishlar edi. Ularning yillik ish haqi 25 tillagacha bo‘lgan.
Dehqonlarning bir kunlik ovqati: uchta obi non va bir marta go‘shtsiz ovqatdan iborat bo‘lardi. Go‘shtli ovqat haftasiga bir marta berilardi.
“Dehqonlarni shunday ekspluatatsiya qilish” chor ma’murlari o‘lkada tartib o‘rnatguncha davom etdi…”
Muallif shu o‘rinda maqsadini yashirmaydi – Xiva dehqonlarini xonlik zulmidan ezilganiga alohida urg‘u beradi. Ammo o‘sha paytda xonlikda muomalada bo‘lgan bir tillaning qiymati qanchaligi “esiga kelmaydi”. Xonlik zarb qilgan tilla tarkibida o‘n gramm sof oltin bor pul birligi hisoblangan. O‘sha vaqtda bozorda bir bosh ho‘kiz yoki otni 6-7 tillaga xarid qilish mumkin edi. Bir tillaga ikki-uch bosh qo‘y berardi.
Biz shu o‘rinda “ezilgan dehqonlar”ga berilgan kiyim-bosh (o‘sha davrda po‘stin hiyla qimmat turishini aytamiz, xolos) va kunlik ovqat qiymati hozirgi o‘lchamlarda qancha turishini taxmin qilamiz. Tuya boqishga yollangan “bechora dehqon” bir yilda kiyim-bosh, kunlik ovqatdan tashqari chorak kilo oltinni ish haqiga olishiga e’tibor bering. Bu bugungi oltin narxida hisoblasak, qariyb 347 million so‘mdan oshiqroq bo‘ladi. Bu raqamni kunlikka bo‘lsak salkam bir million so‘mdan to‘g‘ri keladi. Yomonmi?
…Shkapskiyning kitobida keltirgan fakt va ma’lumotlar 1949-yilda chop qilingan ko‘p tomlik “O‘zbekiston tarixi” kitobiga to‘la ko‘chib o‘tgan. Ushbu ko‘p tomlik kitob ustida ishlagan mahalliy olimlardan birortasi yaqinda – otalari zamonida amaliyotda bo‘lgan holatni eshitgan (ayrimlari bolalik chog‘larida ko‘rgan bo‘lishlari ham mumkin) bo‘lsalar-da, e’tirozsiz qabul qilib, o‘zlaricha “xonlik davrining haqiqiy tarixini yaratishgan”.
To‘g‘ri, akademik M.Yo‘ldoshev 1959-yilda chop qilgan “Xiva xonligida feodal yer egaligi va davlat tuzilishi” asarining ikkinchi bobida Shkapskiy kitobida keltirgan ayrim holatlarni “chalkashish”, “juz’iy kamchiliklar” sifatida tahlil qiladi. Muallif yer egalari va ularda ishlovchilar toifalarini adashtirib yuborgani, “ayrim o‘rinlarda fakt va raqamlarni faqat bir hudud – Sho‘raxon bekligidan olib, uni butun xonlikka tatbiq qilgani”ni eslatadi, ammo muallifning bundan ko‘zlagan maqsadi nima ekanligi masalasiga kelganida sukut saqlaydi.
Maqsad esa yuqorida eslatilganidek, xonlik tuzumini zulmkor, adolatsiz ko‘rsatish va buni dunyo hamjamiyatiga isbotlab berish edi. Go‘yoki shu zulmga barham berish, adolatni o‘rnatish uchun kelgan chor Rusiyasi bosqinini xaspo‘shlashdan iborat bo‘lgan.
Shkapskiy o‘z oldiga qo‘ygan tadqiqot manbalarini osmondan olgandek go‘yo. Atay kelib, necha oylab Sho‘raxonda tadqiqot-surishtiruvlar o‘tkazgan bo‘lganida xonlik davrida turli maqomlarda yer ekib, ro‘zg‘or qozonini qaynatgan keksalar va hatto shu vaqtda bevosita shu maqomda yerlarni ijaraga olib, ishlayotgan kishilardan so‘rab-surishtirishi kerak edi-ku. Yonida yerlik xalq tilini yaxshi biladigan tilmochi bo‘lgandir axir?
Taxminimizcha, bu “o‘lkashunos” Amudaryo okrugi markazi Petro-Aleksandrovskdagi rus ma’muriyati mehmonxonasidan tashqari chiqmagan. Har kuni bosqinchi zobitlar davralarida ichkilikbozlik qilib, o‘sha ma’murlardan olingan xayoliy ma’lumotlarni yon daftariga qayd qilgan va Toshkentga qaytib, qaysidir so‘lim chorbog‘da o‘tirib kitobini qoralagan.
Uni hatto Xiva xonligi arxividan o‘ziga o‘xshagan yana bir “olim” – Ivanov olib ketgan yer, mulk, soliq miqdorlari ko‘rsatilgan hujjatlar ham qiziqtirmagan. Qog‘ozlar tilsiz bo‘lsa-da, haqiqatni gapirishi mumkinligini bila turib, tarixchi uchun o‘ta muhim bo‘lgan tadqiqot manbayi – arxiv hujjatlariga murojaat qilmagan. Sabab – maqsadi tarixni adolat andozasida yozish bo‘lmagan.
Asl haqiqatni ko‘rsatish o‘rniga tinimsiz “shap-shap”lab, “shaftoli” deyishdan chekingan Shkapskiy o‘ziga o‘zi qarshi borganini ko‘rsatib beruvchi asl ma’lumotlar xonlik arxivida borligi, ularni qiyosan solishtirish shartligini “unutganini” bir raqam yaqqol ko‘rsatadi. Hali xonlik bosib olinmasidan ilgari Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida 1,8 million tanob yer bo‘lib, uning bir million tanobi dehqonlar qo‘lida bo‘lgan. (Kaufman tuzgan komissiya xonlikdagi 1850-1860-yillardagi yer egaligini o‘rgangan). 1890-yilga kelib oddiy dehqonlarga tegishli yer maydonlari ikki hissaga kamaygan. Bundan anglashiladiki, o‘z ilkiga o‘tgan xonlik hududida adolat o‘rnatmoqchi bo‘lgan bosqinchilar atigi o‘ttiz yil ichida yerli xalqning ikki hissa qashshoqlashishiga sababchi bo‘lishgan.
…Jadid bobolarimiz yaqin va uzoq o‘tmishni xolis tahlil qilib, yutuq va kamchiliklarni ochiq-oshkor ko‘rsatib berishga kirishganliklarini ular muntazam chop qilgan vaqtli nashrlardagi maqolalar mazmun-mohiyatida ko‘ramiz. To‘g‘ri, ular xonlik tuzumini birdan bir adolatli boshqaruv tuzumi deb hisoblashmagan, ammo o‘sha tizimda ko‘pgina tarmoqlarda adolat hukm surganidan ko‘z yumishmagan. Ayniqsa, qishloq joylarda mavjud ekin yerlarining taqsimlanishi, ulardan olinadigan soliqlar, shar’iy qonunlar ijrosi qay darajada olib borilgani haqidagi chuqur tahliliy, mulohazali chiqishlari davriy matbuotning sarg‘aygan sahifalaridan turib asl haqiqatni hali-hamon namoyon qilyapti. Jadidlar shu bilan birga, Shkapskiyga o‘xshab “shap-shap”lab tariximizni atay buzishga uringan kelgindi olimlarga qarshi fikr-mulohazalarini bildirishga jur’at qilishgan.
Afsuski, vaqt kelib ular “buzg‘unchi”, “burjuaziya tarafdorlari” kabi tamg‘alar bilan badnom qilindi. “Shap-shap”lashdan nariga o‘tmaganlarni bayroq qilib ko‘tarishdi.
Yana bir mulohaza: sovet davrida ism-shariflariga “buyuk” nisbasi qo‘shilgan Bertels, Bartold, Kun kabi sharqshunoslar yozgan asarlarni ham tanqidiy-tahliliy o‘rganish vaqti kelmadimikin?
Ro‘zimboy HASAN,
jurnalist
“Jadid” gazetasining 2025-yil 27-iyundagi 26-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



