30.06.2025 | 16:45
1717
“TIRIKSAN, O‘LMAGANSAN SEN…”
O‘z zamonasining dardi bilan yashamagan, xalqning shodligi-yu g‘amini qalban his qilmagan inson na chin fuqaro, na komil shaxs bo‘la oladi. Vatanga muhabbat baland da’volar, balanparvoz hayqiriqlar emas, aksincha, hech bir ta’masiz unga xizmat qilish, bobolarning ezgu ishlarini davom ettirib, ular yoqqan chiroqlarni o‘chirmay asrashda ko‘rinadi. Mana shu sharafni anglaganlargina o‘z ilm-u salohiyatini, borini yurt ravnaqi uchun safarbar etadi.

Ulug‘ shoir, mutafakkir, faylasuf Pahlavon Mahmud aytganidek:
“Kimdaki bo‘lmasa zamona g‘ami,
Yo olamdan emas, yo odam emas”.
Jadidlar ana shunday mas’uliyat tuyg‘usi bilan yashagan ma’rifatparvar avlod edi. Binobarin, ularning hayoti biz uchun yurtni sevish ilmi, uni ardoqlash san’ati, chinakam farzandlik maktabidir. Bugun biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan qahramonimiz Mirxalil Karimovning hayot yo‘li – o‘qituvchilikdan tortib siyosiy tashkilotlardagi faoliyatigacha – “Men millatim uchun nima qildim?” degan savolga javob, ibrat o‘laroq o‘qiladi.
Mirxalil Karimov 1902-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Otasi Afzal Karimov o‘rmonchilik bilan shug‘ullangan, Toshkentdagi yirik savdogar Akbar Umarboyev qo‘l ostida o‘n yetti yil mobaynida ish boshqaruvchi sifatida xizmat qilgan. Tabiiyki, bu kasb bir oilaning dunyoqarashi, iqtisodiy salohiyati va muhit bilan bog‘lanishini ta’minlovchi muhim ijtimoiy pog‘ona edi.
Ana shunday muhit havosini tuyib voyaga yetayotgan Mirxalil mehnatda pishdi, tashkilotchilik hadisini ola boshladi. Otaning savdoda jonbozligi bola ongida tijorat ishlari, tartib-intizom, shuning barobarida ta’limga bo‘lgan ehtiyojni kun sayin oshirib borardi.
Mirxalil dastlab qorixonada savod chiqardi. Uning kelajak yo‘lini belgilagan asosiy burilish 1914-yilda sodir bo‘ldi: bolakay atoqli o‘zbek ma’rifatparvari, jamoat arbobi Abdulla Avloniy rahbarligidagi yangi usul maktabiga o‘tib, yangicha tahsil ola boshladi. Degrez mahallasida joylashgan mazkur maskanda Mirxalil jadidlik g‘oyalari bilan tobora yaqindan tanishib, diniy va dunyoviy bilimlarni mukammal egalladi.
Avloniy kabi ma’rifatparvar ustozlar ta’sirida shakllangan bu ruhiy-ma’naviy dunyoqarash unda jamiyatni o‘zgartirishga bo‘lgan mas’uliyat tuyg‘usini ham uyg‘otgan edi. Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng Turkistonda siyosiy-ijtimoiy muhit keskin o‘zgargan bo‘lsa-da, ma’rifatparvarlar, jumladan, siyosiy qarashlari shakllanib bo‘lgan Mirxalil Karimov ham yangi vaziyatda faoliyatini takomillashtirish yo‘llarini izladi. “Maktabda o‘qimoq kerak, ammo maktabdan chiqqandan keyin yanada ko‘proq o‘qish kerak” degan hayotiy haqiqat qahramonimizning shiori ediki, u ilmni najot bildi, jamiyat rivoji ta’limda ekanini angladi. Biroq… ana shu anglovlar natijasi nima bo‘ldi, deysiz, aziz o‘quvchi?
…Mirxalil Karimov 1919-yili o‘n yetti yoshida Toshkentdagi uch oylik o‘qituvchilar tayyorlov kursini yakunlab, yangi usuldagi o‘zbek maktabini tashkil etadi. Maktabda 1921-yilgacha rahbarlik qiladi. Bu tajriba uni xalqqa nafaqat pedagog sifatida tanitdi, balki jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlab, mas’uliyat tuyg‘usini yanada kuchaytirdi.
O‘sha yili u faol jamoat arbobi, jurnalist Said Ahroriy boshchiligidagi “Izchilar to‘dasi” tashkiloti a’zolari safiga qo‘shiladi. Mazkur tuzilma o‘z vaqtida Turkistondagi jadidlar faoliyatini muvofiqlashtirishda muhim o‘rin tutgan. Tashkilotda u Munavvar qori Abdurashidxonov, Salimxon Tillaxonov va G‘ulom Ikromov bilan suhbatlar davomida ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yanada chuqurroq anglab boradi.
Shu tariqa, qahramonimiz 1921-yildan e’tiboran turli davlat va jamoat tashkilotlarida ishga keng jalb etila boshlaydi. Dastlab, Toshkentdagi pochta idorasida, so‘ngra aloqa uyushmasida xizmat qiladi. 1923-yildan uning mehnat faoliyati Kasaba uyushmalari ittifoqi, 1926-yildan esa Samarqanddagi “O‘zbekiston sovet kasaba uyushmalari ittifoqi”da davom etadi.
1926–1930-yillar oralig‘ida u VSSPS (Kasaba uyushmalari Butunittifoq Markaziy Kengashi)-ning O‘rta Osiyo byurosi rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. Ayni damda ushbu lavozim Mirxalil Karimov uchun millat manfaatlarini keng qamrovda istifoda etish imkoniyati ham edi. U o‘z faoliyatida mahalliy mutaxassislarni tayyorlash, ularning ona tilida ish yuritishiga sharoit yaratish, turkiy xalq vakillarini ruslashtirish siyosatidan asrab qolish kabi dolzarb masalalarni kun tartibiga qo‘ygan.
1925-yil oxirlariga borib uning jadidlar safidagi faoliyati yangi bosqichga ko‘tariladi. U “Milliy istiqlol” deb nomlangan maxfiy siyosiy tashkilotga a’zo sifatida qabul qilinadi. Tashkilot a’zolari jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlik, milliy siyosatdagi ziddiyatlar, markazdan yuritilgan zo‘ravon mafkuraviy bosimlarga qarshi erkin fikr bildirishar, maslakdosh ziyolilarni qidirib topib, aloqa o‘rnatar va mavjud tartibni huquqiy, ma’naviy jihatdan asoslab tanqid qilishar edi.
Tashkilot safidagi faoliyati davomida Mirxalil Karimov o‘zini amaliy harakatlarda ham tashabbuskor, mas’uliyatli shaxs sifatida namoyon etgan. Uning bu xislatlari 1926-yilda jadid bobomiz Abdulla Qodiriyni himoya qilish bilan bog‘liq voqealarda yaqqol ko‘rinadi.
Gap shundaki, o‘sha yilning iyun oyida “Mushtum” jurnalida “Yig‘indi gaplar” maqolasi chop etilgach, Abdulla Qodiriy davlat arboblarini obro‘sizlantirganlik ayblovi bilan hibsga olinadi. Bu voqea jadidlar orasida jiddiy xavotir uyg‘otadi. Shu paytda Samarqandda xizmat safarida bo‘lib turgan Mirxalil Karimovga Salimxon Tillaxonov maxsus maktub yo‘llaydi. Maktubda Qodiriy ishi bo‘yicha kutilgan sud jarayoni haqida ma’lumot keltirilib, jarayonda jadid ziyolilari ishtirokini keng ta’minlash zarurligi ta’kidlangan. Unda bayon qilinishicha, “Julqunboyga (ya’ni Qodiriyga) qarshi qo‘yilgan ayblov hech qanday asosga ega emas va amalda bo‘lgan “Matbuot erkinligi to‘g‘risidagi” qonun hujjatlariga butunlay ziddir”.
Mirxalil Karimov tezda harakatga tusharkan, bu holatni jadidlar va yoshlar orasida yoyinlaydi hamda Qodiriyga nisbatan bo‘layotgan nohaqliklarga jim qarab turmaslikka chaqirib, sud majlisiga haqiqatparvar kishilarni jalb etish uchun tashkiliy ishlarga yeng shimaradi.
1926-yil 16-iyun kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan sudda Qodiriy ikki yilga qamoq jazosiga hukm qilinadi. Oradan bir kun o‘tib, hukumat yozuvchini ozod qilish haqida qaror chiqaradi. Voqean, bu jarayon jadidlar birdamligi, ma’rifat va adolat yo‘lidagi sa’y-harakatning amaliy natijasi edi. Shu holatlar ortidan, keyinchalik hibsga olingan Salimxon Tillaxonovdan tergov paytida Mirxalil Karimov haqida so‘ralganida u shunday deydi: “O‘zbek xodimlari orasida ish faoliyati jihatidan ko‘pchilikdan ustun turadi. U har bir ishga aql bilan yondashadi, uning mohiyatiga chuqur yetib boradi va natijalarini oldindan hisobga oladi”.
1930-yillarga kelib, jadidlar faoliyati sovet hokimiyati nazarida tobora xavfli tus ola boshladi. Milliy o‘zlikni uyg‘otish, ona tilida ta’lim berish va madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan har qanday sa’y-harakat o‘sha davrdagi totalitar rejim tomonidan ta’qib, tahdid va jazoga sabab bo‘lardi. O‘shanday qaltis vaziyatda Mirxalil Karimov kabi shaxslarning har bir harakati, har bir so‘zi alohida nazorat ostida bo‘lishi shubhasiz edi.
1930-yil 17-iyun kuni Mirxalil Karimov Samarqand shahrida xizmat safaridalik paytida temiryo‘l vokzalida NKVD xodimlari tomonidan hibsga olinadi. Jarayon mutlaqo kutilmagan holda ro‘y berib, unga hech qanday rasmiy ogohlantirish yoki jinoiy ish ochilishiga oid asosiy hujjatlar taqdim etilmaydi. U biror gap-so‘zsiz zumda Moskvaga – Butirka qamog‘iga olib ketiladi…
Keyinchalik akademik Naim Karimov “Cho‘lpon. Ma’rifiy roman” asarida qatag‘on qurboni, jadid qahramonimiz hayoti haqida qiziq, ham ayanchli ma’lumotlarni keltirib o‘tadi. Unda tasvirlanishicha, Mirxalil Karimov jadid safdoshi Salimxon Tillaxonov bilan dastlab Toshkent qamoqxonasida, keyin Moskvadagi Butirka qamoqxonasining 30-kamerasida so‘nggi kunlarini o‘tkazar ekan, shoir Cho‘lpon haqida suhbatlashishadi: “30-kameradagi boshqa mahbuslar Cho‘lpon sha’niga qanchalik malomat toshlarini otmasinlar yana bir zumda, o‘z-o‘zidan uni maqtashga kirishib, dillariga harorat berib turadigan she’rlaridan o‘qishar, uning ajoyib shoir, benazir dramaturg ekanligidan iftixor hisiga to‘lar edi. Mirxalil Karimov esa Cho‘lponni Pushkin va Bayronga muqoyasa qilib, uning xalq shoiri unvoniga bir emas, hatto ikki bora munosib ekanligini shavq-zavq bilan aytardi”.
Shugina tasvir nafaqat bir ziyolining so‘nggi hayot lahzalari, balki butun jadidlik harakatining o‘lmas ruhi aks etgan oyinadir. Qamoqxona devorlari ortida ham ma’rifat haqida gapirish, fikr orqali ruhni tirik saqlash Mirxalil Karimov kabi shaxslarning ichki qudrati, ma’nan barkamolligini namoyon etadi. Biroq shunday qat’iyat, jur’at, mardonavorliklari ortidan ham qamoqdagi bir guruh mahbuslar RSFSR Jinoyat kodeksi 58-moddasining turli bandlari bilan jazoga tortiladi.
1931-yil 25-aprel. Taassufki, otuvga hukm qilingan o‘n besh nafar mahbus orasida jadid Mirxalil Karimov ham bor, o‘shanda u bor-yo‘g‘i 29 yoshni qarshilagan edi.
ILDIRGI: Qahramonimizning rafiqasi Olimaxon va uch farzandi “xalq dushmani”ning oilasi sifatida butun umr ta’qibda yashadi. 1989-yilda, siyosiy qatag‘onlar qayta ko‘rib chiqila boshlaganda, sud hujjatlarida Mirxalil Karimovga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar asossiz ekani, jazoga noqonuniy ravishda tortilib, nohaq qatl etilgani rasman tan olindi.
Ammo….
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 27-iyundagi 26-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



