Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.04.2024 | 20:56

img1672

“NAVOIY YOMON BO‘LSA, SEN YAXSHI BO‘L…”

 

1. NAVO VA BENAVOLIK

So‘z – o‘ta tilsimli hodisa. U juda jo‘n bo‘lishi ham, nihoyatda murakkab, qatma-qat ma’noli bo‘lishi ham mumkin. So‘zning keyingi xususiyati ibora va jumlalarning ma’nosini yana ham murakkablashtirishi tabiiy. Adabiyot so‘z san’ati sifatida nutqning bu xususiyatidan unumli foydalanadi, mo‘jizalar yaratadi. Ayniqsa, Navoiy she’riyati.

Uning ijodiy merosida muhim o‘rin tutuvchi so‘zlardan biri – “navo”. Shu qadar muhimki, bu so‘zning mumtoz adabiyotda navobaxsh, navogoh, navozanda, navosoz, navosiz, benavo kabi o‘ndan ziyod hosilalari muntazam qo‘llan­gan.

“Navo” so‘zining o‘zi ham ko‘p ma’noli. Misol uchun, ulardan biri Markaziy Osiyo arxitekturasida arka ma’nosiga ega, yana biri uy jihozlarini bildiradi. Bugungi o‘zbek tilida bu so‘z kuy, qo‘shiq ma’nosini anglatadi, xolos. Bu taassufga loyiq hol. Zotan, kuy, qo‘shiq “navo” so‘zining eng tub ma’nosi ham emas, eng muhim ma’nosi ham emas.

Misol uchun, Navoiyning “Masnaviy” asaridagi mana bu baytni olaylik:

Ne bir ahli davlatdin oncha umid

Ki, andin navo topsa bir noumid.

Unda Abulqosim vafotidan so‘ng Xurosonda yuzaga kelgan tang ahvol tilga olingan. Bu baytda “navo” deganda nima ko‘zda tutilgan? Ravshanki, aslo musiqa emas.

Lug‘atlarga murojaat etaylik. 5 jild­li “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “navo” so‘zi­ning beshta ma’nosi berilgan: birinchi o‘rinda kuy, ohang, qo‘shiq; so‘ng: zavq, maqom nomi, nola va me’morchilikda qo‘llanadigan bezak. Ko‘rinib turibdiki, bu ma’nolarning birortasi ham bayt mazmuniga muvofiq emas. P.Shamsiyev va S.Ibrohimovning “Navoiy asarlari lug‘ati”da ham “navo” so‘zining beshta ma’nosi berilgan: 1) ovoz, muzika, sado; 2) kuy, ohang; 3) kuy nomi; 4) boylik; 5) nasib, bahra. Dastlabki uch ma’no bir-biriga yaqin va bayt mazmuniga tushmaydi. Baytdagi “navo” boylik deb tushunilsa ham ma’no chiqmaydi, faqat so‘nggi ma’no ancha yaqin. 

Eronning “Dehxudo” nashriyot uyi tomonidan nashr etilgan mashhur “Fors tili lug‘atnoma”sida “navo” so‘zining birinchi ma’nosi sifatida “tirikchilik, kun ko‘rish vositasi” (“vasoyili zindagi”) ma’nosi berilgan. Hech shubhasiz, yuqoridagi baytda xuddi shu ma’no o‘rinli: hayotdan noumid bo‘lgan odam uchun bir burda non tutadigan ahli davlat, saxovatpesha topilishidan umid qolmadi.

Naqadar achchiq, benavo muhit.

Yana bir misol:

Navoiy ohi navosozi shoh Abulg‘oziy

Sipehr martaba Sulton Husayn Boyqaro.

(Ravshanki, shoir kuylovchi emas, dodga yetuvchi Sulton ohimga chora qiladi) demoqda.

Albatta, “navo” so‘zi mumtoz adabiyotda kuy, qo‘shiq ma’nosida juda ko‘p uchraydi:

To tuzdi Navoiy oyati ishq,

Ishq ahli aro navo bo‘lubtur.

Ayniqsa, bulbul so‘zi bilan birga kelganda navo kuyni bildirishi tabiiy:

Navoiy erur bulbuling, lekin ey gul,

Unutturdi hajring xazoni navosin.

* * *

Dam urma bu chamanda, Navoiyki, bir gule

Bilmas zag‘an fig‘onini bulbul navosidin.

“Navo” so‘zi bir baytda har ikki ma’noda kelib, tajnis san’ati hosil qilishi mumkin:

Dedim “Ey gulrux, Navoiyg‘a navo yetkur.

Dedi: “Kim ko‘rubtur bo‘lganin bulbul navog‘a ehtiyoj?!”

(Ey gulrux, Navoiy dardiga navo (chora) qil desam, u “Sen nazmning bulbulisan-ku, bulbul navo (kuy)ga muhtoj bo‘lganini kim ko‘rgan?” deya gapni boshqa yoqqa burdi.)

Mana bu baytdagi “navo” so‘zining ikki ma’no­ligi tajnisga nisbatan yuksakroq (murakkabroq) iyhom san’atini hosil qilgan:

Ey, navbahori orazing

subhiga jonparvar havo,

Andin gul-u bulbul topib yuz

barg birla ming navo.

Ikkinchi misradagi barg va navo so‘zlari­ning yuzadagi ma’nosi: gulning bargi va bulbul navosi; shoirning asil niyatini ifoda etuvchi ma’nosi: barg – hosil, samara; navo – dardga chora, ya’ni muddaoga yetish.

Darvoqe, yuqoridagi “Ishq ahli aro navo bo‘lubtur” misrasiga ham iyhom xos.

Navoiy she’rlarida “navo” so‘zining bo‘lishsizlik shakli bo‘lmish benavo-navosiz 99 foiz holda kuy-qo‘shiqqa aloqador emas. Bir foizga mansub misol:

Havoyi gulshani quds et,

Navoiykim, xush ermastur

Zag‘anlar birla bu gulshanda

bo‘lmoq benavo asr-u,

(She’riyatning pok gulshanini o‘zingga mu­qaddas deb bilgan ekansan, ey Navoiy, undagi qarg‘alar ichida sen benavo bo‘lishing – kuy­lashni ularga berib qo‘yishing yaxshi ish emas).

Bunday baytlar istisnodir. Mana bu misolni olaylik:

Navoiy, benavoliq shevasin berma ilikdinkim,

Navo har kimki istabdur, topibdur benavolig‘din.

Bu baytda uch o‘rinda kelayotgan “navo” o‘zakli so‘zlarning kuy, qo‘shiqqa mutlaqo aloqasi yo‘q: (Ey Navoiy, faqirlik tarzini qo‘ldan chiqarma, zotan kimki tom ma’nodagi navo – Yor vasliga yetishni istagan bo‘lsa, faqat faqirlik bilan erishgan). (Vallohu a’lam.) 

Balog‘at ilmiga ko‘ra, baytning boshida – taxallusda ham “navo” kuy emas.

Bu bayt munosabati bilan ta’kidlash o‘rinli: “navo” so‘zi “bulbul” bilan birga kelganda kuyni bildirgani kabi, “benavo” so‘zi “gado” bilan kelganda albatta “bechora, hech vaqosi yo‘q” ma’nosi bilan qovushadi:

Gadolig‘ etti Navoiy aning visolini, lek

Shah etsa or, ne tong, benavo gadolardin?!

Navoiy ma’shuqasidan visol tilagan edi, u xuddi shoh isqirt gadodan or qilganiday munosabat bildirdi, husn saltanatining shohi-da.

Yana bir shu mazmundagi bayt:

Navoiy benavoliq birla jon bersa ajab ermas

Kim ul oromijon ogoh emas bu benavosidin.

Hozirgacha hech kim kuysiz qolsa, jon bergan emas.

2. TAXALLUS

Navoiy o‘ziga taxallus tanlaganda “navo” so‘zining qaysi ma’nosini nazarda tutgan? Bizningcha, bunday savol noo‘rin – har ikki ma’noni (bu akademik A.Rustamov fikri). Ming afsuski, “Navoiy” taxallusining ma’nosini kuy, musiqa bilan bog‘lash keng tarqalgan. Aminmizki, bo‘lg‘usi buyuk mutaffakkir o‘ziga taxallus tanlaganda, bu so‘zning har ikki ma’nosi­ni yaxshi bilgan va inobatga olgan, shu bilan birga uning “madadkor, chorasoz” ma’nosini asosiy deb olganining ehtimoli yuqori. Ya’ni: navoiy-navoyi, navobaxsh, navosoz – 1) madadkor, yordamga qo‘l tutuvchi, g‘amxo‘r; 2) kuylovchi.

“Saddi Iskandariy” dostonining Dar­vesha­li­ga bag‘ishlangan bobidagi mana bu bayt mashhur:

Navosiz ulusning navobaxshi bo‘l,

Navoiy yomon bo‘lsa, sen yaxshi bo‘l.

Navoiyning ukasi Darveshali Balxda hokim bo‘lgan, ammo akasiga ko‘p tashvishlar kel­tirgan. Xususan, yurt obodligi bilan shug‘ulla­nish o‘rniga siyosiy o‘yinlarga berilib, akasini norozi qilgan. Hatto Sulton Husayn uni qatl etishiga bir baxya qolgan.

Navoiy ukasiga butun bob davomida qattiq tanbeh berib, otalarcha g‘amxo‘rlik bilan nasihat qilar ekan, qalbidagi toshday og‘ir dard bilan yuqoridagi baytni bitgan:

(Qiynalib yashayotgan xalqqa navo­baxsh-madadkor bo‘l. Agar Navoiy bunday yumushni yaxshi bajarmagan bo‘lsa, sen undan yaxshiroq bo‘l).

Bu baytdagi navosiz va navobaxsh so‘zlari­ni kuy bilan bog‘lash g‘irt bema’nilikdir.

Navoiy g‘azallarini o‘qiganda taxallusni shunchaki an’ana deb o‘tib ketmaslik kerak, chunki baytda so‘z taxallusdan tashqari turdosh ot ma’nosida ham kelishi (taxlis san’ati), ustiga-ustak, ayni bir paytda qo‘llovchi va kuylovchi ma’nolarini bildirishi ham istisno emaski, natijada iyhom san’ati yuz berishi mumkin:

Navoiy benavolig‘ birla doim may ichar, bir kun

Navo naqshini davron mutribi bazmida cholg‘ay deb.

Hatto:

Benavodur Navoiy ollingda,

Tong emas bo‘lsa benavo muhtoj –

baytida (mazmunan munojot) uch qavatli iyhom:

1) taxallus: huzuringda Navoiy bir gadodek, bechoradirki, muhtoj bo‘ladi-da;

2) navosoz: oldingda hatto bulbuldek kuy­lay­diganlar ham sukutga cho‘mib, bir bechora tarzida sening iltifotingga muhtoj;

3) homiy: sening oldingda hatto boy-u badavlatlar ham bechoraki, ular sening lutfingga muhtojligidan ajablanma. (Vallohu a’lam).

Daho shoir taxallusini “Navoyi” deguvchi adabiyotshunoslar yo‘q emas. Bunga mutlaqo qo‘shilib bo‘lmaydi. Birinchidan, uning she’r­larida deyarli hamma o‘rinda qolipidagi so‘z, ya’ni “Navoiy” vaznga tushadi, navoyi esa qolipida bo‘lib, ayrim hollardagina uchraydi. (Mumtoz adabiyotda vazn taqozosi bilan taxallus nonormativ shaklda qo‘llanishi keng tarqalgan: Muqimiy–Muqimi–Muqim–Mu­qiym, Uvaysiy–Uvaysi–Vaysiy va hokazo. Shu­ning uchun ayrim o‘rinlarda taxallus Navoyi shak­lida kelishi asil taxallus Navoiy emasligiga dalil bo‘la olmaydi.) Ikkinchidan, Nizo­miy, Nasimiy, Jomiy, Hiloliy kabi yuzlab misol ko‘rsatib turibdiki, taxallusda so‘nggi “i” unlisi cho‘ziq bo‘lishi lozim, hozirgi alifboda cho‘ziqlik aynan “-iy” tarzida ifodalanadi. Uchinchidan, navoyi, gadoyi, vidoyi so‘zlari lug‘atda bor, ammo vafoyi, muammoyi, halvoyi, naimi, safoyi, baqoyi, fanoyi, zeboyi, ziyoyi so‘zlari mavjud emas, bu so‘zlarga o‘zakdosh, “Majolis un-nafois”da zikr etilgan taxalluslar Vafoiy, Muammoiy, Halvoiy, Naimiy va hokazo ekanligi shubhasiz. To‘rtinchidan, “Navoiy emas”, “Navoyi” bo‘lishi kerak, degan prinsip o‘zagi bir bo‘g‘inli taxalluslarga qo‘llansa, g‘alat hosil bo‘ladi: Jomi, Doyi, G‘ozi, Xoni, Zavqi, Rozi va hokazo. Beshinchidan, eng muhimi, atoyi, gadoyi, fidoyi, binoyi kabi shakl so‘zga jo‘nlik ma’no ottenogini berib, taxalluslarga xos bo‘lishi lozim patetikani, shoirona injalikni yo‘qqa chiqaradi. Navoiy emas, Navoyi deguv­chilar aynan mana shuni e’tiborda tutayotgan bo‘lsalar, buni ochiq bayon qilishlari lozim.

3. NAVOIYNING NAVOIYLIGI

Navoiyning Darveshaliga murojaatidagi achchiq ta’na ostidagi haqiqat, ya’ni Navoiy­ning buyuk navobaxshligi ukasiga ham, butun zamondoshlariga ham yaxshi ma’lum bo‘lgan. Manbalarda bu borada shahodat ko‘p.

Zahiriddin Muhammad Bobur “Bobur­noma”da yozadi: “Ahli fazl va ahli hunarga Alisherbekcha murabbiy va muqavviy (quvvatlovchi – bu ham navoiy so‘zining sinonimi) ma’lum emaskim, hargiz paydo bo‘l­mish bo‘lg‘ay. …Muncha binoyi xayrkim, ul qildi, kam kishi mundoq muvaffaq bo‘lmish bo‘lg‘ay”.

Xondamir “Makorim ul-axloq” risolasida yozadi:

Ushbu so‘zlarni yozuvchi (ya’ni Xondamir)­ning fikricha, ul hazratning xazinasida biror yili ham zakot to‘lashga vojib bo‘ladigan darajadagi oltin yig‘ilmas edi. Chunki mulozimlari qo‘liga (Navoiyning hisobxonasiga) kelib tushgan har qanday daromad tez orada turli tabaqa va guruhlar vakillari bo‘lgan kishilarga in’om sifatida sarflanardi yoki maskanlar qurish ishiga xayriya qilinar edi.

She’riy misra (forschadan tabdil): Taqvodorlar qo‘lida turmas mol-dunyo.

Har doim ezgulik va saxovat dengizi bo‘lgan bu Amir (ya’ni Navoiy) bilan uchra­shishga muyassar bo‘lgan ulug‘lar muhtoj kishilarning nomlarini aytardilar, ul hazrat ham (muhtojlarning) ehtiyoji darajasidan kelib chiqqan holda o‘z in’om dasturxonidan (ya’ni mablag‘idan) ularni bahramand etardilar.

Xondamir Navoiy bilan uchrashganlarning iltimosiga muvofiq qilingan xayriya haqida so‘zlamoqda. O‘zbekiston FAning Abu Rayhon Beruniy nomidagi ilmiy tadqiqot instituti fondida “Navoiy albomi”, deb ataladigan manba saqlanadi. Unda Abdurahmon Jomiy, Xo‘ja Ubaydulloh Ahror, Muhammad Tabodgoniy, mashhur shayx Alouddin Attorning nevarasi Muhammad Attor va boshqa jami 16 kishining 600 ga yaqin maktubi o‘rin olgan. Xatlarning mutlaq ko‘pchiligi, xususan, Jomiyning 300 dan ziyod xati Navoiyga atalgan bo‘lib, ularda asosan qaysidir muhtoj kishiga yordam ko‘rsatish so‘ralgan. Navoiy bunday iltimos­larning birortasini ham e’tiborsiz qoldirmagan, aksincha, so‘ralganidan ziyo­da qilib bajargan. Bu borada Navoiy amal qilgan prinsip mana bu qit’ada bayon etilgan:

Debon bergan kishi erdur, valekin

Demay berganga erlik bil musallam.

Ne deb, ne bersa bilgil oni xotun,

Debon bermasni xotundin dag‘i kam.

(Xayriya qilaman deb, qilganni inson de, ammo so‘rashini kutib o‘tirmay xayriya qilganni a’loroq bil. Shuncha beraman, deya o‘shancha bergan u qadar saxiy emas, umidvor qilib bermaganni esa umuman inson sa­nama.)

Navoiyning kichik zamondoshi Faxriy Hirotiy “Latoyifnoma” asarida yozadi: “Har kuni 75000 dinor amir xazinasiga tushar edi va 15 000 chiqim bo‘lar edi”. Bu ma’lumotni shunday tushunish kerak: 75000 dinordan 15 000 Navoiyning kundalik ehtiyojlari va xayr-ehson uchun sarflangan, 60 000 esa qurilish, mudarris, imomlarga maosh, tolibi ilmlarga nafaqa va boshqa ishlarga yo‘naltirilgan. Chunki Hirotiy shunday davom etgan: “Odamlarga har yili mingta sarpo tayinladi va 370 ta xayrli imo­rat qurdi”.

Bir dinor og‘irligi bir misqol – 2,5 gramm­dan 5,5 grammgacha oltin, ko‘pincha kumush tanga. Agar bir gramm oliy probali kumush hozirgi birjada 0,88 dollar ekanligi hisobga olib, 14-asrdagi bir dinordagi kumush miq­dorini 4 gramm desak, Navoiyning bir kunlik daromadi 140 ming dollardan oshadi. Agar Faxri Hirotiy oltin dinorni nazarda tutgan bo‘lsa, raqam 10 millionni tashkil etadi.

Bu daromadning deyarli hammasi xayriyaga sarflangan. Bu xususda Navoiyning o‘zi “Vaqfiya”da yozadi:

Chun ul hazrat hukmi jihatidin va taklifi sababidin maosh mazra’i yobis qolmasun deb, biror nima ziroatqa ishtig‘ol ko‘rguzdum. Chun ul ishimda qila olg‘uncha shariat jonibi mar’i va insof tarafi malhuz erdi, Teng­ri inoyatidin ko‘p mahsullar hosil va g‘animatlar vosil bo‘la kirishti. Bu jumladin o‘z maoshimg‘a soyir avomdin birining maoshi o‘tguncha issiq-sovuq daf’i uchun bir turma to‘n dag‘i mung‘a munosib yemakka qone’ bo‘lub, qolg‘onning ba’zisin ul hazratning mulozamati maslahati uchun, kelish-borishg‘a va navkar va mutaalliqlar ulufasig‘a va cherik yarog‘ig‘a sarf qildim va ba’zini aning saboti davlati uchun duo va davomi saltanati uchun toat qilur mus­tahiqlarg‘akim – yetkurdum. Va ba’zinikim, jami’ ma’unot va borcha taklifotdin ortti, biqoi xayr bino qildim…

(Sulton Husayn hukmi va taklifi bilan menga ajratilgan yerlar bo‘sh qolmasin deb, dehqonchilik ishlarini tashkil etdim. Bu ishlar shariat buyurganiga muvofiq, insof bilan qilingani uchun Tengri inoyati bilan mo‘l hosil olinar va katta daromad keltirar edi. U daromad­dan o‘zimga oddiy xalqning maoshicha olib, issiq-sovuqdan saqlanish uchun bir jundan to‘qilgan to‘n va shunga yarasha yemakka sarflash bilan qanoatlanib, qolganini Sulton Husayn maslahati bilan Hirotga kelib-ketuv­chilar xarajatlariga, navkar va ularga xizmat qiluv­chilarning maoshiga va qurol-aslahasiga sarf qildim, bir qismini davlat barqaror va saltanat bardavom bo‘lishini tilab duo qilishsin, degan niyatda muhtoj­larga yetkazdim. Tirikchiligim va yuqorida sanal­ganlardan ortgani­ning hammasini xayriya uchun xizmat qiladigan bino va inshootlar qurishga sarfladim.)

Navoiy qurgan bino va inshootlar bir necha tarixiy asarlarda sanab o‘tilganki, har qanday abror ham hayratga tushadi. Uning homiyligida ijod qilgan olim, adib va san’atkorlar soni yuzdan oshadi, tolibi ilmlarning esa sanog‘i yo‘q.

Navoiyning xayriya ishlari sanalsa, qalin kitob bo‘ladi. Shuning uchun yana bir chizgi bilan cheklanamiz. O‘sha davrda Hirot bilan Mashhad yer yuzidagi eng yirik shahar­lardan bo‘lgan. Bu ikki shaharda har kuni Navoiy hisobidan jonliqlar so‘yilib, taomlar tayyorlanib, beva-bechoralarga das­turxon yozilgan.

Qisqa qilib aytganda, Navoiy bugungi AQSH dollariga chaqilsa, millionlab, hatto milliardlab topganining deyarli hammasini xayriyaga sarflagan. Butun insoniyat tarixida Navoiydek saxovat sohibi, “navosiz ulusning navobaxshi” bo‘lgani ma’lum emas.

Shunday ekan, buyuk bobomiz taxallusi­ning ma’nosini musiqa bilangina bog‘lash adolatdan emas, bu ma’noga ko‘proq urg‘u berish esa noto‘g‘ridir. Misli ummon sohilida yashab, uning beqiyos ne’matlaridan foyda­la­nish o‘rniga sohildagi chig‘anoqlarni terish bilan cheklanganday.

Qo‘shimcha. Ko‘pincha “Ma’naviyat” de­gan­da nimani tushunasiz, degan savol qo‘yiladi. Bu falsafiy tushuncha bo‘lgani uchun, yuz kishi yuz xil javob berishi mumkin va bu tabiiy hol. Fikrimizcha, ma’naviyat – bu Alisher Navoiydan navobaxshlik ibratini olishdir.

Abdulla A’ZAM, akademik, O‘zbekiston fan arbobi.

2024-yil 9-fevral 7-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596