04.07.2025 | 12:32
2502
OFATGA AYLANGAN ODATLAR
O‘zbekistonda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’rakalar va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish bo‘yicha parlament va jamoatchilik tomonidan faol ish olib borilayotgani haqida eshitib xursand bo‘ldim. Nega deysizmi? Chunki bu turlik hashamlardan biz – tojikistonliklar ham toza kuyganmiz. Har gal biror davrada to‘y xarajatlaridan gap ochilsa, bir voqea esimga tushaveradi.

…2007-yilda Asht nohiyasidagi Oshoba qishlog‘ini sel olgan edi. Hamkasbim bilan falokat joyiga yetib bordik. Odamlarning ruhi so‘nik. Tushkunlik uy-joyga achinishdan emas, halok bo‘lgan hamqishloqlariga qayg‘urishdan kelib chiqqan. Asriy daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib, oqizib ketgan sel o‘n ikki kishining umriga zomin bo‘lgan edi.
Bir xonadondan fotiha o‘qib chiqar ekanmiz, o‘ttiz yoshlar chamasidagi yigit bilan gaplashib qoldik. Uning oilasi ofatdan zarar ko‘rmagan ekan, lekin qishloqdoshlarining dardiga sherik. Gapni o‘zidan eshiting: “Men bu odamlardan qarzdorman. Har biri yaxshi-yomon kunimda yelkadosh bo‘lib turgan. Ikki qizdan keyin o‘g‘il ko‘rgandim, kenjamning qo‘lini halollab, elga osh bermoqchi edim. Endi to‘yga ataganimni qiynalgan oilalarga bo‘lib bermoqchiman. Shunga nima deysiz, odamlar gapirsa gapirar, bir kun charchar axir…”
“Mana bu o‘g‘il bolaning gapi bo‘libdi”, deb uning qarorini qo‘llab-quvvatladik. O‘sha kunlari Tojikiston hukumatining tantana, to‘y va boshqa marosimlarni tartibga solish borasidagi qonuni e’lon qilingan edi. Tushungan odamning sadaqasi ketsang arziydi.
Suhbatimizga oshobalik Umrzoq Mamatqulov ham qo‘shilib, yosh otaning tashabbusiga asoslar keltirdi:
– Qonun qabul qilinguncha to‘y o‘tkazish og‘ir edi. Elga osh beraman deb qora sochlar oqarib, oqlari to‘kilib ketardi. Osh deganingizga ham besh yuz-ming nafarcha odam aytilardi. Yana maslahat oshi, sabzito‘g‘rar, qariyalar uchun ziyofat, erkak oshi, xotin oshi degan dahmazalari ham bor edi-da. O‘g‘lining qo‘lini halollaydigan odam to‘rt yuz-besh yuz kilolik buqa so‘ygani yetmaganday, har bir xonadonga oltitadan non tarqatishi shart edi! Ofatga aylangan bu odatdan qishloqdan ko‘chib ketganlar ham qutula olmas, Oshobaga kelib to‘y qilib berishi shart edi. Endi nikoh to‘yining qanday bo‘lishini o‘zingiz tasavvur qilib olavering…
O‘ziga to‘q oilalarning to‘yiga bo‘ylashaman deb qo‘l uchida kun ko‘rayotgan oilalar qulog‘igacha qarzga botardi. Qarz deganining ketidan yetishmovchilik, janjal, ur-sur, ajrim yetaklashib kelardi.
Ana shunday muammolar girdobiga tushib qolganda bir vaqtlar “Orzu-havasing bormi? Bir marta to‘y qilasan: yondirmaysanmi!” deya pishang bergan vallomatlarni yerning tagidan ham topa olmaysiz. Qaytaga o‘shalar birinchi bo‘lib malomat toshini yog‘diradi. To‘y qilib, to‘rvasi yirtilganlar esa o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib qolaveradi.
Eskidan azador xonadonda uch kunga dovur qozon osilmasdi. Bora-bora tobut uydan chiqishi bilan qo‘y so‘yilib, dasturxon yoziladigan bo‘ldi. Shunaqa paytda kimning ko‘ngliga ovqat sig‘ar ekan-a?!
Yuqorida tilga olingan yangi qonunning qabul qilinishi natijasida Tojikistonda to‘y va marosimlarni o‘tkazish tartib-qoidalari belgilandi. Jumladan, xatna to‘yi oila davrasida mol so‘ymasdan, san’atkorsiz o‘tkaziladi. Nikoh to‘yida ikki tomondan 200 kishi va to‘y ziyofati – nikoh kechasiga 150 kishi qatnashadi. To‘ydan oldin va keyin bo‘ladigan barcha marosimlar taqiqlangan. “Kuyovchaqirdi” va “kelin yuz ochdi” bundan mustasno. Sharti: qatnashuvchilar 15 kishidan oshmaydi. Bazm uch soatdan ortiq davom etmaydi. Pul qistirish yoki sochish taqiqlanadi.
Haj va umraga kuzatish va kutib olish faqat oila davrasida o‘tkaziladi. Hoji ziyorati, “hoji chaqirdi”, “hoji oshi” va boshqa ma’rakalar o‘tkazish, hadya berish, hoji yashaydigan mahallani bezatish man etilgan. Axir kim ibodat qilsa o‘zi uchun qiladi, xolis Alloh rizoligini ko‘zlaydi. Uni ko‘z-ko‘z qilishga nima bor? Taniqli o‘zbek shoiri Sadriddin Salim Buxoriy topib aytganiday, “Tamannolar qilursan haj qildim deya, qabul bo‘ldi yo bo‘lmadi, Xudo bilar”.
Yaqin tarixni olsak, jadidlar ham isrof ustiga qurilgan urf-odatlarni qoralagan. To‘y va boshqa marosimlarning taraqqiyotga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidlab, bu sarf-u xarajatlar bolalarning ilm egallashiga tasarruf etilsa, ma’qul emasmi deb kuyungan. Ma’rifatparvar shoir Tavallo quyidagi sartlarni bundan deyarli 110 yil muqaddam yozgan:
Simsiz birovlar so‘ylashib,
millat g‘amini o‘ylashib
yurganda, siz to‘y-to‘ylashib,
hech bir uyolmaysiz hanuz…
So‘zimni ulug‘ ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning bir iqtibosi bilan yakunlamoqchiman: “Iqtisod deb pul va mol kabi ne’matlarning qadrini bilmakni aytilur. Mol qadrini biluvchi kishilar o‘rinsiz yerga bir tiyin sarf qilmas, o‘rni kelganda so‘mni ayamas”.
Ya’ni, eng yaxshi sarmoya – ilmga yo‘naltirilgan sarmoya. Xulosa o‘zingizdan.
O‘rinboy USMON
Tojikiston Respublikasi,
Xo‘jand shahri
“Jadid” gazetasining 2025-yil 27-iyundagi 26-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



