08.07.2025 | 12:38
847
BOQIBEG‘AMGA BAXT BEGONA
Uyg‘onmoq mashaqqati, uyg‘otmoq mas’uliyati haqida spektakl
Yaqinda Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida taniqli yozuvchi Xayriddin Sultonning “Uyg‘on, bolam!” asari asosida ustoz rejissyor Olimjon Salimov tomonidan sahnalashtirilgan spektakl premyerasi bo‘lib o‘tdi. Qarshi shahri shu kuni bamisoli mamlakatning teatr poytaxtiga aylandi. Premyerada viloyatda istiqomat qilayotgan ijodkorlar, professor va o‘qituvchilar, yoshlar, mehnat faxriylari bilan bir qatorda Toshkentdan borgan bir guruh ziyolilar ham qatnashdi.

Kamina ushbu taqdimotga andak xavotir bilan borganimni yashirmayman. Gap shundaki, spektaklning adabiy asosi bo‘lmish hikoyani avvalroq adibning “Ishonch telefoni” qissasida o‘qigan edim. Yaxshi badiiy asarning sahna yoki kino talqini esa har doim ham ko‘ngildagidek chiqavermaydi. Xayriyatki, bu galgi xavotirim asossiz ekan. Biri adabiyotda, ikkinchisi sahna san’atida dovruq qozongan adib va rejissyor tandemi natijasida realistik uslubda yozilgan, rohatlanib o‘qishga mo‘ljallangan nasr namunasi asosida kiroyi tomosha asari yuzaga kelibdi.
Teatr san’atiga xos absurd, fojeiylik, komediya, fars va grotesk elementlari qorishib ketgan “Uyg‘on, bolam!” spektaklida bugungi hayotimizning murakkab, ta’bir joiz bo‘lsa, paradoksal manzaralari ko‘rsatilgan.
Asosiy qahramonlardan tortib, epizodlarda birrov ko‘rinish berib o‘tgan personajlarga qadar – barchasi tomoshabin yodida qoladi. Ko‘p zamondan buyon alomat korxonada biri ikki bo‘lmay ishlab kelayotgan, “ammamning buzog‘i” bo‘lmish Xudoyberdi, uning serialga mukkasidan ketgan noshud-no‘noq xotini Mahmuda, xo‘roz urishtirishga ishqiboz to‘ng‘ich o‘g‘li Shohrux, bekorchixo‘jalik bobida akasiga “dars o‘tadigan” “Sanjay” (ota-onasi mashhur hind aktyoriga cheksiz muhabbati bois uni shu nom bilan ataydi), “oyligi tufligimni yirtib borganimga arzimaydi” deya durustgina ishlarni ham nazar-pisand qilmaydigan arzanda qiz Hilola… Da’vosi osmon bu zoti muboraklar qasr-u koshonada yashasa kerak-da, deb o‘ylasangiz adashasiz. Bu oila “Bir kun ko‘l, o‘n kun cho‘l” qabilida vayrona bir ijara kulbada umrguzaronlik qiladi.
Tayinli daromadi bo‘lmagan oilani kambag‘allik botqog‘idan qanday olib chiqish mumkin? Ana shu muammo yechimiga sho‘ng‘igan bosh qahramon Begmat Rajabovich xitoylik buyuk islohotchi Den Syaopin ko‘rsatmalariga tayanib, ne bir kor-amal, ne bir usul-uslublarni qo‘llamaydi deysiz! Qavm-qarindoshlar yordami bilan Xudoyberdining omonat uyini ta’mirlatadi, gaz, suv, chiroq pulini to‘lab berishdan ham qochmaydi, Shohruxni ichki ishlar sohasiga o‘qishga joylaydi, uy qurish uchun hokimlikdan yer undiradi, imorat solmoq uchun o‘z nomiga kredit oladi. Qadrdonlarini kambag‘allik chohidan chiqarmoq uchun ularning qo‘liga “baliq” emas, “qarmoq” ham berib ko‘radi.
“Uyida chaksa uni yo‘q, tom boshida qo‘sh tandir” deganlaridek, boqibeg‘am oila imorat uchun olingan otning kallasidek kredit pulini yubiley tantanalariga, ko‘chat pulini esa xo‘roz jangiga sarflab yuboradi. “Bovasi” Begmat Rajabovich qo‘llovida militsiya kapitani bo‘lgan Shohruxboy yengiltak ayolga ilakishib jinoyat ko‘chasiga kiradi. Boqibeg‘amga baxt ham begona!..
Alqissa, hojatbaror Begmat Rajabovichning kambag‘allikka qarshi kurashish yo‘lidagi barcha sa’y-harakatlari chippakka chiqadi. Hatto “Xitoy moʻjizasining me’mori” Den Syaopinning “Yer yuzidagi millionlab odamlarni qashshoqlik botqog‘idan xalos etgan olijanob dasturi” ham ish bermaydi deng! Negaki, muallif kinoya ila qayd etganidek, mazkur dasturda “kambag‘alning ammasi to‘y qilsa, kredit pulini to‘yonaga bervorish”, “qirq-ellik yoshda restoranda bazmi jamshid o‘tkazish”, “bo‘g‘zigacha qarzga botsa ham, yuz-yuz ellik kilolab osh tarqatish” hisobga olinmagan-da! Eng asosiysi, zuvalasi tanballikdan olingan, boqibeg‘amlik ila qorilgan er-xotin-u aka-singilda yakrang, nursiz hayotni tark etmoqqa jilla xohish yo‘q.
Hayot haqiqatlarini teran anglagan muallif go‘yo zamonga, zamondoshlariga ko‘zgu tutadi. Mard bo‘lib aytaylik, yon-atrofimizda, mahalla-ko‘y, xesh-aqrabolar orasida spektakl qahramonlari kabi boqibeg‘am, tanbal, osmondan chalpak yog‘ishini kutib o‘tirganlar yo‘qmi?
So‘nggi yillarda mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholini ishli qilish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida keng qamrovli choralar ko‘rilmoqda va ular ijobiy natijasini bermoqda. Afsuski, yurtdoshlarimiz orasida bunday ko‘mag-u yordamni suiiste’mol qilayotgan, to‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib, boqimandalikni kasbga aylantirayotganlar ham uchrayotir. Nazarimizda, muallif goh achchiq kinoya va istehzo, goh beg‘ubor hazil-huzul orqali jamiyat e’tiborini ana shu norasolikka qaratmoqni ham ko‘zlagan.
Spektaklda er-xotin rolini o‘ynagan aktyorlar Sherali Shoniyozov hamda Mohichehra Abdurahmonovaning ijrosini alohida ta’kidlash lozim. Aktyor bosh qahramon Xudoyberdining oriyat-u hamiyatni allaqachon unutganini xatti-harakatlar, gap-so‘zlar orqali ta’sirli tarzda ko‘rsatib bergan. Kun-uzzukun qo‘ni-qo‘shni bilan keraksiz mavzularda valaqlashadigan Mahmuda obrazi ham ishonarli talqin etilgan. “Olmaning tagiga olma tushishi” ma’lum – loqayd, beg‘am ota-ona tarbiyasini olgan bolalar ham o‘z hayotiga o‘zi egalik qilolmaydi.
Tomosha asnosida ko‘hna bir rivoyat yodimga tushdi. Aytadilarki, shoh Anushervoni odil zamonida halol mehnat ortidan kun kechirmoq sharafidan voz kechishga tayyor bo‘lgan tekintomoqlarga ham muruvvat ko‘rsatilibdi. Jarchilar ishga bo‘yni yer bermaydigan mardum poytaxtga kelib, shoh qasri ro‘parasida manzil tutishi mumkinligi, ularga tekin taom ulashilishi haqida ovoza tarqatibdi. Butun boshli mamlakatdan o‘n yetti tanbal yig‘ilib kelibdi. Oralaridan har kuni bir kishi tekin ovqatni olib kelishi uchun navbat belgilashibdi. Ammo shu ondanoq janjal, ur-to‘polon boshlanibdi – birortasi navbatchilikni boshlab berishni istamasmish…
Qissadan hissa shuki, hamma zamonda ham boqibeg‘amlik, tekintomoqlikni kasb etgan toifa mavjud edi.
Qayd etmoq joizki, dunyoning qiyl-u qoliga mahliyo bugungi tomoshabinni “ibratxona”ga olib bormoq oson emas. Zamonaviy tomoshabin avvalgidek sodda emas. U barmoqlarini smartfon ekraniga qo‘ygancha, kurrayi arz pulsidan voqif bo‘lib o‘tiribdi. Ayni chog‘da, zamonaviy tomoshabin sabr atalmish ne’matdan bebahra. Uni hayratga solish, ikki soat mobaynida o‘rindiqqa mixlash uchun teatr ijodkorlari favqulodda tajribalarga qo‘l urmog‘i lozim bo‘ladi. “Uyg‘on, bolam!” ijodkorlari bu vazifani uddalaganiga san’at saroyida yig‘ilgan turli yosh, turfa xil kasb-kordagi zamondoshlarimizning tomosha asnosidagi hayrat-u hasrat qorishib ketgan nigohlari shohidlik beradi.
Ulug‘ ma’rifatparvar shoir Cho‘lpon “Millatni uyg‘otish – uyg‘onganlarning vazifasi”, degan edi. Spektakl davomida ham uyg‘onish so‘zi bot-bot yangraydi. Nazarimizda, muallif boqibeg‘am bir oilaning fojiasini ko‘rsatish orqali g‘aflat uyqusida yotgan yurtdoshlarimizni uyg‘otmoqni ko‘zlaydi. Bamisoli “Bugun mudrash, uyqusirash, pinakka ketish emas, balki bedorlik zamoni, yurt ravnaqi yo‘lida belni mahkam bog‘lamoq zamoni, yaratmoq, yashnatmoq zamoni!” deya bong uradi. Asar bosh qahramoni tilidan yangraydigan “To bir qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha, Alloh ularning holini o‘zgartirmas” (“Ra’d” surasi, 11-oyat) degan ilohiy eslatma ham spektakldan ko‘zlangan maqsad-muddao naqadar cho‘ng, naqadar ulkan ekanini tasdiqlaydi.
Teatr san’atimizning atoqli namoyandasi rahmatli Bahodir Yo‘ldosh sahna san’atining asosiy vazifalaridan biri insonning “uchinchi” ko‘zi – basirat nigohini ochish ekanini ta’kidlagan edi. Mazkur sahna asari muallifi ham qahramonlarining basirat ko‘zi ochilishini orzu qiladi. Demak, bu o‘rinda gap shunchaki uyqudan turish haqida emas, balki chinakam ma’naviy uyg‘oqlik haqida ketmoqda.
Bosh qahramon Begmat Rajabovichning spektakl mobaynida tepsa-tebranmas qarindoshlarini goh foydali kasb-kor egallash, goh puxta bilim olishga chorlashi bejiz emas. Zero, boqibeg‘amlik, tekintomoqlik kabi illatlarga aynan foydali mehnat va durust ta’lim-tarbiya vositasida chek qo‘yish mumkin.
Ma’naviy qashshoqlikni bartaraf etmaguncha moddiy farovonlikka erishib bo‘lmaydi. Obodlik ko‘ngil obodligidan boshlanadi. Spektaklda ana shu hayotiy haqiqatlar ham badiiy yo‘sinda namoyish etilgan.
Muallif umidsizlikka tushmaydi, balki nekbinlikni ma’qul ko‘radi. “Kambag‘allikka qarshi kurashish” dasturiga mos ravishda tayyorlangan sahna dekoratsiyasini yodga olsak. Bir-biridan farq qilmaydigan egizak derazalar qorong‘ilikda go‘yo mudramoqda. Ne baxtki, o‘nlab derazadan uch-to‘rttasida chiroq yonib turibdi. Bu – umid nuri, ishonch yog‘dusi. Demak, hamma ham toshdek qotib uxlamayapti. Bedorlar bor, uyg‘oqlar bor! Ular esa, shubhasiz, mudroqlarni uyg‘otgusi!
“Hammasi tugadi, tugadi axir,
Parda tushirildi, tomosha tamom.
Biroq sahna uzra hal bo‘lgan taqdir
Mening yuragimda qilmoqda davom”,
– deb yozgan edi shoir Rauf Parfi. “Uyg‘on, bolam!” asari ham ko‘pchilikka ana shunday ta’sir ko‘rsatdi. Spektakl xotimasida an’anaga ko‘ra ijodkorlar sahnaga chiqishdi. Mutaassir tomoshabin ijodkorlarni samimiy olqishlarga ko‘mdi. Spektakl voqealari teatr sahnasidan endi ko‘ngil sahnalariga ko‘chdi…
Olimjon DAVLATOV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 4-iyuldagi 27-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



