17.07.2025 | 09:19
1117
YANGI O‘ZBEKISTONGA XOS YANGICHA MUHTASHAM “DEVON”
O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Yarim asr devoni” nomli bir jildlik salmoqli kitobi yaqinda Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida yuksak did va nafosat bilan nashr etildi.

Kitobning nomlanishi haqida
Kitobda shoirning roppa-rosa 50 yil davomida bitgan she’rlaridan boy namunalar jamlangan. Muhimi, el-yurtimiz tarixi, qismati dardini kuylashni o‘zi uchun farz va qarz deb bilgan hassos shoir Sirojiddin Sayyidning ona xalqimiz og‘ir, sinovli kunlarda chekkan zahmat-u mehnatlariga, anduh va iztiroblariga hamdard bo‘lib yozgan o‘tli nazm namunalaridan toki yangi zamon ruhi keng ko‘lamda o‘z ifodasini topgan manzumalarigacha – sara asarlari ham yagona muqova qatida o‘z mujassamini topibdi. Bu, albatta, g‘oyat manzur ijodiy yondashuv va har tomonlama maqbul yechim.
Sirojiddin Sayyid qalamiga mansub “Devon”da she’rlar xronologik tartibda joylashtirilgan va bu muhim jihat bizga Alisher Navoiy hazratlarining “Chor devon”iga tartib berishini eslatdi.
Kitobning muxtasar kirish so‘zida qayd etilganidek, “Ko‘hna Sharqda “Devon” tuzishning qat’iy mezonlari va mukammal qoidalari bo‘lgan. “Devon sohibi” degan nomga sazovorlik shoir ijodiy salohiyatini belgilovchi munosib rutbalardan sanalgan. Bugun yangi zamonda yashayapmiz. Tabiiyki, bizning davrimizda “Devon” tuzishda mumtoz she’riyatimizdagi kabi arab alifbosiga qat’iy rioya qilingan talablarni qo‘yib bo‘lmaydi”.
“Devon” tuzishning yangi mezonlari
Bugungi davr shoiri oldiga “Devon” aruz vaznidagi she’rlardan tarkib topishi va unga arab alifbosi asosida tartib berilishi kerak, degan an’anaviy talabni qo‘ya olmasligimiz tabiiy hol. Chunki, birinchidan, zamonaviy o‘zbek she’riyatida aruz vazni ustuvorlik qilmasligi, ikkinchidan, arab alifbosidan anchayin uzoqlashib ketganimiz tufayli bunday yondashuv hozirgi davr “talablari”ga javob bermaydi.
Buning o‘rniga, fikrimizcha, “XXI asr shoiri “Devon” tuzish an’anasini qanday novatorlik yondashuvlari bilan boyitdi?” degan mantiqan asosli savolga javob izlagan ma’qul. Shu nuqtayi nazardan:
birinchidan, “Yarim asr devoni” faqat aruzdagi nazm namunalaridangina iborat emas va ayni shu voqelikning o‘zi “Devon” tuzish an’anasini yangi davr bilan chambarchas bog‘lab turibdi. Yangicha “Devon”dan barmoq vaznida bitilgan lirik va publitsistik she’rlar, so‘z mulkining barhayot darg‘alari lirik asarlariga tazmin va tatabbular ham o‘rin olgan;
ikkinchidan, Sirojiddin Sayyid o‘z “Devon”iga turli yillarda bitilgan dostonlar va dostonlardan parchalarni ham kiritganki, bunga qadar “Devon” tuzish an’anasida bunday yondashuv kuzatilmagan;
uchinchidan, “Yarim asr devoni” sahifalarida Loyiq Sherali, Andrey Voznesenskiy kabi shoirlar she’rlarining Sirojiddin Sayyid tarjimasidagi o‘zbekcha matnlarini mazza qilib o‘qish mumkin. “Devon” tuzish an’anasida tarjima asarlarni berish tajribasi ham uchramaydi.
Biz, albatta, O‘rta asrlarga xos “Devon” tuzish an’anasi mezonlari haqida fikr yurityapmiz. XX asrda ushbu an’ana Habibiy, Chustiy, Sobir Abdulla kabi “Devon” tuzgan shoirlarimiz tomonidan yangilangan. Ularning “Devon”larida g‘azallar hozirgi o‘zbek alifbosi tartibida joylashtirilgan.
“Devon”ning tarkibi: fasllar talqini
“Yarim asr devoni” bir necha fasldan tashkil topgan. Xususan, “Mening eng munavvar, go‘zal tonglarim” fasli – 1974–1983-yillarga oid she’rlarni o‘zida qamragan.
Bu fasl, umuman, “Devon”ning o‘zi ham ilk havaskorona bitiklardan boshlanadi. Dastlabki she’r 1974-yilga mansub. U “Vatan mehri” deya nomlangan bo‘lib, mana bu ko‘tarinki misralar bilan yakunlangan:
Yolg‘iz istak qalbda hukmron,
Vatan mehri tark etmasa bas.
Muqoyasa uchun “Devon”ning yakuniy faslidagi 2024-yilda bitilgan “Vatan bag‘rida bo‘l bedor” sarlavhali she’rdan bir band keltiramiz:
Qolib ketguvchilar bisyor,
nolib ketguvchilar bisyor,
Ulardan bo‘lmagil zinhor,
Vatan hech qayga ketgan yo‘q.
Har ikki she’rda ham Vatanga mehr va sadoqat tuyg‘ulari tarannum etilgan. Ammo ilk bitik bilan bugungi nazmiy nafas oralig‘ida ellik yilda yuz bergan yer-u osmon qadar farqni – ijodiy yuksalishni osongina ilg‘ash mumkin.
Ushbu fasldan joy olgan she’rlar yosh Sirojiddinning shoir sifatida izchil shakllanishi bosqichlarini namoyon etadi. Uning birinchi she’ri “Orzu” sarlavhasi ostida 1975-yilda chop etilgan bo‘lsa, ilk she’riy to‘plami “Ruhim xaritasi” nomi bilan 1985-yilda nashrdan chiqqan.
Keyingi fasl – “Onajon, bu olam bunchalar cheksiz!” deb nomlangan bo‘lib, 1984–1991-yillardagi she’rlarni o‘z ichiga oladi. Bu davrga kelib Sirojiddin Sayyid she’riyat shaydolariga yaxshigina tanish bo‘lib ulgurgandi. Chunki uning “Salqin xarsanglar kaftida”, “Sevgi mamlakati”, “Asragil” kabi she’riy kitoblari ketma-ket nashr etilgan va muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgandi. Bu fasldagi sof lirik tuyg‘ular ifodalangan yetuk she’rlar “Devon”ga o‘zgacha ruh bag‘ishlab turibdi.
Ayni fasl o‘zida qamragan yetti yillik ijodiy davrning yana bir o‘ziga xos samarasi – 1990-yili hassos rus shoiri Andrey Voznesenskiy qalamiga mansub turkum she’rlar, dostonlar va nasriy asarlar Sirojiddin Sayyid tarjimasida – “Mangu rizq” nomli kitob shaklida nashr etilganidir. Natijada, yurtimiz kitobxonlari jahon she’riyatida yorqin iz qoldirgan Andrey Voznesenskiy fenomenini uning o‘zbek tiliga o‘girilgan asarlari orqali kashf etdilar.
Navbatdagi fasl “Yaxshilik eskirmagay” deb atalgan va 1992-1993-yillardagi she’rlarni o‘zida mujassam etgan. Atigi ikki yillik ijodiy faoliyatga bag‘ishlangan ayni davr ham barakali bo‘lganini qayd etish lozim. Muhimi, shu yillarda shoir o‘zining mashhur “Qirq hadis” turkum she’rlarini va “Falak aylanadi” nomli to‘rtliklar jamlanmasini yozdi.
Yana bir fasl – “Vatan desam ko‘zimda yosh, yuzimda yosh” – 1994–2003-yillarga mansub she’rlardan iborat. Bu fasldagi she’rlar shoirning ilgari nashr etilgan “Kuydim”, “Uyingdagi beshiklar”, “Vatanni o‘rganish”, “Egasi bor yurt”, “Vatan abadiy”, “Ustimizdan o‘tgan oylar” kabi she’riy kitoblari orqali muxlislarga yaxshi tanish.
O‘z navbatida, “Sen – mangu xalqdirsan, rizq-ro‘zi halol” degan faslda 2004–2013-yillarda bitilgan she’rlar jamlangan. Bu davrda shoirning “Ko‘ksimdagi zangorlarim”, “Ko‘ngil sohili”, “Qaldirg‘ochlarga ber ayvonlaringni”, “Dil fasli”, “Yashasin yomg‘irlar” kabi she’riy to‘plamlari, “So‘z yo‘li” nomli ikki jildlik tanlangan asarlari, “Yuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur…” dostoni va o‘zida she’rlar, badiiy-publitsistik maqolalar, suhbatlar va badialarni jamlagan “Bug‘doybo‘y Vatan” kitobi muxlislar qo‘liga yetib bordi.
Nihoyat “Millat baxtin so‘rar millat otasi” faslidagi she’rlar 2014-2024-yillarga mansubdir. Ana shu o‘n yillik ijodiy yuksalish davrida shoirning qariyb 20 ta kitobi nashrdan chiqdi.
Shuningdek, 2018-2019-yillarda Sirojiddin Sayyidning to‘rt jildlik “Asarlar” to‘plami hamda she’rlar, dostonlar va tarjimalar, suhbat hamda maqolalardan iborat “Ochil, ey gul, ki bo‘ston vaqti bo‘ldi” va boshqa kitoblari nashr etildi.
Aslida ham, “Yarim asr devoni” – tom ma’nodagi Xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning ellik yillik hayrat va muhabbat yo‘li. Shu ma’noda, bir tomondan, ayni muhtasham “Devon” shoirning Vatanimiz, xalqimiz, millatimiz oldidagi o‘ziga xos ijodiy sarhisobi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, adabiyot va ma’rifat ahliga munosib nazmiy tuhfasi hamdir.
Yangi O‘zbekiston sharaflangan she’riyat
Asrlar mobaynida ajdodlarimiz she’riyatni nafaqat so‘zdan badiiy zavq olish manbayi, balki turli bilimlarni odamlar ong-u shuuriga eng maqbul tarzda yetkazishning qulay vositasi ham, deb bilganlar. Jumladan, olis asrlarda Abu Ali ibn Sino hazratlari xastaliklardan saqlanish va ularni davolash yo‘llari, turli malham-u giyohlarning shifobaxsh xususiyatlarini she’riy uslubda bayon etganlar. Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg‘oniy, Zangi ota Himmatiy singari aziz-avliyolarimiz muqaddas dinimiz arkonlari va tasavvuf tariqatlari mazmun-mohiyatini teran anglatish uchun ta’sirchan she’rlar bitganlar.
Ya’ni, she’riyat muayyan ijtimoiy-falsafiy va ma’naviy-huquqiy vazifalarni ham azaldan uddalab kelmoqda. Mazkur “Devon”dan ko‘plab ijtimoiy mavzudagi she’rlar ham joy olgan.
Bu o‘rinda shoirning el-yurtimiz hayotida muntazam yuz berib turadigan turli yorqin voqealarga bag‘ishlangan she’rlari haqida so‘z bormoqda.
Shoir sport, qurilish va bunyodkorlik, qishloq va suv xo‘jaligi, sanoat va harbiy soha, madaniyat va san’at – hayotimizning barcha soha va tarmoqlaridagi har bitta yarq etgan muvaffaqiyatni alohida she’r bitib ulug‘laydi. Bunday yondashuv, ta’bir joiz bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonda erishilayotgan zafarli odimlarni she’riy uslubda sharaflash ekani bilan alohida e’tirofga loyiqdir.
Muxtasar aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “She’riyatga oshno bo‘lgan inson aslo kam bo‘lmaydi”. Shu ma’noda, kitobxon va she’rsevar xalqimizga muhtasham “Yarim asr devoni”ni taqdim etib, bizni she’riyat olamiga yana bir bor oshno etgani uchun O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, senator Sirojiddin Sayyidga tashakkur bildiramiz va ijodiga yangi ilhom-u parvozlar tilab qolamiz.
Akmal SAIDOV,
akademik
“Jadid” gazetasining 2025-yil 11-iyuldagi 28-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



