18.03.2025 | 12:40
1555
“ILK DEVON”NI KIM TUZGAN?
Buyuk shoir va mutafakkir, taniqli davlat arbobi Alisher Navoiyning hayoti va ijodini o‘rganish adabiyotshunosligimizning doimo asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan. Keyingi yillarda chop etilayotgan tadqiqot va maqolalarda esa aniqlikka intilish, ilmiy muammoni mantiqiy shakllantirish hamda yoritilajak masalani imkon qadar butun murakkabligi bilan to‘liq qamrab olish ustunlik qilmoqda va bu quvonarli hol. Navoiyshunos Olimjon Davlatovning “Jadid” gazetasining shu yil 1-yanvar sonida chop etilgan “Xun evaziga keltirilgan qo‘lyozma” maqolasi mana shunday chiqishlardan biri sanaladi. Biz unda keltirilgan ba’zi fakt va talqinlar yuzasidan o‘z mulohazalarimizni bildirib o‘tishni lozim topdik.

Maqolaning mavzusi navoiyshunoslikda shartli ravishda “Ilk devon” nomini olgan mashhur xattot Sultonali Mashhadiy tomonidan 1465-yili ko‘chirilgan noyob qo‘lyozma xususida bo‘lib, muallif mazkur manbani Sultonali ko‘chirganini shubha ostiga oladi hamda qator dalillarni keltiradi. Albatta, vaqt o‘tgach, avval bajarilgan ishlarga tanqidiy nazar tashlash, falsafiy idrok etish, yangi aniqlangan faktlar hamda bilimlar majmuiga tayangan, suyangan holda fikr-mulohaza yuritish har qanday fan yo‘nalishiga xos bo‘lib, navoiyshunoslik ham bundan istisno emas.
Muallifning fikricha, shoirning yoshlik davriga mansub (bu fakt navoiyshunoslikda ko‘p marotaba e’tirof etilgan) besh g‘azaldan faqat bittasigina “Ilk devon”dan joy olgan.
Olimjon Davlatov mulohazalarini devon qator imloviy xatolar bilan ko‘chirilgan, deya davom ettirib, Navoiy xattot Sultonali Mashhadiy faoliyatini yuksak baholab “qit’alarining birida Sultonalining qalami taqdir qalamidek xatosiz yozadi” degan ta’rifiga asoslangan holda shunday yozadi: “Bu esa u (ya’ni devon) Sultonali Mashhadiy tomonidan kitobat qilingani haqidagi fikrning haqiqiy ekanligiga shubha soyasini soladi”.
Biz o‘z davrida yuksak xattotlik san’ati namunasi sifatida ko‘chirilgan bir necha noyob qo‘lyozmalar uchun Sultonali Mashhadiydan har qancha minnatdor bo‘lsak arziydi. Bu qo‘lyozmalar butun dunyoda temuriylar davri xattotlik san’atining go‘zal, nodir namunalari sifatida e’tibor qozongan va e’tirof qilinadi. Kotib ko‘chirgan bu noyob qo‘lyozmalarning aksariyati ilmiy-tanqidiy matn tuzish uchun manba bo‘lgan. Biroq imlo qoidalari unifikatsiya qilinmagan, adabiy me’yor (norma) aniq belgilanmagan davrda, sharoitda ish ko‘rgan har qanday kotib, tabiiyki, ba’zi bir imloviy xatolarga yo‘l qo‘yadi. Bu holat nafaqat Sharq kitobat madaniyati uchun xos, balki o‘z tarixiy taraqqiyotida qo‘lyozma kitoblar bosqichini bosib o‘tgan boshqa xalqlarga ham birdek tegishlidir. Bundan tashqari, yozma yodgorlik haqida muhim ma’lumot beruvchi, aytish mumkinki, asarning pasporti so‘nggi sahifasi – kolofon hisoblanadi. Kolofonda esa Sultonali Mashhadiy o‘z ism-sharifini hamda ko‘chirilgan sanani 1465-yil deb (biz kolofon masalasiga yana qaytamiz) aniq qayd etgan.
Boshqa tarafdan, shoirning yoshlik yillarida yozilgan besh g‘azaldan faqatgina bittasining “Ilk devon”dan joy olishi bu – devon tartib berayotgan yoxud uni buyurtma qilgan kishining xohish-irodasi yoki estetik didi bilan bog‘liqdir. Yana bir jihati, o‘rta asrlar sharoitida muallif tomonidan yozilgan asarning yozma shaklda qayd etilishi bugungidan butunlay farqlangan. Sultonali tomonidan ko‘chirilgan mazkur devon esa xronologik shartli ravishda “Ilk devon” deb nomlansa-da, aslida terma devondir. Navoiyshunoslikda shoir devonlari manbashunoslik, adabiyotshunoslik aspektida bir qadar tadqiq etilgan bo‘lishiga qaramay, terma devonlar maxsus tadqiqot obyekti bo‘lganicha yo‘q. Ushbu terma devonlarning mazmun-mundarijasi qanday estetik prinsip asosida saralab olinganligi, qaysi mavzudagi she’rlarning yetakchilik qilishini (ishqiy yoxud irfoniy) aniqlash hamda makon va zamon kesimida tadqiq etish, muayyan davr adabiy jarayonida tutgan mavqeyini belgilash hozircha ochilmagan qo‘riq bo‘lib turibdi. Eslatib o‘tamiz, ayni muammolarni tarixiy-funksional metod (boshqa metodlar bilan uyg‘un holda) o‘rganadi. Lekin hozir gap bu haqda emas.
Butun umrini shoir qo‘lyozmalari ichida o‘tkazgan, mashhur kotibning xat uslubini yaxshi bilgan taniqli matnshunos Porso Shamsiyev “Sab’ayi sayyor”ning tanqidiy matniga yozgan so‘zboshida ishga jalb etilgan manbalarga ilmiy tavsif bera turib, Sultonali ko‘chirgan qo‘lyozma yuzasidan shunday yozadi: “Ma’lumki, kotib biror asarni ko‘chirganda, ilmiy saviyasi har qancha tuzuk va o‘zi ehtiyotkor bo‘lishiga qaramay, ko‘pincha xatning shakliga, texnikasiga diqqat qilib, mexanik ravishda xatolarga yo‘l qo‘yib yuborishi mumkin. Bu jihatdan, Sultonali Abduljamilga nisbatan, hatto M nusxa kotibiga (M – “Xamsa”ning 1571-yili ko‘chirilgan nusxasi – A.E.) nisbatan ham ko‘proq xato qiladi. Bu kishida so‘zdagi ayrim harflarni tushirib qoldirish ko‘p takrorlanadigan hodisalardan hisoblanadi”. (P.Shamsiyev “Sab’ayi sayyor” ilmiy-kritik tekst.T,.1956. 10-b.)
Qo‘shimcha dalil sifatida yana shuni aytish mumkinki, Sultonali tarafidan Navoiyning hijriy 898/milodiy 1492-1493-yillarda ko‘chirilgan yana bir terma devoni (O‘zR FA ShI fondi, №790) va hijriy 890/milodiy 1485-yili ko‘chirilgan Hofiz devonini (O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi fondi, №85) “Ilk devon” bilan chog‘ishtirganda xat uslubi, matnning joylashuvi, harflarning yozilishi har ikki yodgorlikning kotibi bir kishi ekanligini yaqqol ko‘rsatadi. Shuningdek, terma devonda (№790) ayrim so‘zlarning tushib qolishi, imloviy xatolar ham mavjud. (Biz ayni nuqtaga diqqatimizni qaratgan va bu borada o‘zining samimiy, beg‘araz yordamini ayamagan manbashunos Otabek Jo‘raboyevdan minnatdormiz).
Alisher Navoiyning Sultonaliga bergan bahosini esa uning xattotlik mahoratiga bo‘lgan yuksak hurmati hamda e’tirofi sifatida qabul qilsak tarixan va mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Maqola muallifi “Ilk devon”dan joy olgan quyidagi satrlarni tilga oladi:
Muvofiq kiydilar,
bo‘lmish magar Navro‘z ila bayram,
Chaman sarvi yoshil xil’at,
mening sarvi ravonim ham.
Uningcha, mazkur g‘azal shoirning yoshlik davriga mansub emas va matnda shunga ishora mavjud: “Matla’dan Navro‘z bilan hayit bir kunga to‘g‘ri kelgani hamda bog‘dagi sarv kabi yorining ayyom munosabati bilan yashil kiygani shoirga cheksiz ilhom va quvonch bag‘ishlagani anglashiladi. Milodiy 1471 (hijriy 875)-yili Navro‘z bilan Ramazon hayiti bir kunga to‘g‘ri kelganini hisobga olsak, bu g‘azal ham shoirning o‘rta yosh davri lirikasiga mansubligi ma’lum bo‘ladi”. Birinchidan, muayyan g‘azalning tahlili badiiy kontekstdagina to‘liq ochiladi. Gʻazaldagi mavzu “bog‘dagi sarv kabi yorining ayyom munosabati bilan yashil kiygani shoirga cheksiz ilhom va quvonch bag‘ishlagani” bo‘lib, bu ijodiy niyat baytma-bayt izchil ifodalangan. Ikkinchidan, matla’dagi “bayram” so‘zi ikkinchi misradagi “ham” so‘ziga nisbatan qofiya talabi bilan qo‘llangandir. Bundan tashqari, shoirning yoshlik davriga mansub she’rlarini maxsus tadqiq etgan taniqli navoiyshunos Yoqubjon Is’hoqov ayrim g‘azallarning ma’lum voqea munosabati bilan yozilganini chiroyli isbotlab bergan. Masalan, quyidagi g‘azal bunga yorqin misoldir:
Sarvinozim, yo‘q ajab,
gar ro‘zadin topmish malol –
Kim, suv ichmasdin topar bar
mujdalig‘ nozik nihol.
Olimning aniqlashicha, 1456–1460-yillarda ro‘za yoz oylariga to‘g‘ri kelgan va u Jomiyning shu mavzuga doir g‘azali bilan izchil chog‘ishtirib shunday yozadi: “Har holda, bu g‘azal ro‘zaning issiq kunlarida yozilgani aniq. …Shuning uchun ham Navoiyning g‘azali turmushga yaqin turadi, hayot bilan bevosita bog‘lanish unga ma’lum darajada konkretlilik va jon baxsh etgan”. (Y.Is’hoqov. Alisher Navoiyning ilk lirikasi. T. 1965. 38-39-betlar) Muhtaram ustoz daqiq tahlillar orqali “Ilk devon”dan joy olgan talaygina she’rlarni shoirning yoshlik yillariga mansubligi, ularning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini hamda yosh ijodkorning adabiy an’anaga nisbatan ijodiy munosabatini rad etib bo‘lmas dalillar bilan ko‘rsatib bergan.
Maqola muallifi Olimjon Davlatovning dalillaridan yana biri shuki, u “Ilk devon”dan joy olgan “Har gadokim, bo‘ryoyi faqr erur kisvat anga” deb boshlanuvchi g‘azaldagi “shohi Gʻoziy” sifati Sulton Husayn Boyqaroga nisbatan qo‘llangan degan fikrga asoslanib shunday yozadi: “Tarixdan ma’lumki, shohi Gʻoziy – Husayn Boyqaro 1469-yili saltanat taxtiga o‘tirgan. Demak, g‘azal 1469-yildan keyin yozilgan. Bundan “Ilk devon” qo‘lyozmasi ham kolofonida qayd etilgani kabi hijriy 870, milodiy 1465-1466-yili emas, balki keyingi davrda ko‘chirilgani ayonlashadi”. Birinchidan, tarixiy manbalarda bu epitet aynan 1469-yildan so‘ng Sulton Husayn Boyqaroga nisbat berilgani xususida dalil uchramaydi. Ikkinchidan, Husayn Boyqaro harbiy harakatlarni, mulkgirlik siyosatini Abulqosim Bobur vafotidan (1457-yil) so‘ng boshlagan hamda 1469-yilga dovur dastlab Marv shahrini, 1458-yili esa Astrobod viloyatini zabt etgan va Xorazmning ayrim yerlarini qo‘lga kiritgan edi. Bundan tashqari, Xondamir hukmdorni “xoqoni Mansur” deb alqasa, Navoiy “Sohibqiron” deya ulug‘laydi. O‘ylashimizcha, yuqoridagi dalil “Ilk devon”ning ko‘chirilish sanasini rad etish uchun yetarli emas. Gʻazalning mazmun-mohiyatiga kelsak, domlayi kalon Yoqubjon Is’hoqovning baytma-bayt atroflicha talqini quyidagicha: “Bu g‘azalning har bir bayti yosh Navoiyning naqshbandiylik mazhabining (o‘z davridagi, albatta) mohiyatini tushunib yetganligi va o‘zi ham ana shu pozitsiyada turib, uning muhim g‘oyalarini she’riy yo‘l bilan targ‘ib va tashviq qilganligini yaqqol ko‘rsatib turibdi”. (O‘sha kitob 63-bet). Ushbu mulohazalar bugun navoiyshunoslikda bir qadar formallashib qolgan “Navoiy 1476-yili Jomiyga qo‘l berib naqshbandiylik sulukiga kirgan” degan qarashni tubdan qayta ko‘rishni taqozo etadi.
Olimjon Davlatov mazkur devonning faksimile nusxasining nashri yuzasidan yozadi: “Bu holatni murakkab davr va hukmron mafkura bilan bog‘liq ravishda talqin qilish, anglash to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki Navoiyning nafis qo‘lyozmalari, shohona bezakli kulliyotlari bo‘lsa-da, ularning faksimile nusxasini chop etishga sovetlarning na mablag‘i, na rag‘bati bor edi. Shoir qo‘lyozmasini “shaklan milliy, mazmunan sotsialistik” qolipga tushirmoq uchun Griboyedov xuni evaziga keltirilgan qo‘lyozmani “Eron va Rossiya urushining oldini olgan asar” sifatida talqin etish hukmron partiya siyosatiga mos kelardi. Shu sabab Hamid Sulaymon Navoiyning barcha nusxalaridan aynan shunisini tanlagan bo‘lsa ajab emas”. Albatta, mafkuraviy yakkahokimlik oqibatida ulug‘ shoir merosini (irfoniy-diniy asarlarini ayniqsa) to‘liq, xolis, obyektiv o‘rganishning iloji bo‘lmadi. Bugun esa bosib o‘tilgan yo‘lni tanqidiy va falsafiy idrok etgan holda yanada ilgarilash uchun barcha imkoniyat bor. Noyob qo‘lyozmaning nashri yuzasidan ko‘zlangan maqsad borasida esa ustoz Hamid Sulaymonga quloq tutamiz: “Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyining keng ko‘lamda olib borayotgan ishlaridan biri Navoiy asarlarining tanqidiy teksti va akademik nashriga asos bo‘ladigan, eng qadimiy va eng moʻtabar qo‘lyozmalar seriyasini faksimile shaklida nashr qilishdir. Navoiyning o‘z qo‘li bilan yozilgan biror bir avtografi hozirgacha fan olamiga ma’lum bo‘lmaganidan shoir qo‘lyozmalarining faksimile nashrlari fan uchun favqulodda ahamiyatga egaligi shubhasiz”. Ayni maqsadda “O‘zbek adabiyoti qo‘lyozma yodgorliklarining faksimile nashri seriyasi” tashkil etilgan, “Ilk devon” (1968-yil) ushbu seriyaning dastlabki nashridir. Bugungi kunda Adabiyot muzeyi jamoasi ustoz boshlab bergan ezgu an’anani izchil davom ettirmoqda.
Kezi kelganda bir jihatni ham aytib o‘tishni joiz deb bilamiz. Hamid Sulaymonning o‘tgan asrning 60-yillari shoir lirik merosiga doir rus tilida yozilgan fundamental tadqiqoti – doktorlik dissertatsiyasini o‘zbek tiliga tarjima qilib, zarur ilmiy izoh, sharhlar bilan ta’minlab chop etish bugungi kunda Navoiyning yangi aniqlangan devonlari tevaragida sodir bo‘layotgan o‘rinsiz hayajonlarni bartaraf etib, ko‘plab chigal nuqtalarni oydinlashtirishi mumkin.
“Ilk devon” bilan bog‘liq muammoning qiziq bir jihati asarning kolofonida aks etgan bo‘lib, navoiyshunoslikda bunga diqqatni qaratgan Porso Shamsiyev bo‘ladi: “Demak, “Devon” ko‘chirilgan (yoki tuzilgan) vaqtda kotib ham, Navoiy ham yigitlik chog‘ida bo‘lganlar. Shunday ekan, kolofonda yozilgan “fi ayyomi ish-shayb” iborasini qanday tushunmak kerak? “Qarilik kunlarida” ma’nosini bildiruvchi bu arabcha iborani kotib kolofonda o‘z nomining ortidan ko‘chirish tarixiga (870–1465-yil) tirkab qo‘ygan. Gap shundaki, tarix yoshlik davriga ochiq ishora qiladi, zikr etilgan ibora esa, qarilikni bildiradi. Biz ilgari bu iborani “bahor oylarida” deb noto‘g‘ri ma’no berib, masalani silliqlab qo‘ya qolgan ekanmiz. Aslida bunday emas ekan. Balki kotib, “fi ayyomish-shito” (“qish kunlarida”) demoqchi bo‘lib yanglishib ketganmikin? Yoki yozilgan tarixda (870) chalkashlik bormikin?” (“Navoiy va adabiy ta’sir masalalari”.T., 1968. 305-306-betlar).
Xulosa qilib aytganda, “Ilk devon”ning tartib sanasi bilan aloqador muammolar xususida so‘z yuritganda yoki salaflar tomonidan bajarilgan ishlarga baho berganda tarixiylik prinsipiga tayanib, tanqidiy idrok etib, yangi bilimlar majmuiga suyanib, mulohaza qilish maqsadga muvofiqdir.
Abdurasul ESHONBOBOYEV,
Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi ilmiy xodimi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-martdagi 11-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



