17.07.2025 | 12:39
1360
AVLONIYNING GULISTONI
Ulug‘ ma’rifatparvar adib Abdulla Avloniyning nevarasi, kimyo fanlari nomzodi, falsafa doktori, polimerlar va nanotexnologiyalar kimyosi bo‘yicha muhandis Jamshid Avloniy uzoq yillar AQSHda yashab, nufuzli kompaniyalarda rahbar lavozimida faoliyat olib borgan. Bugungi kunda esa, olim bobosi nomi bilan atalgan malaka oshirish instituti bilan hamkorlikda mamlakatimizga ilg‘or texnologiyalarning kirib kelishida o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Jamshid Avloniy 1956-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1991-yildan boshlab, AQSHda kimyo yo‘nalishida faoliyat olib borgan. 2015-yildan 2017-yilgacha Son Tech LLC kompaniyasi direktori lavozimida ishlagan.

Bugungi kunda Jamshid Avloniy bobosining boy ilmiy, adabiy va ma’rifiy faoliyatini targ‘ib qilish, asarlarini qayta nashr etish va yosh avlodga yetkazish borasida bir qator xayrli ishlarga bosh bo‘lmoqda. Bu esa, oltin silsila davrlar osha uzviy barqarordir, ma’rifat shajarining poydor ildizlarida hayot suvi yugurib, surx navdalar kurtak otmoqda demakdir.
Jamshid Avloniy bobosini xotirlab shunday deydi:
– Men Abdulla Avloniyning Kenja ismli o‘g‘illarining o‘g‘li bo‘laman, demak, nevaraman. Dadamning aytishicha, rahmatli bobom ko‘proq kitob o‘qish kerakligini, maktab va oila hayotda juda muhim tarbiya vositasi ekanligini, vatanparvarlik esa har bir insonning nafaqat qalbida, balki qonida ham bo‘lishi zarurligini bot-bot ta’kidlar ekanlar. Amakilarimdan biri Ovro‘pa tillariga ortiqcha ruju qo‘ygani munosabati bilan bobomiz har bir so‘zni alohida-alohida urg‘ulab “Imkoning boricha til o‘rgan, bu yaxshi, lekin o‘z ona tilingni hammasidan mukammal bilishing shart! O‘zbek o‘z tilini yo‘qotsa, millat sifatida yo‘q bo‘lib ketadi!” deganlarini ko‘p eslashardi. Bobom o‘zi kabi jadidlar bilan birgalikda yoshlarni ilmli qilishga, millatparvarlik ruhida tarbiyalashga, yurtning erkin, hur va obod bo‘lishiga harakat qilgan.
Ularning hayoti va faoliyati men uchun yuksak namuna va ibrat vazifasini o‘taydi, bobom o‘zbek pedagogikasining asoschisi sifatida darsliklar ro‘yxatiga matematika va geografiya fanlarini kiritib, avlodlariga ulkan ma’naviy boylik qoldirib ketdi. Bu nafaqat men uchun, balki barcha yurtdoshlarimiz uchun faxr.
Otam Kenja Avloniy ham bobomning izidan borib, ko‘p yillar ta’lim sohasida faoliyat yuritgan. Bolaligimda men ham bobom va otamga o‘xshab o‘quvchilarga dars berib, ularning savodini chiqarishni istardim. Otam 25 yil oliygohda (ilgarigi Politexnika institutida) polimer-kimyo sohasida talabalarga dars bergan bo‘lsa, onam shu institutning oqsillar laboratoriyasiga mudir bo‘lgan. Ana shunday ilmiy muhitda o‘sganim uchunmi, ilmga qiziqishim ustunlik qilib, kimyo yo‘nalishini tanladim. Shu sohaga ishtiyoqim tufayli oliygohda o‘qidim, ilmiy ish qildim, 30 yildan ziyod davr oralig‘ida Amerikada faoliyat olib borib, bir qator ixtirolar ham qilishga muvaffaq bo‘ldim.
Inson biror maqsadga erishish uchun intiladi, izlanadi. Nobel mukofoti sohibi, amerikalik olim Alan Makdiarmid menga ustoz bo‘lgani hayotimda muhim voqelik va yutuqlarimga asos bo‘lgan.
Dastavval, men u kishi olib borgan tajribalar va maqolalarni katta qiziqish bilan kuzatib borardim. So‘ng u insonga ilmiy tadqiqotlari haqida o‘z fikr-mulohazalarimni bildirib, ko‘plab xatlar yozdim. Nihoyat, Alan Makdiarmid bilan Germaniya va Avstriyada o‘tkazilgan konferensiyalarda yuzma-yuz uchrashishga muvaffaq bo‘ldim. Bevosita suhbatdan keyin u meni o‘zi bilan birga ishlashga taklif qildi. Bundan juda xursand bo‘ldim. Shunday qilib, olimning laboratoriyasida 1991-yildan 1995-yilga qadar ishlab, katta tajriba orttirdim. Bu inson o‘tgan asrning 70-yillarida polimerlarga oid izlanishlar olib borgan.
2000-yilda ustozim Alan Makdiarmid, AQSHlik yana bir olim Alan Xiger va yaponiyalik olim Xideki Sirakava Nobel mukofoti bilan taqdirlandi. Ushbu ixtiro yaralishida mening ham kamtarona hissam bor. Alan Makdiarmid umri davomida sanoqli mutaxassis bilan ishlagan bo‘lsa, ulardan biri menman. Birdan bir maqsadim – o‘z laboratoriyamni ochish va bilgan barcha sir-asrorlarimni bobom kabi yosh avlodga o‘rgatish.
2017-yilda Prezidentimiz BMTga borganlar. U yerda asli o‘zbekistonlik bo‘lib, xorijda faoliyat olib borayotgan 15 nafar taniqli professor, olim va tadbirkorlarni yig‘ib suhbatlashgan. “Kelinglar, ilm bilan, fan bilan boshqatdan quraylik Vatanimizni”, deya bizni ona Vatanimiz O‘zbekistonga chorlaganlar. Davlatimiz rahbarining bu gaplarini eshitib juda xursand bo‘lganman. Biroz vaqt o‘tib meni elchixonaga chaqirishdi va bir qancha takliflar berishdi.
Shundaq qilib, 2018-yilda bilim va tajribalarimni yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida qo‘llashni maqsad qilib qaytib keldim. Bugungi kunda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazida ilmiy tekshirish laboratoriyasi mudiri sifatida faoliyatimni davom ettirib kelmoqdaman. Shu bilan birga Samarqand davlat universiteti magistr talabalariga sanoatdagi innovatsiya sohasida ta’lim beraman.
Ozmi-ko‘pmi hayot tajribasiga ega ziyoli sifatida shuni aytmoqchimanki, muhtaram Prezidentimiz olamshumul islohotlarga bel bog‘lagan. Bu qadar keng qamrovli yangilanishlar dunyo tarixida kam uchraydi. Asosiysi, Rahbarimiz har bir sohadagi o‘zgarishlar ilm-fanga asoslangan bo‘lishi shartligini, mamlakat taraqqiyoti uchun aniq fanlar muhim ekanligini qayta-qayta uqtirib kelyaptilar. Abu Ali ibn Sino, Muhammad al-Xorazmiy va ixtisoslashgan Prezident maktablari ta’lim tajribasida ko‘rilmagan voqelik. O‘ylaymanki, bu va boshqa maktablarimizdan kelajagimizning atoqli namoyandalari, jadid bobolarimizning munosib izdoshlari yetishib chiqadi.
Avloniy bobom kabi ma’rifatparvarlarning hayoti, ijodi va faoliyati barchamiz uchun ibratdir. Men “Jadid” gazetasining shioriga yuklangan chuqur ma’noni yurtdoshlarimizga yana bir bor eslatmoqchiman: “Tilda, fikrda, ishda birlik!” Biz millat bo‘lib tilimiz bir, fikrimiz, ishimiz yagona maqsadga bo‘ysundirilgan chog‘dagina Yangi O‘zbekistonni barpo qila olamiz. Uchinchi Renessansning asosi ham bizning birligimizda, ajdodlarimizdan meros an’anani, ya’ni dunyo ilmining bayroqdori bo‘lishimizda! Buning uchun millat yetakchisining o‘zi shaxsan bosh bo‘lib turibdilar. Holbuki, ayni ana shu g‘oya uchun bir paytlar jadid bobolarimiz boshiga ne ko‘rgiliklar tushmagan deysiz… She’rda aytilganidek, “Belni bog‘lash chog‘idir bu, o‘zni chog‘lash chog‘idir!”
Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 11-iyuldagi 28-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



