25.07.2025 | 15:47
968
ANGLASH IZTIROBI
Ko‘rdim bu olamda turfa qiyofat,
Ko‘rdim bu hayotda har son bo‘rini.
Sizni uchratguncha va lekin faqat
Ko‘rmagandim sizdek Luqmon Bo‘rini…
Mansur JUMAYEV
Erka inson edi Luqmon Bo‘rixon. Qadrini bilar, izzatini joyiga qo‘ymagan yerga qadam bosmasdi. Ba’zida kekkaygan, ba’zida xoksor, xullas, o‘z dunyosi bilan yashayotgan o‘spiringa o‘xshab ketardi. Hamisha ojizlarni himoya etar, zaiflarning tarafida turar, hatto futbolda ham, ataylab kuchsiz bir jamoaga muxlislik qilardi. O‘zini puxta deb ishonar, lekin sodda, go‘dakdayin to‘g‘ri edi. Shunga boshqalarni ham o‘ziday ko‘rardi.

Adiblarning yozgani o‘ziga o‘xshashi bor gap. Ammo asarlari Luqmon Bo‘rixonchalik o‘ziga tortgan yozuvchini, kamina, ko‘rmaganman. Dilgirligi mo‘l edi asarlariga o‘xshab. O‘rni kelganda hazilni, har xil kinoyalarni ham joyiga qo‘yardi. Ahyon-ahyon bo‘lib qoladigan ginalari, koyinishlari ham beg‘araz edi. Nolirdi-yu, har bitta gapni Xudoning qarshisida turganday qo‘shmasdan, chatmasdan chippa-chin gapirardi. “So‘z samimiyatni yaxshi ko‘radi”, derdi menga doimo. Tag‘in bot-bot uqtirardi: “qizlarning ko‘nglini olishga o‘xshagan nayranglarni qo‘y, qaytanga oshnang bilan tillashganday ro‘y-rost, dangal yozsang, jumlalarning o‘zi eshilib kelaberadi… Bilib qo‘y, adabiyot sening mahbubang emas, oshnang!”
Yana bitta yutug‘i va kamchiligi bor edi u kishining. Yozgan hamma asarlarini bolasini yaxshi ko‘rganday yaxshi ko‘rardi. Bolasini erkalaganday papalardi. Yo‘q deysizmi, tirikchilik uchun yozilgan asarlar – boshqalardayam tiqilib yotibdi. Bundayroq yozilganlari ham bor hammada. Lekin Luqmon Bo‘rixonning o‘zgalardan farqi, o‘shanday asarlarini ko‘zdan panaga surmasdi. Aksincha, o‘zi yaxshi yozilmagan deb ich-ichdan tan oladigan asarlarini ham doimo xurjunida olib yurardi. Bir gal shu haqida gapirganimda, “og‘ayni, sen aytgan asarlarniyam kampit shimib yozganim yo‘q, tirsagimning yag‘iri chiqib yozganman!” degan. Jon bor edi gaplarida. Bu odam hamma asarini yonboshlab olib, qo‘lda yozar, yoqmagan joyini qayta-qayta tahrir qilishdan hech erinmasdi. Shu tufayli Najot Gʻaybulla haqida, Lolaxon yo Norsoat haqida so‘rab qolsangiz, birdan o‘sha yozayotgan paytidagi zavqi, hayajonlari qaytib kelardi. Qahramonlarning har bitta gapi, har bir holatigacha kitobdagi bilan “birga bir” tarzda gapirib bera olardi. Hatto hali yozishga ulgurmagan asarlarini ham boshdan oxirigacha aytib berishga qodir edi bu inson. Tasavvuri shunchalar keng, misli bir mexanizm edi. Ongida o‘nlab asarlarning to‘la-to‘kis g‘oyasi hil-hil pishib yotardi.
Men tirikligida tanish bo‘lganimizdan, yaqin bo‘lganimizni aytib maqtangulik shunday odamim borligidan juda xursandman. Sog‘inishga, qo‘msashga arzigulik bir bebaho inson bilan uzun-uzun suhbatlar qurganimizdan juda mamnunman. Nomardga mag‘lub damlarimda “esiz, ustoz ketib qoldi-da, bo‘lmasa meni himoya qilardi”, deb o‘z-o‘zimga taskin beradigan kishim borligidan baxtiyorman… Va har bitta odamning hayotida mana shunday inson bo‘lishi zarur, deb bilaman. Indamaydigan, narigi dunyolarda jim turib seni eshitadigan, o‘z-o‘zingga hisob berishingga, to‘kilib tozarishingga, ko‘ngling kirlari, g‘uborlarini yuvib olishingga qo‘yib beradigan bir yaqini bo‘lishi shart deb o‘ylayman har bandaning…
Bayram ALI
“Jadid” gazetasining 2025-yil 18-iyuldagi 29-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605


