22.05.2024 | 19:27
826
CHO‘LPONNI ANGLASH YOXUD “QIZIL” TEGIRMON
Cho‘lponni shoir sifatida yaxshi taniymiz, ammo uning hayot yo‘li, shaxsiyati borasida nimalarni bilamiz? “Go‘zal” she’rining qaysi “go‘zal”ga atalganini-chi? Yoki Turkistonning qanday qilib bosqinchilar oyog‘i ostida toptalgani, kimlar Toshkentni ikki million rublga sotgani haqidagi manbalar bilan tanishmisiz? Agar sizni bu borada asl haqiqatlar qiziqtirsa, taniqli yozuvchi Nabi Jaloliddinning “Cho‘lpon” roman-dilogiyasini o‘qib chiqishni tavsiya qilgan bo‘lardim.
To‘g‘risi, shu chog‘gacha Cho‘lponning hayoti va ijodiga oid ko‘plab ilmiy maqolalar, tadqiqotlar bilan tanishgan bo‘lsam-da, ushbu roman u haqdagi fikrlarimni butunlay yangi bir o‘zanga burib yubordi. Romanda XIX asrning oxiri, XX asr boshlaridagi qaltis va murakkab tarixiy vaziyat mahorat bilan tasvirlangan. Rossiya imperiyasining Turkistonni qay tarzda bosib olishi, mustamlakachilik harakatlari, chor istibdodiga qarshi zimdan va oshkora olib borilgan kurashlar, jadidlikning shakllanishi hamda tugatilishi, Turkiston muxtoriyatining tashkil topishi va yo‘q qilinishi, dashnoqlar qirg‘ini, millat oydinlarining ayovsiz qatag‘on etilishi… Asarda nisbatan qisqa davrda yuz bergan tig‘iz va shiddatli, shu bilan birga, yuragingizga tig‘dek qadaluvchi ayanchli voqealar haqida batafsil hikoya qilinadi. Jadidlik harakatining eng yirik va faol vakili bo‘lgan Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon bu voqealar markazida turadi. Asar Cho‘lponning bir necha suyak naridagi ajdodlari, bobolarining nima ishlar bilan shug‘ullangani, otasining savdo-sotiqqa qanday kirib qolganidan boshlanadi. Muallif sizni o‘tmishning eng sirli puchmoqlariga yetaklab, isyonkor shoirning tug‘ilishini, oilada tarbiya topishi jarayonlarini qiziqarli yo‘sinda badiiy ifodalaydi.
Asar syujetiga ko‘pam to‘xtalmoqchi emasmiz. Ammo muallif ushbu murakkab davr hayotini chuqur o‘rgangani, manbalar, arxiv materiallarini erinmasdan tahlil qilib chiqqani, turli ilmiy qarashlarni qiyoslab, oltin o‘rtaliqni topa olganini e’tirof etish lozim. Zotan, jadidlik davri nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda katta qiziqish bilan tadqiq etilayotgan va turlicha talqin qilinayotgan, hali bu borada izlanishlar davom etayotgan murakkab davr sanaladi. Shu jumladan, Cho‘lponning hayot yo‘li ham ziddiyatlarga boy, taloto‘plar ichida kechganki, ularni bir tizimga solib, shoir qalbini ochib berish, uning harakatlari va tuyg‘ulari uyg‘unlashgan nuqtalarni topish oson bo‘lmagani aniq.
Roman-dilogiyaning ikkinchi nomi “Tegirmon” deb atalgan. “Dunyo, hayot ham go‘yo tegirmon. Odamlar esa – bug‘doy donalari”, deb yozadi muallif. Ammo Cho‘lponning ko‘z oldida namoyon bo‘ladigan tegirmonning toshi-da, suvi-da, unda aylanayotgan bug‘doyi va uni ham qip-qizil… Bu o‘sha mudhish davrning qonli voqealariga ishora qilayotgandek go‘yo…
Romanda bir qator ramzlar vositasida asarning tag ma’nolari, yozuvchining asl g‘oyalari o‘z ifodasini topganki, bularni anglash uchun o‘quvchidan diqqatni jamlash va asarni e’tibor bilan mutolaa qilish talab etiladi. Jumladan, qizil tegirmon, shoirni doimiy ta’qib etib yuruvchi qora chivin, osmon to‘la yulduzlar, oy… Bu ramzlarni har kim o‘zicha tushunadi. Ammo qayta-qayta o‘qiganingizda yana yangi ma’nolar chiqib kelaveradi.
Asarda Cho‘lpon bilan bir qatorda, Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Munavvar qori, Qodiriy, Elbek, Usmon Nosir, Gʻafur Gʻulom, Oybek, Uyg‘un kabi taniqli ijodkorlarning hayoti va ijodiy faoliyati ishonarli va haqqoniy tasvirlangan. Ayniqsa, Cho‘lponning Abdulla Qodiriy bilan uchrashuvlari, Usmon Nosir bilan bo‘lgan suhbatlari juda ishonchli va kishining yurak-yuragiga singadigan tarzda dardchil yoritilgan.
Odatda tarixiy shaxslar haqida asar bitilganda qahramonning ijobiy xislatlari bo‘rttirib ko‘rsatilib, kamchilik va qusurlariga u qadar e’tibor qaratilmaydi. Haddan ziyod maqtov va ideallashtirish o‘quvchining ham g‘ashiga tegishi bor gap. Ammo “Cho‘lpon” romani qahramonlari o‘zgacha fazilatlari bilan birga qusurlari, xato va kamchiliklari ila namoyon bo‘ladiki, bu kitobxonni ularga yaqinlashtiradi, suhbatdoshga aylantiradi, o‘sha davr muhitiga olib kirib, jadidlar bilan zamondosh qilib qo‘yadi.
To‘g‘risi, bu asarni o‘qish davomida jadid bobolarimizga bir do‘st o‘laroq “hasratlashib”, ularning iztiroblaridan ko‘zimga yosh kelgan, quvonchdan joyimdan irg‘ishlab yuborgan paytlarim bo‘ldi. Bu ham romanning eng muhim yutuqlaridan biridir.
Asar voqealari qariyb bir asrcha oldin yuz bergan bo‘lsa-da, roman qahramonlari bugungi tilimizda so‘zlaydi, eski o‘zbek tili elementlarini aralashtirmaydi. Tilimiz jonkuyarlari bo‘lgan jadidlar bugungi Toshkent shevasiga monand “man” deb gapiradi. Balki, yozuvchi bugungi kun o‘quvchilariga tushunarli bo‘lishi uchun shu usulni tanlagandir. Ayrim o‘rinlarda dialoglar o‘rniga suhbat mazmunining muallif tilida bayon etilishi va ba’zi tarixiy voqealar tasvirida bayonchilikning kuchayib ketgani asarning badiiyligiga soya solgandek, nazarimizda. Yozuvchi har bir satrni yozayotganida o‘quvchiga tushunarli bo‘lishi, zarur tafsilotlardan birortasi qolib ketmasligiga e’tibor qaratadi. Ayrim joylarda qavs ichida tushuntirishlar berib ketadiki, bu o‘sha davr tarixidan bexabar yoshlarimizning asar voqealarini to‘la anglashida qo‘l keladi.
Taniqli cho‘lponshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Dilmurod Quronov shunday yozgan edi: “Cho‘lpon tanglayi millat dardi bilan ko‘tarilgan shoir edi. Uning hayotdagi amallari ham, ijoddagi izlanishlari ham millatning ertasi haqidagi tashvish, millat taraqqiysi, millat ozodligi kabi ulug‘ niyatlar bilan chambarchas bog‘liq edi”. Darhaqiqat, shunday. Nabi Jaloliddinning ushbu roman-dilogiyasini mutolaa qilish orqali Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning ana shu xislati, fazilatini yanada teranroq, yanada aniqroq his etish mumkin. Bu kabi asarlar ko‘proq targ‘ib etilishi, ko‘proq o‘qilishi, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning ong-u shuuriga chuqur singishi bizning milliy o‘zligimizni topishimizga, jadid bobolarimiz orzu qilgan taraqqiyotga tezroq erishishimizga xizmat qiladi.
Bekzod IBRAGIMOV, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti mustaqil tadqiqotchisi
“Jadid” gazetasi 2024-yil 17-may 21-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



