Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.07.2025 | 17:10

img907

“ANOYINING JAYDARI OLMASI” QARDOSHLAR SAHNASIDA

Qozog‘istonning Chimkent shahrida yigirma ikki yildan buyon o‘zbek drama teatri faoliyat ko‘rsatib keladi. Bu ajoyib teatr haqida anchadan beri bilib-eshitib yurgan bo‘lsam-da, u yerga borish, spektakllarini tomosha qilish shu chog‘gacha nasib qilmagan edi. Yaqinda shu niyatim amalga oshdi.

Chimkentdagi o‘zbek drama teatri sahnasida ustoz adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam qalamiga mansub “Anoyining jaydari olmasi” hikoyasi asosida spektakl premyerasi bo‘lib o‘tdi. Taniqli rejissyor Sayfiddin Meliyev tomonidan sahnalashtirilgan ushbu spektaklga O‘zbekiston nomidan muallif boshliq bir guruh ziyolilar taklif etilib,  tomosha qilish va fikr bildirish imkoni tug‘ildi.

Ko‘pchilik qatori meni ham, avvalo, bir savol qiziqtirdi: “Nega aynan “Anoyi?” Axir sahnalashtiraman deyilsa, Erkin A’zam so‘zicha “xaridorini kutib turgan pyesalari bor”.

Kinomuhiblar yaxshi eslasa kerak, o‘tgan asrning 90-yillari rejissyor Farhod Haydarov “Anoyining jaydari olmasi” asosida “Chantrimore” nomli film suratga olgan. O‘shanda, ayniqsa, bosh qahramon – Ramazon obrazini ijro etgan Muhammadjon Xolmatov ijrosi ko‘pchilikka ma’qul kelgan, aktyor do‘lvorgina, sodda, samimiy va chapani o‘zbek yigiti qiyofasini gavdalantirgan edi. Mana, oradan yillar o‘tib, hikoya endi teatr sahnasida!

Rejissyor Sayfiddin Meliyev spektakl janrini “etno-folklor tomosha” deb belgilaydi. Xalqona kuy-qo‘shiq, surxoncha liboslar, rang-barang dekoratsiyalar shundan. Sahnada yog‘ochdan yasalgan shartli makonni ko‘ramiz: yuqoriga tarnov o‘rnatilgan, shildirab suv oqadi. O‘rtada hovuz: ikki nafar bolakay bir-biriga suv sepib cho‘miladi. Bu orqali ular qishloq muhitini, ikki do‘st (Ramazon va yigit)ning bolalik xotiralarini jonlantiradi. 

Spektaklda yigit rolini ijro etgan aktyor Ulug‘bek Nosirov bir vaqtning o‘zida voqealar sharhlovchisi, ham asosiy qahramonlardan biriga aylangan. Asar uning tilidan hikoya qilinadi. U qahramonlarning holati, kechinmalariga munosabat bildirar ekan, bu hol tomoshabinning voqealarni teran anglashiga yo‘l ochadi.

Ramazon obrazi ijrochisi Javlon Sayitov gohda komik, gohda psixologik bo‘yoqlar bilan qahramoni xarakterini ochib beradi. Qotmadan kelgan, miqti yigit tomosha davomida yaxshigina ruhiy va jismoniy quvvat sarflaydi. 

Aktyor boshi va egnida boysuncha do‘ppi-yu chopon, qo‘lida “egasidek betayin – qulflansa ochilmaydigan, ochilsa qulflanmaydigan antiqa chamadon”, tomosha zalidan “Chantrimore-e!” deya hayqirgancha kirib kelaroq hammaning e’tiborini jalb qiladi. U biror sahnada harakatsiz qolmaydi. Ayniqsa, qahramon xarakteridagi o‘zgarish, keskin burilishlarni mohirona talqin etadi. Deylik, mana bu sahna: “Olma mojarosi”dan so‘ng qamoqqa olingan Ramazon jazo muddatini o‘tab ozodlikka chiqqach, boshqa odamga aylanadi – zamonaviy kiyingan, qo‘lda sigaret, qiyofa jiddiy. Taqdirning kutilmagan o‘yinlari uni ancha o‘zgartirgani, qarashlari, nigohlarini sergak torttirgani seziladi. Ammo o‘sha-o‘sha jaydarilik, o‘sha-o‘sha anoyi falsafa: “Dunyoni panjaradan ham bir ko‘rib qo‘ydim-da, ziyon qilmas…”

Ma’lumki, adabiyot va teatrning ifoda vositasi, tutumlari bo‘lak. Adabiyot – so‘z san’ati, voqealarni so‘z ila tasvirlaydi, hikoya qiladi. Teatr esa shartli hodisa, ya’ni sahnada hamma narsani boricha ko‘rsatish, talqin qilish ilojsiz. Zero, kitobdan farqli, sahnada syujetni boshdan oyoq hikoya qilib berish imkonsiz. Holbuki, spektaklni faqat so‘zga qursangiz, tomoshabin mudray boshlaydi, zerikadi. Rejissyorimiz buni yaxshi biladi, shu bois hikoya asosida alohida tomosha yaratadi.

Aytaylik, Toshkentga kelgan Ramazon do‘stiga Boysun hangomalarini radioeshittirish o‘laroq so‘zlab beradigan g‘oyat samimiy lavha bor. Ramazon qo‘lidagi gazlamadan mikrofon yasaydi-da, latifalarga o‘tadi. Eskilik sarqiti sifatida nosdan voz kechib, zamonaviylikka intilib sigaretga o‘tgan Ashur kal; o‘zining ko‘knor kayfida kampiri bilan g‘ijillashib, qizining chorbog‘iga ko‘chib ketgan bobosi; milisadan mullaga aylangan, bir kuni xudoyiga ketayotib boshida salla, qo‘lida aso, milisaxona oldidan o‘tganda chest berib yuborgan Esonberdiyev bilan bog‘liq hangomalarga guvoh bo‘lasiz, yayrab kulasiz. Aktyorlar mazkur personajlarni yumoristik kayfiyatda gavdalantiradi, shu taxlit “teatr ichida teatr” uslubi paydo bo‘ladi.

Yoki hikoyadagi Shodi garang kechmishiga ham sahnaviy tus beriladi: “xotini bor, hovli-joyi bor, kattakon olmazor bog‘i bor – farzandi yo‘q” Shodi (Odiljon To‘g‘anboyev ijrosida) bo‘sh beshikni yelkasiga ortmoqlagancha sahnaga chiqib keladi. So‘ng befarzandlik dog‘idan aziyat chekib, folklor ohanglarida qo‘shiq kuylaydi. Beshik farzandga zorligidan hasrat chekadi.

Avval ta’kidlaganimizdek, spektakl – etno-folklor tomosha. Ayni janr rejissyorga ancha erkinlik bergan. Kuy-qo‘shiqlar bobida ham bu yaqqol ko‘rinadi. Ayniqsa, final sahnasida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf she’ri bilan kuylanuvchi tarona tom ma’noda sahna asarining badiiy-g‘oyaviy ahamiyatini ochib beruvchi leytmotivga aylangan:

Olma otdim otganga,
Diydasi tosh qotganga.
Dunyo bo‘lsin qorong‘u
O‘z do‘stini sotganga…

Qo‘shiqni tinglay turib, chin do‘st qadriga yetmagan, yonginasidagi jo‘mard insonni boy bergan alamdiyda qalbning yurak o‘rtanishlari, tazarrulari ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi. Ushbu qo‘shiq spektaklning mantiqiy yechimi ham bo‘lib, muallif va rejissyor g‘oyasining yuzaga chiqishiga xizmat qiladi.

Umidimiz shuki, hali Chimkent sahnasida o‘zbek adabiyotining mana shunday ko‘p yaxshi asarlari o‘ynaladi, bu maskan uzoq yillar davomida qardosh xalqlar madaniyatining mushtarak timsoli o‘laroq yashaydi, ijod qiladi

Shohrux ABDURASULOV,
san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori

“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-iyuldagi 30-sonida


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img113

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img143

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]

13.11.2026 | 14:43

img333