01.08.2025 | 09:15
629
BO‘RBOY
“Bo‘rboy” (“bo‘rbay”, “bo‘rvay”) degan so‘zni eshitganmisiz? Bu so‘z izohli lug‘atda yo‘q, demak, adabiy tilda ham yo‘q, lekin shevalarda bor, shuning uchun “O‘zbek xalq shevalari lug‘ati”da bor.

Xo‘sh, “bo‘rboy” nima? Adabiy tildagi “boldir” bilan aynan bir ma’noga ega, ya’ni oyoq tizzasi yoki taqimdan to to‘piqqacha bo‘lgan qismi ba’zi shevalarda “bo‘rboy” deb ataladi.
Kimdadir “taqim nima?” degan savol ham tug‘ilishi mumkin, “taqim – oyoqning tizza osti bukiladigan joyi”, ekanligi izohli lug‘atda qayd etilgan. Bu so‘z “taqmoq” fe’lidan yasalgan, misol: “chavandoz uloqni taqimiga bosdi” yoki “qizning sochi taqimiga tushadi”. Lekin “taqim” ham keyingi paytlarda “uzun soch” bilan birga unutilib bormoqda.
“Boldir” so‘zi suyakka nisbatan ham ishlatiladi: “boldir suyagi”, “son suyagi”, lekin “bo‘rboy” – ko‘proq etga, payga nisbatan: “Maxsi tor ekan, bo‘rboyimni siqdi”. “O‘zbek xalq shevalari lug‘ati”da Shahrisabz shevasidan ushbu misol keltiriladi: “bo‘rvayimdek keladda man ko‘rgan ilon”. Jizzaxda esa “bo‘rbay” deganda “taqim” tushunilar ekan: “uloq chovganda burbayg‘a qisati” (O‘XSHL.T.1971.54).
“Boldir”dan farqli o‘laroq, “bo‘rboy” shevada yana oyoq kiyimga nisbatan “qo‘nj” ma’nosida ham ishlatiladi: “bo‘rboyi uzun etik” – “qo‘nji uzun etik”, “bo‘rboyli botinka” – “qo‘njli botinka”, “bo‘rboyi kalta etik” va hokazo.
“Bo‘rboy” aslida mo‘g‘ul tillaridan turk tillariga o‘zlashgan, degan qarash ustuvor, chunki “Mo‘g‘ul tillari etimologik lug‘ati”da ham: “xalxacha: borbi – “tovon paylari; buryatcha: “borbo” – boldir; qalmiqcha: “bөrv” – boldir paylari, taqim”, – deb izohlangan (ESMYA.I.M.2015.98). Shuningdek, XIII asr obidasi, eski mo‘g‘ul tilida Chingizxon tarixi bitilgan va keyinchalik “Mo‘g‘ullarning yashirin tarixi” deb nomlanib ketgan asarning 255-paragrafida ham bu so‘zga “boldir” ma’nosida – “borbï” shaklida duch kelamiz (“borbïn-ïyan kinggürü čabčïldusu”).
Biroq bu so‘z faqat mo‘g‘ul tillarida emas, balki aksariyat turk til va lahjalarida ham mavjud bo‘lib, garchi tananing turli a’zolariga nisbatan ishlatilsa-da, ko‘proq “pay”, ya’ni “birlashtiruv to‘qima” ma’nosiga ega. Misol uchun, qozoq va qirg‘izlarda bu so‘z – “borpay” shaklida “chov” ma’nosida; oltoy, yoqut, qo‘miq, no‘g‘ay, boshqird tillarida: “pay”, “birlashtiruvchi to‘qima”, “son”, “taqim” kabi ma’nolarga ega ekan. Hatto, bu so‘z usmonli turkchasining ba’zi shevalarida ham bo‘lib, “qo‘lning bilagi” ma’nosini bildirarkan (ESTYA.II.194). Ammo “Devonu lug‘otit-turk” yoki “Qutadg‘u bilig” kabi manbalarda “bo‘rboy” so‘zi uchramaydi.
Alqissa, bu so‘zning turk tillarida ham “bo‘rboy”, “borpay”, “porbuy” kabi shakllarda mavjudligi va ko‘proq “pay” ma’nosini bildirishi va shaklan ham “pay”ni eslatishi, uning kelib chiqishi mo‘g‘ulchaga emas, balki oltoy yoki prototurk tilidagi qadimgi umumiy o‘zakka borib taqalishi mumkin, degan farazga ham olib keladi.
Abduvohid HAYIT
“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-iyuldagi 30-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
38
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
121
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
312



