Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


01.08.2025 | 15:57

img862

BAHROMBEK TARJIMON KIM BO‘LGAN?

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sirojiddin Ahmad Bahrombek Tarjimonga bag‘ishlangan yangi asarni kitobxonlarga taqdim etdi. Olim Bahrombek Tarjimonning P-32607-raqamli “Jinoiy ishi” va arxiv materiallari asosida ma’rifatparvarning tarjimayi holini tiklagan hamda “Milliy ash’ori Tarjimon” to‘plamini to‘liq tabdil qilgan.

Bahrombek Tarjimon (Davlatshoyev) 1871–1933-yillarda yashagan o‘zbek ziyolisi, shoir, yozuvchi va tarjimon. Ne’matullo Muhtaramning “Tazkirat ush-shuaro” asarida yozishicha, “Tarjimon – til shevasining andalibi va so‘z bo‘stonining xazordostoni (bulbuli) kattaqo‘rg‘onlik Bahrombekning taxallusidir”. Po‘latjon Domulla Qayyumiy esa “Tazkirayi Qayyumiy” asarida “Tarjimon – bu kishi buxorolik bo‘lub, nomi Mulla Bahrombek Davlatshoh o‘g‘lidur. Eshitishimizcha, Amir Abdulahadxon saroyida ruschag‘a tarjimon va xatlar, aloqalar ustida mudir sifatida turar emish. Bu kishi Buxoroga so‘ngra borgan bo‘lsa kerakdur. Jadidizm jurnallarida ilm olish to‘g‘risida o‘tliq, afsusli ilmga targ‘ib etib yozg‘an ash’orlari bo‘lur edi. 1910-yillardan boshlab shuhrati ko‘ruldi…” deydi.

Bahrombek Tarjimon dastlab Abdurazzoq Salimboyev qo‘lida mirzalik qilgan. Keyinroq Buxoro qushbegisiga tarjimon bo‘lib ishga kiradi. To‘rt yil o‘tib qushbegi uni amir devoniga o‘tkazadi. Shu tariqa 1898-yildan boshlab Abdulahadxon va Amir Olimxon saroyida tarjimonlik qiladi. Amir Abdulahadxon “qorovulbegi” unvoni bilan taqdirlagach, ismiga “bek” sifati qo‘shiladi.

Bahrombek Tarjimon 1917-yilgacha amirlik devonida tarjimonlik bilan shug‘ullangan. Mart oyida Turkiston XKS raisi F.Kolesevning amirlikka qarshi bosqini davrida sovetlarga qarshi tashviqot olib borgan. Ammo o‘sha voqeadan so‘ng amirlik tomonidan “Yosh buxoroliklar” harakati bilan aloqadorlikda gumon qilingan. Natijada Buxoroning tog‘lik qishloqlaridan birida maxfiy yashab, imomlik qilgan.

U 1920-yilgi inqilobdan keyin Buxoro Xalq Jumhuriyatida, Fayzulla Xo‘jayev hukumatida dastlab tergovchi, so‘ng hukumat idoralarida turli lavozimlarda ishlagan. Ammo “sovet hukumatiga qarshi kishi” sifatida ayblanib, qamoqqa olingan. 1923-yilda qamoqdan chiqarilgach, Kattaqo‘rg‘onga kelib, ota hovlisida yashab, shahar moliya bo‘limida ishlagan. Yaqinda qamoqdan chiqqaniga qaramay, Bahrombek Tarjimon Kolesev voqealariga qarshilik ko‘rsatishda qayta ayblanib, 9 oyga barcha siyosiy va ijtimoiy huquqlardan mahrum qilingan.

Bahrombek Tarjimon 1929-yil 1-sentyabrda o‘tkazilgan tergovda e’tiqodiga ko‘ra, barcha millatlar o‘z taqdirini o‘zi belgilashi tarafdori, erkin taraqqiyparvar ekanligi, kompartiyani qo‘llamasligini, Orenburgda chop etiladigan “Vaqt” gazetasida muxbir bo‘lganligi va bularning barchasi ularning gumoniga sabab bo‘lganini ta’kidlaydi.

Qamoqqa olish vaqtida uning uyidan ikki jildlik qo‘lyozma asarlari, 98 dona turli yozishmalar, 2 dona surat, kundalik, 2 dona yondaftar, son-sanoqsiz kitob, 1910-yilda chop etilgan “Milliy ash’ori Tarjimon” she’riy to‘plami, amir Olimxon saroyi hayotiga oid 1925-yilda yozilgan “Mustabidning haykali va fahsh o‘chog‘i” nomli asari, Buxoro amiri Abdulahadxonning bir ayol tufayli ikki mulozim taqdirini nohaq hal qilganiga bag‘ishlangan “Ikki taqdir” sarlavhali tugallanmagan romani musodara qilingan.

Afsuski, Bahrombek Tarjimon ham davr qurboniga aylanadi. Kamiga u 1906-yilda “Taraqqiy” gazetasida bosilgan maqolasida ayrim din vakillarini keskin tanqid qilgan edi. Shu bois ko‘p ulamolar ham uni yomon ko‘rishar, dinsizlikda ayblab, jazolanishini talab qilishardi. Natijada Bahrombek Tarjimon 1929-yilning 13-sentyabrida o‘tkazilgan tergovdan so‘ng qamoqqa olingan va 1930-yilning 23-aprelida besh yil muddatga Shimol o‘lkalariga surgunga hukm qilingan. U aybsizligini isbotlash, hech bo‘lmasa ahvolini yengillatish, jazo muddatini kamaytirishni so‘rab, “…Biz qanday gunoh uchun bunday jazo olganimizni bila olmaymiz”, deya Fayzulla Xo‘jayev nomiga ariza yo‘llaydi. Taassufki, bu murojaatning manzilga yetib borishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Oqibatda 1933-yilda qahramonimiz sovuq o‘lka qamoqxonasida vafot etadi.

Bahrombek Tarjimon o‘z davrining mutafakkirlari, millat xodimlari bo‘lmish Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov va tataristonlik Abdurashid qozi Ibrohim, Muso Jorulloh, Fotih Karimiy va turk, ozarbayjon adib-u shoirlarining ta’sirida ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar sababli hayotga tanqidiy nazar bilan qarash, millatni uyg‘oq holda ko‘rishni istadi.

U she’riyat va publitsistikada barakali ijod qildi. “Sho‘ro” jurnalida bosilgan she’rlari, “Milliy ash’ori Tarjimon” to‘plami buni tasdiqlaydi. U Turkiston xalqining haq-huquqlari poymol etilayotganligiga jim qarab tura olmadi. O‘sha davrda ovrupaliklar va ruslar orasida “musulmonlar – qoloq xalq” degan fikr mavjud edi. Bahrombek Tarjimon buning sabablarini o‘rgandi. Xorij matbuoti va adabiyotini kuzatdi. U millatni faqatgina zamona talabidagi maktab ijtimoiy va madaniy “xastalik”dan qutqarishi mumkinligini ta’kidlar edi. Shu bois yozgan she’r va maqolalarida yurtdoshlarini ilm-u ma’rifatga, ittifoqqa, birlashmoqqa chaqirdi. “O‘tmish hollardin taassuf va istiqbol uchun qo‘shish” manzumasida shunday yozadi:

“…Bizim millat emasmu ibtido dunyoni nurlatgan,
Hama g‘aflatning uyqusiga botqanlarni uyg‘otgan?!”

Zamonamizning fidoyi olimi Sirojiddin Ahmad tayyorlagan ushbu kitobdan Bahrombek Tarjimon hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Maqsad – millatni saqlash” nomli mufassal maqola, “Olim xayolida tush, ya’ni uyqu ko‘rmak” hikoyasi, 1910-yilda Orenburgda nashr etilgan “Milliy ash’ori Tarjimon” she’riy majmuasi (to‘liq), she’rlari, dolzarb mavzudagi maqolalari o‘rin olgan bo‘lib, ularning aksariyati ilk bor e’lon qilinmoqda.

Ahamiyatlisi shundaki, Bahrombek Tarjimon ko‘targan ayrim mavzular, og‘riqlar bugun ham ahamiyatini yo‘qotgan emas. Ularni o‘qish, o‘rganish va tadqiq etish, millat oydinlari qalbini titratgan og‘riqlarni qayta his etish, anglash bugungi kun yoshlarining burchidir. Zero, o‘tmish haqiqatlarini chuqurroq anglagan sari bugungi kun shukronasi yanada ortib boraveradi.

Xoliyor SAFAROV

“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-iyuldagi 30-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img108

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img618

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614